Inson tabiatan ijtimoiy mavjudot bo'lgani uchun bu olamda yolg'iz hayot kechirishga qodir emas. SHu bois hayoti bardavom bo'lishi uchun ayrim masalalarda o'zgalar bilan hamkorlik qilishga majbur. Olloh taolo odamlar bir-birlari bilan hamkorlik qilishi uchun ularni turli millat va elatlar qilib yaratgan. CHunki o'zaro hamkorlik Odam bolalari orasidagi hayot tarzining eng yaxshisi hisoblanadi. Zero, u saodat, yutuq va faol ijodkorlik uchun asosdir.
O'zaro hamkorlikda ish yuritish yuksak ijtimoiy qadriyat bo'lib, muvaffaqiyat siridir. SHu orqali insonlar o'z maqsadlariga erishadi, jamiyat farovonlik va saodatda hayot kechiradi. Bunday jamiyatda mehr-oqibat, do'stlik va ahllik hukmron bo'ladi. Uning a'zolari farovon hayot, baxtli kelajak uchun o'zaro hamkorlikda va elkama-elka turib kurashadi. YOmonlik va zulmning tizginini tiyib qo'yadi. O'zaro hamkorlik tufayli har bir fuqaro o'zi yashab turgan xalq va jamiyatda qadr-qiymati va o'rni borligini his qilib yashaydi.
Musulmon kishi o'z birodari bilan hamkorlik qilar ekan, ikkisining harakatiga faollik qo'shiladi. SHu bois ko'zlangan maqsadga tez va ishonch bilan erishadi. CHunki hamkorlik vaqt va mehnatni tejaydi. Xalqimizda “YOlg'iz otning changi chiqmas, changi chiqsa ham dong'i chiqmas” degan ajoyib maqol bor. Ko'pgina hadisi shariflarda ham yaxshilik va taqvo ishlarida hamkorlikka targ'ib qilinganini ko'ramiz. Rasululloh sallollohu alayhi vasallam: “Mo'minlar o'zaro rahmu shafqatda, mehru muhabbatda bir jasad kabidirlar, agar uning bir a'zosi og'rib qolsa, qolgan butun jasad bedorlik va isitma bilan og'riqqa javob beradi”; yana: “Ollohning qo'li jamoat bilandir”; yana: “Mo'min mo'min uchun bir-birini tutib turadigan bino kabidir”, deganlar.
Musulmonlar o'zaro hamkorlikda yashashi uchun Rasululloh sallollohu alayhi vasallamning o'zlari barchamizga amaliy ibrat va namuna bo'lib berganlar. U zot barcha ishlarda, shodlikda ham, qayg'uli vaziyatlarda ham safdoshlari bilan birga bo'lganlar. Makka mushriklarining barcha tazyiqlari chog'ida haqiqiy iymon egalariga qo'shilib ozor-aziyat chekkanlar. Ilk masjid qurilishida ularga qo'shilib elkalarida g'isht, tuproq va tosh tashiganlar. Handaq jangi kuni el qatori er qaziganlar.
Islom musulmonlarni yaxshilik va taqvoda o'zaro hamkorlikka targ'ib etadi. Bular bandani Olloh taologa yaqin qiladigan amallar jumlasidan deb belgilangan. Ayni paytda Islom bizni yomonlik va adovatda hamkorlikdan qaytargan. Olloh taolo: “YAxshilik va taqvo yo'lida hamkorlik qiling. Gunoh va dushmanlik yo'lida hamkorlik qilmang”, (Moida surasi, 2-oyat) degan. Mazkur oyatdagi yaxshilikdan murod uning har qanday ko'rinishidir. U bandalarning dunyo va oxiratdagi barcha manfaatini qamrab olgan. Unda bandalarning o'zlari va Robbi bilan bog'liq holatlari haqida so'z ketyapti. CHunki banda mana shu ikki holat va ikki majburiyatdan ayro emas. Biri o'zi bilan Olloh o'rtasidagi majburiyat bo'lsa, keyingisi o'zi bilan odamlar o'rtasidagi majburiyatdir.
Hamkorlik yaxshilik va taqvo ishlarida bo'ladi. YA'ni har bir inson ilmi va amali bilan boshqalarga yordamchi bo'ladi. CHunki odam yolg'iz o'zi hamma ishga ham qodir emas. Zero, Olloh taolo insoniyatni bir-biriga bog'liq va ko'makchi qilib yaratgan.
