Taraqqiyot tonggi

    Dunyodagi xalqlar, davlatlar rivojida yangi kunning boshlanishi hamisha fayzli va tarovatli.

    Subhidam... Zulmat pardalari asta-sekin surilib, olam yorug‘likka chulg‘ana boshlaydi. Osmonda oq kemalardek suzib yurgan parqu bulutlar orasidan asta yuz ochayotgan quyosh nurlari bora-bora yorqinlashib, butun olamni nurafshon etadi. Ona zamin uzra gilamdek to‘shalgan yashil maysalardan to gurkirab barq urayotgan, qushlarning chug‘uri tutib ketgan qadrdon bog‘lar, osmonga bo‘ylashib, yangi kunga ta’zim qilayotgan azim chinorlar, bag‘rida qizg‘aldoqlarni allalab, ufqqa qadar yastanib yotgan qir-adirlaru mag‘rur pahlavonlardek ko‘krak kerib turgan, sodiq do‘stning yelkasidek purviqor tog‘largacha shu oftobning nuridan bahra oladi. Zamindan o‘z rizqini terayotgan chumolidan tortib, insoniyatga qadar shu nurga, yorug‘likka intilib yashaydi. Yaproqlar yuziga qo‘ngan billur shudringlar ham quyosh jilosi oldida tomchilarga aylanib to‘kiladi, kunduz tantanasi oldida butun koinot bosh egadi.

    Tong otar. Lolarang ufqda ko‘zim,

    Sukut og‘ushida tin olar quyosh.

    Ushbu satrlarda ham O‘zbekiston Qahramoni, xalq shoiri Erkin Vohidov tongni eng nafis so‘zlar bilan tarannum etar ekan, ko‘z o‘ngimizda sukut og‘ushida tin olayotgan quyosh timsolida tinchlik sururi bilan xotirjam yashayotgan odamlar hayoti, sokin ko‘chalar, qadrdon mahallalar gavdalanadi.

    Ha, bizni qarshi olayotgan tongni olam, aslida, shunday muzaffarlik bilan kutib oladi. Qora tun changalida ziyo istab azoblangan koinot zimiston tutqunidan xalos bo‘lar ekan, yuzi anordek qizarib, quyoshdan la’l tus oladi va tabiat shirin entikadi.

    Nihoyat tabiat uyg‘ona boshlaydi. Yangi kunning yorlig‘i bo‘lgan subhidam elning o‘zidek toza, qalbidek tiniq buloqlar, kelinchak tabassumidek beg‘ubor, ulug‘lar duosidek muqaddas tuproq, ona kaftidek issiq maskanni ko‘zi qiyib tashlab ketolmay, uzoq turib qoladi. Bu diydor anglatadiki, bizning yurtga tonglaru subhidamlar zebu ziynatdek yarashadi.

    Biz ildizlari ming yillik sarchashmalardan obihayot simirgan, asrlar silsilasida toblanib, o‘z davrida dunyoga egalik qilgan, janglarda jasorat alangasini yoqqan, olovlarda yonib, qaqnus kabi o‘z kulidan qayta yaralgan, oriyati tog‘, bahodirlarga beshik tutgan, hurriyat tonglarini ming tun aro umidvor kutgan zamin farzandlarimiz. Har bir qorong‘i tundan oppoq tongni asragan, quyoshga yelka tutgan, navqiron va barhayot millatmiz! Qadriyatlarimiz, an’analarimiz, tariximiz, ma’naviy merosimiz, asliyatimizni avloddan avlodga bus-butun yetkazish mas’uliyatini olgan ildizlarmiz.

    Osuda osmon ostida otayotgan har tongiga, o‘tayotgan har kuniga shukrona qilib yashayotgan nuroniylarimiz, saharmardonni tandirdan chiqib, ikki yuzi shirmoydek qizarib, bir savat issiq non bilan qarshilayotgan onajonlarimiz, quyoshdan oldin turib, ko‘cha yuzini tongga sarishta ko‘rsatayotgan kelinlarimiz, qo‘li ko‘ksida “Assalomu alaykum”, deya millat tarbiyasini namoyon etayotgan yoshlarimiz, xalqimizning fayzga va mehrga to‘la dasturxoni — bularning barchasi yangi O‘zbekiston subhidamining go‘zal chizgilari.

    Mamlakatimiz uzra yangi tong, yangi davr nafasi taralishi, xalqimizning uzoq davom etgan qaramlik uyqusidan uyg‘onishi yurt osmonida munavvar tonglarning ota boshlaganidan darak bersa ham, aslida, oftobni berkitib turgan qora bulutlarning butkul tarqalishi uchun chorak asr vaqt ketdi. Bu davr mobaynida o‘rgimchak to‘ridek chirmagan qo‘rquv, berklik kabi devorlar parchalanib, o‘zbek xalqining ko‘ksiga nihoyat erk shabadasi tegdi.

    Ming shukrki, bugun mamlakatimizda yuritilayotgan oqilona siyosat sharofati bilan sururli kunlar, chinakam munavvar tong lazzati xalqimizga nasib qildi. Manglayimizda porlab turgan tole quyoshi bugun yo‘limizni yoritib, yorug‘ manzillarga chorlamoqda. Shu pallada O‘zbekiston Qahramoni, xalq shoiri Abdulla Oripovning quyidagi misralari shuurimizda asta pichirlaydi:

    Hoy oppoq tong, latofatli tong,

    Sen gulshanga gul bo‘lib qo‘nding.

    Darhaqiqat, bu gulshanga gul misoli yarashgan tong endi bog‘u bo‘ston bunyod etmoqda. Zero, bu tonglar shunchaki otgan tonglar emas, ular uchun minglab yuraklar tutilgan, millionlab umidlar tikilgan. Bu farahbaxsh kunlarga yetishni orzu qilgan, hurriyat tonglariga yetmoq uchun jonini tikkan jadidlar ham, aslida, shu subhidamlarning nasimlari, desak ayni haqiqat bo‘ladi.

    Qattol davrlar buhronini yorib chiqqan yangi hayot tongi, millat qalbini isitgan ma’rifat quyoshi, yorug‘ kunlarni jasorat bilan yetaklab kelganlar shu yurtning peshonasida yaraqlagan tole yulduzidir. Shu bois, elga xizmat qilish shu vatanga daxldor har bir insonning asosiy maqsadi, maslagiga aylandi.

    Bugun yurtning har qadamida o‘zgarish, yangilanish... Endi shu o‘zgarishlar to‘lqinida odamlarning o‘z kelajagiga, ertangi kuniga munosabati o‘zgardi, hayotga, unib-o‘sgan zaminiga muhabbati, jamiyatga e’tibori oshdi. Inson va uning manfaatlari oliy qadriyat ekanini qalban his etdik. Demakki, yangi Renessans ostonasida davr va makon, maqsad va burch, islohotlar va samara, yetakchi va yelkadoshlar birligi — yangi O‘zbekiston mafkurasida jamuljam bo‘ldi. Mana endi xalqimiz yorug‘ kunlar ichra yashamoqda va yashnamoqda. Ortga bir on nazar solar ekanmiz, nechog‘liq parvoz qilganimizni beixtiyor anglab, dildan shukronalar keltiramiz. Hayotimizda subhidam boshlandi.

    Bu tonglar qadriga yetish har birimizning insoniy burchimiz. Bu borada yoshlarimiz, ayniqsa, tashabbuskor bo‘lmog‘i lozim. Uchinchi Renessans bunyodkorlari bo‘lgan o‘g‘il-qizlarimiz shu mushohadalar orqali qalblari tug‘yonlanib, hayotda yuksak marralarga erishish uchun tinimsiz mehnat, qat’iyat va shijoat, fidoyilik, ilmu ma’rifat, sadoqat va yetuk tarbiyani jismu jonlariga mujassam etsa, quyosh eng pokiza subhidamlarni millatga baxshida qilaveradi, munavvar tonglar otaveradi...


    Bahodirjon SHЕRMUHAMMADOV,

    pedagogika fanlari doktori, professor



    Maqola "Yangi O‘zbekiston" gazetasining 103-sonida (2024-yil 28-may) chop etilgan.