Tarjimonlik mundarijasi: Har til bilgan mutarjim bo'lmas

    Bir tilni bilgan — bir odam, ikki tilni bilgan ikki odam, deyishadi. Shu maʼnoda, koʻngil tilining tilmochlari asarlarini ona tilimizda mutolaa qilish, ulardan maʼnaviy ozuqa olishda tarjimonlarning oʻrni beqiyos.

    Prezidentimizning 2017-yil 13-sentyabr kuni “Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targʻib qilish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar dasturi toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilingan. Qarorda jahon adabiyotining eng sara namunalarini ona tilimizga tarjima qilish, oʻzbek kitobxonlarini jahon soʻz sanʼati durdonalari bilan yanada keng tanishtirish, yosh avlodda bolalikdan boshlab kitob mutolaasiga ragʻbat uygʻotish vazifasi ham belgilangan. Xoʻsh, bugun ushbu vazifalar qay darajada bajarilmoqda, aynan badiiy tarjima sohasida ahvol qanday?

    Sohadagi yutuqlardan biri toʻgʻridan-toʻgʻri, yaʼni asliyatdan tarjima asarlarning koʻpayganidir. Bu uchinchi til orqali berilgan tasvirdan koʻra aniqligi va asl holidan uzoqlashmagani bilan ahamiyatli. Ayniqsa, sheʼriy asarlarda bu jihat juda muhim. Chunki sheʼriyatda soʻzning turfa tovlanishlari, sinonimik qatordagi eng xos birliklar oʻz aksini topadi va buni uchinchi til orqali mutolaa qilish asliyatdan qilingan tarjimachalik zavq bermaydi.

    Shu oʻrinda oʻzbek tarjimachiligining ulkan isteʼdod sohibi, tanqidchi Ibrohim Gʻafurovning “Tarjimada aniqlik kerakmasmi?” nomli maqolasidagi fikrlar yodga tushadi. Bunda atoqli adib Asqad Muxtorning oʻtgan asr 50-yillaridagi bir maqolasida bildirgan “Tarjimondan aniqlik talab qilmang. U chizmakash emas, rassom!” degan soʻzini toʻgʻri qabul qilish haqida fikr bildirib, shunday yozadi:

    “...Tarjimani ijodkorlik deb qarash undan aniqlik talab qilmaslik kerak ekanda, degan maʼno chiqarishga hech qachon asos bermaydi. Tarjimadan agar aniqlik, nazariya tili bilan aytganda, adekvatlik talab qilinmasa, bu tarjimonni butunlay notoʻgʻri yoʻnalishga olib kirib ketadi. Aniqlik talab qilmaslik tarjimada istagancha yoʻrgʻalashlar va “olib qochishlar”ga (ayniqsa, sheʼriy tarjimalarda) sabab boʻladi va yoʻl ochadi. Aniqlik har qanday tarjimaning bosh mezoni. Aniqlik boʻlgandagina ekvivalentlik va uning turlari ravshan tus oladi. Aniqlik bilan ekvivalentliklar bir-birlariga gʻoyatda nozik bogʻlanishlar bilan chirmashib ketadi…”.

    Darhaqiqat, aniqlik mezoni tarjima uchun gʻoyatda muhim. Asar bir tildan boshqa tilga oʻgirilar ekan, mutarjim ikki tilning ham maʼno nozikliklari, badiiy-ifodaviy xususiyatlaridan xabardor boʻlishi lozim. Sinonimik juftliklardagi qaysi soʻz asl matndagi jumlaning mohiyatini ochib bera olishida, kontekstdagi maqsaddan chalgʻimaslikda tarjimondan katta tajriba, bilim va sinchkovlik talab etiladi.

    Tarjimaga oid nazariy qonun-qoidalar XIX asrdan eʼtiboran ishlana boshladi. XX asrning yigirmanchi yillaridagina toʻla nazariya tusini oldi. Tarjima nazariyasi va tarjimashunoslik fan sohasi sifatida shakllandi va shu asrda juda shiddat bilan ravnaq topdi. Hozirga kelib, dunyoda tarjima nazariyasining lingvistika, sotsiolingvistika, kognitiv lingvistika bilan chambarchas bogʻlangan yoʻnalishlari rivojlanmoqda. Universitetlarda, ilmiy markazlarda qiziqarli tadqiqotlar olib borilmoqda. Biroq amaldagi jarayon bular sifatli tarjima asarlari uchun yetarli emasligini koʻrsatmoqda.

