Yoʻl-yoʻlakay etaklari qirlarga tutash qishloqning samimiy va begʻubor odamlari hayotini kuzatib, ogʻriqli savollarimizga javob topishga harakat qilamiz. Eng muhimi, bu odamlar har qanday yomonlik va zulmga qarshi faqat va faqat ezgulik chirogʻini tutadilar. Rejissyor ilingan hikmat esa koʻzlari ojiz boʻlsa-da, hayotni bizdan-da teran tushunadigan oqsoqol Hamro bova tilidan yangraydi: “Suv keltirganu suvni koʻrganning yoʻli oydin boʻladi...”
Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi, taniqli rejissyor Jahongir QOSIMOV filmlarini har safar tomosha qilganimizda qadriyatlarimiz va anʼanalarimizga tutash yangi bir chizgilar, ohanglar, hikmatlar sabogʻini tuyamiz. Buning siri nimada ekan? Biz sogʻingan milliy kino aslida qanday mezonlarni talab qiladi? Aslida jahon kinosanoatidagi eng mashhur kinoasarlar qanday poydevor asosida yaratiladi? Oʻtgan olti yil ichida suratga olingan badiiy va tarixiy filmlar zukko tomoshabin koʻnglini toʻldiryaptimi?
Ayni suhbatimiz kinosevar qalblarning xira tortib borayotgan ishonch dovonlarini yoritsa, umid shamlariga uchqun bagʻishlasa, ajab emas.
“ – Bu deyman... suvlar ham endi bir-biriga qoʻshilib aralashib ketgandir-a, Boltaboy...
– Bu nima deganingiz, Hamro bova?
– Bahri ummonga qoʻshilmaydigan, aralashmaydigan jannat suvlarini aytaman-da, rais. Orada harirdek bir nimasi boʻlarmish. Qoʻshilmoqqa, aynimoqqa qoʻymasmish. Agar aralashsa, bilingki, roʻzi qiyomat yaqin...”
“Suv yoqalab” filmidan.
– Jahongir aka, siz avvalgi suhbatlaringizdan birida “Agar dunyodagi jami urf-odatlar bozorga olib chiqilgan taqdirda ham, har bir millat vakili aylanib-aylanib, baribir oʻzining urf-odatlarini sotib olardi, degan fikrga qoʻshilaman. Nega? Birinchidan, tanglayi shu urf-odatlar bilan koʻtarilgan, boshqasiga koʻnikolmaydi. Ikkinchidan, geografik jihatdan mana shu joyga aynan oʻzingning urf-odatlaring asqotadi. Chunki bu tushunchalar asrlar davomida yigʻilgan”, degan edingiz. “Suv yoqalab” filmi ana shu fikrlaringiz isboti sifatida dunyoga kelgan, milliy filmlarimiz fondidan munosib oʻrin egallagan, desak adashmagan boʻlamiz. Ushbu film yaralishida sizda kechgan ruhiy tayyorgarlik va xulosalar bizni qiziqtiradi...
– Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Erkin Aʼzam qalamiga mansub “Suv yoqalab” filmi ssenariysini dastlab oʻqiganimdayoq yaxshi koʻrib qolganman. “Erkin aka, menga ssenaringiz yoqdi, film qilmoqchiman”, dedim oʻsha zahoti. “Sizga aynan nimasi yoqdi bu ssenariyning?”, deb soʻradi oʻsmoqchilab... Muallifga taassurotlarimni aytyapmanu xayolimda suratga olinadigan lavhalar va obrazlarni yaratadigan aktyorlar jonlanyapti-da... Eng avvalo, Bolta mardonning taʼrifini oʻqishim bilan koʻz oʻngimda otam gavlanganini aytdim. Salobatli gavdasi, doʻppisini boshiga qoʻndirishlari, ustundagi qoziqdan belbogʻini olib mahkam bogʻlaganlarigacha jonlanib ketsa boʻladimi... Qolaversa, oʻzingiz bilasiz, u paytlari kolxoz raisi oʻsha qishloqning otasi oʻrnida boʻlgan. Garchi filmda Bolta mardon ishdan ketgan payt tasvirlangan boʻlsa-da, qahramonimizdagi oʻsha viqor, salobat, el dardiga hamdardlik, jonkuyarlik saqlanib qolgan. Bu oʻziga xos madaniyat, maʼnaviyat degani. Mansab bilan bogʻliq emas-da... Bu milliy tarbiya bilan, asl maʼnaviy tarbiya bilan bogʻliq jarayon. Axir milliy xarakter, obraz degani shunchaki libosi bilan ajralib turadigan xususiyat emas. Va bu obrazga hech ikkilanmay Oʻzbekiston xalq artisti Erkin Komilovni tanladim. Shu oʻrinda bir mulohazamni aytib oʻtay. Biz nega oʻzligimizdan uzoqlashib ketyapmiz, filmlarimizda ham farzandlarimiz ibrat olishi kerak boʻladigan, ularni tarbiyalashi zarur boʻlgan obrazlar kamaya boshladi. Aksincha, ruhiyatni, maʼnaviy muhitni buzadigan obrazlar koʻpayib ketdi.
Nima uchun koʻpchilik Bolta mardon qiyofasida oʻz otasini koʻradi? Chunki bu ota qiyofasida oʻzbek xalqining tantiligi, chapaniligi, koʻngilchanligi, gʻamxoʻrligi va shu bilan birga, qattiqqoʻlligi aks etgan. Yozuvchi bejiz uch oʻgʻil obrazini kiritmagan ssenariyga. Bir oʻgʻli boyvachcha, bir oʻgʻli orzulariga erisholmay qishloqda qolib arosatda yuribdi, uchinchisi otasi orzu qilgan barcha dovonlarni bosib oʻtmoqda. “Ota degani paygʻambar boʻptimi? Men kabi armonda qolmagin deyman-da... Uylansang shunday ayolni topib uylanginki, hech qachon undan koʻngling qolmasin. Onang juda yaxshi ayol, menga yomonlik qilmagan. Qolaversa, senlardek pahlavon oʻgʻillarni tugʻib berdi. Lekin koʻngil qurgʻur toʻlmasa qiyin ekan-da...”, deydi kenja oʻgʻliga nasihat qilib.
Uchchala oʻgʻlida ham Bolta mardon oʻzini koʻrmoqchi boʻladi. Katta oʻgʻlida bodiligini, kibrga berilgan paytlarini, oʻrtanchasida koʻnglida qolgan muhabbati iztirobini koʻradi. Kenja oʻgʻlida esa barcha armonlari roʻyobga chiqishini xohlaydi. Agar oʻzingiz yaxshi koʻrgan asarni saralangan ijodiy jamoa bilan maza qilib suratga olsangiz, bir umr qilgan ishingizdan uyalmay yashaysiz.
“Suv yoqalab” filmidagi qalbimni ogʻritgan, shu bilan birga, ovuntirgan yana bir joyi ota qizining uyiga kelgan lavha. Bolta mardon qiziga zarur boʻlgan dorilarni olib uyiga kirib kelganida qizi, “Dadajon, pulim yoʻqligi uchun shu dorilarni ololmay yurganidim”, deb aytolmaydi. “Dadajon, qarang, qoʻlimni ari chaqib oldi”, deydi-yu, otasini maqkam quchoqlab yigʻlab yuboradi. Eh, tarbiyaning goʻzalligini qarang! Ota qizini avaylab, “Meni kechir, qizim, seni yaxshiroq joyga uzatishim kerak edi”, deydi. Qizi esa otasini avaylaydi: “Dadajon, qiz bola palaxmon toshi. Siz otdingiz, men shu joyga tushdim. Buni taqdir deydilar. Oʻzingizni ayblamang!”
