Taʼlim va yoshlar yangi Oʻzbekiston nigohida!

    Dolzarb 30 Dekabr 2020 6947

    Joriy yilning 29-dekabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis palatalariga navbatdagi Murojaatnomasi boʻlib oʻtdi. Mazkur Murojaatnomani butun xalqimiz katta qiziqish va hayajon bilan kutib oldi.

    Murojaatnoma avvalida Prezidentimiz pandemiya sharoitida jahondagi vaziyatga sergaklik bilan qarab, barchamiz – kim boʻlishimiz, qaysi vazifada ishlashimizdan qatʼi nazar, mamlakatimizning milliy manfaatlarini taʼminlash haqida jiddiy oʻylashimiz zarurligini hamda respublikamizda demokratik islohotlarni yuqori bosqichga olib chiqishda yangi siyosiy muhit vujudga kelganini taʼkidlab oʻtdi.

    Shuningdek, global inqiroz sharoitida iqtisodiy va siyosiy barqarorlikni taʼminlash, joylardagi mavjud muammolarni manzilli hal etish, koʻmakka muhtoj yurtdoshlarimizni qoʻllab-quvvatlash, yoshlarimizning orzu-umidlarini roʻyobga chiqarish barcha rahbarlarning bosh vazifasi boʻlishi kerakligi aytib oʻtildi.

    Yangi Oʻzbekistonni bilimli va bunyodkor yoshlarimiz bilan birgalikda barpo etish maqsadida Prezidentimiz tomonidan kirib kelayotgan 2021-yilni mamlakatimizda “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”, deb nomlash taklif etildi.

    Ayniqsa ushbu Murojaatnomada taʼlim hamda yoshlar siyosatiga alohida eʼtibor qaratilganligi yangi avlod kadrlarini tayyorlashda muhim oʻrin tutadi.

    Jumladan, Prezident taʼlim va yoshlar siyosati boʻyicha quyidagi bir qancha muhim takliflarni ilgari surdi:

    maktab taʼlimini tubdan yaxshilash va uning sifatini oshirish, muallimlarga munosib sharoit yaratish;

    taʼlim sifatini tubdan yaxshilash maqsadida, avvalo, oʻquv dasturlari, oʻqituvchi va domlalar uchun metodik qoʻllanmalarni ilgʻor xalqaro dasturlarga moslashtirish;

    iqtidorli oʻgʻil-qizlarimizning yuqori texnologiyalar va zamonaviy bilimlarni chuqur oʻzlashtirishiga keng sharoit yaratish hamda raqobatbardosh milliy kadrlarning yangi avlodini tayyorlash maqsadida Toshkent shahrida alohida universitet tashkil etish va ushbu oliygohda chet eldagi yetakchi olimlar va professor-oʻqituvchilar jalb qilinib, yoshlarga eng zamonaviy dasturlar asosida taʼlim-tarbiya berish;

    oliy taʼlimning qamrovi va sifatini oshirishga alohida eʼtibor qaratilib, keyingi yildan boshlab, oliy taʼlimga ajratiladigan davlat grantlari soni kamida 25 foizga oshirilishi;

    oliy oʻquv yurtlariga qabul qilishda ehtiyojmand oilalar qizlari uchun grantlar sonini 2 barobarga koʻpaytirib, 2 mingtaga yetkazishi;

    aʼlo baholarga oʻqiyotgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj qizlar uchun maxsus stipendiyalar joriy etilishi;

    oliygohlar va taʼlim tizimining quyi boʻgʻinlari oʻrtasidagi uzviylikni kuchaytirish maqsadida 65 ta akademik litsey oliy oʻquv yurtlari tasarrufiga oʻtkazilishi;

    “El-yurt umidi” jamgʻarmasi orqali yetakchi xorijiy oliy oʻquv yurtlarining magistratura va doktoranturasida oʻqishga yuboriladigan yoshlar soni 5 barobarga oshirilishi;

    yangi yilda yurtimizdagi 30 ta yetakchi oliygohga oʻquv dasturlarini ishlab chiqish, qabul kvotasi va moliyaviy masalalarni mustaqil hal qilish huquqi berilishi;

    kelgusi yilda ilm-fan sohasida oliygohlar va ilmiy tashkilotlardagi doktorantlar soni 4,5 mingtaga yetkazilishi yoki 2017-yilga nisbatan 3 barobarga oshirilishi;

    ilgʻor xalqaro amaliyot asosida, dotsent va professor ilmiy unvonlari, falsafa va fan doktori ilmiy darajalarini berish vakolati oʻz yoʻnalishi boʻyicha nufuzli boʻlgan oliygohlarning ilmiy kengashlariga oʻtkazilishi;

    yoshlar oʻrtasida bandlikni taʼminlash va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash masalasiga alohida eʼtibor qaratilishi;

    yoshlarning biznes loyihalarini kreditlash hamda ularni kasb-hunarga oʻqitish uchun 1 trillion soʻm va 50 million dollar ajratilishi;

    2021-yilda birinchi marta byudjetdan 900 nafar chin yetim yoshlarni uy-joy bilan taʼminlanishi kabilar.

    Bundan tashqari, davlatimiz rahbari tomonidan yoshlarni zamonaviy bilim va tajribalar, milliy va umumbashariy qadriyatlar asosida mustaqil va mantiqiy fikrlaydigan, ezgu fazilatlar egasi boʻlgan insonlar etib voyaga yetkazishimiz zarurligi taʼkidlab oʻtildi.

    Shuningdek, bola tugʻilganidan boshlab, 30 yoshgacha boʻlgan davrda uni har tomonlama qoʻllab-quvvatlaydigan, hayotda munosib oʻrin topishi uchun koʻmak beradigan yaxlit va uzluksiz tizim yaratilishi nazarda tutildi.

    Murojaatnoma davomida mamlakatimizning barcha sohalarini bugungi kun holati, erishilgan yutuqlar va mavjud muammolarga toʻxtalib oʻtildi. Jumladan, sogʻliqni saqlash, yoshlar boʻyicha davlat siyosatining olib borilishi, turizm, bank tizimi, energetika, neft-gaz, soliq siyosati, tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash sohalariga hamda yana bir qancha masalalariga batafsil eʼtibor qaratildi.

    Xulosa qilib aytganda, taʼlim tizimidagi innovatsion yondashuvlar va yoshlarimizni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash orqali davlatimizning taʼlim va yoshlarga boʻlgan eʼtiborining naqadar yuksak ekanligidan dalolat beradi. Shuningdek, Yangi Oʻzbekistonni barpo etishda albatta jadal islohotlar, ilm-maʼrifat va innovatsiyalar yetakchi oʻrinda boʻlishi zarur.

    Dilfuza Abdullayeva,

    Toshkent davlat yuridik universitetining Ixtisoslashtirilgan filiali

    Xususiy-huquqiy fanlar kafedrasi mudiri