    Gohida Dostoyevskiy, Pushkin, Gyote, Balzak, Remark asarlarini ona tilimizda oʻqiganda ularning tarjima ekanini unutib qoʻyamiz, yaʼni ulardagi tekis va puxta jumlalar oʻgirmani asarning sifati haqida fikr bildirishdan koʻra mazmun, qahramonlar kechinmalari, badiiy niyat haqida oʻylashga yoʻl ochib beradi. Aslida ham oʻquvchi uchun matnning holatidan uning mazmun-mohiyati muhimroq boʻlishi kerak.

    Lavhasi oson, sarlavhasi sarson boʻlgan oʻgirma

    Ibrohim Gʻafurov Dostoyevskiy olamini, Markes falsafasini oʻzbek adabiyotiga mahorat bilan olib kirgan zabardast tarjimon ekani barchamizga maʼlum. Yaqinda Fyodor Dostoyevskiyning oʻzbek tilida “Ayrilmas er” deb nomlangan asari chop etildi. Asar aslida 1869-yilning kuzida yozib tugallangan hamda “Vechnыy muj” deb nomlangan boʻlib, unda er, xotin, jazman munosabatlari yoritilgan.

    – Oʻzbekcha “Ayrilmas er” deyilganda ham, ruscha “Vechnыy muj” deganda ham andak nozik kinoyalar hamda cheksiz, tuganmas oilaviy, insoniy, axloqiy fojialar tajassum etadi, – deydi Ibrohim Gʻafurov asar muqaddimasida tarjima haqida soʻz yuritar ekan. – Yozuvchi oʻz paytida nega aynan shunday nom tanlaganini tushuntirib ketmagan, garchi asarda aldangan er maʼnosi yoritilgan, ammo Yevropa adabiyotlarida aldangan er maʼnosi “Vechnыy muj”, yaʼni oʻzbekchaga toʻgʻridan-toʻgʻri “boqiy er” deb olinganda, bu adabiy anʼana tushunchalarimizda uchramagani uchun tub maʼno chiqarilishi qiyin. Asliyatda ham, tarjimada ham soxta bir ibora hosil boʻladi.

    Bu gʻaroyib asar tarjimasi uchun haqiqiy adekvat nom qidirish oson kechmaydi va tarjimonda vaqt oʻtishi bilan bir qancha oʻzbekcha variantlar paydo boʻladi. Biroq u nomlarning hech biri asarda bayon qilingan voqealar va koʻtarilgan masalalar, inson xarakterlari, qahramonlar tabiatiga toʻla mos kelmaydi.

    “Oxiri bizga “Ayolmand er” degan nom eng munosib boʻlib tuyildi. Ammo undan ham vaqt oʻtishi bilan toʻla qanoatlanolmadik. Keyin izlay-izlay “Umrboqiy er” degan nom xayolimizni egallab oldi. Unda asliyatga yaqin ajib bir badiiy kinoya maʼnosi zuhurlanmoqda edi. Ammo men asar oʻzbekchasini yakunlayotganimiz sari bu nom ham asar mundarijasi va mazmundorligini yetarli ifodalamayotganiga amin boʻldim”, deydi tarjimon.

    Shundan keyin ham I.Gʻafurov “Xushboq er”, “Doimiy er”, kabi bir qancha nomlar ustida oʻylanadi. Soʻnggi lahzalardagina xayoliga “Ayrilmas er” iborasi keladi va bu tarjima taqdirini belgilaydi. Garchi asliyatning baayni oʻzi boʻlmasa ham bu nomni oʻzbek oʻquvchisi tushunib, qabul qilishi va oʻziga yaqin olishi, anʼanalar ichiga tabiiy kirib borishi mumkin.

