Shoh baytlarda bor emish

    Madaniyat 9 Fevral 2021 4215

    Mazkur maqolada hazrat Navoiyning baytlarida tasvirlangan shohlar obrazi orqali maʼjoziy maʼnolar yashiringani va ularning tahlil yoritib berilgan.

    Oʻzbek xalqining buyuk shoiri, olimi, mutafakkiri, donishmandi, haqparvar hamda xalqparvar siymosi, yuksak maʼrifat egasi va davlat arbobi Alisher Navoiyning (1441-1501) gʻoyat boy va serqirra ilmiy-nazariy merosida ijtimoiy-siyosiy hayot, davrning barcha muammolari, falsafiy qarashlar oʻzining toʻliq ifodasini topgan. Nazmda ham, nasrda ham tengsiz asarlar yarata olgan bu ulugʻ zot, faylasuf va shoir sifatida oʻz qarashlarida inson, uning kamoloti, hayot falsafasi, borliq silsilasi, umr mazmuni haqida mulohazalar qilgan boʻlsa, davlat arbobi sifatida raiyat muammolari, xalq istaklari, diniy ulamolarning vazifalari, podshohlar hayoti, ularning xalq oldidagi burchlari hamda xatti-harakatlari, xarakterlarini badiiy tasvirlarda, yuksak iqtidor ila ochib berishga uringan.

    Inson xulqini tasvirlagan, tasvirlaganda ham ularni qiyosiy usulda, nozik oʻxshatishlar bilan ifodalagan Navoiy hazratlari, oʻzlarining davlat ishlaridagi koʻp yillik tajribalari yordamida, misoli ajdaho komida tursalar-da, oʻz jonlari huzurini oʻylab, haqiqat yoʻlidan qaytmadilar. Sheʼrlarida zolim davlat boshliqlarini, ularning qilmishlarini qattiq tanqid qilib, adolatli va elparvar shohlarni ulugʻlaganlar.

    Masalan, hazratning ilk asari boʻlmish “Badoyi ul-bidoya”da keltirilgan bir gʻazalda shunday deydilar:

    Jonda qoʻygʻoch naqdi ishqin qildi koʻnglumni halok,
    Oʻlturur mahramni sulton ganj pinhon aylagach.

    Baytni tahlil qiladigan boʻlsak, muallif unda maʼshuq oʻz ishqini oshiq koʻngliga qoʻygan (joylagan)dan soʻng, bu ishq uni qiynab, goʻyo halok etguday holatga kelganini gʻoyat nafosat bilan ifoda etganlar. Boshqa tomondan esa, shohlar xislatidagi bir yovuz holatga oʻxshatish orqali ayni oʻsha sirni ochib qoʻygan. Yaʼni yovuz sultonlar oʻz xazinasini maxfiy joyga berkittirgach, bu joyning maxfiyligini saqlash maqsadida panadagi mahramning oʻzini ham qatl ettirishiga ishora qilingan.

    Yana bir baytda quyidagicha tasvir mavjud:

    Toʻkti qon gulgun libosin kiygach ul xoʻblar shahi,
    Qon toʻkar ermish qizil toʻn kiysa, beshak, shohlar.

    Bayt badiiyati nihoyatda goʻzal. Tashbehlar takrorlanmas, kishini lol qoldirarli darajada zavq beradi. Bunda chiroyda tanho yorning qizil libos kiyib oshiqlar aqlini olgani, maʼshuqani yana bir koʻrmoq orzusida ular koʻzlaridan yosh emas, qon toʻkayozganlarining qiyosi sifatida yana shohlarga murojaat qilinadi. Goʻyoki agar kimki shohlik rutbasiga koʻtarilar ekan, istaydimi-yoʻqmi, shubhasiz, kimlarningdir bahridan kechmogʻi bor gapligiga ishora bor.

    Yana bir boshqa gʻazal baytida:

    Forigʻu ozoda boʻlmas mubtalolardin xabar,
    Shoh koʻnglida qachon boʻlgʻay gadolardin xabar.

    deyiladi. Bayt maʼnosini tahlil tortsak, unda maʼshuqaga oshiq boʻlgan mubtalolarning ahvoli gʻam-gʻussa va oʻrtanishlardan xoli boʻlmasligi, maʼshuqaning esa bundan bexabarligi, bu holga beeʼtiborligi nazarda tutiladi. Navoiy hazratlari ayni baytda gʻoyat ajib bir usul qoʻllaydilar. Yaʼni ikkinchi maʼnoni ham yashirib oʻtadilar. Goʻyoki bunday rahmsiz shohlar oʻz saltanatidagi gʻaribu nochorlar ahvolidan xabarsiz, bilganda ham ularga beparvo munosabatda boʻlganliklarini yashirin aytib oʻtadilar.

    Navoiy hazrat bebaho isteʼdod egasi, qolaversa, aqlli siyosatchi boʻlganligi shu kabi baytlarda namoyon boʻlaveradi. Yorga qilingan murojaat orqali baʼzi bir shohlarning nazdida zulmkorlik, qattiqqoʻllik va jonxoʻrlik eng toʻgʻri yoʻl ekani oshkor etiladi. Rost, boshqaruvda qattiqqoʻllilik ham foyda beradi. Biroq sohibqiron Temur bobomiz ham paydo boʻlgan koʻngilsizliklarning oʻndan toʻqqizini mashvarat va muhokama bilan, qolgan birini qilich bilan hal etdim, deganlar. Qattiqqoʻllikning haddan ziyodi ham johillikka olib kelishini davlat boshligʻiga benihoya did bilan uqtirmoq esa ulkan masʼuliyat va mahoratdir. Quyidagi baytda ham Hazrat ushbu fikrlarga ishorat qiladilar:

    Desamki, ey jamol elining shohi, qilma zulm,
    Der, shohliq tariqidadur bu adolatim.

    “Gʻaroyib us-sigʻar”da keltirilgan gʻazallarning birida

    yor ishqidagi oshiqqa maʼshuqning bergan azoblariga chidash, nozu karashmalar qilsa, buni koʻngliga olib, yorga ters soʻzlar aytmaslik kerak ekani aytilib,

    Ey Navoiy, har nechuk zulm etsa chek, dam urmagʻil,
    Kim gado haddi emas hech ishda sulton birla bahs.

    misralari keltirilgan. Bu baytning bir maʼnosi boʻlsa, ikkinchi mazmuni oddiy fuqarolarning podshohlar oldida tiliga kelganini ayta olmasligi va shoh bilan bahsga kirishmoq, gap talashmoq oddiy fuqarolarga ijozat etilmasligiga ishoralar bor. Yana bunda rahbarning qilgan qattiqqoʻlligidan shikoyat qilish va uni darrov barchaga ovoza qilmaslikka ham chaqirish deb tushunish mumkin.

    Navoiy dahosini oʻrganarkanmiz, ongu shuurimizni yuksaltiruvchi (badiiy), biz bugungi kunda muammolariga unchalar eʼtibor qaratmay qoʻygan kundalik masalalarga (ijtimoiy), hozirda jahon hamjamiyati tomonidan katta tortishuvlarga sabab boʻlayotgan jabhalarga (siyosiy), insonning ruhiyati va jaholat zanjirlaridan erkinlikka undovchi (falsafiy) qarashlarga duch kelaveramiz va ulugʻ bobomizning hayotiyu ijodiga qiziqishimiz ortaveradi.

    Anvar BOTIR (JABBOROV),
    yosh shoir va pedagog.