Tadbirkor maʼnaviyati: yangi davr talablariga javob beryaptimi?

    Davlat – jamiyat – inson” tamoyilining “Inson – jamiyat – davlat” tamoyiliga oʻzgartirilishi va shaxs omilining birinchi oʻringa chiqarilishi barcha sohalar va dolzarb masalalarda nafaqat davlat va jamiyat masʼulligini, ayni paytda insonning ham masʼuliyatdan xoli boʻlmasligini anglatadi.

    Oʻzbekistonda uzoq yillar “Davlat – jamiyat – inson” tamoyiliga amal qilib kelindi. Ushbu tamoyil, oʻz ijtimoiy-falsafiy mohiyatiga koʻra, insonni davlat va jamiyatdan begonalashtiradi, maʼnaviyatini xiralashtiradi, uni siyosiy va iqtisodiy mexanizmning arzimas boʻlagi, oddiy elementiga aylantiradi.

    Aslida esa inson, uning haq-huquqlari va baxt-saodati davlat siyosati va jamiyat hayotining eng ustuvor maqsad-muddaosi boʻlishi lozimligi tarixda koʻp bora isbotlangan. Keyingi yillarda jamiyatimiz hayoti va tafakkuridagi oʻzgarishlar tufayli mazkur tamoyil “Inson – jamiyat – davlat” shaklidagi tayanch gʻoyaga aylandi.

    Prezidentimiz Bu siyosat bir yil bilan cheklanib qolmasligi, doimo bardavom boʻlishi barchamizga ayon. Aslida ham, bizning eng bebaho boyligimiz, bu – bunyodkor xalqimiz, duogoʻy ota-onalarimiz, navqiron avlodimiz emasmi?

    Shu yurtda yashayotgan har bir insonning tinch va baxtli hayot kechirishi, uning sogʻligʻi joyida boʻlishi, yaxshi taʼlim olishi, oilasini tebratishi uchun qanday sharoit kerak boʻlsa, hammasini yaratib berishga harakat qilyapmiz va bu yoʻldan aslo toʻxtamaymiz,” deya alohida taʼkidlagani esa, mazkur yoʻnalishdagi tadrijiylikning yaqqol ifodasidir.

    TADBIRKORLIK MASʼULIYATI

    Alohida taʼkidlash joizki, “Davlat – jamiyat – inson” tamoyilining “Inson – jamiyat – davlat” tamoyiliga oʻzgartirilishi va shaxs omilining birinchi oʻringa chiqarilishi barcha sohalar va dolzarb masalalarda nafaqat davlat va jamiyat masʼulligini, ayni paytda insonning ham masʼuliyatdan xoli boʻlmasligini anglatadi. Yaʼni, davlat organlari, vazirlik va idoralar faoliyatidan qatʼi nazar, ushbu yoʻnalishdagi maʼnaviy muhit va ijtimoiy makon qiyofasini tadbirkor hamda mulkdorlarning shaxsiy xislat va fazilatlari, hayotiy pozitsiyasi, ishga va kasbiga munosabati, vijdoni va masʼuliyat hissi ham koʻp jihatdan belgilaydi.

    Binobarin, hozirgi davrda davlat tomonidan koʻplab iqtisodiy-siyosiy islohotlar, tadbirlar amalga oshirilmoqda. Vazirlik va idoralar belgilab berilgan strategiya doirasidagi maqsadlar, dastur va rejalarni bajarmoqda. Tadbirkorlar va mulkdorlarning iqtisodiy ragʻbati va maʼnaviy kamoloti uchun obyektiv shart-sharoitlar tobora yaxshilanib boryapti.

    Ammo tadbirkorlik maʼnaviyati, har bir tadbirkorning ijtimoiy masʼuliyati va uning hayotda namoyon boʻlishi bilan bogʻliq masalalarning konkret shaxs, inson omili bilan bogʻliq nihoyatda muhim ahamiyatga molik subektiv jihatlari ham bor. Shu nuqtayi nazardan, “Tadbirkor maʼnaviyati” tushunchasining ijtimoiy masʼuliyat bilan bogʻliq jihatlari jahon tajribasi va bugungi hayot voqeliklari orqali yaqqol namoyon boʻlayotganini aniq-tiniq koʻrish va turli misollar orqali toʻgʻri tasavvur qilish mumkin.

