“Seni bilmaslarga rahmim keladi” yoxud dagʻal soʻzli – dushman qilur doʻstini

    Mutafakkirlardan biri esa shunday lutf yozib qoldirgan: “Odamlar kitob oʻqishdan toʻxtasa, fikrlashdan ham toʻxtaydi. Fikrsizdan esa vatanparvarlik kutmang”.

    Oʻtgan asrning boshlarida bir katta siyosatchi aytgan ekan: “Avval barbod qilamiz, soʻng qahramonlarcha tiklaymiz...”. Mutafakkirlardan biri esa shunday lutf yozib qoldirgan: “Odamlar kitob oʻqishdan toʻxtasa, fikrlashdan ham toʻxtaydi. Fikrsizdan esa vatanparvarlik kutmang”. Birinchi iqtibosning davomi ham bor: “...Shundagina bizning nimalarga qodir ekanimiz aniq namoyon boʻladi”.

    Kamina sobiq ittifoq tuzumini koʻrgan avlod vakili sifatida yuqoridagi ikki iqtibosning hayotdagi toʻliq ifodasini shoʻrolar olib borgan siyosat misolida koʻrganman. Gap shundaki, sovet xalqlarining tarixi, tili, urf-odat va qadriyatlari barbod qilinib, ularni yangi tamoyillar asosida tiklash rejasi amalda boʻldi. Asosan harbiy soha rivojlantirilib, odamlar bir amallab qorin toʻydirsa, shuning oʻzi baxt ekani shuurimizga singdirildi. Ayni yondashuv orqali, fuqarosi oʻzini baxtiyor xis qiladigan davlatning “eng qudratli mamlakat” obrazi yaratildi. Tajovuzkorlikka boʻysuntirilgan harbiy quvvat barcha respublikalar va jahon hamjamiyatini qoʻrquvga soldi.

    Ikkinchidan, dunyo ilm-fani yutuqlari, jahon adabiyoti sara durdonalari oʻrniga odamlarga haqiqatdan uzoq, faqat sunʼiy oʻylab topilgan sotsialistik realizm ustuniga qurilgan kitoblar tiqishtirildi, kommunizm gʻoyalari soxtakorlik bilan koʻklarga koʻtarilib, manqurtlashtirish harakati avj oldi. Yuzlab xalq va elat vakillari “yagona sovet millati” xalqasiga qamab qoʻyildi.

    Eng alam qiladigani, taqchillik, nochorlik markaz va uning poytaxti uchun begona edi. U yerlarda farovonlik, toʻkinlik, orzudagi hayot tarzi taʼminlangandi. Qardosh respublikalar esa xomashyo bazasiga aylantirilib, boshqa millatlarning tilini qisiq qilish maqsadida halol mehnat qilayotgan mahalliy xalqlar “oʻgʻri-muttaham”, “tekintomoq” tamgʻalari bilan niqtab turildi.

    Jilovdor mafkura yoki ajnabiylar – sening dushmaning

    Maktabimiz Eski shaharning qoq markazi – Hazrati Imom (Xastimom) dagi hozirgi ikki minorali masjid oʻrnida edi (Oʻsha davrdagi Chkalov nomli 23-oʻrta maktab, 2007-yil buzib tashlangan). Yonimizda Baroqxon madrasasi hamda oʻsha paytdagi Oʻrta Osiyo va Qozogʻiston musulmonlari diniy idorasi joylashgan. Maʼlumki, Hazrati Imom – Toshkentning eng asosiy diqqatga sazovor joylaridan biri. Majmua Toshkent imomi, olim, Qurʼon va hadis bilimdoni, Toshkentda islomning ilk targʻibotchilaridan biri, shoir va hunarmand Abu Bakir ibn Ismoil Al-Qaffol Ash-Shoshiy (Hazrati Imom) qabri atrofida bunyod etilgan.

    Tarixiy manbalarga koʻra, u qulflar va qalitlarni tayyorlash boʻyicha usta ham boʻlgan, shu sababli “Qaffol” (qulfchi) laqabini olgan, 72 tilni bilgan va Tavrotni arab tiliga tarjima qilgan. Abu Bakr Qaffol Shoshiy 976-yilda 73 yoshida vafot etadi va u shu kungacha dunyoning aksariyat musulmonlari tomonidan ziyorat qilinadigan maqbarada dafn etiladi.

