Saylovlarni kuzatish uchun xalqaro tashkilotlarning vakillari akkreditatsiyadan oʻtkazildi

    Saylov 23 Sentabr 2024 368

    Joriy yil 23-sentyabrda Markaziy saylov komissiyasining xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlarning kuzatuvchilarini akkreditatsiyadan oʻtkazish hamda tezkor axborot berish markazi faoliyatini tashkil etish boʻyicha navbatdagi majlisi boʻlib oʻtdi.

    Saylovlarni kuzatish uchun 50 ta davlatdan 400ga yaqin, Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi, Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari byurosi, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Turkiy davlatlar tashkiloti kabi 21 ta xalqaro tashkilotlarning qariyb 500 nafarga yaqin, 26 ta xorijiy davlatlar saylov komissiyalarining 60 nafar, jami 1 000 nafardan ortiq xalqaro va xorijiy kuzatuvchilar ishtirok etishi kutilyapti.

    Taʼkidlash kerakki, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari byurosi tomonidan Oʻzbekistonga saylovlarni kuzatish boʻyicha toʻlaqonli katta Missiyasini, yaʼni tarkibida asosiy guruh, uzoq muddatli va qisqa muddatli jami 350 nafarga yaqin kuzatuvchilar bilan ishtirok etishi rejalashtirilgan.

    Majlisda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar saylovlarida xalqaro tashkilotlardan qatnashadigan kuzatuvchilarni akkreditatsiya oʻtkazish toʻgʻrisidagi Markaziy saylov komissiyasi qarori qabul qilindi va Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi, MDH Parlament Assambleyasi, Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari byurosi kabi xalqaro tashkilotlardan yuborilgan kuzatuvchilarning bir qismi akkreditatsiyadan oʻtkazildi.

    Hozirda kuzatuvchilarni akkreditatsiyadan oʻtkazmoqchi boʻlgan xorijiy va xalqaro tashkilotlar oʻz davlatlaridan turib “E-Saylov” axborot tizimiga kirishi hamda belgilangan namunadagi maʼlumotlarni elektron tarzda kiritib, koʻrib chiqish uchun yuborish imkoniyatiga ega boʻlgan.

    Jarayonning eʼtiborli jihatlaridan yana biri akkreditatsiyadan oʻtgan xorijiy kuzatuvchilarning mandatlari ham tizim orqali avtomatik tarzda elektron shaklda mutlaqo yangi koʻrinishda shakllanadi.

    Shuningdek, majlisda Markaziy saylov komissiyasi huzurida Tezkor axborot berish markazini – “Call-center”ni tashkil etish va uning nizomni tasdiqlash toʻgʻrisida tegishli qaror qabul qilindi. “Call-center” orqali fuqarolardan kelib tushayotgan murojaatlarni markazlashtirilgan holda qabul qilib, ularga real vaqt rejimida huquqiy tushuntirishlar va maslahatlar berib boriladi.

    “Call-center”ning asosiy vazifalari saylov kampaniyasi davrida fuqarolar bilan real vaqt rejimida muloqotni yoʻlga qoʻyish, aholiga saylov komissiyalarining faoliyati, saylov jarayonining bosqichlari haqidagi toʻliq va ishonchli axborotni yetkazish, fuqarolarning saylash hamda murojaat qilishga doir huquqlari soʻzsiz amalga oshirilishi uchun zarur sharoitlar yaratish hamda ularning saylov qonunchiligi va saylov jarayonlaridan xabardorlik darajasini oshirish kabilardan iborat boʻladi.

    Markaziy saylov komissiyasi matbuot xizmati.