Suv resurslarini tejash zarurati

    Qishloq xo'jaligi ekinlari asosan egatlab sug'orilmoqda. Kollektor-drenaj tarmoqlari eskirgan. Bularning oqibatida suv juda ko'p isrof bo'layapti.

    Global iqlim o'zgarishi tufayli suv resurslari taqchilligi yildan-yilga kuchayib bormoqda. So'nggi 50 yil davomida Markaziy Osiyodagi muzliklar maydoni taxminan 30 foizga qisqargan. Buni yurtimizda oxirgi o'n yilda suv resurslari hajmi 12 foizga, avvalgi yilga nisbatan 2020-yilda 15 foizga kamayganligi ham tasdiqlaydi.

    Qishloq xo'jaligi ekinlari asosan egatlab sug'orilmoqda. Kollektor-drenaj tarmoqlari eskirgan. Bularning oqibatida suv juda ko'p isrof bo'layapti. Xususan, suv yo'qotilishining 10 foizga qisqarishi orqali har yili 4 milliard kubometr obi hayotni tejashga erishish mumkin.

    Shunday vaziyatda suv resurslarini boshqarish va ulardan oqilona foydalanish, tizim ob'ektlarini loyihalash, davlat ekspertizasidan o'tkazish, qurish va rekonstruktsiya qilish, ayniqsa, suv omborlari va boshqa yirik ob'ektlarining xavfsizligini ta'minlashda jiddiy kamchilik va muammolar saqlanib qolmoqda.

    Mamlakatimiz Prezidentining joriy yil 6-apreldagi “Suv resurslaridan foydalanish sohasida davlat boshqaruvi va nazorat tizimini yanada takomillashtirish hamda suv xo'jaligi obyektlari xavfsizligini ta'minlash chora-tadbirlari to'g'risida”gi farmoni sohada tub burilishni boshlab bergan muhim hujjat bo'ldi.

    — Mavjud kamchilik va muammolarni bartaraf etish, tizimni tubdan yangilash, modernizatsiya qilish zimmamizdagi eng muhim vazifa hisoblanadi, — deydi Suv xo'jaligi vaziri Shavkat Hamroyev. — Suv xo'jaligi bosharuvini takomilashtirmasdan, zamonaviy hiob-kitoblarni shakllantirmasdan, axborot texnologiyalari va davlat-xususiy sherikligini keng joriy etmasdan turib, bu maqsadga erishib bo'lmaydi. Farmonda aynan mazkur vazifalarni hal etishning aniq yo'llari, vazirligimizning asosiy vazifalari va faoliyat yo'nalishlari belgilab berildi.

    Suv xo'jaligi vazirligi mamlakatiizda barcha suv resurslarini hisobga olish hamda suvdan foydalanish, suv iste'moli samaradorligini oshirish buyicha tegishli tadbirlarni muvofiqlashtirish, shuningdek, suv balansini shakllantirish bo'yicha vakolatli davlat organi etib belgilandi.

    Bu yil mamlakatimizda suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy qilishni 5 baravarga oshirish vazifasi qo'yilgan. Shundan kelib chiqib, vazirning suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy qilishni rivojlantirishga mas'ul bo'lgan o'rinbosari lavozimi tashkil etildi. Viloyat va tumanlarda shu yo'nalishda tarkibiy tuzilmalar tuzilishi belgilandi.

    — 2021-yilda 4000 gektar maydonda suvni tejovchi texnologiyalarni o'rnatishni rejalashtirganmiz, — deydi Kattaqo'rg'on tumani irrigatsiya bo'limi boshlig'i Jamshid Qo'ldoshev. — Hisob-kitoblarga qaraganda, bu 20-25 million kub metr suvni tejash imkonini beradi. Tumanimizda ham suvni tejaydigan texnologiyalarni qo'llanilishiga mas'ul lavozimning joriy etilishi fermer xo'jaliklarining har gektar maydonga qancha suv sarflashi, qancha iqtisod qilganni monitoring qilib borish, zamonaviy uskunalarni keng qo'llayotganlarni rag'batlantirishda ham asqotadi.

    2021–2023-yillarda suv iste'molchilarining mas'uliyati va hissasini oshirish maqsadida 100 dan ortiq davlat-xususiy sheriklik loyihalari imzolanishi, 18 ming 576 ta suv o'lchash postlariga raqamli qurilmalar, 1 ming 688 ta nasos stantsiyasiga “onlayn” rejimda monitoring qilish qurilmalari o'rnatilishi, 27 ming 270 ta meliorativ quduqni avtomatlashtirilgan monitoring tizimiga o'tkazish, shuningdek 100 ta gidrotexnik inshootni avtomatlashtirish rejalashtirilgan.

    Hozirga qadar suv xo'jaligi sohasini raqamlashtirishga vazirlikning Axborot-tahlil va resurs markazi, davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirishga esa yuridik xizmati biriktirilgan edi. Natijada ushbu yo'nalishlarda aniq va samarali tizim asosida ish olib borilmagan.

    Endilikda vazirning davlat-xususiy sheriklik va raqamli texnologiyalarni rivojlantirish bo'yicha maslahatchisi lavozimi joriy etiladi. Shuningdek, markaziy apparatda Davlat-xususiy sheriklik va autsorsing xizmatini joriy etish hamda Suv xo'jaligida raqamli texnologiyalarni rivojlantirish boshqarmalari tuziladi.

    — Men O'zbekistonda suv resurslarini boshqarish va irrigatsiya sektorini rivojlantirishning 2021-2023-yillarga mo'ljallangan strategiyasini amalga oshirishda ko'maklashish uchun xorijiy maslahatchi sifatida ish olib boraman, — deydi Jon Rayt. — Mening asosiy faoliyatim respublikada suv xo'jaligini boshqarishda raqamli texnologiyalardan foydalanish va davlat-xususiy sheriklik aloqalarini rivojlantirishga qaratilgan.

    Suvdan samarali foydalanish juda muhim ahamiyatga ega va bunga tizimdagi inshootlarni modernizatsiya qilish evaziga erishish mumkin. Ushbu farmonda belgilab berilgan vazifalar ana shu maqsadga xizmat qiladi.

    Farmon bilan Suv xo'jaligi vazirligi huzuridagi Katta va alohida muhim suv xo'jaligi ob'ektlarining texnik holatini hamda bexatar ishlashini nazorat qilish davlat inspektsiyasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Suv xo'jaligi obyektlari xavfsizligini nazorat qilish davlat inspektsiyasi etib qayta tashkil etiladi. Inspektsiyaga xavflilik darajasi yuqori bo'lgan suv xo'jaligi obyektlaridan foydalanishda xavfsizlik bo'yicha ko'rsatkichlar va mezonlarga amal qilinmaganda suv to'plashni cheklash yoki to'xtatib qo'yish, xavflilik darajasi yuqori bo'lgan suv xo'jaligi obyektlarining xavfsizligini ta'minlash maqsadida tegishli vazirlik va idoralar, loyiha tashkilotlari, ilmiy-tadqiqot va ta'lim muassasalari, shuningdek, xalqaro tashkilotlar va xorijiy kompaniyalarning yuqori malakali mutaxassislarini ekspert sifatida jalb qilish huquqi beriladi.

    Ma'lumki, “Gidrotexnika inshootlari xavfsizligi to'g'risida”gi qonun 1999 yilda qabul qilingan. Suv xo'jaligida keyingi yillar mobaynida amalga oshirilgan islohotlardan kelib chiqib, mazkur qonunga tegishli o'zgartishlar kiritilmagan. Farmonda “Gidrotexnika inshootlari xavfsizligi to'g'risida”gi yangi tahrirdagi qonuni loyihasini zamonaviy talablar va yondashuvlar asosida ishlab chiqish, shuningdek, Suv xo'jaligi vazirligi huzuridagi Suv xo'jaligida xorijiy investitsiya loyihalarini amalga oshirish markazi hamda Suv xo'jaligida kapital qurilish loyihalarini amalga oshirish agentligini tashkil qilish bo'yicha ham vazifalar belgilagan.

    Prezidentimizning “O'zbekiston Respublikasi Suv xo'jaligi vazirligi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori ham qabul qilindi. Unga muvofiq, vazirlikining tashkiliy, o'rta va quyi bo'g'indagi barcha tashkilotlar apparatining namunaviy tuzilmalari tasdiqlandi. Suv xo'jaligi vazirligi huzuridagi Suv xo'jaligida kapital qurilish loyihalarini amalga oshirish agentligining hamda Suv xo'jaligida xorijiy investitsiya loyihalarini amalga oshirish markazining asosiy vazifalari va faoliyat yo'nalishlari ko'rsatib o'tilgan.

    Suvdan oqilona foydalanilsa, suv resurslari samarali boshqarilsa hamda hududlar va ekinlarning xususiyatlari hisobga olingan holda, adolatli taqsimlansa, albatta, qishloq xo'jaligida yuqori hosil olinadi. Bozorlarga va yurt dasturxoniga qut-baraka kiradi.

    Abdurauf QORJOVOV,

    iqtisodiy sharhlovchi