    Professional tarjimon ilhom kelishini kutmaydi, faqat...

    Taniqli ingliz shoiri va yozuvchisi, Amerika adabiyotida fantastik-detektiv janrga asos solgan ijodkor Edgar Poning 1827-yilda nashr etilgan “Temirbek” dostoni yaqinda internet tarmogʻida oʻzbek tilida ilk marta taqdim etildi. Doston shoir va tarjimon Faxriyor tomonidan asliyatdan oʻgirilgan. Dostonning ona tilimizga tarjima qilishdagi mashaqqatlar, jarayonda faqat oʻzga tilni bilishning oʻzi yetarlimi yoki bunda ham ilhom kelishini kutish, oʻsha shoir-yozuvchining “ruhiyatiga tushish” kerakmi, degan savollar bilan shoir Faxriyorga yuzlandik:

    — Yoʻq, oʻzga tilni bilishning oʻzi yetarli emas. Ijodkorning ruhiyatiga tushish, uslubini boshqa tildan oʻz tilingga koʻchirishdan qiyin ish yoʻq dunyoda, — deydi Faxriyor. — Professional tarjimon ilhom kelishini kutib oʻtirmaydi. Tajriba bilan koʻnikmasiga asoslanib, tarjima qilaveradi, faqat ishiga ijodkorona (kreativ) yondashishi shart, chunki bir tildan boshqasiga Google tarjimonga oʻxshab, soʻzma-soʻz tarjima — “kalka” qilishga uning haqqi yoʻq. Bir tildagi soʻz yoki ibora soʻzma-soʻz tarjima qilinganda, asar ruhini bermasligi mumkin.

    Biroq meni tashvishga solayotgani boshqa narsa. Bu sohada boshboshdoqlik bor. Har kim oʻzicha nimalarnidir tarjima qilib yotibdi. Tarjimonlar oʻrtasida muloqot, tajriba almashuv yoʻq. Bu, ayniqsa, darsliklar, turli fanlarga oid kitoblar tarjimasida bilinadi. Nazarimda, tarjimonlar uyushmasi tashkil etilib, turli konferensiyalar oʻtkazilib, ularda oʻqilgan maʼruzalar va boshqa materiallar alohida almanax, jurnal yoki kitob shaklida chop etilishi hamda ular har bir tarjimon qoʻliga yetib borishi kerak.

    Afsuski, bizda chetdan kirib kelayotgan atamalarni nazorat qiladigan, ularni muayyan tizim orqali standartlashtiradigan tashkilot yoʻq. Shu sabab ularni har kim bilganicha tarjima qilmoqda. Bu chalkashliklar odamni qiynaydi. Tarixda bir soʻzning boshqa maʼnosi bilan tarjima qilingan tashxis bemorlarning oʻlimiga sabab boʻlgan hollar uchraydi. Til aniqlikni, bitta atamani Eshmat ham, Toshmat ham bir xil tushunishini talab qiladi.

    Faxriyorning fikricha, eng qiyini — sheʼriy asarning ruhini bir tildan boshqasiga koʻchirish. Sheʼrdagi soʻz oʻyinlari, ohang, qochirim kabi unsurlarni boshqa tilga olib oʻtish deyarli imkonsiz — koʻpincha maʼno tarjima etiladi, qolgan narsalar esa unga qurbon qilinadi. Albatta, nasriy asarning ham ruhini baʼzan toʻliq tarjima qilib boʻlmaydi. U ham ogʻir mehnat, tajriba va qunt talab qiladi.

    Tarjimada, avvalo, asliyatdagi material bilan yaxshilab tanishib chiqish, uning mazmuni va uslubini aniqlab olish va shunga yarasha oʻz ona tilida uning adekvat variantini yaratish kerak boʻladi. Masalan, aniq fanlarga oid matnni badiiy tarjimaga oʻxshatib tarjima qila olmaysiz-ku.

