Taʼlimdagi odimlar yuksalish yoʻlidagi marralarga yetaklamoqda

    Ta'lim 5 Iyul 2023 1178

    Shu kunlarda poytaxtimizda “Yangi Oʻzbekiston: taraqqiyot, innovatsiya va maʼrifat” mavzusida xalqaro sheriklik tashabbuslari haftaligi boʻlib oʻtmoqda. Haftalik doirasida tashkil etilgan “Oʻzbekiston — sogʻlom va bilimli jamiyat” xalqaro konferensiyasi mamlakatimizda inson kapitali, uning shakllanishi va rivojlanishida taʼlim-tarbiyaning oʻrni mavzusiga bagʻishlandi.

    Anjumanda taʼlim tizimini isloh qilishning zamonaviy tendensiyalari, jahon tajribasini oʻrgangan holda ularni amaliyotga tatbiq etish va uning samarasi borasida fikr almashildi. Keng jamoatchilik yurtimizda taʼlim, ilm-fan sohasida kechayotgan islohotlar bilan tanishtirildi.

    “Sifatli taʼlim — yangi Oʻzbekistonning mustahkam poydevori”, “Inson kapitali: global muammolar va rivojlanish tendensiyalari” mavzularida oʻtkazilgan muloqotda maktabgacha va maktab taʼlimiga doir islohotlar mazmuni hamda sohadagi keng oʻzgarishlar tahliliga atroflicha toʻxtalib oʻtildi.

    Muxbirimiz anjuman ishtirokchilarining fikr-mulohazalarini yozib oldi.

    Hilola UMAROVA, maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri:

    — Har qanday jamiyatning kelajagi taʼlim bilan chambarchas bogʻliq. Oʻzbekiston zamini ikki buyuk Uygʻonish davriga beshik boʻlganini alohida taʼkidlash joiz. Bu hududdan koʻplab daholar yetishib chiqqani dunyoga maʼlum va mashhur. Bugun mana shu buyuk ajdodlarimizga munosib vorislarni tarbiyalash uchun yurtimizda taʼlimga katta eʼtibor berilmoqda. Zotan, aholisining 50 foizdan ortigʻi 29 yoshgacha boʻlgan yoshlardan iborat boʻlgan Oʻzbekiston uchun esa taʼlim, hech shubhasiz, strategik masaladir.

    Bu borada qator yutuqlarga erishgan boʻlsak-da, inson kapitalini rivojlantirish uchun hali qilishimiz zarur boʻlgan koʻplab vazifalar bor. Ularni uddalashda xalqaro tajriba va hamkorlik alohida ahamiyat kasb etadi. Aynan shuning uchun barcha mahalliy va xalqaro tashkilotlarning yagona platformasi — Mahalliy taʼlim guruhi faoliyati yoʻlga qoʻyilib, taʼlim islohotlariga doir masalalar birdamlikda hal etilmoqda.

    Aynan shu muloqot maydonida Taʼlim boʻyicha global hamkorlik, UNISEF, UNESCO kabi hamkor tashkilotlar ishtirokida Taʼlim – 2030 konsepsiyasidan kelib chiqib, Milliy yoʻl xaritasi ishlab chiqilib, tasdiqlandi. Bu orqali yaqin kelajakdagi asosiy ehtiyojlarimiz aniqlanib, zarur ishlar koʻlami belgilab olindi.

    Keyingi yillarda maktab taʼlimiga ilgʻor xorijiy metodika va tajribalarni olib kirish, barcha uchun qulay hamda inklyuziv taʼlim muhitini taʼminlash, maktab infratuzilmasini rivojlantirish va sohani toʻlaqonli raqamlashtirish kabi oʻta dolzarb, masʼuliyatli vazifalar zimmamizda turibdi.

    Konferensiya erishgan natija va yutuqlarimiz boʻyicha fikr almashish, oldimizda turgan muhim vazifalarni belgilab olish uchun qulay platforma vazifasini oʻtashi shubhasiz.

    Munir MAMEDZODA, UNISEF tashkilotining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari:

    — Konferensiyada Oʻzbekistondagi taʼlim islohotlari haqida fikr almashdik. Muloqotda, xususan, inklyuziv va sifatli taʼlimga urgʻu berildi. Bu borada soʻnggi yillarda koʻp ish qilindi. Maktabgacha va maktab taʼlimiga qamrov kengaydi. Taʼlim sifati, pedagoglarning malakasi oshirildi. Oʻzbekiston bu rivojlanishning boshlangʻich pallasida turibdi.

