Yuksak taraqqiyot yoʻlidan dadil ildamlayotgan yangi Oʻzbekistonda xalqimizning siyosiy tafakkuri tubdan oʻzgardi, siyosiy madaniyati sezilarli darajada yuksaldi. Siyosiy partiyalarning jamiyat hayotidagi roli va ishtiroki kuchaydi. Tafakkur yuksalgani xalqimizning mamlakatimizdagi shiddatli islohotlarga, qabul qilinayotgan qaror va qonunlarga, yon-atrofimiz va jahonda sodir boʻlayotgan voqealarga befarq emasligida yaqqol koʻzga tashlanadi.
Yangi Oʻzbekiston oʻz oldiga qoʻygan maqsadlarga jamiyatda uchrab turgan illatlar, jumladan, tanish-bilishchilik, urugʻ-aymoqchilik va korrupsiyaga qarshi kurashda aholining barcha qatlamlari siyosiy va huquqiy tafakkurini shakllantirmasdan, rivojlantirmasdan, amalda qoʻllamasdan turib erishib boʻlmaydi. Bunda siyosiy tafakkur jamiyat siyosiy hayotida yuz berayotgan jarayonlarning umumiy, xususiy, alohida tomonlarining oʻzaro aloqadorligini aks ettiruvchi, ayni vaqtda oʻzgartiruvchi va biror maqsad sari yoʻnaltiruvchi aqliy bilishning yuqori shakllaridan biridir.
Aholining huquqiy bilimi, ongi va madaniyati yuksak darajada boʻlsagina, ular ijtimoiy hayotdagi oʻzgarishlarga faol munosabatda boʻladi, shaxsiy fikrini bildirgan holda jamiyat taraqqiyotiga oʻz hissasini qoʻshishi mumkin. Siyosiy yoki huquqiy tafakkurni yuksaltirish, oʻz navbatida, davlat va jamiyat hayotini isloh qilish, amaldagi qonun hujjatlarini tanqidiy tahlildan oʻtkazish, davr talablaridan kelib chiqib, ularga tegishli oʻzgartirishlar kiritish, eskirgan va taraqqiyotga toʻsiq boʻlayotgan meʼyorlarni bekor qilish bilan bevosita bogʻliqdir. Oʻzbekistondagi siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy-maʼrifiy sohalardagi keng qamrovli islohotlar jarayonida aholi ongi va tafakkuridagi oʻzgarishlarni oʻrganib borish va tegishli sotsiologik tadqiqotlarni oʻtkazish vujudga kelishi mumkin boʻlgan muammolar oldini olish va manzilli chora-tadbirlar koʻrish imkonini beradi.
Jamiyatni modernizatsiyalash va yangilanish jarayonlari tom maʼnoda inson manfaatlari asosida amalga oshirilayotgani, inson hayoti, fikri, xohish-irodasi va mehnati, mulki davlat tomonidan himoya qilinishi qonunlarda kafolatlangani mamlakatda siyosiy tafakkur, huquqiy javobgarlik va huquqiy burch davlat va jamiyat hayotida muhim ahamiyat kasb etayotganini bildiradi. Oddiy qilib aytganda, bugungi aholi kechagi hamma narsaga ergashtirib ketaveradigan omi olomon emas.
Ha, xalqimizning tafakkuri oʻzgardi. Birgina konstitutsiyaviy islohotlar, yangilanishlarni misol tariqasida keltiraylik. Yangi tahrirdagi Konstitutsiya qabul qilinishida xalqimiz oʻz taklif va tashabbuslari bilan faol ishtirok etdi. Bosh qonunimizning muallifi xalqimizning oʻzi boʻldi. Konstitutsiya loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qoʻyilganidan to u referendumda maʼqullanib, qabul qilingunicha xalqimiz bu jarayonlarda faol qatnashdi.