    — Men Edgar Poning yoshligida yozgan “Temirbek” dostonini ustoz Mahmud Saʼdiyning iltimosi bilan inglizchadan oʻgirib bergan edim, — deydi Faxriyor. — Uni tarjima qilishda meni qiynagan jihat 17 yashar shoirning ingliz dramaturgi Metyu Lyuisning “Tatar Temur” dramasi asosidagi teatrda qoʻyilgan spektakldan ilhomlangani va u tarixiy faktlarni emas, oʻz hissiyotlarini yoki ikkalasini qorishtirib yuborib ifoda qilishga intilganidir. Bu yerda hissiyotlar bilan Amir Temur shaxsi haqidagi fikrlar qorishiq keladi. Shu sabab uning spektakldan ilhomlanib yozgan dostonida shoirning shaxsiy kechinmalari yoki Temur shaxsi haqida gap ketayotganini anglash mushkul boʻlib qoladi.

    Sara soʻz, birikma va iboralardan iborat yagona lugʻat boʻlishi kerak

    Tarjimada ham fursat tanlash yoki asar olamiga kirish hodisasi har bir ijodkorda har xil kechadi. Umumiy tarzda aytadigan boʻlsak, asl nusxa ruhiyatiga tushish holati maxsus tayyorgarlikni, tayyorgarlik esa maʼlum bir fursatni talab etadi. Qora mehnat bilan zavq orasidagi neytral masofaning, yaʼni oʻzga bir olam chegarasidan qonuniy yoʻl bilan oʻtish fursatining nechogʻlik uzun-qisqaligini belgilaydigan holat — ilhom injiq hodisa boʻlib, tashqi va ichki sezgilar kabi daʼvat etilmagan manzilga boradigan tuygʻular toifasidan emas...

    — Oltmish ming soʻz va birikmalardan qariyb uchdan bir qismi baynalmilal soʻzlardan iborat “Oʻzbek tilining izohli lugʻati” mazkur til “imkoniyatlaridan toʻliq foydalanish”ga izn bermaydi, — deydi shoir va tarjimon Odil Ikrom. — Menimcha, har bir tarjimonning mumtoz va zamonaviyga ajratmagan holda XI asrdan hozirga qadar qoʻllanilgan sara soʻz, birikma va iboralardan iborat yagona lugʻati boʻlishi kerak.

    Yosh tarjimonlar ishida soʻnggi paytlarda koʻzga koʻrinarli tarjimalarni koʻryapmiz: Nodirabegim Ibrohimovaning Yozuvchilar uyushmasining “Eng yaxshi kitob” tanlovida mukofotga loyiq topilgan “Dunyolar jangi” (Gerbert Uells) romani, shuningdek, “Shaxsiy xona” (Virjiniya Vulf) asari, Mirzohid Muzaffarning “Azizim Poʻrtaxol” (Joze Mauro Vaskonselos) romani, “Bepusht zamin” (Tomas Sternz Eliot) dostoni, “Nyu-York trilogiyasi” (Pol Oster), “Kirka” (Madlen Miller), “Oʻlik shoirlar jamiyati” (Nensi Kleynbaum), “Rangin qushcha” (Yeji Kosinskiy) asarlari, “Taxtlar oʻyini” (Jorj R.R.Martin) epopeyasi, “Shamollar ismi” (Patrik Rozfuss) fantastik romani, Shohrux Usmonovning “Devonaning rivoyatlari”, “Darbadar”, Qum va koʻpik” (Xalil Jubron) asarlari, “Uzunpaypoq Peppi”, “Peppi sayohatga otlandi” (Astrid Lindgren) qissalari, “Jeyms va ulkan shaftoli” (Roald Dal) asari shular jumlasidan.

    Shuningdek, ustoz tarjimon hozirgi kunda Qandilat Yusupova, Alisher Fayzullayev, Sojida Samandarovalarning ingliz, Alisher Sabriy, Bashorat Otajonova, Shohroʻz Moʻminzoda, Iroda Rahmonaliyevalarning fors-tojik, Muslimbek Musallamning turk, Rahmat Bobojonning ozar, Feruz Neʼmatullayevning rus tilidan qilgan tarjimalarini bu sohadagi ijobiy hodisa sifatida eʼtirof etadi.

