“Tabiat-jamiyat-inson” ekologik aksiyasi o‘tkazildi

    Tabiatni muhofaza qilish – bu tabiiy resurslar va atrof muhitni, shu jumladan oʻsimlik va hayvonot dunyosining xilma-xilligini, yer osti boyliklarini, gidroresurslar, oʻrmonlar va yer atmosferasining tozaligini saqlash, ulardan oqilona foydalanish va qayta tiklash boʻyicha ilmiy asoslangan chora-tadbirlardan iborat.

    Tabiatni muhofaza qilishning asosiy maqsadi – odamlarning turmushi va kelajak avlod hayoti uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, inson va tabiat oʻrtasidagi munosabatlarni uygʻunlashtirish va aholining ekologik madaniyatini oshirishdan iboratdir.

    Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari Kengashining oʻtgan yilgi yigʻilishi yakunlari boʻyicha qabul qilingan Nyu-Dehli deklaratsiyasida aʼzo davlatlarning atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi hamkorligi muhimligi taʼkidlanib, 2024-yil SHHTga aʼzo mamlakatlarda “Ekologiya yili” deb eʼlon qilingan edi. Unga muvofiq davra suhbatlari, tanlovlar, seminarlar, konferensiyalar, interfaol oʻyinlar, ekologik aksiyalar, oʻquv maʼruzalari va boshqa tadbirlar oʻtkazish koʻzda tutilgan.

    ShHT mamlakatlari atrof-muhitni asrash, bioxilma-xillikni saqlab qolish, ekologik bilimlarni targʻib qilish, ekologik taʼlim va maʼrifatga qaratilgan qoʻshma loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish tarafdoridir.

    Ushbu tashabbusni qoʻllab-quvvatlagan holda Oʻzbekistonda ShHT Xalq diplomatiyasi markazi Toshkent shahri ekofaollari, volonterlar va oliy taʼlim muassasalari talabalari bilan birgalikda joriy yilning 7-mart kuni "Tabiat-jamiyat-inson" ekologik aksiyasini tashkil etdi. Bu haqda markazning matbuot xizmati xabar berdi.

    Tadbirdan koʻzlangan asosiy maqsad — fuqarolar ayniqsa, yoshlarning ekologik bilim va madaniyatini yuksaltirish, ularning atrof-muhit musaffoligini taʼminlash borasidagi masʼuliyatini yanada oshirish, maʼnaviy qadriyatlarimiz asosida yosh avlod ongiga tabiatni ozoda tutish va asrash kabi tushunchalarni singdirishdan iborat.

    Tadbir Boʻzsuv daryosi boʻyida joylashgan "Shahidlar xotira bogʻi" majmuasi hududida boʻlib oʻtdi.

    Ekologik aksiya ishtirokchilari Xotira bogʻini obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish, daraxtlarni oqlash, manzarali daraxt koʻchatlarini ekish va Boʻzsuv daryosi boʻyidagi chiqindilarni yigʻish kabi tadbirlarda qatnashdilar.

    Shuningdek, ekoaksiya doirasida ishtirokchilar Toshkent Davlat Agrar universiteti qoshidagi Baliqchilik ilmiy markaziga tashrif buyurishdi. Markaz mutaxassislari Oʻzbekistonda qishloq xoʻjaligining muhim tarmoqlaridan biri hisoblanadigan baliqchilik sohasining bugungi holati va kelajagi haqida ishtirokchilarga soʻzlab berdilar.

    Oʻzbekistonda ShHT Xalq diplomatiyasi markazi tomonidan mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda ShHTning “Yashil kamar” dasturi doirasida joriy yilda yoshlarning ijodiy salohiyatini qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish, aholining ekologik muammolardan xabardorligini oshirish maqsadida shu kabi qator tadbirlar oʻtkazish rejalashtirilgan. Eng muhimi, bugungi kunda har birimiz sayyoramizni asrab-avaylashda faol ishtirok etishimiz zarur. Bugungi ekologik aksiya esa tabiatni asrashga boʻlgan harakatlarni kengaytirish va ushbu global muammoga eʼtiborni jalb qilishning bir namunasidir.