Spin-of tajribasini joriy etish muhim

    Toshkent axborot texnologiyalari universiteti tashabbusi bilan joriy yil 20-25-may kunlari “TUIT Bright Futures Week” haftaligi oʻtkazildi.

    Davlatimiz yoshlar bandligini taʼminlash hamda boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish masalalariga yuksak eʼtibor qaratib kelmoqda. Bu orqali barcha sohalarga yuqori malakali kadrlarni yetkazish va iqtidorlarini namoyon qilish barobarida ilmiy, ijtimoiy hamda iqtisodiy muammolarga yechim boʻladigan innovatsion yangiliklar yaratilayotir. Shunday taʼlim islohotlarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida Toshkent axborot texnologiyalari universiteti tashabbusi bilan joriy yil 20-25-may kunlari “TUIT Bright Futures Week” haftaligi oʻtkazildi.

    Mazkur haftalik doirasida “Follow up Conferences”, “TUIT Digital Girls”, “UNICORN startap loyihalar”, “My Future Job”, “200 nafar iqtidorli talaba”, “CTF Cyber Challenge”, “TUIT Cyber Games” va “United clean coders” kabi yoshlar uchun foydali boʻlgan tanlov hamda koʻrgazmalar tashkil qilindi.

    Bu musobaqalarda xotin-qizlar ancha faol qatnashdi. Jumladan, “TUIT Digital Girls” hakatonida respublikamizning 20 dan ortiq eng nufuzli universiteti qatorida Al-Xorazmiy izdoshlari boʻlgan qizlarimiz ham nimalarga qodirligini isbotladi.

    Xoʻsh, bunday tanlovlarning oʻtkazilishi nimasi bilan ahamiyatli? Eng avvalo, ular ijtimoiy sohalarda, jumladan, taʼlim hamda tibbiyot tizimida raqamli texnologiyalar yoʻnalishini ommalashtirish, tadbirkorlik va moliyaviy texnologiyalar ishtirokini oshirish, raqamli qishloq xoʻjaligi tarmogʻini rivojlantirish borasida dasturulamal boʻlib xizmat qiladi.

    Tez rivojlanayotgan optik aloqa sohasi mazkur yoʻnalishda faoliyat yurituvchi oliy toifali mutaxassislarga talab oshishiga olib kelyapti. Shu tufayli viloyatimizdagi oliy taʼlim muassasalarida bunday talablarga javob bera oladigan yuqori malakali kadrlar tayyorlashga eʼtibor kuchaymoqda. Jumladan, Muhammal al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Urganch filialida yangi oʻquv yilidan boshlab “Fotonika va optik aloqa” magistratura mutaxassisligi boʻyicha talabalar qabuli rejalashtirilgan.

    Universitet bu sohada yuqori tajribaga ega boʻlgan dunyoning yetakchi OTMlari bilan ilmiy aloqalarni yoʻlga qoʻygan. Jumladan, Yevropa Ittifoqining ERASMUS+ dasturi doirasidagi INMACOM loyihasi boʻyicha boshlangan ishlar bugungi kunda jadal davom etmoqda. Ushbu loyihaning maqsadi Oʻzbekiston telekommunikatsiya mehnat bozoridagi ehtiyojlarni qondirish uchun optik aloqa va fotonika boʻyicha magistrlik dasturini yaratish hamda mazkur sohada yetuk mutaxassislar tayyorlash hisoblanadi.

    Yaqinda davlatimiz rahbari oʻtkazgan yigʻilishda yurtimiz oliygohlarida ham spin-of tajribasini joriy etish muhimligi taʼkidlandi. Natijada oliygohlarimizda tajriba-ishlab chiqarish korxonalari paydo boʻladi, ularga IT Park rezidentlari uchun nazarda tutilgan imtiyozlar beriladi. Shuningdek, ishlab chiqarishni yanada takomillashtirish, har bir sohaga raqamli iqtisodiyotni olib kirish ishlari ham koʻzda tutilgan. Shu maqsadda TATUning Urganch filialida ham abituriyentlar uchun bakalavriat bosqichida iqtisodiyot yoʻnalishi ochildi.

    Shukurulloh ISMOILOV,

    TATU Urganch filiali direktori,

    fizika-matematika fanlari nomzodi, dotsent