Bugun barcha muhim qonun va qarorlar jamoatchilik muhokamasidan keyin qabul qilinayotgani xalqimizning siyosiy tafakkuri yuksalganidan dalolatdir desak yanglishmagan boʻlamiz. Qolaversa, xalqimizning tafakkuri kuchaygani hisobiga aralash saylov tizimini joriy etishga mustahkam zamin yaratildi. Holbuki, koʻplab davlatlarda bunday islohotlarni oʻtkazish uchun oʻn yillar kerak boʻlgan.
Siyosiy tafakkur jamiyat siyosiy tizimining eng asosiy elementlaridan biri sifatida muhim oʻringa ega. Jamiyatda siyosiy tafakkurning nechogʻliq rivojlanganlik darajasiga qarab, uning siyosiy tizimi qanchalik mukammalligiga baho berish mumkin. Siyosiy tafakkur mazkur jihatlari bilan mamlakatda siyosiy barqarorlikni saqlash, mustahkamlash, jamiyatni demokratlashtirish, siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy islohotlar jarayonida, aholini maʼnaviy jihatdan yuksaltirishda muhim vosita boʻlib xizmat qiladi.
Siyosiy tafakkurning hozirgi vaqtda ilmiy muomalada mavjud boʻlgan qator talqinlari bor. Masalan, siyosiy tafakkur oʻziga maʼrifatni, onglilikni hamda ijtimoiy siyosiy faoliyatni qamrab olgan shaxs va ijtimoiy birlikning madaniyatidir. Yoki oʻz ichida ijtimoiy siyosiy institutlar va siyosiy jarayonlar bilan bevosita aloqador boʻlgan elementlarni qamrab olgan jamiyat maʼnaviy madaniyatining bir qismidir.
Azal-azaldan bir haqiqat bor, yaʼni tafakkuri kuchli, huquqini bilgan inson — qudratli inson. Zero, bunday shaxs oʻz huquqi poymol boʻlishiga yoʻl qoʻymaydi, adolatsizlik, qonunbuzarlikka qarshi kurasha oladi, ayni paytda oʻz zimmasidagi masʼuliyat va burchni ham chuqur his etadi. Demak, bunday shaxslarning koʻpligi har qanday jamiyatning boyligidir.
Biz bugun shiddat ila kechayotgan bir davrda yashayapmiz. Dunyoda keskinliklar, mahobatli oʻzgarishlar sodir boʻlyapti. Bu jarayonda jamiyat oʻzgarishlari baʼzan inson ong-tafakkurini ham ortda qoldirib ketayotganday. Dunyoviy tuzumga qarshi qaratilgan diniy tajovuzlar, terroristik harakatlar, uyushgan jinoyatchilik va korrupsiya shiddat bilan kuchayib borayotir. Bularning ortida tafakkurning pastligi, jaholat, bilimsizlik, ilmsizlik, taʼlim olishga befarqlik kabi illatlar yotibdi.
Odamlarda siyosiy ong va tafakkurni yuksaltirmay, qonun ustuvorligini keng koʻlamda kuchaytirmay, rivojlangan davlatlar safidan oʻrin olish murakkab boʻladi. Respublikamizda qonun ustuvorligini taʼminlash, fuqarolik jamiyati qurish uchun zamin tayyorlash, avvalo, oʻz huquq, majburiyat va erkinliklarini anglay oladigan, ularga ogʻishmay amal qilishga qodir barkamol avlodni tarbiyalab voyaga yetkazishni talab etadi. Shu maʼnoda, taʼlim bizni qutqaradigan najotkor kuch boʻlishi mumkin.
Kishi kundalik voqea-hodisalarni kuzatib, doimo hushyor turmas, siyosiy tajriba hosil qilmas ekan, siyosiy tafakkurga ega boʻlishi qiyin. Shuning uchun voqea-hodisalarni siyosiy idrok etish tafakkurning barcha turlaridan farq qiladi va ulardan ustundir.
