Shartnoma tuzishda nimalarga ahamiyat qaratish kerak?

    Mamlakatimizda 10 Mart 2022 5579

    Jamiyatning keng jabhalarida insonlar doimo bir-birlari bilan shartnomaviy munosabatlarga kirishadi.

    Biz quyida shartnoma bilan bogʻliq qonunchiligimizda oʻz aksini topgan qoidalar xususida soʻz yuritamiz. Zero, bu insonlarga shartnoma munosabatlarda oʻz huquqlarini erkin ravishda amalga oshirish imkoniyatini yuzaga keltirsin.

    Xullas, shartnoma nima?

    Ikki yoki bir necha shaxsning fuqarolik huquqlari va burchlarini vujudga keltirish, oʻzgartirish yoki bekor qilish haqidagi kelishuvi shartnoma hisoblanadi.

    Shartnoma tuzish majburiyatmi yoki erkinlik?

    Shuni taʼkidlash lozimki, insonlar shartnoma tuzishda erkin boʻlib, ularni shartnoma tuzishga hech kim majbur qilmaydi. Insonlar qonun hujjatlarida belgilab qoʻyilgan, jumladan, oldi-sotdi, mahsulot yetkazib berish kabi shartnomalar bilan birgalikda qonunchilikda nazarda tutilmagan shartnomalarni ham tuzishlari mumkin. Asosiysi ular qonunchilik hujjatlari talablariga zid boʻlmasligi kerak.

    Eng koʻp tuziladigan shartnomalar qaysi?

    Bugungi kunda eng koʻp shartnomalar katta ijtimoiy ahamiyatga ega boʻlgan kommunal, energiya bilan taʼminlash, aloqa xizmati, yoʻlovchi va yuklarni tashish bilan bogʻliq sohalarda tuziladi.

    Shuni alohida taʼkidlash joizki, bu sohalarda ommaviy shartnomalar tuzilib, ular namunaviy shaklda amalga oshiriladi. Bu shaklda shartnomalar tuzilganda odatda qatʼiy, yaʼni uni imzolagan xar bir taraf bajarishi lozim boʻlgan shartlar belgilanadi. Bu shartlar insonlar, yaʼni isteʼmolchilarning huquq va qonuniy manfaatlariga toʻla muvofiq kelishi kerak.

    Ayni paytda bu borada insonlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarining himoya qilinishini taʼminlash maqsadida davlatimiz tomonidan bir qator chora-tadbirlar belgilangan. Xususan, Prezidentimiz tomonidan 2021-yil 14-sentyabrda “Shartnomaviy munosabatlarni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-6313-sonli qarori qabul qilindi.

    Mazkur huquqiy hujjat bilan shartnomaviy munosabatlarni tartibga solishning yangi tartiblari belgilandi. Jumladan, kommunal, energiya bilan taʼminlash, aloqa xizmati, yoʻlovchi va yuklarni tashish va boshqa shu kabi katta ijtimoiy ahamiyatga ega boʻlgan sohalarda tabiiy monopoliya subyektlari tomonidan ishlab chiqilgan ommaviy shartnomalar monopoliyaga qarshi kurashish organi bilan kelishilganidan soʻng isteʼmolchilar bilan tuziladigan boʻldi.

    Shartnoma tuzishda nimalarga eʼtibor qaratish lozim?

    Biz shartnoma tuzish taklifini yoki boshqacha qilib aytganda, shartnoma loyihasini qoʻlimizga olar ekanmiz, uni shoshmasdan oʻqib chiqishimiz va unda nimalar aks etganligiga eʼtibor qaratishimiz shart.

    Bu borada biz qonun hujjatlarida shartnomalarga nisbatan qanday talablar qoʻyilganligi xususida soʻz yuritamiz. Jumladan, xoʻjalik shartnomasida shartnoma predmetini, yetkazib beriladigan tovarning (ishning, xizmatning) miqdori, sifati, assortimenti va bahosini, shartnomaning bajarilish muddatlarini, hisob-kitob qilish tartibini, taraflarning majburiyatlarini, bajarilmaganda yoki lozim darajada bajarilmaganda taraflarning javobgarligini, nizolarni hal etish tartibini hamda taraflarning rekvizitlarini, shartnoma tuzilgan sana va joyni, shuningdek, bunday turdagi shartnomalar uchun qonunchilikda belgilangan yoki taraflardan birining arizasiga koʻra oʻzaro kelishuvga erishish lozim boʻlgan boshqa muhim shartlarni nazarda tutishi kerak.

    Shartnoma tuzilganidan soʻng unga oʻzgartirish kiritish mumkinmi?

    Agar Siz shartnomani imzolaganingizdan soʻng unga biror bir shartni kiritish lozim deb hisoblasangiz, buni tuzilgan shartnomaga qoʻshimcha kiritish, yaʼni qoʻshimcha kelishuv tuzish orqali amalga oshirishingiz mumkin.

    Yakun sifatida bir qator jihatlarga eʼtibor qaratish lozim boʻladi:

    shartnoma tuzmoqchi boʻlsangiz, avvalo, bu boradagi shartnomalar namunalarini oʻrganishdan boshlang;

    shartnomaning qonunchilik hujjatlari talablariga muvofiqligini taʼminlash uchun yuristlardan uni huquqiy ekspertizadan oʻtkazib berishlarini iltimos qiling;

    shartnoma tuzilganidan soʻng uning haqiqiy emasligiga olib keladigan xato va kamchiliklar aniqlangan taqdirda, shartnomani qoʻshimcha kelishuv bilan tuzating.

    Xusinboy Iskandarov,

    Xorazm viloyati Tuproqqalʼa tuman

    Yuridik xizmat koʻrsatish markazi boshligʻi.