Sian shahrida Oʻzbekiston-Xitoy biznes-forumi boʻlib oʻtdi

    Biznes 17 May 2023 1975

    Joriy yil 17-mayda Xitoy Xalq Respublikasining qadimiy poytaxti Sian shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning XXRga rasmiy tashrifi arafasida Oʻzbek – Xitoy biznes-forumi boʻlib oʻtdi.

    Ushbu forumda Xitoyning 400 dan ortiq yirik kompaniyalari rahbarlari ham ishtirok etdi.

    Ikki mamlakat oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy aloqalar izchil surʼatda oʻsib kelayotganligi taʼkidlandi. 2022-yil oxirida tovar ayirboshlash hajmi 20 foizga oshib, rekord darajadagi 9 milliard dollarga yetdi. Shu bilan birga, ikki davlat Rahbarlari bu koʻrsatkichni joriy yilda 10 milliard dollarga yetkazish boʻyicha aniq vazifani qoʻydi, bunga esa birgalikdagi saʼy-harakatlar va muvofiqlashtirilgan tadbirlar orqali erishish mumkin.

    Investitsiyaviy yoʻnalishda ham barqaror oʻsish kuzatilyapti. 2017-yildan buyon oʻzlashtirilgan Xitoy investitsiyalarining umumiy hajmi 5 baravarga oshib, 11 milliard dollarni tashkil etdi. 2022-yilning oʻzidayoq Xitoy sarmoyasining 2,2 milliard dollari oʻzlashtirildi. Oʻzbekistonda soʻnggi 5 yil ichida XXR bilan qoʻshma korxonalar soni 3 barobarga oshdi.

    Xitoy ishbilarmon doira vakillari Oʻzbekistonda ijobiy tarkibiy oʻzgarishlar va biznes yuritish uchun yaratilgan qulay sharoitlar bilan atroflicha tanishtirildi. Investorlar uchun soliq va bojxona imtiyozlarini joriy etish, ixcham davlat apparatini shakllantirish, tadbirkorlik faoliyatini tartibga solish, investorlar bilan ishlashda “yagona oyna” tamoyilini joriy etish, xususiy mulkni konstitutsiyaviy himoya qilish va sud hokimiyati mustaqilligini taʼminlash singari sharoitlar katta qiziqish uygʻotdi.

    Soʻzga chiqqanlar xitoylik tadbirkorlarni yaratilgan sharoitlardan unumli foydalanishga chaqirdi. Bu yoʻnalishda hamkorlikning eng istiqbolli yoʻnalishlari sifatida avtomobilsozlik, jumladan, muqobil energiya manbalaridan foydalanish, yashil energiya, qishloq xoʻjaligi va meva-sabzavotlarni qayta ishlash sohalari belgilandi. Shuningdek, elektrotexnika, farmatsevtika, kimyo sohalarida hamkorlik katta salohiyatga ega ekanligi aytib oʻtildi.

    Forum davomida birgalikda amalga oshirish uchun oʻnlab turli soha va yoʻnalishlarni qamrab olgan aniq loyihaviy taklif va tashabbuslari taqdimoti boʻlib oʻtdi. Forum ishtirokchilari boʻlajak hamkorlikni tashkil etilgan “B2B” va “G2B” muzokaralari doirasida batafsil muhokama qilish imkoniga ega boʻldilar.

    Tadbir yakunlari boʻyicha qoʻshma investitsiya loyihalarini amalga oshirish boʻyicha bitimlar va savdo shartnomalari imzolandi, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.