Bolaligimizda “Bir bolaga yetti mahalla ota-ona”, degan gapni ko'p eshitardik. O'ylab qarasak, o'sha vaqtlarda chindan ham mahallarda yashovchi insonlar, ayniqsa, oqsoqollar har bir xonadondagi sharoitni bilib, undagi bolalarning odob-axloqi, yurish-turishidan boxabar bo'lar, nojo'ya qadam tashlasa, beparvo bo'lmasdan, darrov ota-onasini ogohlantirardi.
Yillar davomida bu an'ana, qadriyatlar biroz unutilgandek, bir muddat fuqarolar hayotida mahallaning o'rni, ahamiyati sustlashib borgandek bo'ldi. Shu bois, bir necha yil oldin yurtimizda boshlangan ulkan islohotlar avvalida, mahallalarning o'rnini qayta tiklash vazifasiga dolzarb masalaga aylandi. Bugungi kunda mahalla tizimini tubdan isloh qilish, yuklatiladigan vazifalar ko'lamini kengaytirish, bunday maskanlarda amalga oshiriladigan ishlarni, avvalo, fuqarolar turmush tarzini yaxshilash, ayniqsa, kambag'allikni qisqartish bilan uyg'un tarzda olib borishga alohida e'tibor qaratilyapti. Bu odamlar hayotida ham sezila boshladi. Prezidentimiz tashabbusi bilan har bir hududda xalq bilan muloqotning yangicha, eng samarali va an'anaviy mexanizmi — “mahallabay” ishlash tizimi yo'lga qo'yildi.
Shu yilning 26-yanvar kuni davlatimiz rahbari raisligida joriy yilda barqaror iqtisodiy o'sishni ta'minlash masalalari bo'yicha o'tkazilgan yig'ilishda “mahallabay” ishlash bo'yicha yangi tizimni tashkil etish va kambag'allikni qisqartishga doir aniq vazifalar belgilandi. E'tiborlisi, bu jarayonlarda barcha darajadagi rahbarlar “pastga tushib”, odamlarning dardiga quloq tutishi, ularning muammolariga yechim topishiga katta urg'u berilyapti.
Mahallaning o'zi xonadonlarga “kirib boradi”
Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi Eski qal'a mahallasiga yo'limiz tushib, shu bahona MFY raisi Nargiza Ahmedova bilan xonadonlarga kirish, oilalarning ahvoli bilan tanishishga chog'landik. Avvaliga mahalla binosida boshlangan suhbatimiz uzoq davom etdi. So'zga chechan, dilkash va samimiy bu ayol mahallasidagi o'zgarishlar, ishsiz oilalar, yoshlarga berilayotgan imtiyozlar, tadbirkorlik uchun yaratilayotgan sharoitlar haqida to'lqinlanib gapirdi.
— 2017-yilda mana shu eski qal'a mahallasi raisi sifatida faoliyat boshlagan kezlarim mahalla tizimining avvalgi mavqei tiklanib, odamlarning unga bo'lgan ishonchi qayta orta boshlagan paytlar edi, — dedi Nargiza opa suhbatga kirishib. — Jarayonlarga mos tarzda biz ham yangicha ishlashga kirishdik. 2020-yilning mart oyida yurtimizda joriy etilgan karantin aholi bilan ishlashning yanada faol tizimini yo'lga qo'yishni taqozo etdi. Prezidentimiz topshiriqlari asosida mahalla faollari mutasaddi tashkilotlar vakillari bilan birgalikda uyma-uy yurib, har bir xonadonga kirgan holda, fuqarolarning muammolarini o'rgana boshladik. Bir qancha mezonlar asosida savol-javoblar o'tkazib, aholining muhtoj qatlamini ajratish asnosida, ularga moddiy ko'mak berish, ish bilan ta'minlash kabi tizimli ishlar yo'lga qo'yildi.