    Keling, ushbu mavzuda nazariy fikr va umumiy mulohazalardan koʻra aniq misollarga murojat qilaylik. Masalan, Yaponiya jamiyati va uning aʼzolari toʻgʻrisida chop etilgan qiziqarli asarlardan biri “Ryoandzi bogʻining oʻn beshinchi toshi” nomli kitobda yapon biznesmenlariga xos nihoyatda ibratli xislatlardan biri haqida hikoya qilingan. Muallifning guvohlik berishicha, aksariyat yapon tadbirkorlari oʻzlariga yuz minglab dollar foyda keltirishi mumkin boʻlgan biror-bir shartnoma Yaponiyaga va yapon xalqiga bir necha ming dollar miqdorida moddiy yoki maʼnaviy zarar keltirishini bilib qolsalar, uni hech qachon imzolamas ekanlar. Yaponlar orasida uzoq yillar yashagan asar muallifi “Ularni bunga undashning foydasi yoʻq, baribir maqsadingizga yetolmaysiz va oʻz yoʻlingizga sola olmaysiz”, degan xulosaga kelgan.

    Boshqa bir manbada esa, nafaqat Yaponiya, balki dunyoda ham mashhur taʼlim dargohi – Nagoya universiteti bilan bogʻliq bir misol keltirilgan. Unga koʻra, yaqinda mustaqillikka erishgan mamlakatlardan biriga kelgan ushbu universitet vakiliga “Bizning yurtimizda dunyoning koʻplab oliy taʼlim muassasalari filiallari ochilgan. Sizlar ham shu yoʻldan borsangiz millionlab foyda koʻrar edingiz. Taklifimizga rozi boʻlmayotganingizning sababi nimada? Yoki katta foyda olishingizga ishonchingiz komil emasmi, degan savol berilganda aytilgan quyidagi javob yapon tadbirkorining maʼnaviy qiyofasini yaqqol ifodalaydi: “Bu ishdan katta iqtisodiy foyda olishimizni yaxshi bilamiz va bunga ishonchimiz komil. Ammo yurtingizda ochiladigan filialimizning Yaponiyadagidek samarali taʼlim tizimiga aylanishi va har bir talaba, boʻlajak mutaxassis uchun bizdagi kabi yuksak darajali, nihoyatda mazmundor va foydali bilim berishiga ishonchimiz komil emas. Bu esa, nafaqat bizning universitet, balki butun Yaponiya taʼlim tizimi obroʻsizlanishiga sabab boʻlishi mumkin. Biz bunga hech qachon yoʻl qoʻymaymiz va har qanday shaxsiy foyda olish imkoniyati bizni Vatanimiz shaʼniga dogʻ tushiradigan yengil-yelpi yoʻlga sololmaydi.”

    Kunchiqar yurt haqidagi ushbu ibratli misollarga duch kelar ekansiz, “Bizning tadbirkorlarimiz orasida bunday imkoniyat boʻlganida yapon tadbirkorlaridek ish tutadiganlar necha foizni tashkil qilarkin?”, degan savol beixtiyor xayolingizga kelishi aniq. Bu esa, oʻz navbatida, yana bir bor tadbirkor maʼnaviyati, ushbu soha vakillarining Vatan va xalq oldidagi ijtimoiy masʼuliyat tuygʻusini toʻgʻri shakllantirish zarurati bilan bogʻliq masalaning nihoyatda dolzarbligidan dalolat beradi.

    Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda “Namanganda qalbaki dori vositalarini tayyorlash va sotish bilan shugʻullangan tibbiyot xodimi ushlandi”, degan xabar tarqaldi. Unga koʻra, davlat organlari hamkorlikda oʻtkazgan tezkor tadbirda “Zodak”, “Anaferon”, “Xilak Forte” va “Vitamin V6” nomli qalbaki dori vositalarini tayyorlash hamda sotish bilan shugʻullangan tibbiyot xodimining faoliyatiga chek qoʻyilgan. U 1000 dona qalbaki “Zodak” dori vositasini Andijon viloyatiga sotish maqsadida olib ketmoqchi boʻlgan vaqtida qoʻlga olingan. Xonadonidan dori vositalari ishlab chiqarish uchun moʻljallangan yashirin sex, 763 dona “Anaferon”, 2125 dona “Zodak”, 4000 dona “Vitamin V6” dori vositalari, 570 dona nomsiz flakonlarda siroplar, dori vositalarini qadoqlashda foydalaniladigan qutilar, yoʻriqnoma va yorliqlar topilgan. Inson hayotini xavf ostiga qoʻyadigan faoliyatni 2023-yil sentyabridan buyon tizimli yoʻlga qoʻygan bu “tadbirkor” tibbiyot xodimini Andijon viloyatida yashovchi oʻziga oʻxshagan fuqarolar Qirgʻiz Respublikasidan noqonuniy yoʻllar bilan olib kelingan xomashyo bilan taʼminlab turgan. Hozirda holat yuzasidan Jinoyat Kodeksining tegishli modda va bandlari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, mazkur shaxsga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qoʻllanilgan.

