SOVID-19: Yolgʻon xabarlarni kim tarqatyapti?

    Tashvishli xabar 3 Noyabr 2021 1665

    Yolgʻon, notoʻgʻri yoki vahimali xabarlar tarqatib, obunachilari auditoriyasini kengaytirish holatlari blogosferaning baʼzi vakillari uchun yangilik emas. Buni shu soha egalarining oʻzlari ham nohalol raqobat sifatida baholashiga koʻp guvoh boʻlganmiz.

    Bu haqda yozishimizga ayrim telegram kanallarida koronavirus mavzusida tarqatilgan audioyozuvlar sabab boʻldi. Ovozli xabarlardan birida tibbiyot xodimi COVID-19ga chalinish holatlari keskin koʻpayib ketgani, qabulxonalarda oyoq qoʻyishga joy yoʻqligi, hatto yangi blok ochilayotgani, qolaversa, oʻlim koʻrsatkichlari oshib borayotgani haqida gapirgan.

    Sogʻliqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati mazkur holatga aniqlik kiritish maqsadida ovozli xabar egasini topib, u bilan suhbatlashdi.

    — Zangiota 2-son yuqumli kasalliklar shifoxonasida epidemiolog boʻlib ishlayman, — deydi Nilufar Umarova. — Bu ovozli xabarni shu yilning iyun oyi oxirida telegramdagi epidemiolog hamkasblarimiz uchun tor doirada ochilgan guruhda qoldirgandim. Oʻshanda yurtimizda haqiqatan ham pandemiyaning yangi toʻlqini avj ola boshlagan ogʻir pallalar edi. Ammo qanday qilib bu audioyozuv tarqalib ketgani va nega oradan toʻrt oydan ziyod vaqt oʻtib eʼlon qilinganiga oʻzim ham hayronman. Chunki hozir yurtimizda xastalikka chalinish koʻrsatkichlari oʻsha paytdagiga nisbatan ancha pasaygan. Oʻzim ishlayotgan shifoxonada ham kasallanganlar oqimi sezilarli darajada kamaygan.

    Biz Zangiota 1-son yuqumli kasalliklar shifoxonasi mutasaddilari bilan ham bogʻlandik.

    — Iyul-avgust oylarida muassasamizda 2 mingga yaqin bemor davolangan edi, — deydi mazkur shifoxona direktorining oʻrinbosari Hilola Alimova. — Hozir esa 1100 nafar kishini muolaja qilyapmiz. Kuniga 80-90 nafar bemorni qabul qilib, yotqizyapmiz. Koʻrsatkichlar kundan-kun kamaymoqda. Holat stabil.

    Endi iyun oyi statistikasiga nazar tashlaymiz. Masalan, 2021-yil 25-iyunda Oʻzbekistonda jami 546 nafar bemorda koronavirus qayd etilgan. Oradan bir oy oʻtib, yaʼni 25-iyulda kunlik koʻrsatkichlar jami 731 nafarga yetgan. 26-avgustga kelib esa 846 nafar kishida koronavirus, 353 nafar kishida pnevmoniya aniqlangan.

    Hozirchi? Yurtimizda pandemiya bilan bogʻliq vaziyat qanday?

    Kecha, yaʼni 2-noyabrda mamlakatimizda koronavirus bilan kunlik kasallanish boʻyicha iyun oyidan buyon eng past koʻrsatkich qayd etilib, pnevmoniyaga chalinish holatlari aniqlanmadi. Xastalikni yuqtirganlar soni 272 nafarni tashkil etgan. Shundan 58 nafari Toshkent viloyati, 104 nafari Toshkent shahri hissasiga toʻgʻri keladi.

    Ayni kunda Toshkent shahri va poytaxt viloyatida koronavirusga chalingan bemorlarni davolash uchun faqat Zangiotadagi 1-son va 2-son shifoxonalar faoliyat koʻrsatayotganini inobatga olsak, real vaziyat statistikalarda toʻlaqonli aks etgani yana bir bor anglashiladi.