Sizning yurtdoshingiz boʻlganim, mening eng oliy baxtim!

    Madaniyat 14 Fevral 2023 2066

    Yillar oʻtdi ... Lekin Siz oʻsha-oʻsha... Odamlar oʻzgardi... Lekin Sizning hayot falsafangiz va mezoningiz oʻsha-oʻsha... Siz bir umr koʻngilni anglaydigan hamroz, hamroh, hampanoh izladingiz...

    (BADIA)

    Kim koʻrubtur, ey koʻngul, ahli jahondin yaxshiligʻ,

    Kimki ondin yaxshi yoʻq, koʻz tutma ondin yaxshiligʻ.

    Bu zamonni nafʼi qilsam ayb qilma, ey rafiq,

    Koʻrmadim hargiz, netayin, bu zamondin yaxshiligʻ.

    Oh, hayotim falsafasiga aylangan muborak satrlar! Millat tarbiyasini, dilini, tilini, dinini targʻib qiladigan bemisl satrlar!

    Xalqimizda shunday bir gap bor: “Yaxshilik qil, suvga sol, suv bilmasa, baliq bilar, baliq bilmasa, xoliq bilar”, deydilar. Har qanday holda ham yaxshilik qilmoq kerak. Yaxshilik qilish Sizning ijodingizning ham, hayotingizning ham bosh shiori boʻldi. Fikringizcha, bu dunyo qaytar dunyo, yaxshilik ham yomonlik ham qaytadi.

    Millatimizning asl farzandi Abdulhamid Sulaymon oʻgʻli Choʻlpon “Adabiyot chin maʼnosi ila oʻlgan, soʻngan qaralgan, oʻchgan, yarador koʻngilga ruh bermak uchun, faqat vujudimizga emas, qonlarimizga qadar singishgan qora balchiqlarni tozalaydirgʻon, oʻtkur yurak kirlarini yuvadurgʻon toza maʼrifat suvi, xiralashgan oynalarimizni yorugʻ va ravshan qiladirgʻon, chang va tuprogʻlar toʻlgan koʻzlarimizni artub tozalaydirgʻon buloq suvi boʻlgʻonlikdan bizga gʻoyat kerakdir.” degan edi. Bugun ana shu buyuk adabiyotimizni xalqimizga toʻla toʻkis, ajdodlarimiz yaratib ketgan betimsol namunalarni bezavol yetkazib berish ham zimmamizdagi ulkan vazifa sanaladi. Millatimizning dunyo xobida borligini bildiradigan ulugʻ insonlarimiz, allomalarimiz, shoirlarimiz bisyorligi koʻngillarga zavq bagʻishlaydi. Allohga shukurlar boʻlsinki, millatimizning asl farzandlari barmoq bilan sanarli emas.

    Har bir inson yuragini faxr va iftixordan toshdirib, koʻngillariga cheksiz shodlik ulashadigan, farahli ismingiz xususida aytgim kelayapti....Aytaversam, aytaversam, samimiy mehrga qorilgan soʻzlarim tugamasa.....

    Men har aytilganda koʻngil dunyomni shodlantiradigan, qalbimga cheksiz gʻurur va faxr bagʻishlaydigan Sizning nomingizni kunda oʻn bor emas, yuz bor eshitaman desam, soʻzim mubolagʻa boʻlmaydi. Sababki, jondan aziz yurtim, Oʻzbekistonda Sizni ismingizni bilmaganlar yoʻqligi, sharafli nomni oʻz jigargoʻshasiga qoʻymoqni orzulagan insonlar koʻpligi yuraklarga sevinch bagʻishlaydi. Atrofdan Bobur, Boburjon, Bobur aka degan soʻzlarning taralishi koʻngilga taskin beradi. Ayniqsa, Andijondagi Sizning nomingizdagi kutubxonaga har kirganimda, koʻnglimdan munavvar hislar oʻtaveradi. Kutubxona nurxona Sizning nafasingizni sezishimga, pok ruhingizdan kuch olishimga yordam beradi. Aslida, Sizning yurtdoshingiz boʻlganim, mening eng oliy baxtim!

    Ha “...feʼli-sajiyasiga koʻra, Sezarga qaraganda sevishga arzigulik, manglayiga yuksak fazilatli inson deb bitib qoʻyilgan” inson bilan faxrlanish tengsiz baxtligini his qilish qanchalik sururli ekanligini tan olish naqadar yoqimli!

    Shoirim, siz xalqning baxt-saodati, farovon turmushi, kelajagi uchun kurashgan, sarson-sargardonliklarga toʻla hayotingizni oʻz isteʼdodingiz ila jozibali qila olgan nodir zotsiz! 20 yoshingizda yangi bir yozuv Xatti Boburiy alifbosini kashf qilganingiz, musiqa ilmi bilan shugʻullanib, “Chorgoh” maqomiga savtlar bitganingiz, soliq ishlarini tartibga soluvchi “Mubayyin al-zakot” asarini sheʼriy yoʻlda va aruz ilmiga bagʻishlangan “Muxtasar” asarini yozganingiz koʻnglimda faxr va iftixor tuygʻularini uygʻotadi.

    Oilada ota-onaning farzandga bergan tarbiyasi uning kamolotida hal qiluvchi rol oʻynashi ayni haqiqat. Sizning otangiz Umarshayx Mirzo Fargʻona viloyati hokimi, onangiz Qutlugʻ Nigorxonim Moʻgʻuliston xoni va Toshkent hokimi Yunusxonning qizi ekanligi, onaning oʻqimishli va oqilaligi, Siz amirzodamning hayotingizda muhim ahamiyat kasb etgan.