    Xoʻsh, keyingi yillarda yurtimizda aholini sogʻlomlashtirishga doir keng qamrovli islohotlar amalga oshirilayotgan, davlatimizning bu boradagi koʻplab dastur va loyihalari ishlab chiqilib hayotga tatbiq etilayotgan, ushbu yoʻnalishga trillionlab mablagʻ sarflanayotgan bir paytda bunday nomaʼqulchilik uchun davlat tashkilotlarini ayblash qanchalik toʻgʻri boʻlarkin? Bunda aslida davlat yoki jamiyat emas, balki inson omili, aniq bir kimsalarning noqonuniy va maʼnaviyat mezonlariga mutlaqo mos kelmaydigan faoliyatni amalga oshirayotgani sababchi emasmi? Bu taxlit “tadbirkorlik” mamlakatimizda oʻz zimmasidagi vazifalarni chin dildan ado etayotgan koʻplab ishbilarmon va tadbirkorlarning maʼnaviy qiyofasiga soya soladi va obroʻsizlantiradi, albatta.

    Yana bir misol. Keyingi yillarda maktabgacha taʼlim sohasiga nihoyatda katta eʼtibor qaratildi, bolajonlarimizni ushbu tizim bilan qamrab olish darajasi bir necha barobar ortdi. Sohada faoliyat olib borayotgan nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari – MTTlar soni 27 mingdan oshdi va ular barcha turdagi soliqlardan ozod qilingan. 2023-yilda ularga davlat hisobidan va sherikchilik sharnomasi asosida juda katta miqdorda, yaʼni 2,7 trillion soʻm mablagʻ ajratilgani bu boradagi gʻamxoʻrlikning yaqqol namunasidir.

    Ammo maʼlumotlarga qaraganda, 2023-yil 27-dekabrgacha baʼzi oilaviy bogʻchalar egalari turli noqonuniy yoʻllar bilan davlat hisobidan 30 milliard soʻmdan ortiq mablagʻni oʻzlashtirgan. 1,5 mingdan ziyod xususiy “bogʻcha”lar noqonuniy faoliyat yuritgan. Xoʻsh, bunda aybdor kim yoki ushbu holatning sabab nima deb oʻylaysiz? Davlat hamma sharoitni yaratayotgan boʻlsa, shu yoʻnalishdagi vazirlik va idora ishga masʼuliyat bilan yondashayotgan boʻlsa, gap nimada?

    Xolisona aytganda, bu borada aynan ushbu yoʻnalishdagi vazirlikning saʼy-harakati bilan 2023-yilda 734 ta MTT tomonidan bir bolaning surati oʻrniga boshqa bolaning suratini joylashtirish asosida davomat belgilanib kelgani aniqlanib, ularga nisbatan 8,8 milliard soʻm subsidiya toʻlovlari toʻxtatilgan. 895 ta oilaviy MTT tomonidan vositachilar yordamida kompyuterda virtual mobil qurilmani yaratish orqali haqiqatda MTTga kelmagan tarbiyalanuvchi va xodimlarning davomati soxtalashtirilgani maʼlum boʻlgan. Ularga ogohlantirish xatlari joʻnatilgan va 8,9 milliard soʻm asoslanmagan subsidiya toʻlovlar moliyalashtirilishining oldi olingan. Ushbu maʼlumotlar tegishli tartibda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etilgan.

