Uchrashuvda davlat rahbarlari tomonidan qabul qilingan qarorlar doirasida SHHTga aʼzo davlatlar transport organlari oʻrtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish yuzasidan fikr almashildi.
Tomonlar transport bogʻliqligini rivojlantirish, SHHT mintaqasining transport-tranzit salohiyatini kengaytirish, transportni karbonsizlantirish jarayonlariga konsolidatsiyalashgan yondashuvlarni izlash va transport sohasida qabul qilingan hujjatlarni amalga oshirish boʻyicha tashkilotdagi mavjud mexanizmlarning hamkorligini faollashtirishga kelishib oldilar.
Yigʻilishda ishtirok etgan Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirining birinchi oʻrinbosari Mamanbiy Omarov quruqlik va multimodal transport koridorlari imkoniyatlaridan yanada samarali foydalanish uchun Tashkilotga aʼzo mamlakatlar va uning chegaralaridan tashqarida Shimol – Janub va Sharq – Gʻarb yoʻnalishida global uzluksiz yetkazib berish zanjirini yaratuvchi yagona transport tarmogʻini shakllantirish jarayonini yakunlash zarurligini taʼkidladi.
Shuningdek, transportda tashuvlar jarayonini raqamlashtirishni rivojlantirish, bunda transchegaraviy punktlarni kesib oʻtishni soddalashtirish muhimligini aytib oʻtdi, deb xabar beradi Transport vazirligi matbuot xizmati.
Ushbu yoʻnalishda Oʻzbekiston tashabbusi bilan e-Permit elektron ruxsatnoma tizimi 2021-yilda Turkiya bilan joriy etildi. 2024-yil aprel oyida mazkur tizim Qozogʻiston bilan muvaffaqiyatli ishga tushirildi. Hozirda Qirgʻiziston, Tojikiston va Ozarbayjon bilan ushbu tizimni yoʻlga qoʻyish boʻyicha faol ish olib borilyapti.
– Elektron ruxsatnomalardan foydalanish geografiyasini kengaytirish maqsadida biz SHHTga aʼzo boshqa davlatlarni e-Permit tizimiga qoʻshilishga va bosqichma-bosqich ravishda elektron tovar-transport yuk xati eCMRdan foydalanishga chaqiramiz, – dedi М.Омаров.