Eski qal'a mahallasi avvaldan sharoiti og'irroq, rivojlanishdan ancha ortda qolgan hududlardan bo'lgan. Aholisi asosan tomorqachilikdan kun ko'rgan. Bu yerda tadbirkorlik, ishlab chiqarish deyarli bo'lmagan. Shu bois, hududdagi ijtimoiy ahvolni izga tushirish oson bo'lmadi. Mahalla raisi va uning yordamchilari, mutasaddi tashkilotlar vakillari sa'y-harakati bilan ehtiyojmand, ishsiz oilalar aniqlanib, ularga zarur yordamlar ko'rsatilyapti. Aniqlanib, deyayotganimiz bejiz emas. Boisi, haqiqatan ham muhtoj oilalar uyma-uy yurish asnosida aniqlanyapti. Negaki, bu yerlik aholining aksariyati or-nomusi kuchli, o'zini kambag'al deyishdan andisha qiladigan odamlar bo'lgani uchun, ko'pam mahallaga yordam so'rab chiqavermas ekan.
— O'tgan yili karantin davridagi o'rganishlar, aholi bilan suhbatlar jarayonida Mardona 2-tor ko'chasida istiqomat qiladigan Nargiza Otamatova xonadonida bo'lib, muammolari, daromad manbai haqida so'raganimizda, ayol hamma narsadan roziligini aytdi, — dedi mahalla raisi. — Eshikdan chiqib ketayotganimizda esa meni chetga tortdi. Ayol bo'lganim uchunmi, o'zida jiddiy kasalligi borligi, bu haqida odamlarga gapirishga uyalishini aytib, yig'lab yubordi. 5 yil davomida kimyoterapiya muolajalarini olgani, ma'lum vaqtdan keyin davolanishni yana davom ettirishi kerakligini eshitib, shuncha yildan buyon mahalla raisi bo'la turib, shu ayolning kasalligi haqida bilmaganimdan uyalib ketdim. Yaxshiyamki, “mahallabay” ishlash tizimi joriy etildi. Odamlarning ichiga kirib, uyma-uy yurish haqiqatan, aholi orasidagi biz bilmagan, balki chuqurroq so'rashga hafsala qilmagan muammolarni yaqqol yuzaga chiqaryapti.
Nargizani tibbiy yordamga muhtojlar qatorida “Temir daftar” ro'yxatiga kiritdik. Bir necha bor yordam pullari ajratildi.
Bir kuni Nargiza Otamatova menga qo'ng'iroq qilib, suhbatlashish istagida ekanini aytdi. Shunda ayol “Bu kasallik — bir dard. Borgan sari uni engib o'tyapman. Nima uchundir so'nggi vaqtlarda hayotga, yashashga bo'lgan ishtiyoqim ortib boryapti. Shuning uchun meni “Temir daftar”dan chiqarib, tadbirkorlikka yo'naltiradigan “Ayollar daftari”ga olsangiz”, deganida, uning iltimosini bajonidil qo'llab-quvvatladik. U bankdan ajratilgan 33 million so'm kredit hisobiga 4 ta tikuv mashinasi, zarur xomashyoni oldiyu, o'zida bor 3 ta tikuv mashinasini ham ishlatib, tadbirkorlikni boshlab yubordi. Hozir yoniga boshqa qizlarni ham olib, 8 ta ish o'rni yaratgan.
Shunday matonatli ayol haqida eshitib, ular bilan tanishish istagida maalla raisidan Nargiza opaning uylariga olib borishlarini so'radik. Opa jon deb rozi bo'ldi. Yo'l uncha uzoq emasdi. Ammo ana shu qisqa vaqtda raisa opamiz tadbirkorligini yo'lga qo'ygan ko'plab fuqarolar haqida so'zlay ketdi. Kimdir kredit olib parrandachilikni, kimdir tomorqachilikni, boshqa birov sut mahsulotlari ishlab chiqarishni yo'lga qo'ygan bo'lsa, ayrimlar o'z mablag'i hisobidan xususiy tabirkorlik ishini boshlagan.