    Aslida bunday holatlar roʻy berayotgani ushbu sohalardagi vazirlik yoki idoralar faoliyatida yoʻl qoʻyilayotgan xato yoki kamchilik bilan emas, balki nima qilib va qanday yoʻllar bilan boʻlsa-da, foyda olish, boylik orttirish ilinjidagi ayrim vijdonsiz kishilar, yaʼni inson omili bilan uzviy bogʻliq ekani shubhasiz. Bu borada hamma balo, bir tomondan, asrlardan meros boʻlib kelayotgan “qingʻir yoʻllar bilan boylik orttirish” va ikkinchidan, sobiq ittifoqdan qolgan “byudjetdan yulib qolish” kabi kasalliklarning baʼzi kishilar ongida haligacha barham topmaganida.

    Maʼlumki, sobiq ittifoq davrida jamiyatni sunʼiy tarzda turli sinflarga ajratib, xususiy mulk va tadbirkorlikni yoʻqotish gʻoyasi amaliyotga tatbiq etildi. Siyosiy va mafkuraviy maqsadlarga xizmat qilgan bu gʻoya, avvalo, jamiyat aʼzolarini mulkdan begonalashtirdi, tadbirkorlar va mulk egalariga zararli qatlam sifatida qarashni shakllantirdi. Natijada hayotda mulkdan begonalashish tuygʻusi mustahkamlanib bordi va “Mulk hammaniki, ayni paytda hech kimniki emas”, degan aqida odamlar ongiga singdirildi. Tadbirkor va ishbilarmon kishilar boʻlgan mulk egalarining oriyatli va vijdonli inson sifatidagi qiyofasidan asar ham qolmadi, Vatanni sevish, el-yurt oldidagi maʼnaviy qarzdorlik va oʻz xalqiga sadoqat tuygʻulari xiralashdi.

    Sobiq shoʻrolar davri xususiy mulkni va mulkdorlarni yoʻqotdi, tadbirkorlikni tag-tugi bilan quritdi, odamlarni davlatga boqimanda qildi. Bugun u tuzum yoʻq, uning davri oʻtdi. Falsafada “Zamon oʻzgaradi, ammo odamlar qoladi. Bundagi eng qiyin ish odamlarning ongi va tafakkurini oʻzgartirishdir”, degan tamoyil bejiz shakllanmagan. Xalqimizning “Togʻ oʻzgaribdi desa ishon, ammo odamlar oʻzgaribdi desa ishonma”, degan hikmati ham ana shu jarayonni yaqqol ifodalaydi.

    Maktabgacha taʼlim tizimiga yuksak eʼtibor berilayotgani va unga katta mablagʻ ajratilayotganidan boxabar baʼzi “uchar”larning bir yumalab tadbirkor boʻlib olgani va qingʻir yoʻllardan borayotgani ham shundan.

    Bu esa, butun jamiyat miqyosida maʼnaviy tarbiya masalasining nihoyatda dolzarbligini va har bir fuqaro, jumladan, ishbilarmon va tadbirkorlar qatlamining maʼnaviy qiyofasida mazkur fenomen bilan bogʻliq ijobiy xislatlarni shakllantirish va kamol toptirish zarurati hali-hanuz saqlanib qolayotganini anglatadi.

    KORRUPSIYA BALOSI

    Tadbirkorlar maʼnaviy dunyosining risoladagidek shakllanishiga halaqit beradigan omillar orasida korrupsiya balosi va uning oqibatlari, qonun va huquqni anglash darajasining yetarli emasligi, globallashuv tahdidlari va gʻoyasizlik xatarlari alohida diqqatni talab qiladi. Ular boshqa salbiy omillar bilan birga tadbirkorlarning ongi va dunyoqarashiga taʼsir oʻtkazadi, bu jabha vakillarining kundalik hayoti va faoliyatida oʻziga xos tarzda namoyon boʻladi.

    Korrupsiya muammosiga jahonning deyarli har bir mamlakatida duch kelish mumkin va bugungi kunda u tadbirkorlikning asosiy kushandasiga aylandi. U soʻnggi yillarda xalqaro miqyosda transmilliy jinoyat sifatida keng muhokama qilinmoqda. Korrupsiya keltiradigan zarar barcha uchun teng sanalib, mazkur illatning turli sohalarga, xususan, iqtisodiy, ijtimoiy, maʼnaviy jabhalarda amalga oshirilayotgan islohotlarga, mamlakatning xalqaro maydondagi imiji va investitsiyaviy jozibadorligiga, ayni paytda tadbirkorlik sohasiga ham jiddiy salbiy taʼsir koʻrsatishi maʼlum.