Ssenariydagi shu joylarini oʻqiyotganimdayoq aktrisa Zulxumor Moʻminova koʻz oʻngimga keldi. Ichi yigʻlab turib kuladigan, dardini yashira oladigan kuchli ayol qismati-da bu... Ana shu dard bor boʻyi bilan namoyon boʻlmagunicha qayta-qayta suratga olaverdik. Barcha suratga olish jarayoni tugaganidan soʻng ham boshqatdan borib Sijjak qishlogʻida syomka qilib keldik shu lavhani. Boshida Zulxumor “Men oʻynaydigan obraz yoʻq hisobi-ku”, dedi norozi boʻlib... Syomkamizning oxigi nuqtalarida esa, “Shu birgina kichik lavhadan koʻp narsani oʻrgansa boʻlarkan ayollarimiz”, dedi.
Bilasizmi, agar rejissyor oʻzi oʻylagan obrazni qaysi bir aktyorda koʻra olsa, yuragiga tekkan dardni oʻsha aktyor koʻrsatib bera olishiga ishonsa – bu filmning eng katta yutugʻi.
– Togʻay Murod “Barcha ekran asarlarining ortida, hatto reklamaning tag zamirida ham adabiyot yotishi kerak”, degan edi. Yaqin tariximizda Abdulla Qodiriy, Abdulla Qahhor, Pirimqul Qodirov kabi adiblarning ijod namunalari asosida oʻlmas kino asarlari ishlandi. Hozirgi kunda bizda mana shu anʼana yoʻqolib bormayaptimi?...
– “Changak”, “Shaytanat”, “Nazira”, “Suv yoqalab...”, “18-kvadrat”, “Ibrat”... Sanʼatdagi yoʻlimga nazar tashlasak, Asqad Muxtor, Xayriddin Sulton, Erkin Aʼzam, Tohir Malik, Murod Muhammad Doʻst va Faxriyorlar bilan boʻlgan ijodiy hamkorligimiz namoyon boʻladi. Umuman barcha filmlarni yaxshi badiiy asarlar, ssenariylar asosida suratga olishga harakat qilganmiz. Menimcha, bu anʼanani yosh rejisssyorlarimiz ham davom ettirishmoqda.
Gap shundaki, ilgari filmlarni suratga olish jarayoni oʻzbek rejissyorlari tomonidan belgilanmagan. Shu bois, milliy adabiyotimizdan uzoqlashib ketilgan. Mustaqillikning ilk yillarida Temurmalik Yunusov “Oʻzbekkino”ga rahbar edi. U kishi faoliyatining ilk damlaridanoq boshqalar bilan hisoblashmay, taniqli oʻzbek yozuvchilarini kino sohasini rivojlantirishda hamkor boʻlishga chorladi. Erkin Aʼzam, Olim Otaxon, Murod Muhammad Doʻst, Xayriddin Sulton kabilarning ssenariylari yuzaga chiqdi. Kerak boʻlsa taniqli ijodokorlarga ssenariylar ham buyurtma qilindi. Shu tariqa Temurmalik Yunusov oʻzbek yozuvchilari bilan rejissyorlarining boshini qovushtirdi, hamkorlikni kuchaytirdi. “Chantramore”ni, “Galatepalik avliyo”ni yoki “Oq bino oqshomlari”ni oling. Oʻsha davrdan boshlab yana oʻzbek kinosida milliy xarakter kuchaydi. Ilgari aksariyat filmlar rus tilida olingan boʻlsa, oʻsha paytlarda birdaniga dadillik bilan oʻzbek tilida olina boshlandi.
Mana hozirgi kunda ham yosh rejissyorlar Yolqin Toʻychiyev, Ayyub Shahobiddinovlar saralangan ssenariylar asosida filmlar suratga olishayotganidan quvonaman. Shu bois, bu ijodkorlarning har bir filmi tomoshabinlar tomonidan katta olqishlarga sazovor boʻlmoqda. Xalqaro tanlovlarda eʼtirof etilmoqda.