    Padari buzrukvoringizning Axsi qoʻrgʻonida jarga qulab halok boʻlishi Sizning toj-taxt boshqaruvini yigit yoshingizda qoʻlga olishingizga sabab boʻldi.

    Jonimdin oʻzga yori vafodor topmadim,

    Koʻnglumdin oʻzga mahrami asror topmadim.

    Koʻnglim maʼyuslanadi......Negadir ayni onda Sizning shikasta ovozingiz yuragimda jilvalanadi.....

    Charxning men koʻrmagan jabru jafosi qoldimu?!

    Xasta koʻnglim chekmagan dardu balosi qoldimu?!

    Ha charxi kajraftorning ishlarini qarangki, Siz dunyoni yozgan ijod namunalaringiz bilan lolu hayron qilgansiz. Buni barchamiz his qilamiz. Qalbing toshib ketaveradi. Oʻzingizning taʼbiringizcha, “Jaloyi Vatan” boʻlmoqlik dardi, yaʼni Vatandan judo boʻlish azobi bilan yashagan Siz hazratdan Vatanni sevishni oʻrganmoq lozimligini anglayman.... Ayniqsa, bir soʻzli boʻlmoq, lafzda turmoqni namunasini Siz oliy hazrat siymosida koʻraman.... Shayboniyxon Samarqandni qamal qilib, qaytib kelmaslikka soʻz bersang, qamaldan sogʻ-omon chiqib ketishingga ruxsat beraman degan shart qoʻyganida, Siz hazrat esa faqatgina ortiqcha qon toʻkilmasligi uchungina ushbu sulhga rozi boʻlganingiz, Vatanga qaytmaslikka, oʻch olmaslikka yigitlik soʻzini berishingiz, Hindistonda kuchli davlat barpo etganingizdan keyin ham, oʻz soʻzingizga amal qilib, Samarqandga yurish qilmasligingiz va yigitlik lafzini bajarish uchun ahd qilishingiz, suronli kechgan joyda abadul abad qoʻnimgoh topishingiz achchiq haqiqat.

    Xulosa…

    Hazrat asarlarini oʻqib, bu cheksiz ummonda Siz shoiri davrondan ikki qoida odamzodga meros boʻlib qolganini anglab yetdim:

    — Yaxshilik qilish,

    — Mardlik;

    Bu qoidalar balki Yaratgan Robbimning bandalari oldiga qoʻygan vazifalaridir…. Nima boʻlganda ham bu qoidalar insonni kamol topishida muhim ahamiyat kasb etib, hayotining oltin qoidasiga aylanishiga zamin boʻlib xizmat qiladi. Yana koʻnglim qoʻshiq istaydi. Betakror ovoz soʻz bilan uygʻunlashib, yuraklarni sururga toʻldiradi.

    Qaro zulfing firoqinda parishon roʻzgʻorim bor,

    Yuzungni ishtiyoqida ne sabru ne qarorim bor.

    Labing bagʻrimni qon qildi, koʻzimdin qon ravon qildi,

    Nechun holim yomon qildi, men andin bir soʻrorim bor.

    Men shu soʻzlar ohangida oqib borarkanman, Sizdek dilbar shaxsdan hecham koʻngil uzgim kelmaydi….Markaziy Osiyo, Afgʻoniston va Hindiston tarixi, joʻgʻrofiyasi va madaniyati uchun qimmatli manba yozib ajdodlariga qoldirgan Siz hazrat koʻz oʻngimda doimo Vatan sogʻinchida, ona yurt firoqida oʻrtanib yashagan inson sifatida gavdalanasiz. Hamisha yurtga boʻlgan adoqsiz mehrning koʻlamini Sizdan oʻrgangim keladi. Har satringizda Vatan ishqi, muhabbati har qanday johil qalbni eritib, jaholat koʻchalarini maʼrifat nurlari bilan yoritib, vatanparvarlikka, Vatan uchun xizmat qilishga chaqirishini his qilaman. Neajabkim, Sizning ijod ummoningizga koʻmilganim singari yuragim toʻlqinlanadi. Siz hazratning koʻngil soʻzlaringizni uqqandek, istarali nigohlaringiz olovini his etgandek boʻlaman.

    "Har kimki, vafo qilsa, vafo topqusidur,

    Har kimki, jafo qilsa, jafo topqusidur.

    Yaxshi kishi koʻrmagay yamonligʻ hargiz,

    Har kimki yamon boʻlsa, jazo topqusidur".

    Qaniydi mana shu nazm gulshanida dur soʻzlarni terib yuraversam,yuraversam....sira tugamasa...Sizni topsam. Sizga yeta olsam..

    Choʻlponini asray olmagan, shoh shoirining lafziga yoʻl topa olmagan, Vatanda Siz kabi yashamoqni orzulagan bir Mirzo bolangizman....Birgina ilinj koʻnglimga Soʻz chamanzoridan xush nasimlar esdirib yurgan darvesh- gʻaribingizman.

    Amirzodam, Siz hamisha qalbimdasiz!!! Bugun Sizga dilimdagilarni aytib, gʻaribgina koʻnglimni ovutgim keldi....

    Mirzohid Botirov

    Oʻzbekiston Jurnalistlar ijodiy uyushmasi aʼzosi,

    Xalqaro Turon Yozuvchilar uyushmasi haqiqiy aʼzosi