    Hozirgi globallashuv zamoni, mintaqalar va davlatlararo integratsiya jadallashib borayotgan murakkab bir sharoitda korrupsiya barcha mamlakatlarda ham qator muammolarni keltirib chiqarib, jamiyatni ich-ichidan yemirib, parokanda qilib tashlash xavfini solyapti. Binobarin, bugun kattami-kichikmi, boymi-kambagʻalmi, qudratlimi-kuchsizmi, bironta davlatni korrupsiyadan xoli hudud, deb aytolmaymiz. BMT va Xalqaro valyuta jamgʻarmasi maʼlumotlariga koʻra, jahon iqtisodiyoti korrupsiya tufayli yiliga 1,5-2,6 trillion dollargacha zarar koʻrmoqda.

    Jahon mehnat tashkiloti tomonidan muttasil oʻrganib boriladigan mavzulardan biri, yaʼni biznes sohasining korrupsiyalashganlik darajasi monitoringi umumiy koʻrsatkichlariga koʻra, poraxoʻrlik barcha sohalarda tadbirkorlik faoliyatining maʼnaviy asoslarini yemiradi, uning xalq oldidagi obroʻsiga putur yetkazadi. Ayni paytda u xalqaro huquq sohasida tadbirkorning bu boradagi qonuniy huquq va manfaatlariga daxl qiladigan eng xavfli jinoiy hodisalardan biri sifatida baholanadi.

    Chunki u butun mamlakat miqyosida tadbirkorlik rivojlanishiga jiddiy putur yetkazadi, qonun ustuvorligini zaiflashtiradi, pirovardida haqiqiy tadbirkorlar huquq va erkinliklari poymol boʻlishiga olib keladi. Shuning uchun ham Prezidentimiz yangi davr boshlanishidayoq “Jamiyatimizda korrupsiya illati oʻzining turli koʻrinishlari bilan taraqqiyotimizga gʻov boʻlmoqda. Bu yovuz baloning oldini olmasak, haqiqiy ishbilarmonlik va investitsiya muhitini yaratib boʻlmaydi, umuman, jamiyatning birorta tarmogʻi rivojlanmaydi” deya alohida taʼkidlagani bejiz emas.

    Keyingi yillarda mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi keskin va murosasiz kurash olib borilmoqda. Xususan, “Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi qonunning qabul qilinishi, shuningdek, Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha respublika idoralararo komissiyasining tashkil etilishi va korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha davlat dasturining tasdiqlanishi yurtimizda bu illat bilan bogʻliq huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan qator chora-tadbirlarning samarali amalga oshirilishini taʼminladi.

    Misol uchun, qisqa vaqt ichida korrupsiyaga qarshi kurashishning huquqiy mexanizmlarini takomillashtirishga oid bir nechta normativ-huquqiy hujjat, jumladan, “Huquqiy axborotni tarqatish va undan foydalanishni taʼminlash toʻgʻrisida”gi, “Maʼmuriy tartib-taomillar toʻgʻrisida”gi, “Jamoatchilik nazorati toʻgʻrisida”gi, “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi qonunlar qabul qilindi.

    Prezidentimizning “Oʻzbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi farmoni esa bu boradagi izchil saʼy-harakatlarning mantiqiy davomidir. Undan koʻzlangan asosiy maqsad yurtimizda korrupsiyaga qarshi kurashish tizimi samaradorligini yanada oshirish, eng yuqori darajadagi qulay investitsiyaviy va ishbilarmonlik muhitini yaratish, mamlakatning xalqaro maydondagi ijobiy imijini oshirish va mustahkamlashga qaratilgan.

    Dunyo mamlakatlari biznes sohasining korrupsiyalashganlik darajasi umumiy koʻrsatkichlariga koʻra, ushbu illat hamma joyda, ish boshlashdan oldingi litsenziyalar olishdan tortib shartnomalar va sud jarayonigacha roʻy berishi mumkin. Xalqaro ekspertlar jamiyatida bu borada shakllangan xulosaga koʻra, biznesdagi korrupsiya sabablari xilma-xil tarzda namoyon boʻladi.