— 2017-yil 3-avgustda davlatimiz rahbari taniqli ijodkorlar bilan uchrashgan va oʻsha yigʻilishda olamshumul kinoloyihalar haqida soʻz borgan edi. Oʻtgan vaqt davomida ana shu loyihalar asosidagi ishlardan koʻnglingiz qanchalar toʻldi?
— Bu tarixiy uchrashuv madaniyat va sanʼat sohasida juda katta oʻzgarishlar davrini boshlab berdi, desak adashmagan boʻlamiz. Prezidentimiz oʻsha muloqotda biz ijodkorlar oldiga katta vazifalar qoʻydi, bizga ishondi, badiiy filmlarda milliylikni, milliy mafkurani kuchaytirishga eʼtibor berishimizni talab qildi. Uchrashuvda ziyolilarning hozirgi faoliyati xalqimizni qoniqtirmayotgani, ularda yangi-yangi ijodiy gʻoya va tashabbuslar bilan yashash, izlanish ruhi yetishmayotgani, ijodiy muhit qandaydir turgʻunlikka tushib, bir joyda depsinib turganday, aksariyat ijodkorlar oʻz tashvish va muammolari bilan oʻralashib qolganday taassurot paydo boʻlgani taʼkidlanib, adabiy va madaniy sohadagi jiddiy muammolarning sabablari va ildizlari ochib berildi.
Oʻzi oxirgi yillarda tuzuroq film suratga olinmayotgan edi. Aslida tarixiy filmni suratga olish oson emas. Tarixiy filmlarni suratga olish uchun katta mablagʻ sarflashga toʻgʻri keladi.
“Avloniy”, “Qoʻqon shamoli”, “Ilhaq”, “Islomxoʻja”, “Elparvar” kabi filmlar ham shunday xarajat va katta mehnat bilan suratga olingan. Ularni har safar tomosha qilganimda koʻnglim yorishib ketadi. Chunki ijodiy jamoaning ruhiyati, kayfiyati va maqsadlarini, ularga berilgan eʼtibor qay darajada ekanligini his qilib turaman.
– “Ibrat” filmini suratga olishni boshlagan kezlaringizda “Bugungi oʻzbek kinosi tarixiy filmlarni suratga olishda qotib qolgan qatʼiy qoidalardan voz kechishi zarur”, degan fikrni oʻrtaga tashlagan edingiz. Siz ushbu filmni yaratish jarayonida oʻsha qoidalardan voz kecha oldingizmi?
— Menimcha, hammasidan voz kecha olmagan boʻlsam kerak. Chunki yangi yoʻldan yurish hamisha qiyin boʻladi Lekin siz baribir kimdandir oʻrnak olishingiz ham kerak. Masalan, men oʻsha chet elda boʻlgan syomkalardan koʻp narsani oʻrgandim. Ularning ishga boʻlgan munosabatini kuzatdim. Hamma ijodkorlarda aslida suratga olish jarayoni bir xil kechadi. “Motor!”, “Boshladik!” deysiz, “Toʻxtadik!” deya buyruq berasiz. Lekin xorijdagi hamkasblarimizning suratga olish maydonidagi muhiti boshqacha tashkil etilar ekan. Ularda jamoaning har bir ishchisi “Bugun nima boʻlarkin, syomka boʻlarmikan, qaysi artistni chaqirisharkin”, deb oʻtirishmas ekan. Bir oy oldin qaysi kunlari qaysi soatlarda syomka olinishini rejalashtirib, ana shu jadval asosida qatʼiy intizom bilan ishlashar ekan. Afsuski, koʻp hollarda bizda kecha kechqurun syomka olingan boʻlsa, bugun nima ish boʻlishini hech kim bilmaydi. Bunday yomon ish muhitidan voz kechishimiz kerak. Ayrim rejissyor va aktyorlarimiz tayin bir ish rejasi asosida ishlashni bilishmaydi. Har doim hammasi rejissyorga bogʻliq deb oʻylamaslik kerak. Aslida butun bir jamoa masʼuliyat bilan ishlashi talab etiladi.