Raisa opamizning aytishlaricha, o'tgan yili mahalla “Temir daftar”iga kirgan 35 nafar fuqaroning bari ish bilan ta'minlanib, ro'yxatdan chiqarilgan. Hozirda “Ayollar daftari”da 5 ta, “YOshlar daftari”da 4 ta fuqaro qolgan. Ularni 1 iyungacha ro'yxatdan chiqarish ko'zda tutilgan.
MFY mutasaddilari tomonidan bugungi kunda mahallaning 5 ta asosiy “drayver”i aniqlab olingan. Birinchisi, mehmon uylarni tashkil etish. “Zangiota” ziyoratgohi doim tashrif buyuruvchilar bilan gavjum bo'lib, issiq paytlari hafta davomida o'rtacha 5-6 mingta ziyoratchi keladi. Uzoqdan kelgan mehmonlar odatda xonadonlardagi “mehmon uylari”da tunab qoladi. Hozir mahallada 13 ta ana shunday mehmon uylari bo'lib, yil oxirigacha ularning sonini 50 taga yetkazish ko'zda tutilmoqda.
Keyigi yo'nalishlar hunarmandchilik, tomorqachilik, tadbirkorlik va ishlab chiqarish bo'lib, aholini shu yo'nalishlarga keng jalb qilish orqali, daromadlarini oshirish belgilangan. Bu boradagi ishlar jadallik bilan amalga oshirilyapti ham. Ayni paytda mahalladagi 520 ta xonadondan 300 taga yaqinida tikuv mashinasi bor. Bu degani, ayollar bola parvarishi bilan birga, oilasiga daromad olib kiryapti. Yoshlarga esa xohishiga ko'ra, 1 gektargacha yerlar ajratilyapti.
Mehnat qilgan — baraka topadi
Havo iliq, mayin shabada esyapti. Mashina derazasidan kirayotgan bahor nafasi dillarni yayratadi. Issiq taftini sochayotgan quyosh nurlari u yer, bu yerda bo'y ko'rsatayotgan gullarga kuch berayotgandek.
Eski qal`a mahallasi shundoqqina “Zangiota” ziyoratgohining biqinida joylashgan. Ko'chalari obod, odamlarining yuz-ko'zidan nur taralib turadi. Ko'cha bo'ylab sekin yurib borar ekanmiz, yonimizdan o'tayotganlar salom beradi. Mahalla raisi bo'lsa, har birining ismini aytib, hol-ahvol so'raydi. Qanday ishlar bilan shug'ullanayotgani, rejalari borligi bilan qiziqadi.
Nihoyat, ko'zlagan manzilimizga yetib keldik. Uyning kichkinagina xonasida ish qizg'in. Shogird qizlarning biri bichish, biri tikish, biri dazmollash bilan band. Bu yerda asosan bolalar kiyimlari tikiladi. Bir kunda 500-600 ta tayyor mahsulot ishlab chiqariladi. Kiyimlar ichki bozorga sotiladi. Nargiza Otamatovaning aytishicha, daromad yomon emas. Topayotgan puli oila ehtiyojlariga ham, dori-darmoniga ham etyapti. Qo'l ostida ishlayotgan ayollarga ham ishiga qarab oyiga o'rtacha 1million 500 –1million 800 ming so'm maosh to'laydi.
— Uzoq yillar hamshira bo'lib ishlaganman. Ammo tikuvchilikdan ham xabarim bo'lgan, — deydi Nargiza. — Hozircha ishlarni uyimizdagi kichik xonada yo'lga qo'yganmiz. Bankdan kredit olib, tikuv sexi ochish niyatidaman.
Ikki nafar qizini turmushga berib, hozirda uchinchi qizi va turmush o'rtog'i bilan yashayotan bu ayol timsolida chinakam matonat namunasini ko'rdim. U nafaqat kasallik, balki turmush qiyinchiliklari oldida yengilmadi, oyog'ida mahkam turib, faqat oldinga intilmoqda.