Millat oʻzi uchun eng muhim boʻlgan milliy tafakkurini, yaʼni oʻylash, fikrlash imkoniyatini asrab qolishi juda zarur. Aks holda, dunyo adabiyotining yirik namoyandasi Chingiz Aytmatov aytganidek, manqurtlik botqogʻiga tushib qolamiz. Manqurtga aylanish yoki manqurtga aylantirilish hodisasi tarixda ham, bugun ham koʻp uchraydi. Tafakkuridan ayrilgan millat ozod fikrlashdan mahrum boʻladi. U erkinlik tuygʻusini his etmaydi. His etolmaydi. U qaramlikni, qullikni kurashsiz, norizo boʻlmasdan, tabiiy qabul qiladi. U boʻysinib, mute boʻlib yashaydi. Uning uchun muqaddas tushunchaning oʻzi yoʻq.
Siyosiy tafakkurini yoʻqotish millat tanazzulini bildiradi. Mustamlakachilik zulmiga koʻnikkan millat hatto mustaqillikning mazmun-mohiyatiga ham yetib borolmaydi. Uning tafakkurida qoʻrquv, hadik hukmronlik qiladi. U erkinlik havosidan nafas ololmaydi. Uning oʻpkasi rutubatga, chirkinlikka toʻlgan.
Prezidentimiz millatga milliy, siyosiy tafakkurini qaytardi. Millatga fikrlash, oʻylash, erkin soʻz aytish tuygʻularini qaytarib berdi. Siyosiy tafakkuri qaytarib berilgan millat oʻzining tarixiy ildizlarini anglab yetdi. Tafakkurimiz zanglashi oqibatida dunyodan uzilib, hatto Markaziy Osiyoda ham yakkalanib qolgan edik. Buning natijasida bir necha bor urushgacha yetib boradigan tahlikali vaziyatlar yuz berdi. Oqibatda qanchadan qancha insonlar, qarindoshlar orasiga sunʼiy parda tashlandi. Quda-andalar, qarindoshlar bir-birining maʼrakasiga, toʻy-toʻnogʻiga borolmay qoldi. Hatto pasportini yonida olib yurish yodidan koʻtarilgan yurtdoshimiz Toshkentdan vodiyga yoki vohalik Toshkentga kelolmasdi.
Tasavvur qilyapsizmi, oʻz yurtingda pasportingiz uyda qolgani uchun qoʻshni viloyatga kirolmay ortga qaytyapsiz. Bu ertak emas. Faqat Prezidentimizning siyosiy irodasi, xalqparvar va millatparvar siyosati tufayligina Oʻzbekiston dunyoga ochildi. Yangi Oʻzbekiston yaratildi. Endi hech narsaga befarq boʻlmagan, tafakkuri uygʻoq millat shakllandi. Moddiy muammoni yechish osonligi, ammo tafakkur tanazzulini bartaraf etish uchun yillar, hatto asrlar ham yetmasligi ayon boʻldi.
Keyingi yillarda milliy manfaatlarimizni taʼminlash, xalqimizni rozi qilish yoʻlida sidqidildan mehnat qilib, gʻoyat muhim natijalarni qoʻlga kirityapmiz. Eng asosiy natija boshlagan islohotlarimiz ortga qaytmaydigan muqarrar tus olganida, bugungi jamiyatimizning siyosiy va maʼnaviy uygʻonishida namoyon boʻlmoqda. Bunday jamiyatni, oʻz oldiga ulkan vazifalar qoʻyib, kelajak sari ishonch bilan borayotgan xalqni hech kim oʻz yoʻlidan toʻxtata olmaydi. Bugun millionlab vatandoshlarimizning ongu tafakkuri oʻzgarib, ular islohotlar jarayoniga oʻzini bevosita daxldor deb bilmoqda, bu oʻzgarishlarning faol ishtirokchisiga aylanmoqda.