    Ushbu majmuaning meʼmoriy elementlari turli davrlarda barpo etilgan. “Qaffol Shoshiy” maqbarasi, Baroqxon madrasasi va “Moʻyi Muborak” madrasasi XVI asrda qurilgan. “Nomozgoh” masjidi XVIII asrda va “Tilla Shayx” jome masjidi XX asrda bunyod boʻlgan. Ayni bois bu yerdan xorijiy sayyohlarning qadami uzilmaydi.

    Xullas, maktabning 1-sinfiga qadam qoʻygan dastlabki vaqtlardanoq oʻqituvchilarimiz bizga bir gapni uqtirib kelishgan: “Chet ellik sayyohlar bilan gaplashma, ular kapitalistlar, yaqiniga yoʻlama. Qoʻlingga saqich yoki biror shirinlik tutqazib, choʻzilgan qoʻlingni suratga oladi va oʻz yurtiga borib SSSRda bolalar tilamchi, gadoy deb oʻz matbuotida eʼlon qiladi. Ajnabiylar – sening dushmaning”.

    Bizga mehmonni dushman, gʻalamis, buzuq niyatli qilib koʻrsatishsa-da, lekin turli-turfa liboslarda har kuni tashrif buyuradigan xorijlik turistlar bilan muloqot qilishga oʻch edik. Allambalo taʼmli saqichlarining mazasini ham tatib koʻrganmiz. Chunki, bizning xalqimiz, odamlarimizda ulardagi kabi rang-barang kiyimlar, ilgʻor texnika va anjomlar, koʻrinishiyoq ishtaha ochadigan saqich yoki yeguliklar yoʻq edi.

    Men biroz til bilganim, muloqotga kirishimli ekanim bois xadik boʻlsa-da, sayyohlar bilan muloqotdan qochmasdim. Bir kuni, 80-yillarning boshi – uchinchi yo toʻrtinchi sinfda oʻqir edim, maktabimiz direktor oʻrinbosari darsimizga kirib keldi. 40 chogʻli sinfdoshlarim orasidan meni va yana ikki oʻquvchini turgʻazib, rosa dashnom berdi, izza qildi. Aybimiz – maktabga kirayotib sayyohlarga “assalomu alaykum, hello” deb salom berganimizni koʻrib qolgan ekan. “Ajnabiylar – mening dushmanim, ularga qaytib salom bermayman”, degan mazmunda har birimizdan tilxat olingandi oʻshanda. Bizning avlod nega sal odamoviroq degan gumondagilar uchun javob bu.

    Yevropada sayqal topgan milliy gʻurur yoki hali imkon bor

    Hozirgi globallashuv, jahon siyosiy maydonidagi ziddiyatlar, axborot xurujlari davri har birimizni hushyor, bosiq, sermulohazali boʻlishga undamoqda. Bunday vaziyatda insonning maʼnaviy qiyofasi birinchi planga chiqadi, hayotda kitobning oʻrni juda yuksak ekani boʻy koʻrsatadi. Texnologiyalar tufayli mutolaaga boʻlgan qiziqish biroz susaygani bor gap. Lekin kitob oʻqish orqali inson hayot kechirishni, maʼnaviyatli, maʼrifatli boʻlishni oʻrganadi.

    Ulfat Abjabborov Uber Technologies Inc kompaniyasining Daniyadagi vakolatxonasi bilan uzoq muddatli shartnomaga erishib, turmush oʻrtogʻi Shahzoda va farzandi Maryamxon bilan Orxus shahrida istiqomat qiladi. Endi besh yoshga toʻladigan qizini mahalliy bolalar bogʻchasiga bergan. Yaqinda taʼtil olib, oilasi bilan Toshkentga keldi. Jijji Maryamxonning egnida milliy atlas, boshida oʻzbek qizlari doʻppisi bilan koʻchalarda paydo boʻlishini koʻrgan kishi borki, tabassum va mehr bilan nazar tashlar edi.

    – Bir yildan oshdi, qizimni bogʻchaga berdik. U yerga oʻzga yurtlardan bizga oʻxshab shartnoma asosida ishlagani kelgan turli millatga mansub oilalarning farzandlari kelishadi. Maryamni bogʻchaga yetaklab olib borgan ilk kunimiz bizga bolaga mos milliy kiyimlar, oʻzbek ertak kitoblari va Oʻzbekiston bayrogʻini ham keltirib berishimizni aytishdi. Aytishdi-qoʻyishdi, deb oʻyladik. Yoʻq, ertasi kuni talab qilishdi. Ota-onamga qoʻngʻiroq qildim, biror oʻn kunda Toshkentdan joʻnatma yetib keldi, – deydi Ulfat.

