Senatning aralashuvidan so‘ng O‘zbekistonga liftlarni olib kirish muammosi hal bo‘la boshladi

    Bojxona omborlarida 47 ta korxona tomonidan olib kelingan qiymati 9,5 mln dollar boʻlgan 332 ta lift va eskalator nazoratda turganligi aniqlangandi.

    Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi tomonidan “Davlat bojxona xizmati to‘g‘risida”gi Qonunning tegishli moddalarini Toshkent viloyati va Toshkent shahar bojxona boshqarmalari bojxona postlaridagi ijrosi o‘rganish jarayonida tadbirkorlar faoliyatiga to‘siq bo‘layotgan bir qator muammolar aniqlangan edi.

    Senat aʼzolariga “Toshkent-tovar” TIF bojxona postida bir necha tadbirkorlar murojaat qilib, “Sanoat xavfsizligi” davlat muassasasi tomonidan ishlab chiqarish jarayoniga berilgan 17 ta muvofiqlik sertifikatiga asosan O‘zbekiston hududiga olib kelingan lift va eskalatorlari bojxona omborlarida saqlanayotganini va sababsiz olib chiqib keta olishmayotganligini bildirishgan.

    Senat qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan dastlabki o‘rganishlar shuni ko‘rsatdiki, “Sanoat xavfsizligi” davlat muassasasi respublikada sanoat mahsulotini (lift, eskalator, gaz ballon, isitish qozonlari) sertifikatlashtirish bo‘yicha akkreditatsiyadan o‘tgan yagona organ hisoblanadi.

    Biroq “Sanoat xavfsizligi” davlat muassasasi akkreditatsiyasining amal qilishi to‘xtatilganligi sababli hozirgi kunda muvofiqlikni baholash uchun faoliyat yuritayotgan va akkreditatsiya qilingan sertifikatlash organi mavjud emas, bu esa tadbirkorlarning sarson bo‘lishiga olib kelmoqda.

    Bojxona omborlarida 47 ta korxona tomonidan olib kelingan qiymati 9,5 mln dollar bo‘lgan 332 ta lift va eskalator nazoratda turganligi aniqlangandi.

    Shu munosabat bilan, Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbitdin Burxonov yuqoridagi muammolarni inobatga olgan holda hukumatga O‘zbekiston hududiga olib kirilgan va 2024-yil 1-martgacha lift tovarlari xaridi bo‘yicha tuzilgan import shartnomalar bo‘yicha oldindan to‘lov qilingan liftlarni bojxona omborlaridan chiqarish bo‘yicha qonuniy qaror qabul qilish masalasini ko‘rib chiqish hamda tadbirkorlarni tashvishga solayotgan mazkur muammoni hal qilish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar yuzasidan asoslantirilgan tushuntirish berishni so‘rab senator so‘rovini yuborgan edi.

    Vazirlar Mahkamasi tomonidan senator so‘roviga berilgan javobda so‘nggi paytlarda mamlakatimizda liftlar bilan bog‘liq noxush holatlar sodir bo‘layotganligi sababli xalqaro, xususan, Yevropa tajribasini o‘rgangan holda liftlar va ularning moslamalari sifati hamda xavfsizligiga taalluqli bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlarni to‘liq xatlovdan o‘tkazilayotgani maʼlum qilindi.

    Shuningdek, liftlarni tekshiruvdan o‘tkazish qamrovini taʼminlash va sifatli amalga oshirish maqsadida liftlarga texnik xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlarni xalqaro standartlarga asosan akkreditatsiyadan o‘tkazish tizimini yaratish kabi bir qator muhim topshiriqlar belgilanganligi ko‘rsatib o‘tilgan.

    Senator so‘rovidan so‘ng O‘zbekiston akkreditatsiya markazi qaroriga asosan “Sanoat xavfsizligi” DM mahsulotlarni sertifikatlashtirish organi nomiga rasmiylashtirilgan (OZAK.MS.0068) va sinov laboratoriyasi nomiga rasmiylashtirilgan (OZAK.SL.0248) akkreditatsiya guvohnomalari qayta tiklandi hamda tadbirkorlarga lift, eskalator va travolator uchun belgilangan tartibda muvofiqlik sertifikatlarini berish jarayoni qayta yo‘lga qo‘yildi.

    Bugungi kungacha 36 ta tadbirkorlik subyektining 150 ta lift uskunasi tegishli obyektga olib chiqib ketildi.