Aksincha boʻlganidachi? Siyosiy “soʻqir”lik jamiyat taraqqiyotini sekinlashtiradi, deyarli barcha sohalarda mamlakat “quvib boruvchi” maqomida qoladi, sportning ayrim turlarini istisno qilganda, biror sohada ilgʻorlikka, yetakchilikka daʼvo qila olmaydi. Shu bois, ommaviy axborot vositalari kuchidan foydalangan holda siyosiy texnologiyalarni qoʻllash, milliy kontentlar yaratish orqali xalqimizning siyosiy bilimini yuksaltirish, tafakkurini charxlashga eʼtiborni yanada kuchaytirishimiz darkor.
Bugungi mediamakon, axborot-kommunikatsiya shakllari tobora koʻpayishi davrida internet, mobil aloqa va boshqa vositalar yordamida jamiyatga maʼnaviy intervensiya aynan “Soft power” siyosiy texnologiyalari orqali amalga oshiriladi, yoshlar ongi ruhiy-gʻoyaviy manipulyatsiyaga duchor qilinadi. Turli ijtimoiy saytlar va kanallar amaldagi taʼlim-tarbiya yoʻsinidan farq qilib, tezkor, taʼsirchan va dunyoqarashiga mos siyosiy texnologiyalar vositasida yoshlar qalbini zabt etadi. Siyosiy texnologiyalarsiz esa maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish mumkin emas.
Davlat boshqaruvida shaffoflik kuzatildi — har bir fuqaro ushbu sohada holat boʻyicha maʼlumot olish imkoniyatiga ega. Bunda, afsuski, turli bloger va mustaqil jurnalistlar uchqunni alangalatish, “burgaga achchiq qilib koʻrpani yondirish” — jamiyatda beqarorlik vaziyatini shakllantirish, hokimiyat obroʻyini toʻkishga, aholini gij-gijlatishga urinadi, barqaror rivojlanishga real xavflarni jonlantirishga harakat qiladi. Bunday sharoitda xalq tanlagan dunyoviy demokratik taraqqiyot yoʻlini saqlab qolish, yangi Oʻzbekistonni barpo etish, Prezidentimiz taʼbiri bilan aytganda, xalqimizni Uchinchi Renessans bekatiga olib chiqish maʼrifat sohasidagi ezgu maqsadlardan biridir.
Ushbu ulkan maqsadlarga erishish fuqarolar tomonidan siyosiy savodxonlikni, siyosiy tafakkurni charxlashni, hukumat qarorlarini izchillik bilan bajarishni, turli aldov va buzgʻunchi taʼsirlarga berilmaslikni taqozo qiladi. Bu borada davlat, hokimiyat va fuqaro oʻrtasidagi masofani yanada qisqartirish, davlat va xalq manfaatlarini uygʻunlashtirish, mushtarakligini taʼminlash maqsadida mamlakat mediamakonida siyosiy texnologiyalardan maqsadli va samarali foydalanishni ilmiy asosda yoʻlga qoʻyish, siyosiy partiyalarga oʻz elektorati nufuzini oshirish, yetakchi siyosiy partiya maqomiga erishish uchun zamonaviy, siyosiy texnologiyalarni shakllantirish va ulardan raqobatli saylov jarayonlarida foydalanish maqsadga muvofiq hisoblanadi.
Hozirgi yangi bosqichda siyosiy partiyalar aʼzolari sonini koʻpaytirish, dasturlarini yanada takomillashtirish, oʻz oldiga qoʻygan maqsad va vazifalarni kundalik hayotga tatbiq etib borish, eng asosiysi, partiya elektorati bilan izchil muloqotda boʻlib, ichiga chuqur va tizimli ravishda kirish, muammolariga amaliy-tashkiliy jihatdan samarali yechim izlash, qonuniy manfaatlarini yanada taʼminlash boʻyicha faol harakatlar qilishi, tarafdorlarining siyosiy tafakkurini oshirish ustida muttasil ishlashi lozim boʻladi.