Borliqni yaratgan Olloh taolo insonlarning kuch-qudrati va imkoniyatlarini, iqtidori va ehtiyojlarini ham bir-biridan farqli qilib yaratdi. SHu bois kimdir kuchli, kimdir ojiz, birovi boy, boshqasi kambag'al. Hamma vaqt va hamma zamonlarda, har bir jamiyatda badavlat va qashshoq, olim va johil, kuchli va kuchsizlar tabaqasi mavjud bo'lgan. SHu bois insonlar o'zi yashab turgan jamiyatni saodatli qilishni istasa, bir-biri bilan hamkorlikda yashashi lozim. Rahbariyat ta'lim-tarbiya, ish o'rni va yashash joyi, bemorlar uchun shifoxonalar hamda go'zal hayot uchun kerak bo'ladigan barcha vositalarni tayyorlab berishi lozim. Ilm ahli esa bilimsizlarga ta'lim berishi, adashganlarni to'g'ri yo'lga solishi kerak. Boylar o'z imkoniyatlaridan kelib chiqib, kambag'allarga moliyaviy ko'mak berishi, kuchlilar zaiflarga yordam ko'rsatishi kerak.
O'zaro hamkorlikning samarasi jamiyat hayotida namoyon bo'ladi. A'zolari iqtisod, farzand tarbiyasi va ota-onaga mehribonlik borasida bir-biriga hamkor bo'lgan jamoa baxtli bo'ladi. Odamlari kambag'alga yordam, ilmsizga ta'lim, bemorga shifo, etimga kafillik beradigan, zulmga qarshi kurashadigan va fisq-fasod tarqalishining oldini oladigan jamiyat saodatga erishadi. Unda farovonlik, xotirjamlik barqaror bo'ladi. Fuqarolar o'rtasida mehr-oqibat keng tarqaladi.
O'zaro hamkorlik fazilatli va ezgu amal, ulug' va muborak mehnatdir. Poydevori mustahkam, devorlari pishiq bo'lishini xohlagan jamiyat uchun hamkorlik juda muhim. Har erda yashashiga qaramay, o'zaro hamkorlik sababli insonlar bir-biri bilan inoq bo'lib hayot kechiradi. Payg'ambar sallollohu alayhi vasallam: “Musulmon musulmonning birodaridir. Unga zulm ham qilmaydi, uni tashlab ham qo'ymaydi. Kim birodarining hojatini ravo qilsa, Olloh uning hojatini ravo qiladi. Kim bir musulmonning tashvishini aritsa, Olloh uning qiyomat kunidagi tashvishlaridan birini aritadi. Kim bir musulmonning aybini berkitsa, Olloh qiyomat kunida uning aybini berkitadi”, deganlar. Binobarin, biz, musulmonlar namoz, zakot, ro'za kabi ibodatlarni farz deb bilganimizdek, miskinlar, beva-bechoralar, qarovchisi yo'qlar, qo'yingki, o'zgalarning e'tiboriga muhtoj hamma-hammaga yaxshilik qilishni, bu yo'lda o'zaro hamkorlikda ish olib borishni, bir-birimizga elkadosh bo'lishni o'zimizga lozim deb bilishimiz kerak. “Mehribonlarga Olloh mehribon bo'ladi, boshqalarga mehribon bo'linglar, sizlarga Osmondagi zot mehribon bo'lur”, deganlar Payg'ambar alayhissalom.
Darhaqiqat, Olloh taologa eng mahbub amal – bu musulmonning qalbiga quvonch ulashish, uning g'amini aritish, qarzi bo'lsa, uni ado etishga yordam berish, och bo'lsa, to'ydirishdir. Bir insonning muammosini hal qilish, uning ehtiyojini ta'minlash uchun elib-yugurish ham bir ibodat kabidir.
SHunday ekan, butun insoniyat boshiga imtihon bo'lib kelgan hozirgi murakkab sharoitda har birimiz uchun chin insoniy fazilatlarni namoyon qilish imon talabidir. Ayniqsa, muborak Ramazon oyida qo'ldan kelganicha saxovat qilish ham iymon, ham ibodat, ham katta savob, ham ibrat bo'ladi. Zero, buyuk bobomiz Alisher Navoiy aytganidek, “Kimki bir ko'ngli buzuqning xotirin shod aylagay, Oncha borkim, Ka'ba vayron bo'lsa obod aylagay”.
Alouddin NE'MATOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
ilmiy xodimi