2021-yil 26-yanvar kuni Prezidentimiz raisligida “Mahallabay” ishlash bo'yicha yangi tizimni tashkil etish va kambag'allikni qisqartirish bo'yicha o'tkazilgan yig'ilishda barcha idoralar rahbarlari qatori iqtisodiy kompleks vakillari ham mahallaga tushib, vertikal tizimni, barcha organlar faoliyatini o'zaro muvofiq yo'lga qo'yishi yuzasidan vazifalar belgilab berdi.
— Bu vazifalar ijrosini ta'minlash yo'llarini muhokama qilar ekanmiz, ayrimlar ko'nglidan “biz makroiqtisodiyot bilan shug'ullansak, mahalla masalasiga qanday daxlimiz bo'lsin”, degan fikrlar kechgani ham bor gap, —deydi Moliya vaziri Timur Ishmetov. — To'g'risi, u vazir, xox bank, xox uyushma rahbari bo'lsin, mahallalar hayoti bilan yaqindan tanishgandan keyin muammolar qanchalik ko'pligini, ularning kattayu kichigi bo'lmasligini anglab yetadi. Hammasi muhim. Har biri insonlar hayotiga bevosita ta'sir qiladi.
Mahallalardagi haqiqiy holatni kabinetda o'tirib emas, joylarning o'zida bilish ajratilayotgan mablag'lar samaradorligi va nazoratini yo'lga qo'yishda ham qo'l keladi. Misol uchun o'tgan yili birgina “Obod qishloq” va “Obod mahalla” jamg'armalariga respublika byudjetidan jami 1 trillion so'mgacha mablag' yo'naltirildi...
Portal orqali olingan takliflar moliyalashtiriladi
2018-yilda davlatimiz rahbarining “Byudjet ma'lumotlarining ochiqligini va byudjet jarayonida fuqarolarning faol ishtirokini ta'minlash chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori e'lon qilingan edi. Unga asosan, Moliya vazirligi Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot dasturi bilan hamkorlikda 2019-yildan “Fuqarolar uchun byudjet” axborot davriy nashrini chop eta boshladi. Ushbu nashr tufayli O'zbekiston o'z aholisiga davlat moliyasi, Davlat byudjeti mablag'larini shakllantirish manbalari va sarflash yo'nalishlari to'g'risidagi axborotni qulay, tushunarli shaklda taqdim etadigan jahonning 100 ta mamlakat safiga qo'shildi. Ma'lumot o'rnida aytish mumkinki, bugungi kunga qadar jami 14 ta “Fuqarolar uchun byudjet” nashri chop etildi.
Bundan tashqari, Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamg'armalari byudjetlari, ularning ijrosi to'g'risidagi hisobotlar, soliq va byudjet siyosatining asosiy yo'nalishlari loyihalari, shuningdek, Hisob palatasining xulosalari va shu kabi boshqa ma'lumotlarni o'zida mujassam etgan “Ochiq byudjet” axborot portali ishga tushirildi.
Portal orqali fuqarolar nafaqat byudjet ma'lumotlari bilan tanishib borishlari, balki bu jarayonda bevosita ishtirok etgan holda, o'zlarini qiynab kelayotgan masalalarni hal qilish uchun tegishli mablag'larni talab qilish imkoniyati yaratildi. Har bir tuman yoki shaharga hudud aholisi taklif qilgan muammolarni 2019-2020-yillar davomida o'tkazilgan tashabbusli byudjet jarayonlarida fuqarolar tomonidan jami 230 mingga yaqin taklif va ovozlar bildirilib, buning natijasida jami 245,1 milliard so'm mablag'lar joylarda aholini qiynab kelayotgan muammolarni hal qilish uchun yo'naltirildi.