    Ikki yildan beri Yevropa havosini olgan qizaloqning Toshkent koʻchalarida milliylikka burkanib yurishining oʻziga yarasha sabablari bor, albatta. Gap shundaki, bogʻchada bolalar uchun navbatma-navbat kim qaysi yurtdan, millatdan boʻlsa, oʻsha mamlakat milliy kuni tadbirlari uyushtirilar ekan. Unda bola oʻzining milliy kiyimida, davlatining bayrogʻi oldida, tarbiyachilar yordamida oʻz Vatani, yurti haqida hikoya qilib berishi, xalq ertaklari va sheʼrlardan namunalar oʻqishi kerak.

    Bir kuni bogʻchada Oʻzbekiston kuniga navbat keldi. Maryam ham milliy liboslarda bordi. Uni koʻrib, hech kim hayratini yashira olmadi – bolalar tugul, bogʻcha tarbiyachilari ham qizaloqning egnidagi liboslarga mahliyo boʻlib qolishdi, shu kuni u hammaning diqqat markazida boʻldi. Oʻshandan beri egnidan milliy liboslarimizni qoʻymas ekan. Ota-onasi taʼtildan qaytishda oʻzlari bilan yana milliy kiyim, soʻzana, kulolchilik namunalaridan olib ketishmoqchi.

    – Maryam oʻzbekchadan tashqari ingliz va rus tillarida ham bemalol gaplasha oladi, – deydi Shahzoda. – Oʻsha tadbirga jiddiy hozirlik koʻrdik. Oʻzbekiston, oʻzbeklar, milliylik, vatanparvarlik haqida ingliz tilida sodda matn tayyorladik. Bir-ikki ertaklarning mazmunini ingliz tiliga oʻgirdik. Oʻzbekiston xalq shoiri Muhammad Yusufning vatan haqidagi sheʼridan quyidagi satrlarni oʻzbekcha va tarjima shaklini yodladik.

    Sen bilan oʻtgan har kun bayram – bazm,

    Sensiz bir on qolsam vahmim keladi.

    Seni bilganlarga qilaman taʼzim,

    Seni bilmaslarga rahmim keladi.

    Maryam tadbirda bularning hammasini burro-burrro aytib berdi. Ayniqsa, sheʼrning inglizcha taʼrifidan keyin ota-onalaru tarbiyachilar qarsak chalib yuborishgandi oʻshanda.

    Ulfat va Shahzodaning gaplarini eshitib, Maryamxonning xatti-harakatlarini kuzatib, bir narsani oʻylab qoldim. Demak, hozir koʻp kuzatayotganimiz – oʻz milliy tilida muloqot qilishni, milliy liboslarni egniga ilishni ep bilmaydigan ayrim yoshlarimizning ongi va tafakkurini oʻzgartirishga hali imkon bor ekan.

    Duolar ijobati yoki toʻkinlik shukronasi

    Yoshi ulugʻ avlod yaxshi biladi: oʻtgan asrning 80-yillari oxiri va 90-yillari boshida ahvolimiz, turmushimiz ancha ogʻir edi. Sobiq Shoʻrolar davlati parokanda boʻlgan, Ittifoq tarkibidagi respublikalar oʻrtasidagi oʻzaro iqtisodiy zanjirlar uzilib ketgan ogʻir paytlar edi. Doʻkonlarda xalq ehtiyoji uchun eng zarur boʻlgan sakkiz nomdagi mahsulot faqat maxsus berilgan talon asosida sotilardi. Boshqa doʻkonlardan bu tovarlarni xarid qilib boʻlmasdi. Doʻkonlar peshtaxtalari boʻm-boʻsh, odamlar kiyinishi ham havas qilgudek emasdi.

    Uy-joylar bir ahvolda, taʼmir uchun qurilish mollari qahat, avtomobili yoki zamonaviyroq maishiy texnikasi borlar barmoq bilan sanarli. Ust-boshimizda yo akamiz, yo otamizga kichik kelib qolgan kiyim, poyafzal.

    1991-yil kuzda katta singlimni turmushga berdik. Toʻydan avval otamning qay alfozda zir yugurgani hamon koʻz oldimda: kelin-kuyovlarga sarpo, yosh oilaga mebel olish kerak, ammo uni otliqqa ham topolmaysiz. Asosiysi, bir amallab jamgʻarilgan pul bor, ammo tovar yoʻq. Tanish-bilish orqali, yalinib-yolvorib, “shapka”sini berib, Olmaliq shahridagi qaysidir doʻkondan ming azobda oʻzimizning mahalliy mebelni olib kelganmiz (keyin sifati xaminqadarligidan 3–4-yilda yaroqsiz xolga kelib qolgan ekan).