    REYTINGNING MAʼNAVIY KUCHI

    Keyingi yillarda yetuk tadbirkorlik maʼnaviyatini taqozo etadigan sohalarni tizimli rivojlantirish, biznes uchun sharoitni izchil yaxshilab borish davlatimiz iqtisodiy siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biriga aylandi. Bu borada, ayniqsa, tadbirkorlik faoliyatining iqtisodiy jihatlariga asoslanadigan va oʻz navbatida, bu soha vakillarining maʼnaviy qiyofasiga katta taʼsir koʻrsatadigan barqarorlik reytingi joriy etilishi mazkur yoʻnalishdagi muhim yangiliklardan biri boʻldi.

    Davlatimiz rahbarining 2024-yil 23-yanvardagi “Tadbirkorlik subyektlarining barqarorlik reytingini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori buning yaqqol dalilidir. Ushbu hujjatga koʻra, qonunchilikka amal qilib ishlayotgan tadbirkorlarni aniqlash va ragʻbatlantirishni nazarda tutuvchi Tadbirkorlik subyektlarining barqarorlik reytingi 1-fevraldan joriy etilishi belgilandi. 2024-yil 1-apreldan tadbirkorlarga subsidiya, imtiyoz va preferensiyalar ularning reyting darajasidan kelib chiqqan holda joriy etila boshlaydi.

    Aslida bu haqda Prezidentimizning oʻtgan yili tadbirkorlar bilan ochiq muloqotida aytilgan va shundan soʻng ushbu reyting mezon va tartib-tamoyillari ishlab chiqila boshlagan edi. Shu asosda qabul qilingan Prezident qaroriga koʻra, tadbirkorlar faoliyat davri, rentabellik darajasi, toʻlov intizomi, aholi bandligidagi oʻrni va ish haqi kabi 23 ta mezon asosida 4 toifaga ajratiladi. Bunday reyting soliq, adliya va sud organlari maʼlumotlari asosida shakllanadi. Har bir tadbirkor oʻz oʻrni va bahosini, yaʼni aniq reyting darajasini real vaqtda bilib borishi mumkin boʻladi.

    Qarorga binoan, reytingi yuqori tadbirkorlar uchun barcha soliq tekshiruvlari bekor boʻladi, qoʻshimcha qiymat soligʻi summasi bir kunda va boshqa soliq turlari boʻyicha ortiqcha toʻlov uch kunda qaytarib beriladi. Tovarlarni import qilish va sotishda qoʻshimcha qiymat soligʻini bojxona va soliq organlarida oʻzaro hisobga olish imkoniyati yaratiladi. Auksionda olingan davlat aktivlari va yer uchastkalari qiymatini boʻlib toʻlash muddati 3-yildan 5-yilgacha uzaytiriladi. Bunda kamida 15 foiz miqdorida dastlabki toʻlovni bir yoʻla amalga oshirganda, qolgan summaga yillik foizlar hisoblanmaydi.

    Ushbu yoʻnalishdagi jahon tajribasini oʻrganish bunday reytingga tayanadigan tadbirkor maʼnaviyati oʻziga xos regulyativ funksiyani ham bajarishidan dalolat beradi. Yaʼni, reyting joriy qilinishi muayyan tadbirkorlik subyekti va bu soha bilan mashgʻul shaxslar va jamoalar faoliyatini mavjud maʼnaviy-axloqiy tamoyil va talablar asosida boshqarib turishga katta taʼsir koʻrsatadi.

    Yuqorida qayd etilganlar oʻz navbatida, mamlakatimizda tadbirkorlar maʼnaviyatini samarali shakllantirish borasida jamoatchilik fikri taʼsirini oshirish va qonun ijodkorligi sohasidagi ishlarni yanada kuchaytirish lozimligidan dalolat beradi. Ushbu yoʻnalishda keyingi yillarda tez-tez tilga olinayotgan “Tadbirkorlik kodeksi”ni ishlab chiqish borasidagi faoliyatni jadallashtirish lozimligi ham davr talabiga aylandi.

    Shu bilan birga, bugungi kunda maʼnaviyat yoʻnalishida ham qonun ijodkorligini kuchaytirish, davlatimizning ushbu sohadagi siyosatining asoslariga doir “Maʼnaviyat va maʼnaviy faoliyat toʻgʻrisida” qonunni ishlab chiqishga alohida eʼtibor qaratilishi lozim boʻlgan eng muhim va obyektiv zaruratlardan biriga aylanganidan dalolat beradi.

    Qiyom NAZAROV,

    falsafa fanlari doktori, professor