Prezidentimizning 2021-yil 13-apreldagi “Byudjet jarayonida fuqarolarning faol ishtirokini ta'minlash bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi qarori bilan esa, bu boradagi mexanizm yanada takomillashtirildi. Xususan, aholini keng jalb qilish, joylarda ularni qiynab kelayotgan muammolarni aynan o'zlarining tashabbuslari asosida echimini topish imkoniyatini yaratish maqsadida joriy yildan tuman va shahar byudjetlari xarajatlarining 5 foizi bevosita fuqarolar tomonidan bildirilgan tadbirlarga yo'naltirilishi belgilab qo'yildi.
Jamoatchilik fikri asosida shakllangan tadbirlarni moliyalashtirishga yo'naltirish uchun 2021-yildan har bir xududdan bittadan 14 ta tuman va shahar tajriba tariqasida tanlab olindi. Ularga 3 milliardan 10 milliard so'mgacha, jami 92,7 milliard so'm mablag' yo'naltirildi.
— Bu mablag'lar katta loyihalarni moliyalashtirishni ko'zda tutmaydi, — deydi moliya vaziri Temur Ishmetov — Aytaylik, bir mahallada bolalar bog'chasini yoki maktabni ta'mirlash zarur bo'lsa, boshqasida ko'chani obodonlashtirish muhim. Yoki yana birida elektr energiyasi tarmog'ini yaxshilash zarur. Davlat byudjetini shakllantirishda bunday muammolarninng barchasini e'tiborga olish mushkul. Lekin muayyan platforma orqali odamlar uchun joylardagi og'ir masala zarurlik darajasiga qarab yechim topishi mumkin.
Prezidentimiz qaroriga binoan, joylarda fuqarolarni qiynab kelayotgan muammolarni aynan o'zlarining tashabbuslari asosida echimini topish imkoniyatini yaratish maqsadlariga ajratilayotgan qo'shimcha daromadlarning eng kam miqdori 10 foizdan 30 foizga ko'tarildi. Fuqarolarning portalda takliflar bilan ishtirok etishi bir yilda ikki marta amalga oshiriladi. Ular tomonidan muayyan taklif ilgari surilar ekan, u jamoatchilikka ochiq taqdim etiladi. Loyihaga omma tomonidan ovoz beriladi. Har bir hududda eng ko'p ovoz to'plagan takliflar g'olib deb topiladi va loyihalar berilgan ovozlar sonidan kelib chiqib saralanadi, moliyalashtiriladi. Jarayonda voyaga etgan har bir fuqaro ishtirok etishi mumkin.
Eng tashabbuskor viloyat
Uchko'prik tumanidagi “Kenagas” mahalla fuqarolar yig'inidagi Kichik qashqar qishlog'ida bir kilometrdan ortiq ichki yo'llarni asfaltlash, suv minorasi o'rnatib berish yuzasidan bildirgan takliflari bir necha yildirki mablag' yetishmasligi bois yechimini kutib kelardi. Qishloqda 400 dan oriq xonadon egalari ichimlik suvini 1 kilometr masofadan tashib kelishga majbur edi. Jazirama issik kunlarida suv ta'minotida yuzaga kelgan uzulishlar aholining haqli e'tirozlariga sabab bo'lib kelgan.
Shu mahallada umrguzaronlik qilayotgan Muxtor Rahmatovning mavjud masalalar yuzasidan bildirgan taklifi “Ochiq byudjet” portalida eng ko'p ovoz yig'ib umumiy qiymati 233 million so'mlik loyihani amalga oshirish ishlari boshlab yuborildi.
Dang'ara tumanidagi “Uvaysiy” MFY Do'stlik ko'chasida yashovchi Mansurjon Rasulovning aholi xonadonlarini kanalizatsiya tarmog'iga ulash, ko'chaning bir qismini asfal`tlash borasidagi bildirgan taklifi ham “Ochiq byudjet” portalida ko'p ovoz to'pladi.
—Aholi kundalik hayot tarzi uchun muhim bo'lgan masalalar echimiga yuqoridan emas, balki quyi tizimdan bildirilgan takliflar asosida mablag' ajratilayotgani ko'plab masalalar echimida qo'l kelmoqda, — deydi Quvasoy shahar “Qo'chqorchi” mahalla fuqarolar yig'inida yashovchi Iqboljon Tursunov. — Mahallamizdagi Zakovat ko'chasi chorak asrdirki ta'mirlanmagan. Mavjud masalalar yuzasidan umumiy qiymati 562 million so'm bo'lgan taklifimni “Ochiq byudjet” portaliga joyladim. 884 ta ovoz to'plagan xolda g'olib bo'lib, kerakli mablag'lar ajratilgani ayni muddao bo'ldi.
So'x tumani fuqarosi Gulxan Mamajonov tomonidan “Chashma” MFY ni tabiy gaz bilan ta'minlash mazmunidagi qiymati 950 million so'mlik taklif joylashtirilgan. Ushbu taklif 241 ta ovoz to'plagan holda g'olib deb topilgan va moliyalashtirish uchun “Fuqarolar tashabbusi jamg'armasi”dan kerakli mablag' ajratildi.
— Endilikda mahalliy byudjet mablag'larini yo'naltirishda har bir soliq to'lovchi o'z takliflari bilan ishtirok etishi mumkin, — deydi Farg'ona viloyati moliya boshqarmasi boshlig'i Zafarjon Ro'zaliyev. — Prezidentimizning 2021-yil 13-apreldagi “Byudjet jarayonida fuqarolarning faol ishtirokini ta'minlash bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi qaroriga asosan, viloyatimizda ilk bor tuman va shaharlarda tasdiqlangan byudjetning 5 foiziga teng miqdoridagi mablag' jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarni moliyalashtirishga yo'naltirilmoqda. Bu mablag'lar hokimliklar qoshida byudjetdan tashqari jamg'arma shaklida ochilgan”Fuqarolar tashabbusi jamg'armasi” shaxsiy g'azna hisob raqamlarida jamlanadi. Jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarni moliyalashtirish to'g'risidagi ma'lumotlar har chorak yakuni bo'yicha keyingi oyning 25 sanasidan kechiktirmay o'zlarining rasmiy veb-saytlariga va “Ochiq byudjet” portaliga joylashtiradi.
2021-yil 1-iyuldan boshlab jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarni moliyalashtirishga ajratiladigan tuman (shahar)lar byudjetlari qo'shimcha mablag'larining eng kam miqdori 10 foizdan 30 foizga oshirildi. Shu munosabat bilan viloyatda ilk bora jamoatchilik fikri asosida shakllangan tadbirlarni moliyalashtirish maqsadida “Tashabbusli byudjet” jarayoni o'tkazildi. Quvonarlisi bu jarayon birinchi marta o'tkazilishiga qaramasdan viloyatimizning 221 ming 226 nafar fuqarosi ovoz berishda ishtirok etdi va respublikada eng yuqori ko'rsatkich qayd etildi.
Aholi turmush tarzi uchun muhim bo'lgan madaniy- maishiy sharoitlarni yaxshilash uchun byudjet mablag'lari ajaratishda aholining bevosita ishtirok etayogani byudjet mablag'larini sarflanishida jamoatchilik nazorati o'rnatilayotgani quvonarli hol, albatta.
Farg'ona viloyatida 2021-yilda ilk bor jamoatchilik fikri asosida “Fuqarolarning tashabbusi jamg'arma”larida 37 milliard 735 million so'm mablag' shakllantirildi. Birinchi bosqichda — 1-31-iyul kunlari taklif berish istagida bo'lgan fuqarolar o'zlari yashayotgan hududdagi muammolarni bartaraf etish bo'yicha 3 ming 501 ta taklifi “Ochiq byujdet” axborot portaliga joylashtirildi. Ikkinchi bosqichda — birgina Farg'ona shahrida ushbu jarayonda 66 ming 195 nafar fuqaro ovoz berdi va fuqarolar ishtiroki bo'yicha eng yuqori natija qayd etildi.
1—12-avgustiga qadar tuman (shahar) lardagi jamoatchilik fikri asosida tadbirlarni shakllantirish, baholash, tanlab olish, ijrosini monitoring qilish Ishchi komissiyasi tomonidan belgilangan nizom talablariga asosan 1 ming 844 tasi ovozga berish jarayoniga o'tkazilgan.
Uchinchi bosqich doirasida 2021-yil, 13-avgustdan 2-sentyabr kunlari eng ko'p ovoz to'plagan 145 ta taklif ”Ochiq byudjet” axborot portali tomonidan inson omilisiz to'g'ridan-to'g'ri g'olib deb topildi.
“Tashabbusli byudjet” jarayoni natijalariga ko'ra, eng ko'p ovoz to'plagan va g'olib bo'lgan umumiy qiymati 39 milliard 351 million so'mlik — 145 ta taklifni moliyalashtirish maqsadida tuman (shahar ) ishchi komissiyasi tomonidan manzilli ro'yxati shakllantirildi. Ana shu takliflarga asosan mablag'lar umumta'lim maktablari, maktabgacha ta'lim, sog'liqni saqlash, sport muassasalarini ta'mirlash va moddiy-texnika bazasini rivojlantirish, ichki yo'llar (piyodalar yo'lakchasi, yo'l o'tkazgichlar) ta'mirlash, ichimlik va oqova suv ta'minotini yaxshilash, obodonlashtirish va ko'kalamzorlashtirish, bolalar maydonchalarini (o'yingohlarini) barpo etish yoki ta'mirlash va qonun xujjatlari bilan belgilangan mezonlarga muvofiq boshqa tadbirlar bo'yicha takliflari g'olib deb tanlab olindi.
Shu kunga qadar fuqarolar tomonidan ilgari surilgan tashabbuslarda ko'tarilgan muammolarni bartaraf etish uchun pudratchi tashkilotlarga 35 milliard 674,8 million so'm mablag'lar o'tkazib berildi hamda mazkur mablag'lar doirasida 34 milliardan ortiq amaliy ishlar bajarildi.
Dolzarb muammolar hal etiladi
O'tgan yil ikkinchi yarmidan Davlat byudjeti ma'lumotlarining ochiqligini ta'minlash hamda byudjet jarayonlariga fuqarolarni keng jalb qilish maqsadida Moliya vazirligi tomonidan openbudget.uz — “Ochiq byudjet” axborot portali yangi tahrirda ishga tushirildi.
Bu borada jamoatchilik fikri asosida tadbirlarni shakllantirishda keng jamoatchilik jalb qilindi, byudjet jarayonida fuqarolar ishtiroki rivojlantirildi, shuningdek, byudjetlashtirish sohasida mahalliy va xalqaro tajriba bilan doimiy tanishtiruvlar olib borildi. O'z navbatida, byudjet jarayonining ochiqligi va shaffofligini ta'minlash bo'yicha o'tkazilgan tadbir natijalari xususida ma'lumotlar rasmiy veb-saytlarda joylashtirib borildi, ommaviy axborot vositalarida e'lon qilindi.
—Ta'kidlash joiz, tashabbusli byudjet jarayoni joriy yilda ilk marotaba uch bosqichda o'tkazildi, — deydi Moliya vaziri Timur Ishmetov. — Mazkur jarayonda 41 mingdan ortiq takliflar kelib tushgan bo'lsa, ushbu takliflarni yoqlab 1,1 million aholi ovoz berishda ishtirok etdi.
Kelib tushgan dolzarb takliflarni moliyalashtirish maqsadida respublika byudjeti hisobidan jami 210,1 milliard so'm mablag'lar tegishli mahalliy byudjetlarga yo'naltirildi. Bundan tashqari, tuman (shahar) byudjetlari qo'shimcha manbalarining bir qismi hisobidan hozirgi paytga kelib 311,1 milliard so'm mablag'lar “Fuqarolar tashabbusi jamg'arma”lariga yo'naltirildi.
Ajratilgan mablag'lar doirasida ovoz berish jarayoni yakunlariga ko'ra, 1 594 ta (dastlabki hisob-kitoblarga ko'ra, amalga oshirishning umumiy qiymati 407,1 milliard so'm) takliflar “g'olib” deb topilib, davlat xaridlari tamoyillari asosida aniqlangan pudratchilar tomonidan tegishli ishlar olib borilmoqda.
Ulardan belgilangan tartibda foydalanish ustidan jamoatchilik nazoratini o'rnatish hamda fuqarolar tomonidan “g'olib” deb topilgan takliflarni amalga oshirish bosqichlarini bevosita kuzatib borishni ta'minlash maqsadida tashabbusli byudjet jarayoni bilan bog'liq moliyaviy operatsiyalarni fuqarolar uchun kuzatib borish imkoniyati yaratildi. Bundan tashqari, fuqarolar tomonidan kelib tushgan takliflarning aksariyat qismi joylarda ichki yo'llarni ta'mirlash va rekonstruktsiya qilish bilan bog'liq tadbirlardan iborat ekanligi ham ushbu sohada etarlicha muammolar mavjudligidan dalolat bermoqda.
Shu munosabat bilan, 2022-yildan boshlab tuman (shahar) byudjetidan ichki yo'llarni ta'mirlash uchun ajratiladigan mablag'larning 50 foizini jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan loyihalarga yo'naltirilishi bo'yicha yangi tartib joriy etilmoqda. Aynan shu maqsadda 145 milliard so'm ajratish rejalashtirilmoqda. Natijada, joylarda yo'llarni ta'mirlash uchun rejalashtirilgan mablag'larning teng yarmi aynan fuqarolar tomonidan bildirilgan eng dolzarb deb topilgan muammoli yo'llarni ta'mirlashga yo'naltiriladi.
O'tgan yili o'tkazilgan ovoz berish jarayonlarida fuqarolarni keng jalb qilish maqsadida joylarda mahallabay ishlar tashkil etilib, “ovoz berish yarmarkalari” tashkil etildi. Bu orqali fuqarolarga portaldan foydalanish uchun amaliy yordam ko'rsatilib, ularning mazmun-mohiyati to'g'risida tushunchalar berildi. Ushbu ishlarning davomi sifatida, endilikda har bir mahalla va ovulda “Ochiq byudjet” axborot portalida taklif qoldirish va ovoz berish jarayoniga ko'maklashuvchi “mobil” guruhlar hamda “tashabbuskorlar burchagi” tashkil etiladi.
Shuningdek, Moliya vazirligiga endilikda fuqarolarning byudjet jarayoniga jalb etish darajasi bo'yicha hududlar reytingini joriy etish hamda xalqaro moliya institutlarini jalb qilgan holda tashabbusli byudjetlashtirish jarayonini takomillashtirish bo'yicha takliflar tayyorlashi vazifasi yuklatilib, ushbu maqsadda 19 ta banddan iborat “Yo'l xaritasi” tasdiqlandi.
“2022-yil uchun O'zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to'g'risida”gi qonuniga muvofiq, 2022-yilda jamoatchilik fikri asosida shakllangan tadbirlarni moliyalashtirish maqsadida tuman va shahar byudjetlarining 5 foizi miqdorida jami 1,5 trillion so'm mablag'lar yo'naltirilishi rejalashtirilgan. Ushbu mablag'lar doirasida fuqarolar tomonidan bildirilgan 3 mingdan ortiq dolzarb muammolar hal etilishiga erishish kutilmoqda.
Joriy yilda tashabbusli byudjet jarayonlari ikki marotaba — fevral hamda iyul oylarida o'tkazilishi rejalashtirilgan. Mazkur jarayonlarda fuqarolarning faol ishtirok etishi o'z hududlaridagi mavjud dolzarb muammolarni bartaraf etilishida hamda byudjet mablag'larini to'g'ri taqsimlanishida o'z hissalarini qo'shishlariga keng imkoniyatlar yaratadi.
Abdurauf QORJOVOV,
Rasuljon KAMOLOV,
“Yangi O'zbekiston” muxbirlari