    Mamlakatingiz bugun tarix chorrahasida turib, taʼlim rivojida yangi marralarni zabt etishga intilmoqda. Oʻzbekiston hukumati xalqning barqaror rivojlanishi va farovonligi uchun sifatli taʼlim muhimligini anglagan holda oʻqitish sohasida katta saʼy-harakatlarni amalga oshirdi. Biroq bu ishlar xalqaro tashkilotlarning mustahkam hamkorligi va koʻmagini talab qiladi. Biz bu jarayonda ishtirok etayotganimizdan mamnunmiz.

    Metyu GOLDI-SKOTT, taʼlim boʻyicha xalqaro ekspert, 2023–2026-yillarda Oʻzbekiston taʼlim tizimini rivojlantirish dasturini ishlab chiqish boʻyicha ishchi guruh aʼzosi:

    — Taʼlimning yuqori sifat darajasiga erishish uchun islohot va oʻzgarishlardan choʻchimaslik kerak. Oʻzbekiston bu yoʻnalishda qatʼiy harakat qilayotganini koʻrib turibmiz. Oʻqitishning zamonaviy uslublarini joriy etish, oʻquv dasturlarini yangilash, sifatli oʻquv materiallarini ishlab chiqish va ilgʻor texnologiyalarni qoʻllash sifatli taʼlimning ajralmas tarkibiy qismidir.

    Oʻzbekiston allaqachon taʼlim va ilm-fan sohasida sezilarli yutuqlarga erishdi. Biroq taʼlimning qulayligini va oʻqitish sifatini oshirish, barcha fuqarolar uchun teng imkoniyatlarni taʼminlash boʻyicha hamkorlikni davom ettirishimiz kerak.

    Aslan IBROHIM, Birlashgan Arab Amirliklaridagi Milliy maktab rahbari, taʼlim boʻyicha xalqaro ekspert:

    — Yurtingiz maktablarida taʼlim sifatini oshirish maqsadida mahalliy va xalqaro ekspertlar ishtirokida Milliy oʻquv dasturi yaratilganidan xabardorman. Unga asosan 420 nomdagi yangi avlod darsliklari yaratilib, Kembrij, Klett nashriyotlari va Gersen universitetining darsliklari mahalliylashtirilmoqda. Ingliz, nemis va rus tili fanlaridan xalqaro doirada tan olingan 79 nomdagi oʻquv-metodik qoʻllanma va darsliklar amaliyotga tatbiq etilgani oʻquvchilarning yangi bilimlarni oʻzlashtirishida katta ahamiyat kasb etadi.

    Shuningdek, ilk bor xalqaro baholash tadqiqotlari (PIRLS, TIMSS, PISA, TALIS) va indekslarda (Inson kapitali indeksi – 2020) Oʻzbekiston umumtaʼlim muassasalari ishtiroki taʼminlanib, xalqaro reytinglarda mamlakatingizning mavqei yuqorilayotganini kuzatish mumkin.

    Stiv KING, “Cambridge Assessment” tashkilotining taʼlim xizmatlari departamenti direktori:

    — Oʻzbekistonda taʼlim-tarbiyaning zamonaviy usullari yoʻlga qoʻyilgan. Maktabgacha taʼlim muassasalari tarbiyachilarining malakasini oshirish borasida ham ijobiy ishlar qilinayotganiga guvoh boʻldik. Yurtingizda barcha bolalar, jumladan, imkoniyati cheklanganlar uchun ham qulay sharoit yaratishga eʼtibor qaratilyapti.

    Oʻzbekistonda taʼlim tizimini yangi bosqichga olib chiqish, oʻqitish sifatini oshirish, yuqori malakali pedagog kadrlar tayyorlash borasidagi ishlar tahsinga loyiq. Shuningdek, taʼlim olish uchun zamon talablariga mos shart-sharoitlar yaratilayotgani ham eʼtiborga molik jihat.

    Xiromitsu SAKATA, “KEI Advanced” taʼlim tashkiloti direktori va ijrochi menejeri:

    — Taʼlim sohasida Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) bilan birga Oʻzbekistonda ham bir qancha loyihalarni amalga oshiryapmiz. Ulardan biri matematika fanidan maktab oʻquvchilarining bilimini baholashga qaratilgan “Yaponiya uslubidagi akademik yutuqlarni baholash modeli” loyihasidir.

    Ushbu loyiha doirasida 40 ta umumiy, 10 ta xususiy va 2 ta Prezident maktabining 8, 9, 10-sinf oʻquvchilari bilan 4 marotaba test oʻtkazdik hamda natijalarni tahlil qilib, tegishli tashkilotlarga taqdim etdik. 2021-yildan beri oʻtkazilayotgan loyiha doirasida birinchi va toʻrtinchi sinov natijalari orasida katta oʻzgarishlar boʻlgani bizni hayron qoldirdi.