Xonadondan chiqib, yana yo'lda davom etdik. Mahalla raisi tikuv mashinasi olib, ish boshlagan boshqa ko'plab ayollar haqida ham gapirdi. Yana bir Nargiza ismli ayolning tadbirkorligi ancha rivojlanib borayotganini ta'kidladi. Shunda “bu mahalladagi barcha ayollarning ismi Nargizami?”, deya biroz kulishib oldik.
Keyingi manzilimiz ikki yildan buyon dehqonchilik bilan shug'ullanayotgan Hafiza Sa'dullayevaning uyi bo'ldi. “Zangiota” ziyoratgohidan sal narida joylashgan xonadonda naqd 16 jon istiqomat qilishini eshitib, o'sha mashhur “Kelinlar qo'zg'aloni” filmi yodimizga tushdi. 4 ta xo'jalik ahil-inoq yashab kelayotgan bu xonadonning ro'zg'ori ham o'ziga yarasha kattagina. Mahalla raisining aytishicha, oilaning yashash sharoiti o'rtacha. Asosan mavsumiy ishlar, dehqonchilik qilishdan kun ko'radi.
Hafiza bu xonadonga kelin bo'lib tushganiga ko'p bo'lmadi. Yosh oilaning 2 nafar farzandi bog'cha yoshiga etgan. Bolalari hali kichik bo'lishiga qaramay, ayol juda tirishqoq. Turmush o'rtog'i dehqonchilik qilgani bois, o'tgan yili bahor oyida birgalikda ijaraga er olishga harakatni boshlashdi. Ammo oilaning sharoitini yaxshi bilgan mahalla raisi Nargiza opa Zangiota tuman hokimligi bilan birgalikda yosh oilaga hech qanday to'lov majburiyatlarisiz 10 sotix yer maydonini ajratishga ko'maklashdi.
Er-xotin dalada astoyidil mehnat qila boshladi. Avvaliga, pomidordan, keyin esa kartoshkadan mo'l hosil va yaxshigina daromad olindi. Oilaning tirishqoqligi, mehnatsevarligini ko'rgan mahalla raisi bu yil ularga yana 25 sotix yer maydonini ajratilishiga yordamlashdi. Hafiza bu yerga turmush o'rtog'i bilan birgalikda pomidor ekib, kuzda ikkinchi ekin sifatida kartoshka urug'larini qadamoqchi. Hozir ular 10 ming dona pomidor ko'chatiga buyurtma berishgan.
— Ochig'i, shuncha yillar davomida mahallalarda odamlarga bu qadar g'amxo'rlik ko'rsatilganiga guvoh bo'lmagandim, — deydi Hafiza. — Ana shunday imkoniyatlar, sharoitlar davrida yanada ko'proq mehnat qilging, yaxshi daromad topib, oilangga olib kirging kelaverar ekan.
Qahramonimiz dehqonchilik ortidan ro'zg'or tebratish bilan birga, oiladagi uy-joy masalasini ham tezroq hal etish istagida tinimsiz mehnat qilyapti. Shu bois, oila o'zlariga ajratilgan yerlardan tashqari, qo'shimcha yana 25 sotix maydonga uy sharoitida yetishtirilgan qulupnay ko'chatlarini ekkan. Hozir qulupnaylar hosilga kirib, tobiga yetib pishgan mevalarni bozorga olib chiqyapti.
Bu xonadondan ham bir olam taassurotlar bilan chiqdik. Mahallaning kamtarin, ammo nihoyatda mehnatkash fuqarolarining hayotini ko'rib, ishlagan odamning albatta, yaxshi topib-tutishiga, yashashiga yana bir karra amin bo'lamiz.
Yurtimizda ana shunday obod mahallalar soni ortib, odamlar mehnatidan baraka topayotgani haqida o'ylab qaytarkanman, bola ko'tarib olgan bir ayolning mahalla raisiga qarata, “Nargiza opa, menga ham tikuv mashinasi olishga yordamlashing, uyimda ish boshlamoqchiman”, degan so'zlari xayolimni bo'ldi...
Iroda TOSHMATOVA,
“Yangi O'zbekiston” muxbiri