Startap loyihalarni boshqarishda “sharshara” va “chaqqon”metodlari

    Ilk savol: loyihangiz qat'iy tartib-qoidalar talab qiladimi?

    Yoshlar orasida startap loyihalarni yaratish, ayniqsa, zamonaviy qurilmalar uchun dasturlar ishlab chiqish ommalashib boryapti. Ommalashyapti, deganimiz, bu ish juda osonligi va uni istalgan kishi uddalay olishini anglatmaydi. Aslida, dastur ishlab chiqish axborot texnologiyalari sohasining eng murakkab yo'nalishlaridan biri hisoblanib, bu innovatorlardan yuqori bilim va izlanishni talab etadi. Malakatimizda shu kabi zamonaviy sohalarning rivojlanib borayotgani esa so'nggi yillarda bunga keng yo'l ochilayotgani bilan bog'liq.

    Masalan, bir necha yillar oldin dasturchi, startapchi, innovator kabi so'zlar bizga deyarli yod tushunchalar edi. Bu sohalarda o'qitadigan ta'lim maskanlari ham deyarli yo'q, o'zbek tilida ma'lumotlar topish mahol bo'lgan. Qiziquvchilar ko'proq xorijiy kurslarda tahsil olib, shunda ham tajribasini o'zimizda qo'llay olmagan. Hozir, aksincha, yoshlarimiz orasida zamonaviy IT sohalarini o'zimizda o'qib, so'ng xorijda tajriba oshirayotgan, hatto, jahonning mashhur kompaniyalarida ishlayotganlar soni ortib boryapti. O'zim ham Toshkent shahridagi Inha universitetini tamomlab, dasturiy ta'minot ishlab chiqaruvchi “Novalab Tech” hamda “EPOS Systems” IT kompaniyalariga asos solganman. Jamoamizda 60 dan ortiq kishi mehnat qiladi va ular ishlab chiqaruvchilar, veb-dizaynerlar, loyiha menejerlari hamda biznes tahlilchilardan iborat.

    Biz asosan dasturiy ta'minot yaratish, korxonalarga “POS” ilovasi yordamida savdo jarayonini qo'llab-quvvatlash va avtomatlashtirishga ko'maklashish bilan shug'ullanamiz. Hozirgi kunda AQSHda faoliyatimni davom ettiryapman, bu erda ham dasturiy ta'minot ishlab chiqarishga asoslangan yangi startap loyihamni boshlash arafasidaman. Yurtimizdagi iqtidorli yoshlar, dasturchilarni o'z loyihalarimga jalb qilib, ularning imkoniyatlarini dunyo miqyosida namoyon qilishni maqsad qilganman.

    Chunki bu soha mamlakatimizda yaqin yillarda yanada rivojlanib, unga qiziquvchi yoshlar yanada ko'payib boradi. Yurtimizda kechayotgan jadal raqamlashtirish jarayonlari esa bunday kadrlarga talabni ham oshirmoqda. Bilamizki, 2022—2026-yillarga mo'ljallangan Yangi O'zbekistonning Taraqqiyot strategiyasida raqamli iqtisodiyotni asosiy “drayver” sohaga aylantirib, uning hajmini kamida 2,5 baravar oshirish belgilangan. Bunda dasturiy mahsulotlar yaratishga alohida e'tibor qaratiladi. Boisi, xuddi shu strategiyada dasturiy mahsulotlar industriyasi hajmini 5 baravar, ularning eksportini esa 10 baravar oshirib, 500 million AQSH dollariga yetkazish vazifalari qo'yilgan.

    Bir-biriga qarama-qarshi, ammo birdek samarali

    Komp'yuter qurilmalariga insoniyat tomonidan birinchilardan yaratilgan aqlli texnologiyalardan biri sifatida qaraladi. Ammo ma'lum muddat ularga nisbatan “quruq temir” atamasi ham ishlatilgan. Qachonki, ushbu qurilmani ishga tushiradigan asosiy vosita — dasturiy ta'minot yaratilgach, uning haqiqiy qiymati ortdi.

    Dasturiy ta'minot atamasi ingliz tilida “software” deb ham ataladi. Bu komp'yuterda ma'lum bir turdagi vazifani bajarish uchun ishlab chiqilgan vositadir. Ya'ni, dasturiy ta'minot deganda, hisoblash texnikasi vositalari bilan ma'lumotlarni qayta ishlash tizimini yaratish va ulardan foydalanish uchun qo'llaniladigan dasturiy va hujjatli vositalar yig'indisi tushuniladi.

    Dastur yaratish ham startap loyihaning bir turi. Aniqrog'i, bu loyiha ham ishlab chiqarish jarayonidan, to amaliyotga joriy etishgacha bo'lgan bosqichlarni o'z ichiga oladi. Bu g'oyaga aniqlik kiritish, uni yaratishga tayyorgarlik, shakli, dizayni va har qanday ikir-chikirigacha ishlab chiqish bo'lishi mumkin. Startap loyihalar aynan shu bosqichlardan o'tadi. Va bosqichlar loyiha mazmun-mohiyatiga qarab boshqacha nomlanishi hamda kichikroq bosqichlarga bo'linishi mumkin. Ammo asosiysi, dasturiy ta'minot yaratishda ma'lum bir boshqaruv metodologiyasini tanlash muhim ahamiyatga ega.

    Men qator xalqaro kompaniyalarda ishlash davomida turli boshqaruv metodlarini amaliyotda qo'lladim. Tajribalarimdan aytishim mumkinki, har qanday loyiha muvaffaqiyati ko'p jihatdan boshqaruv metodlariga bog'liq. Hozirgi kunda ular orasida eng mashhur va samarali bo'lgani — bu “Waterfall” hamda “Agile” metodalogiyalaridir.

    Xo'sh, ularning bir-biridan farqi nimada, loyihani ishlab chiqishda qay birini tanlagan ma'qul, samaradorlikka erishishda qaysinisi afzalroq? Bu ko'proq loyihaning mazmun-mohiyati va davriyligiga bog'liq.

    Aslini olganda, yuqoridagilarning ikkisi ham dasturiy ta'minot ishlab chiqishda samarali, biroq har biri har xil turdagi loyihalar uchun mos keladi. Ularning asosiy farqi jamoa bilan ishlashda ko'zga tashlanadi. Masalan, tarjimasi “sharshara” ma'nosini anglatuvchi “Waterfall” metodalogiyasi chiziqli ish tizimi bo'lib, jamoadan loyihaning keyingi bosqichiga o'tishdan oldin, ayni vaqtdagi bosqichni yakunlashni talab etadi. “Agile” esa inglizchadan “chaqqon” ma'nosiga ishora qiladi va ushbu metodalogiya jamoani bir vaqtning o'zida loyihaning turli bosqichlarida ishlashga undaydi.

    Natija ham, hamkorlik ham muhim

    So'nggi besh yilda mamlakatimizda yuqoridagi boshqaruv metodlarining har ikkisi keng qo'llanilmoqda. Dasturchilar, IT kompaniyalar ulardan birini tanlashda bir nechta omillarni hisobga olishi zarur. Ilk savol: loyihangiz qat'iy tartib-qoidalar talab qiladimi?

    Agar ha, bo'lsa, demak bunday loyihani boshqarishda “Waterfall” metodalogiyasi mos keladi. CHunki bunda har bosqichning qat'iy tartiblarga ega ekani ularning bajarilishi va yakuniy natijani ta'minlaydi. Masalan, mashina ishlab chiqarish loyihasida natija eng so'nggida ko'rsatiladi. Albatta, jarayonda barcha talab va qoidalarga amal qilinishi zarur.

    “Waterfall” — tarjimasidan kelib chiqib, “sharshara modeli” sifatida ham tanilgan. Besh bosqichni o'z ichiga oluvchi ushbu boshqaruv mexanizmi har bir bosqich natijalarini talab qiladi. Bunda loyihaning boshlanishi va tugashi boshidanoq xaritada ko'rsatiladi va qat'iy belgilangan vaqt jadvaliga ega bo'ladi. Qolaversa, bunday metoddan foydalaniladigan loyihalarning byudjet mablag'lari ham oldindan belgilangan bo'ladi. Ushbu boshqaruv tizimi o'z loyihasini boshidan oxirigacha aniq tasavvur qiladigan jamoalar uchun juda qulay.

    “Agile” metodalogiyasi “Waterfall”ning yanada qattiq tuzilishiga javob sifatida ishlab chiqilgan. Natijada, loyihaning ancha qulay shakli yuzaga keldi. YA'ni, “Agile” metodi ancha moslashuvchan. U turli yo'nalishlarda tajriba o'tkazish uchun mo'ljallangan bo'lib, vaqt jadvali loyihaning rivojlanishiga ko'ra moslashib boradi. Bir guruh xorijlik dasturchilar tomonidan 2001-yilda ishlab chiqilgan “Agile Manifesto” elektron hujjatida aytilishicha, “Ushbu metodalogiyada ishchi dasturiy ta'minotni bir necha haftadan bir necha oygacha, imkon qadar qisqaroq vaqtda etkazib berishi kerak”. Ya'ni, aniq vaqt belgilanmaydi. Yana bir jihati, loyihani ishlab chiqish jarayonida mijozlar ham ishtirok etishi mumkin. “Agile” doim moslashishga ochiq, tajribani rag'batlantiradi, loyihaning keyingi bosqichlarida ham yo'nalish o'zgarishini ma'qullaydi. Shu sababli, byudjet ham moslashuvchan bo'ladi.

    Mazkur metodda turli bosqichlarni parallel ravishda olib borish imkoni, ayniqsa, IT kompaniyalarga qo'l keladi. Chunki dasturiy ta'minot yaratishda mijozlar bilan doimiy muloqotda bo'lish va kezi kelganida, loyihaga o'zgartirishlar kiritish zarurati yuzaga keladi. Shu bois, mening kompaniyalarimda loyihalarni ishlab chiqishda asosan “Agile” metodalogiyasidan foydalaniladi. Bu bizga ishlab chiqish guruhi va mahsulot egasi o'rtasidagi aloqani yaxshilashga yordam beradi. Natijada loyihalarni o'z vaqtida va byudjet doirasida bajarishga erishamiz. Qolaversa, bu usul murakkab loyihalar bilan bog'liq xavflarni kamaytiradi.

    Umuman olganda, hozirgi kunda startap yaratish jiddiy yondashuv va aniq hisob-kitoblarni talab etadi. Jarayonda turli metodalogiyalarni qo'llashni bilish muhim. Aks holda, katta bozor va raqobat maydonida mijoz topish hamda uning ishonchiga kirish qiyinlashadi.

    Ko'plab mahalliy va xalqaro loyihalarda mentor, ekspert sifatida ishtirok etib ko'rdimki, O'zbekistonda iqtidorli yoshlar juda ko'p. Ular istiqbolli startap loyihalarini yaratib, amaliyotda qo'llashyapti. Zamonaviy sohalar mamlakatimizda ishsizlikni kamaytirishga ham hissa qo'shayotgani quvonarli. Ushbu yo'nalishda yangi bilimlarni egallab, amaliyotda qo'llash esa xorij bozoriga chiqayotgan yoshlar sonining yanada ortishiga xizmat qiladi.

    Ma'mur QODIROV,

    “Novalab Tech” va “EPOS Systems” IT kompaniyalari asoschisi

    (Maqola “Yangi O'zbekiston” gazetasining 17.01.23, 10-sonida chop etilgan)