    — Ilgari jahon tillari boʻyicha yetuk mutaxassislardan iborat Tarjima va adabiy aloqalar markazi mustaqil faoliyat yuritardi, — deydi Odil Ikrom. — Qolaversa, har bir nashriyot va matbuotda ustoz maqomidagi malakali xodimlar ishlardi, har qanday tarjimani asliyat bilan solishtiradigan maktablar mavjud edi. Endi esa aksariyat nashriyot, matbuot xodimlari imloviy xatolar qidirishdan nariga oʻtolmaydi. Turk, ingliz, rus, ozar, fors-tojik tilidan bevosita tarjima qiladigan uka-singillarimiz Tohir Qahhor, Faxriyor, Karim Bahriyev, Mirzali Akbarov, Olimjon Davlatov kabi ustoz tarjimonlar atrofida birlashsalar, ular amalga oshirgan va oshiradigan tarjimalar tarmoqlarda lahza sayin aks etayotgan xilma-xil koʻrinishdagi suvratlari kabi goʻzal va benuqson boʻlishiga ishonaman.

    Ustozlarning sohadagi fikr-mulohazalari yoshlar uchun juda muhim. Ular tomonidan yillar mobaynida toʻplangan tajriba va misollar keyingi avlod uchun dasturilamal boʻlishi shubhasiz. Tarozining pallasini tenglashtirish maqsadida jarayonda faol boʻlgan yoshlarga ham quloq tutib, ularning bugungi kundagi tarjima faoliyati va fikrlari bilan qiziqdik.

    Uning qora mehnatiga hammayam chidamaydi

    — Ijodkor uchun tarjimachilik katta mahorat maktabi vazifasini oʻtaydi, — deydi yozuvchi, tarjimon Nodirabegim Ibrohimova. — Tarjimonlik menga nasrda qalam tebratishimga turtki boʻlgan, boshqa yozuvchilarning uslubini tanishtirgan, soʻz bilan ishlashni oʻrgatgan, sabr-toqatni shakllantirgan, ijoddan zavq olishga imkon bergan. Men uchun oʻz asarlarimni yozishdan koʻra, albatta tarjima jarayoni osonroq — muallifning gʻoyasi izidan borasan, syujet aniq, yakun maʼlum, oʻz tilingni va chet tilini yaxshi bilsang, maroq bilan ishlaysan.

    Kitob tarjimon tanlaydi. N.Ibrohimova ham oʻziga mos yozuvchilarni izlaydi, qalban yaqinlik sezsa, tarjimaga kirishadi. Ayrim buyurtmalarni ruhiyatiga tusholmagani uchun rad etadi. Bugungi kunda uning tarjima kitoblari soni oʻntaga yetib qoldi.

    — Tarjima uchun ilhom kutmayman, bu kundalik koʻnikmaga aylangan — har kuni bir necha soat vaqtimni tarjimaga bagʻishlayman. Boshqa tarjimonlarning ham ishlarini kuzatib boraman. Bu soha oʻtgan yillardan koʻra rivojlanyapti, nashriyotlarning doimiy oʻz tarjimonlar jamoasi bor, kitobxon ham yangi asar chiqsa, tarjimoni kim ekaniga qiziqa boshlayapti. Tarjimonlarni oʻquvchiga tanishtirib borish kerak deb oʻylayman. Ular boʻlmasa qanchadan-qancha jahon adabiyoti durdonalarini oʻqishdan bebahra qolardik. Tarjimaning qora mehnatiga hammayam chidamaydi, faqat shu sohani sevgan, rohatlangan fidoyi insonlargina oxirigacha boradi, — deydi N.Ibrohimova.

    Bolalar asarining mukofot puli ham bolalarga sarflandi

    — Ochigʻini aytsam, hozir bizda tarjima maktabi bormikan deb oʻylanaman, — deydi yosh tarjimon Shohrux Usmonov. — Men ham, boshqa tarjimon tengdoshlarim ham, asosan, oʻzimiz oʻqib, asarlar tarjimasi va asliyatini solishtirib, ustozlardan maslahat olib turamiz. Shu maktab sanalsa, demak, maktab bor. Ammo rivojlanish hozircha juda koʻzga koʻrinayotgani yoʻq.