Endi ijodiy jarayondagi yangi uslublar haqida gapiradigan boʻlsam, tarixiy filmlarimiz aksariyat hollarda davr va shaxsni toʻlaligicha yoritib berishga emas, mavjud tuzum imkoniyatlarini madh etish bilan ovora boʻlib qolar edi. “Ibrat” filmida esa olim va ziyoli shaxsning iztiroblarini bor-boʻy basti bilan berishga intildik.
— Siz bu maqsadingizni amalga oshirish uchun hatto sezilarli darajada improvizatsiya ham qildingiz. Toʻgʻrimi?
— Shu harakatimni sezganingizdan xursandman. Saidkomil Umarovning tergovda aktyor Karim Mirhodiyev bilan boʻlgan sahnasini aytyapsiz-da... Yaʼni, Ibratning kitoblari yoqiladigan sahna... Bu sahna oʻzi chindan ham ssenariyda yoʻq edi. Ssenariyga koʻra Ibrat turmada oʻtirganida kitoblarini tashqarida yoqishadi. U yonayotgan kitoblarini oynadan tomosha qilishi kerak edi. Operatorimiz “Jahongir aka, kitoblarni shu xonaga pechka olib kirib koʻzining oʻngida yoqsak boʻlmaydimi”, deb qoldi. Sovuq kunlar edi, fevral oyi... Bu taklif menga juda maʼqul keldi. Axir olim odamning kitoblarini koʻz oʻngida yoqish bu dahshat-ku! Birgalikda sahnani oʻylab koʻrdik... Buni qarangki, mening yuragimga tekkan joyi shu sahna boʻldi. Endi shu sahnaga kitoblar yoqilayotgan paytda Ibrat aytadigan eng taʼsirli soʻzlarni topish kerak edi. Ibratning yozganlarini varaqladim. Keyin oʻylab qoldim, axir u 20 ta tilni biladi-ku... Va oʻsha mashhur Genrix Geynening kitoblar haqidagi iqtibosini tanladik. Bu iqtibos mening yuragimdagi dardlarga mos keldi juda. Yoshi katta ziyoli odam nega kitoblarimni yoqyapsan deb janjal qilmaydi-ku... Qolaversa, qahramonimiz hayotga boshqacha koʻz bilan qaraydigan, tasavvufni ham yaxshi biladigan avliyosifat odam boʻlgan. Yonayotgan kitoblarga qarab nemischalab tushunib boʻlmaydigan soʻzlarni aytadi. Shunda advokat “Nima dedingiz?” deb soʻraydi. U ogʻir-bosiqlik bilan: “Bugun kitob yoqayotgan millat ertaga odamlarni ham yoqa boshlaydi”, deydi. Aktyorlar baribir ehtiros bilan oʻynagisi keladi-da... Saidkomil aka bu soʻzlarni baland ovozda bor nafratini namoyon qilib aytgisi keldi. Men esa “Yaxshiroq taʼsir qilishi uchun siz bu soʻzlarni sekin va bosiqlik bilan aytishingiz kerak”, dedim. Va Saidkomil aka bu vazifani uddaladi.
