Hayot kutilmagan voqealarga boy, orzuingga qachon, qay tariqa yetishing, senga atalgani qanday kelishini bilmas ekansan. Bolaligimdan sheʼrlar yozib, 14 yoshimdan buyon “Zulfiya” nomidagi davlat mukofotini olishni orzu qilardim. 30 yoshimda esa kutilmaganda “Kelajak bunyodkori” medali bilan taqdirlandim. Viloyatimizdagi iqtidorli, izlanuvchan, salohiyati yuqori yoshlar qatori tavsiya qilinganim, oʻzim biror hujjat tayyorlamaganim bois, avvaliga, men ham, ota-onam ham bunga ishonmadik. Ammo keyin, otam “Agar Prezidentimiz bilan koʻrishsang, dadam sizni yaxshi koʻradilar, olib borayotgan siyosatingiz uchun rahmat, deb aytib qoʻy”, deya taʼkidladilar.
Medalni shaxsan davlatimiz rahbarining qoʻlidan qabul qilib olar ekanman, otamning soʻzlarini yetkazdim. Qisqa muddatli suhbatimiz davomida yurtboshimiz biz yoshlarni hamisha qoʻllab-quvvatlashlari, yonimizda turishlarini aytdilar. Bu samimiy soʻzlar mamlakatimizning har bir yigit-qiziga qaratilganini chuqur his qildim. Davlatimiz rahbarining shu yil 30-iyun kuni Oʻzbekiston yoshlariga yoʻllagan bayram tabrigida ham bu alohida aks etgani bejiz emas. “Biz oʻz oldimizga qoʻygan ulkan maqsadlarimiz ijobatini, Yangi Oʻzbekiston kelajagini butun el-yurtimiz qatori sizdek azmu shijoatli farzandlarimiz bilan bogʻliq holda koʻramiz”, deya taʼkidladi Prezidentimiz oʻz nutqida.
Yoshlar xuddi nihol kabi. Ularni toʻgʻri parvarishlab, unib-oʻsishi uchun sharoit yaratib berilsa, katta daraxtga aylanadi. Uning mevasi, soyasidan butun xalq bahramand boʻladi. Oʻzbekiston ana shunday oyoqda mustahkam tura oladigan, oʻz soʻzi va maqsadiga ega, har tomonlama barkamol avlod, yetuk yoshlarni tarbiyalash yoʻlida jadal borayotgan sanoqli davlatlardan biri. Buning uchun barcha sohalarda yaratib berilayotgan imkoniyat, sharoitlar oʻz mahsulini bera boshladi. Ilmli yoshlarimiz safi kengayib, tengdoshlarimiz jahonning eng nufuzli oliygohlarida tahsil olyapti, mashhur kompaniyalarda ishlayapti. Yigit-qizlar oʻz ilmi, salohiyati bilan yurtimiz taraqqiyotiga hissa qoʻshmoqda.
Oʻzim ham oddiy oilaning yolgʻiz farzandiman. Otam haydovchi, shuning ortidan oila tebratganlar. Shunga qaramay, asosiy sarmoyani mening bilim olishimga tikkanlar. Hamisha meni qoʻllab-quvvatlaydilar. Besh yil davomida oliy oʻquv yurtiga kira olmaganimda ham hech qachon chekinmasligim, ilmdan ortga qaytmasligim kerakligini aytib, menga ragʻbat berib turganlar. Mana, ularning ishonchi va tirgagi bilan magistraturani ham tamomlab, ayni paytda Toshkent davlat agrar universitetida doktoranturada tahsil olyapman. Turkiyaning mashhur universitetlaridan biridan doktoranturada oʻqish taklifini olgandim, ammo ota-onamni yolgʻiz qoldirishga koʻzim qiymadi. Taʼlimni oʻzimizda davom ettirayotganimdan afsusda emasman, boisi, bu yerda sevimli ishim ham bor. Ikki yildan buyon Jizzax politexnika institutida ishlab, 200 dan ortiq talabaga dars berib kelyapman. Qator loyihalarim ham bor, ularni oʻz laboratoriyamda ilmiy oʻrganib, amaliyotda sinovdan oʻtkazaman. Asosiy yoʻnalishim qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini saqlash va qayta ishlashga qaratilgan.
Qizigʻi, bolaligimdan doim jurnalist boʻlishni orzu qilganman. Sheʼrlar, nasriy hikoyalar yozib yurganim uchunmi shu kasbga havasim baland edi. Hozirgacha bir qancha toʻplamlarim nashrdan chiqqan. Ammo taqdir qilgani ilm yoʻli ekan. Ayniqsa, qishloq xoʻjaligi sohasi meni tezda qiziqtirib qoʻydi va kelajagimni shunda koʻra boshladim. Mahsulotni yetishtirish, saqlash, qayta ishlash jarayonlarining bari qiziq edi. Bu borada yangi ilmiy izlanish, loyihalarga qoʻl ura boshladim. 2021-yilda 6 ta ana shunday innovatsion loyiham moliyalashtirildi. Ularning asosi oziq-ovqat mahsulotlarni chiqindiga chiqarmasdan, qayta ishlab, iqtisodiyotimizni rivojlantirishga qaratilgan.
Chunki mahsulotni yetishtirish bir qarra daromad boʻlsa, uni qayta ishlash bir necha barobar foyda, degani. Buning uchun zamonaviy texnologiyalar, ilmiy asoslangan loyihalar zarur. Masalan, Jizzax viloyatida juda koʻp qovun mahsuloti yetishtiriladi, lekin ularning isteʼmol bozori juda katta emas. Agar ana shu mahsulotni qayta ishlashni yoʻlga qoʻysak, samaradorlik oshadi. Doktorlik ishim aynan shunga qaratilgan. Yaʼni, mahsulotning ikkilamchi hosili — dalalarda qolib ketadigan, texnik hamda biologik shikastlangan qovunni olib, undan marmelad tayyorlash texnologiyasini yoʻlga qoʻyish ustida ish olib boryapman. Tajribalar davomida uy sharoitida quritilgan qovun mahsulotlari namunalarini Turkiyadagi Egey universiteti professor-oʻqituvchilariga yubordim. Tahlillar natijalari olingach, uni xalqaro jurnalda eʼlon qilib, keyin yurtimiz amaliyotida qoʻllashni maqsad qilganmiz. Boshqa meva-sabzavotlarni qayta ishlash boʻyicha ham shunday loyihalar olib bormoqchimiz. Jizzax viloyatida buning uchun imkoniyat yetarli va kelgusida hududni qishloq xoʻjalik mahsulotlarini qayta ishlaydigan zamonaviy texnologiyalar manziliga aylantirishni maqsad qilganmiz.
Joriy yilning aprel oyida Turkiyadagi Egey universitetida amaliyot oʻtab qaytdim. Niyatim, yurtimizga u yerdagi kabi eng yangi texnologiyalarni olib kelib, institut talabalariga qishloq xoʻjalik mahsulotlarini qayta ishlashda zamonaviy yondashuvlarni oʻrgatishdan iborat. Chunki bugungi kun yigit-qizlarida ilm olishga boʻlgan ishtiyoq ham, imkoniyat ham yuqori.
Oʻzim ham ana imkoniyatlardan foydalanayotgan yoshlardan biriman. Til oʻrganishga qiziqaman, bir necha xorijiy til boʻyicha daraja sertifikatim bor. Ilmiy faoliyatdan tashqari, sport bilan shugʻullanib kelaman. Sportning Tayekvondo ITF turi boʻyicha 18 karra Oʻzbekiston chempioni, xalqaro turnir gʻolibi, birinchi darajali qora belbogʻ sohibasiman. Ilmiy loyihalarim bilan turli tanlovlarda ishtirok etib, gʻoliblikni qoʻlga kiritib kelyapman. Jizzax iftixori “Oltin fond” aʼzosi boʻlgan yoshlardan biriman.
Umuman, inson maqsadni toʻgʻri qoʻyishi kerak. Yonida uni qoʻllab-quvvatlaydiganlarning boʻlishi ham muhim. Ayniqsa, xotin-qizlarning ilm olishiga keng yoʻl ochayotgan jamiyatda natija ham shunga yarasha boʻladi. Men bugun ana shunday ilgʻor jamiyat aʼzosi ekanimdan xursandman. Yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlayotgan mamlakat farzandi ekanimdan gʻururni tuyaman.
Bugun yurtimizdagi har bir yosh, jamiyatga nafi tegayotgan yigit-qiz borki, kelajak bunyodkori, deb bilaman. Ular dehqon yoki haydovchi, shifokor yoki olim boʻlishidan qatʼiy nazar, kelajak bunyodkorlaridir. Chunki ular bekorchi emas, oʻz mehnati, intilishi bilan hech boʻlmaganda, bir oilani taʼminlashga hissa qoʻshyapti. Ular jamiyat, mamlakat taraqqiyotiga befarq emas.
Shahlo HOSHIMOVA,
Jizzax politexnika instituti assistenti,
“Kelajak bunyodkori” medali sohibasi
(Maqola “Yangi Oʻzbekiston” gazetasining 02.07.24 y, 130-sonida eʼlon qilindi.)