Shuningdek, siyosiy partiyalar oʻzining asosiy elektorati sifatida tanlangan ijtimoiy guruhlar manfaatlarini qonunchilik va ijro hokimiyati doirasida yanada teranroq ifodalashga intilsa, aʼzolari safi kengayib, mavqei yanada oshib borishiga mustahkam zamin yaratiladi. Partiyalararo raqobat yangi bosqichga chiqadi.
Yarim asrdan ortiq vaqtdan beri oliy taʼlim tizimida ishlayotgan pedagog sifatida tajribamdan kelib chiqib yana bir fikrni aytmoqchiman. Yoshlarning siyosiy tafakkuri, dunyoqarashi ancha oʻzgargan, yuksalgan. Ular oldingi yoshlar emas. Avval talabalarni majburlab oʻqitgan boʻlsak, bugun mustaqil fikrlaydigan, bilimga chanqoq, zamonaviy texnologiya va bilimlarni egallashga intilayotgan sergʻayrat yoshlar bizni oʻz ustimizda koʻproq ishlashga majbur qilyapti. Ularda islohotlarga ishonch ruhi yuqori.
Maktablarda ham siljish katta. Oʻrta maktablarni bitirib, universitetga kirgan yoshlarda shu narsalarni koʻryapmiz. Boshqa hamkasblarim bilan suhbatlashish asnosida bu tendensiya kuchayganiga amin boʻlyapman. Demak, islohotlar mevasini bermoqda. Aytmoqchimanki, siyosiy tafakkur yuksalishida taʼlimdagi islohotlar katta rol oʻynayotir. Xususan, ijtimoiy fanlar oʻqitilishi ham yoshlar tafakkuri oʻsishida muhim boʻldi. Zero, ijtimoiy soha boshqa texnik va iqtisodiy, tijorat, moliya, xoʻjalik sohalari kabi toʻgʻridan toʻgʻri katta daromadlar keltirmaydi. Lekin jamiyatning maʼnaviy boʻshligʻi orqali yuz beradigan oqibatlar va ofatlar tuzatib boʻlmaydigan kulfatlarga sabab boʻlishi mumkinligini bugun hayotning oʻzi isbotlab turibdi. Afsuski, bunday harakat tarafdorlari jamiyatimizda ham uchrayapti.
Ijtimoiy fanlarni kamaytirgan holda yetuk mutaxassislarni tayyorlash mumkindir. Ammo haqiqiy vatanparvar, millat uchun gʻam chekadigan insonni tarbiyalash ancha mushkul ish. Uchinchi Renessans haqida qanchalik koʻp gapirmaylik, harakat qilmaylik, uning tub mohiyatini ijtimoiy-gumanitar fanlar yordamisiz yoshlar ongiga singdirib boʻlmaydi. Ijtimoiy-gumanitar fanlar Uchinchi Renessans boshlanishi va rivojlanishi katalizatori, yuksak tafakkur poydevori hisoblanadi. Aynan ijtimoiy-gumanitar fanlar xalqni va butun millatni uygʻotishga qodir yuksak kuchdir.
Bugun biz zamonaviy bilim va texnologiyalar, iqtisodiyotni egallagan avlodni tayyorlashimiz kerak. Tabiiy-texnik va ixtisoslik fanlari bunday mutaxassislarni tayyorlash uchun asosiy omil ekani shubhasiz. Ammo yangi avlodni xalq va jamiyat, millat va davlat manfaatlarini koʻzlaydigan, oʻzini yurt manfaatlari bilan birga koʻradigan va islohotlarga daxldorligini, ijtimoiy masʼulligini sezadigan, yetuk inson etib tarbiyalash uchun ushbu fanlarning oʻzi kifoya qilmaydi.