    Mamlakat rivoji koʻp jihatdan isteʼdodli yoshlarni tanlash, ularga toʻgʻri yoʻnalish berish, qobiliyatini rivojlantirish, intellektual salohiyatini namoyon qilishiga koʻmak bera oladigan taʼlim tizimini yaratishga bogʻliq. Ana shunday tizimning yaratilgani bugungi natijalarda yaqqol koʻrinib turibdi.

    Vidjay KUMAR, Massachusets texnologiya institutining Taʼlim innovatsiya va texnologiyalari departamenti direktori:

    — Massachusets texnologiya instituti “Yangi Oʻzbekiston” universiteti bilan tayyor oʻquv jarayonini tashkil etib berish emas, balki mutaxassislar malakasini oshirish orqali eng ilgʻor tajribani joriy eta oladigan jamoani shakllantirish borasida hamkorlikni yoʻlga qoʻygan.

    Fikrimcha, maktab taʼlimi borasida ham, eng avvalo, inson kapitaliga, jumladan, pedagoglar malakasini oshirish, ularni xalqaro standartlar asosida baholashga katta eʼtibor qaratish lozim. Oʻzbekiston aynan shu yoʻldan bormoqda. Misol uchun, vazirlik tizimida pedagoglarni baholashga qaratilgan alohida tuzilma, jumladan, Pedagogik mahorat va xalqaro baholash ilmiy-amaliy markazi tashkil etilgani gapimning isbotidir.

    Biz nafaqat taʼlimga, balki yoshlarning dunyoqarashini shakllantirishga ham sarmoya kiritish lozim boʻlgan dunyoda yashayapmiz. Bunda eng muhim jihat pedagogik innovatsiyadir. Oʻqituvchi taʼlimdagi islohotlar markazida tursagina katta yutuqlarga erishish mumkin.

    Laziz XOʻJAMQULOV, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi boshqarma boshligʻi:

    — Konferensiyada yurtimiz taʼlim tizimidagi islohotlar, oʻzgarishlarga xorijlik ekspertlar, mutaxassislar nazari bilan baho berildi. Bu nima uchun muhim? Eng xolis fikr chetdan berilgan bahodir. Taʼkidlanganidek, taʼlimdagi islohotlar faqat islohot uchun emas, farovon hayot, inson kapitalini rivojlantirish uchun amalga oshirilmoqda. Eng muhimi, biz hali yoʻlning boshidamiz. Boshlagan ishimizni oxiriga yetkazish uchun, albatta, salohiyatli kadrlar kerak.

    * * *

    Haftalik doirasida Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan “Sifatli taʼlim va innovatsiyalar — barqaror kelajak asosi” mavzusida xalqaro konferensiya ham tashkil etildi.

    Tadbir avvalida islohotlar natijasida mamlakatimizda taʼlim sifati va qamrovini oshirish hamda rivojlantirish, kadrlar tayyorlash tizimining iqtisodiyot ehtiyojlariga moslashuvchanligini taʼminlash, ilmiy-innovatsion faoliyatni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish, mamlakatning innovatsion salohiyatini shakllantirish va yanada takomillashtirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish boʻyicha samarali mexanizmlar yaratilgani taʼkidlandi.

    Ibrohim ABDURAHMONOV, oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri:

    — Islohotlar natijasida taʼlim sifati va qulayligini oshirish, shuningdek, mamlakatimiz iqtisodiyoti ehtiyojlariga mos kadrlar tayyorlash borasida sezilarli yutuqlarga erishildi. Barcha sohada ilmiy-innovatsion faoliyatni qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish, shuningdek, mamlakatimiz innovatsion salohiyatini shakllantirish va yuksaltirishning samarali mexanizmlari ishlab chiqildi.

    Soʻnggi yillarda sezilarli natijalar qoʻlga kiritildi. Xususan, Oʻzbekiston Global innovatsion indeks reytingida 2015-yildagiga nisbatan 40 pogʻona koʻtarilib, 2022-yilda 82-oʻrinni egalladi. 2019–2022-yillarda oliy taʼlim muassasalari va ilmiy tashkilotlar tomonidan qiymati 40,4 million dollarlik 627 ta loyiha tijoriylashtirildi. 31,6 million dollarlik mahsulot ishlab chiqarildi. 23,6 million dollarlik mahsulot sotildi va 7 million dollarlik xizmat koʻrsatildi.

    Mamlakatimizda kreativ iqtisodiyotni shakllantirishda yangi ish oʻrni tashkil etishdan iqtisodiy qiymat (kapital) yaratishgacha boʻlgan “tarmoq-hudud-ilmiy/oliy taʼlim tashkilot” uzluksiz ekotizimini rivojlantirish maqsadida Innovatsion rivojlanish strategiyasi qabul qilindi. Unga asosan, 2030-yilga borib Oʻzbekistonni Global innovatsion indeks reytingida dunyo boʻyicha ilgʻor 30 mamlakat qatoriga kiritish belgilab berilgan.