Shu oʻrinda bir voqeani aytib beray. Salvini degan italyan aktyori “Otello” spektaklida rol ijro etish uchun Rossiyaga keladi. Oʻsha paytda Stanislavskiy yosh aktyor boʻladi. Spektakldan soʻng bir amallab grimxonaga kiradi. Salvinining qoʻllarini ushlab “Siz buyuksiz! Hozir shunday zoʻr rol ijro etdingiz, men juda qoyil qoldim. Qanday qilib inson shu darajada mahorat bilan oʻynashi mumkin? Ayniqsa, sizning : “Qon! Yago! Qon!” deb baqirganingizni eshitib, oyna tugul devorlar ham zirillab ketdi”, deydi. Shunda Salvini “Xuddi oʻsha “Qon! Yago! Qon!” degan joyini men pichirlab aytdim”, deydi. Shunda Stanislavskiy yozadiki, agarki, biz ehtirosli sahnani qanchalik past ovozda aytsak, uning taʼsir kuchi shunchalik koʻp boʻlar ekan, menga Salvini shuni anglatdi”, deydi. Xuddi shu narsa odam psixologiyasida ham bor. Bekorga xalqimiz “Urgandan turtgan yomon”, demagan. “Turtgan yomon-da. Undan koʻra tutvolib urmaydimi”, deydi oʻzining kamsitilganini sezgan odam.
— Hozir siz xorijiy tajriba, ish uslubi bizga ham, yoshlarimizga ham kerak, deb taʼkidlab oʻtdingiz. 2021-yil 28-avgustda Prezidentimizning “Toshkent shahrida “S.A. Gerasimov nomidagi Butunrossiya davlat kinematografiya instituti” federal davlat byudjeti oliy taʼlim muassasasi filiali faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qarori eʼlon qilingan edi. Mazkur institutdagi taʼlim jarayoni bevosita taniqli rejissyor va aktyorlar bilan hamkorlikda yoʻlga qoʻyilishi tabiiy. Bu jarayondagi qanday yaxshi oʻzgarishlar va yutuqlarni aytib oʻtishni istagan boʻlardingiz. Siz nimalarni orzu qilasiz? Mana shu jarayonda qanday saboqlar yoʻlga qoʻyilishi kerak? Kino sohasida qilinishi zarur boʻaldgan yana qanday ishlar bor?
— Bu mashhur taʼlim dargohida Sergey Bondarchuk, Andrey Tarkovskiy, Vladimir Menshov, Sergey Solovyov kabi mashhur rejissyorlar dars bergan. Shu brendga mos talabalar yetishib chiqsa qanday yaxshi! Ushbu oliy taʼlim maskani katta maqsad va rejalar asosida tashkil qilingan. Shunga yarasha oʻz mevalarini bersa yaxshi boʻlardi. 2021–2022 oʻquv yilida oʻzbekistonlik talabalar uchun nafaqat rossiyalik kinematograflar, balki 70 ga yaqin davlatlardan kelgan kino ustalari bilan turli mavzularda maʼruzalar va mahorat darslari, xorijiy mutaxassislar bilan ijodiy uchrashuvlar tashkil etilgani meni quvontiradi. Shuningdek, fransiyalik kinorejissyor Lyuk Besson, angliyalik investor Martin Smit, polshalik kinorejissyor Kshishtof Zanussi, germaniyalik aktyor Mattias Xyuz, hind kinorejissyori Faruk Kabir, yaponiyalik aktrisa Minami, koreyalik prodyuser, IOVASIA direktori Mun Xyon Suk, angliyalik professor, Ijodiy va madaniy tadbirkorlik instituti direktori Jerald Lidstoun, Tojikiston xalq artisti Muhammad-Ali Maxmadov, Daniyaning “Danmon Group” va Germaniyaning “Arri Group” kompaniyasi mutaxassislari ishtirokida ham mahorat darslari boʻlib oʻtdi. Yoshlarimiz bu imkoniyatlardan toʻla foydlalanishi kerak. Lekin masalaning ikkinchi tomoni ham bor. Men hamisha yoshlarga aytamanki, eng avvalo, ijodkorning bazasi, poydevori milliy boʻlishi kerak! Siz qancha harakat qilib xorijda faoliyat yuritsangiz ham nozik sezgilaringiz, hissiyotlaringiz milliy koʻhna ildizlardan suv ichadi. Qaysi davlatda faoliyat yuritmang, siz eng avvalo, oʻzbek rejissyori sifatida nom taratasiz. Va avvalo, shu nomni oqlashingizga toʻgʻri keladi. Mana, masalan, Gollivudda qancha zoʻr rejissyorlar bor: Milash Foman, Patrik Adams, Jeyms Ayvori, Kler Makkarti... Ularning biri Italiyadan, biri Fransiyadan, biri Avstraliyadan... Ular suratga olgan filmlarni koʻrsangiz, darrov qaysi yurtdan ekanini sezasiz...
— Ayni paytda yosh rejissyorlarimiz bilan suhbatlashib qolsangiz, avvalo gapni Stanislavskiydan boshlashadi. Lekin oʻzimizning oʻlmas kinolarimizni suratga olgan ustoz rejissyorlarimizning oʻziga xos qanday anʼanalari boʻlgani haqida soʻrasangiz, batafsil javob bera olmaydi...
— Toʻppa-toʻgʻri, hatto ularning aksariyati Shukur Burhonov, Olim Xoʻjayev, Yetim Bobojonov, Nabi Gʻaniyevlar kimligini bilishmaydi. Ustoz rejissyorlarimiz avval Hamza teatrida milliy spektallarmizda obraz yaratib Hamza, Fitrat, Behbudiy asarlarini sahnalashtirib, keyin Kinematografiya institutida (VGIK), xorijiy institutlarda malaka oshirishgan. Ozarbayjonda, Turkiyada, Gruziyada oʻqishgan. Masalan, “Gʻariblar” spektaklini eslang. Ularni kim aytadi millati oʻzbek deb... boshqa millat ruhiyatini maromiga yetkazib ochib berishgan. Bizdan katta avlod oʻzimizning teatrlarga ham “Otello”ga toʻpolon bilan zoʻrgʻa kirishgan. Boʻlmasa, Otello qayerdayu, Oʻzbekiston qayerda...
Shu kunlarda men ham bir orzu bilan izlanib yuribman. Yaxshi bir pyesani sahnalashtirish istagidaman. Yoshligimda bu borada koʻp takliflar boʻlgan, lekin xohishim boʻlmagan edi. Ayni paytda esa yuragimni jizillatadigan pyesa izlayapman. Bilasizmi, oʻzingiz xohlagan ijodiy asar ham sizga hamdard boʻlishi kerak. Masalan, bir paytlar Rustam Boytoʻraning “Roʻmol” nomli hikoyasini “Yoshlik” jurnalida oʻqib qolganimda dardkash bir yaqin insonimni topganday quvonib ketganman. Muallif oʻz asarida oddiygina bir oʻzbek oilasidagi psixologik muhitni juda samimiy va ishonarli tarzda ochib bergan. Beixtiyor bolaligimda bobomning hovlisida kechgan onlarim kino tasmasiday koʻz oʻngimdan oʻta boshlagan. Oʻsha hikoya asosida ishlagan filmimni doʻstim Zulfiqor Musoqov “Yaralangan qush hamon uchmoqda” deb nomlab bergan edi.
Yoshlarga tilagim shuki, siz oʻzingizni tanib olmaguningizcha atrofdagilarni anglay olmaysiz. Avval oʻzingizni taftish qiling, ota-bobongizni, tarixingizni, yetti avlodingizni oʻrganing! Ustoz ijodkorlar arxivlarini oʻrganing, filmlarini qayta-qayta tomosha qilib, “suv qilib ichib yuboring”! Oʻshanda yuragingiz tubidagi asl dard qalqib chiqadi. Va siz millatimiz, xalqimiz, davlatimiz oldidagi asl vazifangiz nima ekanini anglaysiz! Federiko Fellini aytganidek, “Filmlaringiz nomlari har xil boʻlsa-da, ularning barchasi sizning asl dardingiz, maqsadingiz, qalbingiz qudratidan soʻzlaydi!”
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri
Muxtasar TOJIMAMATOVA
suhbatlashdi.