Biz davlat va jamiyat manfaatlari yoʻlida halol mehnat qilgan, bu borada barcha ijtimoiy chaqiriq va daʼvatlarga “labbay” deb javob bergan ota-bobolarimiz avlodi taʼsirida tarbiyalandik. Ularning bunday avlod boʻlishida ijtimoiy fanlar tizimining ahamiyati katta boʻlgan. Shunday ekan, ijtimoiy fanlarga eʼtibor bermaslik oqibatida dunyoqarashi bir tomonlama shakllangan, oʻzidan boshqani oʻylamaydigan, xalq, davlat va jamiyat tushunchalaridan begona va bugungi kunda chet ellarda “boy berilgan avlod” deya atalayotgan yoshlar avlodi bizda ham vujudga kelmaydimi? Prezidentimiz “Yangi Oʻzbekiston strategiyasi” asarida bundan 60-70 yil ilgari Ikkinchi jahon urushidan keyingi qiyinchilik va moddiy taqchillik yillarida xorijda ishlab chiqilgan va asosan, maʼnaviyat va gumanitar taʼlimga pul sarflash zarur emas deb hisoblangan va mutlaq gʻoyasizlikka asoslangan ijtimoiy konsepsiya oqibatlari qanday boʻlganini bugun koʻrib turibmiz, deya taʼkidlaydi. Demak, ijtimoiy fanlarni oʻqitishga vaqt va mablagʻni ayamasligimiz kerak. Besh yil, oʻn yil oʻtar, sarflangan resurs izsiz ketmaganining guvohi boʻlamiz. Janubiy Koreya, Yaponiya, Singapur kabi davlatlar tajribasi ham taʼlim va tarbiyaga sarflangan moliya oʻzini oqlaganini butun dunyoga namoyon qildi. Agar ijtimoiy fanlarni eʼtibordan qoldirsak, yana eski yoʻl oʻzanlariga tushib qolamiz. Bunga aslo yoʻl qoʻyib boʻlmaydi.
Yangi Oʻzbekistonda kechayotgan oʻzgarishlar haqida gap ketsa, uning taʼrifi juda maroqli va zalvorli: jamiyatda tafakkur epopeyasi roʻy bermoqda. Bu mardonavor yuksalish yoʻli bilan uygʻun hodisa. Ana shu yoʻl barchamizni, koʻp millatli xalqimizni yangi marralar sari chorlab turadi.
Zero, bugun taraqqiyot yoʻlida dadil odimlayotgan yangi Oʻzbekiston uchun uning rivojiga toʻsiq boʻladigan, oʻzi ishlamay, ishlayotganlarga xalal beradigan, kuzatuvchi va tomoshabin pozitsiyasida turadigan odamlar emas, aksincha, yurtga daxldorlik bilan yashaydigan, mamlakatni rivojlantirishga hissa qoʻshadigan, xalq va davlat uchun halol, vijdonan va sidqidildan xizmat qiladigan, bir soʻz bilan aytganda, vatanparvar, fidoyi, tashabbuskor shaxslar kerak. Yangi Oʻzbekiston islohotlari yosh avlod ongiga, siyosiy tafakkuriga milliy gʻurur bilan kirib bormoqda. Jamiyatdagi yangilanishlar orqali yoshlar oʻzining voqelikka siyosiy faolligi bilan yondashib, xalqning tarixan shakllangan yuksak falsafiy tafakkurini teran anglab yetdi. Mana shunday siyosiy faol yoshlar yurtimizning barcha hududlarida yetakchilik faoliyati bilan ijtimoiy, iqtisodiy, maʼnaviy, huquqiy va boshqa sohalar rivojiga hissa qoʻshayotgani quvonarlidir.
Bugun biz yagona xalq, yagona millat boʻlib, koʻzlagan yuksak maqsadlarimiz sari dadil boryapmiz. Vujudimiz, qonimizda ajdodlarimizdan meros buyuk qudrat joʻsh urayotgan ekan, biz ezgu orzu va maqsadimiz — yangi Oʻzbekistonni, albatta, bunyod etamiz. Siyosiy tafakkuri yuksak xalqi bilan Oʻzbekiston har tomonlama obod va farovon, erkin demokratik mamlakatga aylanadi.
Ismoil SOIFNAZAROV,
falsafa fanlari doktori,
professor