    Bashir CHANBASHA, energetika va yangi materiallar sohasida xalqaro ekspert (Hindiston):

    — Taʼlim sohasida Oʻzbekistonning Global innovatsion indeksdagi oʻrnini yaxshilaydigan bir qancha aniq yoʻnalishlar mavjud. Bular OTMlarning reytingi, xalqaro akkreditatsiya, indekslangan jurnallarda nashrlar sonining koʻpayishi va bozor talablaridan kelib chiqqan holda yangi oʻquv dasturlarining joriy etilishidir.

    Koʻnikmalarga asoslangan ish oʻrinlarini yaratish va mehnat bozori ehtiyojini taʼminlash universitetlarning eng muhim vazifasidir. Ushbu muammolarni hal qilish universitetlar, sanoat korxonalari, siyosatchilar va tegishli manfaatdor tomonlarni jalb qilgan holda hamkorlikdagi yondashuvni talab qiladi.

    Tadqiqot va ishlanmalarni ommalashtirish jarayoni tadqiqotchilar, olimlar va institutlar oʻrtasida tadqiqot oʻtkazish, bilim almashish va innovatsion yechimlarni ishlab chiqishda global hamkorlikni anglatadi.

    Yerik AJULAY, “Nexus Innovation Hub and Incubator” direktori va asoschisi (AQSH):

    — Oʻzbekistonda koʻplab ilmiy tadqiqot institutlari va universitetlar mavjud. Ushbu tashkilotlar texnologiyalar transferini ragʻbatlantiradigan va osonlashtiradigan siyosatga tayanishi muhim. Innovatsiyalar va texnologiyalar bozorga chiqarilmasa, ulardan hech kimga foyda kelmaydi.

    Qoʻshma innovatsion loyihalar orqali davlat-xususiy sheriklikni ragʻbatlantirish har ikki tomonning boshqa tomon duch keladigan ehtiyoj va muammolarni tushunishi uchun ajoyib qadamdir.

    Oʻzbekiston yosh tadbirkorlarni qoʻllab quvvatlash maqsadida biznes inkubator va akseleratorlar yaratishi kerak. Qonun-qoidalarni soddalashtirish, byurokratik toʻsiqlarni kamaytirish, shuningdek, moliyaviy qoʻllab-quvvatlov va ragʻbatlantirish orqali mahalliy va xorijiy investorlarni jalb qilish, yangi gʻoyalar yordamida korxonalar yaratish mumkin. Bu Oʻzbekistonga salohiyatini toʻliq ishga solish, innovatsiyalar sohasida mintaqaviy yetakchiga aylanish, iqtisodiy oʻsishni ragʻbatlantirish imkonini beradi.

    Sardor DONAYEV, Toshkent davlat texnika universiteti prorektori, fizika-matematika fanlari doktori, professor:

    — Jamiyat taraqqiyoti amalga oshirilayotgan islohotlarning koʻlami va mantigʻiga bogʻliq. Taʼlim tizimidagi, jumladan, oliy taʼlimdagi islohotlar natijasida yuz bergan oʻzgarishlar ijtimoiy-siyosiy, huquqiy, iqtisodiy va maʼnaviy jihatdan katta tarixiy ahamiyatga ega. Islohotlar nafaqat mamlakatimizda katta ijobiy oʻzgarishlarga olib keldi, hatto xalqaro maydonda ham yurtimiz obroʻ-eʼtiborini koʻtardi.

    Taʼlim tizimini rivojlantirish pedagoglarning malakasi va jamiyatdagi nufuzini oshirish, yosh avlod maʼnaviyatini yuksaltirish, innovatsion taʼlim va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini taʼlimga joriy etishga jiddiy yondashish bilan birga, professor-oʻqituvchilar oyligini oshirish va ragʻbatlantirib borish zarurligini koʻrsatdi.

    Global va milliy darajadagi ijtimoiy-iqtisodiy omillar taʼsirida OTM boshqaruv tizimida transformatsion jarayon kuchayib bormoqda. Ushbu jarayon faqat boshqaruv tizimi bilan cheklanmasdan, OTMlarning barcha funksional yoʻnalishlarini qamrab olayotir. Shuni eʼtiborga olsak, bugun OTMlar faoliyatini tashkil etish modelida jiddiy oʻzgarishlar yuz bermoqda, degan xulosaga kelish mumkin. Oliy taʼlim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi asosida OTMda boshqaruvga oid yoʻnalishlarni takomillashtirish oliy taʼlim muassasalarini rivojlantirishga xizmat qiladi.

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri

    Risolat MADIYEVA tayyorladi.