    “Uzunpaypoq Peppi”ning dunyoga kelishiga ham, oʻzbek tiliga oʻgirilishiga ham bolalar sababchi. Astrid Lindgrenga ushbu asarni yozishga qizi ilhom bergan boʻlsa, mening tarjimamga ikki oʻquvchim ​​— Zabarjad va Ibodulla degan bolajonlar asosiy turtki boʻlgan. Qizigʻi, bu asarning oʻtgan yili eʼlon qilingan “Bolalar uchun eng yaxshi asar” tanlovida “Eng yaxshi tarjima” nominatsiyasini olishi ham kutilmagan hodisa boʻldi. Oʻsha kuni men shunchaki tomosha uchun tadbirga borgan edim. Mukofot pulini ham bolajonlarga sarflashni niyat qilib, tanlovga nashriyot nomidan qatnashgan edik.

    Qiyinchiligi boʻlmasa, hamma tarjimon boʻlib ketardi. Tarjimonlar pragmatik, stilistik, sintaktik muammolar bilan birga soʻz tanlash bilan bogʻliq qiyinchilikka duch keladi. Baʼzida biz kundalik hayotda deyarli ishlatmaydigan, ishlatsak ham oʻzbekcha atamaydigan narsa-buyumlar otlari uchraydiki, bu soʻz oʻzbekchada boʻlmasa kerak, deb oʻylaysiz.

    — Bir gal tarjima qilayotgan asarimda sharbat solinadigan idish nomi uchradi, — deydi Sh.Usmonov. — Grafin desam, oʻzbekcha emas, idish desam, bu oʻta ketgan umumlashtirish boʻladi... Axiyri, bir kuni muzeyga yoʻlim tushdiyu, “tuncha” degan idish borligini bildim, shakli va ishlatilish maqsadiga koʻra ayni men xohlayotgan soʻzga yaqin ekanidan xursand boʻlib ketdim.

    Nega meni qilding tarjima?!

    Tarjima ham xuddi ijod kabi mashaqqatli ish, masʼuliyatli jarayon. Unda ham shoir-yozuvchi singari yurakdagi hisni ifodalash uchun necha kunlab muvofiq soʻzni izlashga, kutishga toʻgʻri keladi. Har bir yozma asar alohida sanʼat, shuning uchun tarjimada shoirga xos ijodiy ifodalarni saqlash muhim.

    Gohida yangidan nashr etilgan kitoblarni oʻqib, odamning tili gʻalizliklarga “toʻqnashib” ketadi. Baʼzi tarjimonlarning tarjima ijodiy jarayon ekaniga haddan tashqari urgʻu berib, asl matndan uzoqlashib, noaniq, mujmal jumlalarni qalashtirib tashlashi ham bor gap.

    Oʻzbekiston Qahramoni, Xalq shoiri Erkin Vohidovning shunday misralari bor:

    Oy oʻrtanar, koʻzlarida yosh,

    Koʻksi dogʻu yuragi qiyma.

    Der: “Ey falak, men edim quyosh,

    Nega meni qilding tarjima?!”

    Sheʼrda oy aslida quyosh ekanini iddao qilib, nega meni aslim kabi koʻrsatmading, deb osmondan ranjimoqda. Bugun chet elda mashhur boʻlgan, gʻoyaviy-badiiy jihatdan mukammal, millionlab oʻquvchisiga ega shunday asarlar borki, tarjimonidan xafa: ular ham aslim kabi namoyon eta olmas ekansan, nega meni tarjima qilding, deyayotgandek goʻyo.

    Istagimiz — sohaga shiddat bilan kirib kelayotgan yoshlar ustozlar etagidan tutib, bu yoʻnalishning sir-asrorlarini puxta egallasin. Oʻzbek kitobxonlari qoʻlida dunyoqarashni kengaytiradigan, fikrlashga oʻrgatadigan yaxshi tarjima asarlar koʻpaysin.

    Rashid XOʻJAMOV,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri