Suv haqiqatan ham “suvtekin”mi?

    Yashil sayyora 11 Oktabr 2023 1391

    Xalqimizda “suvtekin” degan soʻz bor. U odatda “bepul emas, ammo oʻta arzon” degan maʼnoda ishlatiladi. Odamlar ariqlardan bemalol suv ichishgan zamonlarda suv haqiqatan deyarli tekin boʻlgandir, ammo bunday taʼrif bugungi reallikka mutlaqo toʻgʻri kelmaydi.

    Ichimlik suv hajmlari ayniqsa bizning mintaqada juda cheklangan va aholi ehtiyoji ortib borgan sari uning hajmlari kamayib bormoqda. Bundan tashqari, aholining ichimlik suv taʼminoti juda katta xarajatlarni talab etadi. Shunday ekan, suv tejab ishlatilgandagina, uni hammaga yetkazish mumkin.

    Tejamkorlikka esa birinchi navbatda real tannarxni qoplay oladigan va odamlarni suv isrof qilmaslikka majbur qiladigan darajada boʻlgan tariflar bilan erishiladi. Suv taʼminoti yaxshi yoʻlga qoʻyilgan istalgan davlatni oling, tejamkorlik hissi madaniyatning ajralmas hissiga aylangan.

    Ammo tan olib aytish kerakki, hozirgi tariflar bilan aholi oʻrtasida tejamkorlik madaniyatini shakllantirib boʻlmaydi. Suv qancha arzon boʻlsa, uni shuncha isrof qilamiz. Bu inson tabiatiga xos. Faqat bozor narxlarigina odamlarni suvni tejashga undashi, motivatsiya berishi va majbur qilishi mumkin.

    Hozirga kelib, ichimlik suv ishlab chiqarish va uni aholiga yetkazib berish suvni jamlash, filtrlash, har soatda laboratoriya tekshiruvlaridan oʻtkazish, minglab kilometrlik quvurlar va nasoslar orqali markazlashgan tarzda tashish singari bir nechta murakkab bosqichlardan oʻtadi. Minglab ishchilar, mutaxassislarning mashaqqatli mehnati evaziga biz xonadonimizda joʻmrakni bir burab, istagancha suv ishlatish imkoniga egamiz.

    Oʻzbekiston hududida ichimlik suvi taʼminotining 42 foizi yer osti va 58 foizi yer usti suv manbalaridan ishlab chiqariladi. “Oʻzsuvtaʼminot” AJ bergan maʼlumotlarga qaraganda, bugungi kunda, 1 m3 ichimlik suvini ishlab chiqarish oʻrtacha tannarxi 1 681 soʻmni tashkil etadi. Bu koʻrsatkich hududga qarab turlicha, masalan: Qoraqolpogʻistonda3 221 soʻm; Sirdaryo viloyatida2 374 soʻm; Toshkent viloyatida1 722 soʻm.

    Tannarx shakllanishiga asosiy ishlab chiqarish xarajatlaridan boshqa yana qanday omillar taʼsir qiladi?

    1. Tariflar soʻnggi 3 yildan buyon oʻzgarmay kelayotganligi natijasida oʻrta hisobda 40 foizga oshgan tannarx xarajatlari hisobidan 960 mlrd soʻm qoplanmasdan qolgan. Bu esa qoʻshimcha qarz xarajatlarini keltirib chiqaradi;
    2. Soʻnggi 3 yilda isteʼmolchilar soni 3,2 mln nafarga (808 ming abonent) oshgan. Ularga ichimlik suv yetkazib berish esa yanada koʻproq mehnat va xarajatlarni talab etishi tabiiy;
    3. Suvni uzoq masofaga yetkazish juda katta elektr energiyasi talab etuvchi nasoslar orqali amalga oshiriladi. Qolaversa, bu yil elektr energiyasi xarajatlari oshganini ham eslab oʻtish joiz;
    4. Muntazam ravishda yuzaga keladigan avariya holatlarini bartaraf etish, tarmoqlarni joriy va mukammal taʼmirlash xarajatlari.

    Ichimlik suv taʼminoti tizimida bozor narxlari mexanizmlariga oʻtish vaqti allaqachon yetib kelgan. Isteʼmol uchun real narxlarda pul toʻlagan odam hech qachon uni isrof qilmaydi, suvdan xoʻjasizlarcha foydalanmaydi. Qolaversa, bu suv taʼminoti tizimidagi korxonalarning iqtisodiy ahvolini yaxshilash, hali suv yetib bormagan hududlarimizda yangi loyihalarni amalga oshirish uchun ham imkon yaratadi.

    “Oʻzsuvtaʼminot” AJ bergan maʼlumotlarda aytilishicha, 1 metr kub ichimlik suv tarif xarajatlarida elektr energiya xarajatlari 27 foizni, mukammal va joriy taʼmirlash xarajatlari 19 foizni, xorijiy moliya tashkilotlaridan jalb etilgan kreditlarni qaytarish xarajatlari 21 foizni, ish xaqi xarajatlari 29 foizni, amortizatsiya va boshqa xarajatlari 4 foizni tashkil etadi. Tannarxning oshishiga qoʻshimcha omillar ham taʼsir qilmoqda. Jumladan, 2022-yildan boshlab foydalanuvchilarga ichimlik suv tarmoqlarini uy xoʻjaligigacha kiritish va 2023-yil 1-yanvardan boshlab aholiga qiyoslash muddati tugagan suv hisoblagichlarni yangisiga almashtirish “Oʻzsuvtaʼminot” AJ va hududiy suv taʼminoti korxonalarining mablagʻlari hisobidan amalga oshirilishi belgilangan.

    Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, buning uchun respublika boʻyiicha jami 902 mlrd soʻm mablagʻlar talab etiladi. Ushbu mablagʻlar bugungi kungi tarif xarajatlarida koʻzda tutilmagan.

    Bundan tashqari, ichimlik va oqova suv inshootlarini qoʻriqlash xizmati toʻlovlari soʻnggi uch yilda 6-marta oshganligi natijasida 18,5 mlrd soʻm qoʻshimcha toʻlovlar kelib chiqqan.

    Masalaning eng oʻylantiradigan tomoni shundaki, bu xarajatlar 3 yil oldin tasdiqlangan amaldagi tariflarda koʻzda tutilmagan. Soha xodimlarining ish xaqi miqdorlari esa soʻnggi 3 yilda oʻrtacha 1,3 mln soʻmdan 1,4 mln soʻmga yoki bor-yoʻgʻi 10 foizga oshirilgan.

    Respublika boʻyicha aholiga eng arzon tarif – Toshkent shahrida 1 metr3 uchun 400 soʻm, eng qimmat tarif qiymati – Navoiy viloyatida 3 000 soʻmni tashkil etadi.

    Hozirgi tariflar bilan hisoblaydigan boʻlsak, aholiga markazlashgan tarmoqlar orqali yetkazilayotgan ichimlik suvning 1 litri 1 soʻm 38 tiyinga toʻgʻri keladi. Savdo doʻkonlarida esa 1 litr plastik qadoqdagi suv oʻrtacha 3000 soʻmni tashkil etmoqda. Bundan koʻrinadiki, ichimlik suv narxi 2 200 baravar arzon yoki savdo doʻkonlarida harid qilinadigan 1 litr suv puliga Toshkent shahrida 7 ming litr ichimlik suv yetkazib beriladi.