    Otamning ruhiy ahvolini koʻrgan buvim oʻshanda duo qilgan edi:

    – Yaratgan bandasini oʻzi qoʻllasin, yurtimizda toʻkinlik boʻlsin! Bugungi kam-koʻstlarini bolalarimizning oʻzi toʻldirsin!

    Aslida nuroniy otaxon-onaxonlarimiz doim shu mazmunda yuzlariga fotiha tortishadi. Shukur, bugun xalqimiz hayotida farovonlik, hamma narsamiz bor, bozor va doʻkonlarimiz peshtaxtalari turli-tuman tovarlar bilan toʻlib toshgan. Toʻylarimizning, qurayotgan uylarimizning, minayotgan avtomobillarimizning hashamatini taʼriflashga soʻz ojiz. Demak, xalqimiz yaxshi zamonlarga yetib kelibdi, bardavom boʻlsin!

    Bir necha yil avval menga ham qiz uzatish baxti nasib etdi. Xuddi singlimni turmushga berganimiz paytidek rosa qiynaldim. Faqat sarpo va mebelning xili koʻpligi hamda sifatining yuqoriligidan qay birini tanlash masalasi meni qiynadi rosa.

    Ota oʻtirgan uy yoki ikki zulfli darvozalar

    Ota-onaning vazifasi farzandini dunyoga keltirishdangina iborat emas. Ular oʻz farzandlarini aqlli, es-hushli, jismonan sogʻlom, diyonatli, eʼtiqodli, jamiyat va Vatanga foydasi tegadigan insonlar qilib tarbiyalash haqida qaygʻurishlari kerak. Sharqona lutf, sharqona odob va andisha dunyo ahlining aqlini shoshirib, sharqliklarga nisbatan hurmatini oshirib kelgan. Bu borada oʻzbekona muomalaning oʻrni ham boʻlakcha. Saʼdiy yozadi:

    “Shirin soʻzli shilgay dushman poʻstini,

    Dagʻal soʻzli dushman qilur doʻstini”.

    Shu kunlarda ayrim xorij korchalonlarining mamlakatimiz va xalqimiz shaʼniga, milliy tariximizga nisbatan bildirayotgan nojoʻya va kaltabin mulohazalari, bir-biridan dagʻal soʻzlari bot-bot quloqqa chalinib qolyapti. Toʻgʻri, bu ular mansub davlatning rasmiy qarashiga mos emasligi aniq, ammo ne boʻlganda ham buni munosabatlarga rahna solishga urinish deb baholash mumkin. Sharqona lutf, sharqona odob-andisha bizga xos deb, indamay ketaverish bu yerda yaramaydi.

    Ularga javoban oʻzligimizni chuqurroq anglashimiz, yoshlar shuurida vatanparvarlik tuygʻularini kuchaytirishimiz lozim. Toki mavjud mafkuraviy va maʼnaviy xurujlarning maqsad va mohiyatini oʻz vaqtida anglab oladigan va ularga qarshi oʻz fikri va mustaqil dunyoqarashiga ega boʻlgan barkamol avlodni tarbiyalash oliy maqsadga aylansin.

    Davlatimiz rahbari aytganidek, “Bugungi Oʻzbekiston – kechagi Oʻzbekiston emas. Bugungi xalqimiz ham kechagi xalq emas”. Bizga endi jamiyatni avval barbod qilib, keyin qudratini koʻz-koʻz qiladigan “aqlli” siyosatchilarning nagʻmasi kerak emas. Bizga bugun oʻz iqtidori, bilimi va shijoati bilan Vatan shaʼni, shuhrati, shavkatini yuksaklarga koʻtaradigan ulfatlar, shahzodalar, maryamlar kerak va shukurki, ular juda koʻp. Hozir bizda davlatimizning “Inson qadri muqaddas” tamoyili asosida olib borayotgan siyosatini qoʻllab-quvvatlayotgan, unga koʻmaklashayotgan jahon hamjamiyatining eʼtibori bor, xayrixohligi bor.

    Zero, biz “Otang oʻtirgan uyning tomiga ham chiqma”, degan xalqmiz. Xonadonining darvozasiga ikkita (katta va kichik) zulf ilingan, mehmon oʻsha zulfning qay birini taqillatishidan ayol yoki erkak ekanini bilib, uning istiqboliga peshvoz chiqadigan millatmiz.

    Nodir MAHMUDOV,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri