Taʼtilda ham oʻqigan yoshlar

    Buyuk Britaniyaga ta’lim sayohatiga jo‘nab ketdi

    Jahon hamjamiyatiga integratsiya jarayonida, dunyo mehnat bozoriga dadil va faol kirib borilayotgan pallada xorijiy tillar bo‘yicha bilim va ko‘nikmaga ega bo‘lishni davrning o‘zi taqozo etayotir. shu bois, bugungi kunda ona tili qatorida bir necha chet tillarni bilish zarurati yuzaga kelayotgani tabiiy hol.

    Xorijiy tillarni o‘rgatishni ta’lim siyosatining ustuvor yo‘nalishi sifatida rivojlantirishga qaratilgan ushbu e’tibor zamirida dunyo mehnat bozorida raqobatbardosh, har tomonlama yetuk kadrlar tayyorlashdek ezgu maqsad ifodasini topgan. Prezident sovrini uchun “Xorijiy tillarni o‘qitish bo‘yicha eng yaxshi maktab” tanlovi tashkil etilgani ana shu ezgu maqsad ro‘yobi yo‘lidagi xayrli tadbirlardan biri.

    Joriy yilda tanlovning tuman (shahar) bosqichida 34 ming 375 o‘quvchi (6 ming 885 ta maktabdan) ishtirok etgan. Qatnashchilarning 32 ming 505 nafari ingliz, 1015 nafari nemis, 905 nafari fransuz tili bo‘yicha bilim va ko‘nikmasini namoyon etdi.

    Birinchi bosqich yakuniga ko‘ra, 208 ta maktab tanlovning ikkinchi bosqichiga tavsiya etildi. Bellashuvlarda xorijiy tilni bilish darajasini aniqlashga qaratilgan topshiriqlar umumta’lim maktablarining 7-9-sinf o‘quvchilari uchun mo‘ljallangan. Test topshiriqlari ishtirokchilarning muloqot ko‘nikmalarini bosqichma-bosqich rivojlantirishga xizmat qildi.

    Musobaqaning respublika bosqichida har bir hududdan bittadan, jami 14 maktab va 70 o‘quvchi ishtirok etdi. Ushbu bosqichda Buyuk Britaniyaning “Cambridge Assessment English” tashkilotiga tegishli “Linguaskill” xalqaro testi vositasida ishtirokchilarning tinglab tushunish, yozish, so‘zlashish va o‘qish ko‘nikmalari sinovdan o‘tkazildi. Kuni kecha ishtirokchi 70 o‘quvchi 14 ustozi bilan Buyuk Britaniyaga ta’lim sayohatiga jo‘nab ketdi.

    — “Yangi O‘zbekiston maktab ostonasidan boshlanadi” konseptual g‘oyasini amalda tatbiq etish uchun barcha normativ-huquqiy hujjatlar va kerakli shart-sharoitlar yaratildi, — deydi maktabgacha va maktab ta’limi vaziri maslahatchisi Azizbek Turdiyev. — “Xorijiy tillarni o‘qitish bo‘yicha eng yaxshi maktab” ana shunday ezgu sa’y-harakatlarga misoldir. Har yili mana shu tanlov ishtirokchilari Buyuk Britaniyaga ta’lim sayohatiga yuboriladi. Ular xorijlik tengdoshlari bilan suhbatlashadi, u yerdagi ta’lim tizimi bilan tanishadi. Bu an’ana bizga ajdodlarimizdan meros. Abu Ali ibn Sino, Muhammad Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Abu Rayhon Beruniy kabi buyuk allomalar ham o‘z davrida yurt kezgan, ilm o‘rgangan. Jadidlar xorijiy tillarni o‘rganishning ahamiyati katta ekanini ta’kidlab, shogirdlarini til o‘rganishga, dunyo ko‘rishga, jahon ilmu ma’rifatini o‘zlashtirishga undagan. Dastlabki Renessanslarga poydevor bo‘lgan ushbu qadriyat bugun Uchinchi Renessans poydevori qurilayotgan O‘zbekistonda davom etyapti.

    “Xorijiy tillarni o‘qitish bo‘yicha eng yaxshi maktab” tanlovining yakuniy bosqichi natijalariga ko‘ra, Namangan shahridagi 7-maktab jamoasi 1-o‘rinni egalladi va 500 million so‘m bilan taqdirlandi. Yashnobod tumanidagi 145-maktab jamoasiga 2-o‘rin va 400 million so‘m nasib etdi. Buxoro tumanidagi 1-maktab jamoasi 3-o‘rin hamda 300 million so‘mga munosib topildi.

    — Albatta, birinchi o‘rinni egallash oson emas, — deydi Namangan shahridagi 7-maktabning ingliz tili o‘qituvchisi Saodatxon Abdullayeva. — O‘tgan yili ham shu tanlovda qatnashgan edik. Respublika bosqichida omad kulib boqmagandi. Yiqilgan kurashga to‘ymas, deganlaridek, bir yil qattiq tayyorgarlik ko‘rdik. Ta’til vaqtida ham o‘qishdan bosh ko‘tarmadik. Bu o‘ziga yarasha mashaqqat edi. O‘qish, yozish, gapirish, tanqidiy fikrlash ko‘nikmalari bo‘yicha qattiq ishladik. Nihoyat, bu yil g‘oliblik nasib etdi. Albatta, bu juda hayajonli va faxrli. O‘quvchilar kamolini ko‘rish, mehnati zoye ketmaganiga ishonch hosil qilish kishiga iftixor bag‘ish laydi. Ikki o‘quvchim IELTS sinovidan 7,5 ball olgan. Qolganlari ham bilimli, zakovatli. Doim ingliz tilida gapiradi, o‘z ustida muntazam ishlaydi. Qo‘shimcha adabiyotlar o‘qiydi, o‘rganadi. Yozda, ta’til paytida ham dam olmadik va qo‘lga kiritgan natijamiz bizga Buyuk Britaniyaga sayohat qilish imkonini berdi.

    Xorijiy tillarni o‘rganish — bugungi taraqqiyotning bosh talablaridan. Globallashuv zamonida kamida ikkita til bilish zarur. Bugun yoshlarimiz ona tilini yuksak darajada bilishi barobarida dunyoning rivojlangan davlatlari tilini o‘rganishi, o‘sha yerdagi ma’lumot, yangilik, ilmiy axborotlardan kengroq foydalanishi lozim.

    — “Yozish ko‘nikmasi bo‘yicha eng yaxshi o‘quvchi” nominatsiyasida g‘olib bo‘ldim. Bunga osonlikcha erishmadim. Juda qattiq mehnat qildik va yakunda ana shu mehnatimizning natijasini ko‘rdik. Bundan juda xursandman, — deydi Buxoro tumanidagi 1-maktab o‘quvchisi Shahriyor Sulaymonov. — Erishgan muvaffaqiyatim ortida, albatta, katta mehnat yotibdi. Muntazam insho yozdik. Mashqlarga e’tibor qaratdik. Insho yozishni mashq qilganimiz katta yordam berdi. Raqobatchilarim juda kuchli edi. Ular ham tayyorgarlik ko‘rgan. Biz imtihon muhitidan tashqarida do‘st edik. Imtihon zaliga kirgandan keyin raqobatchiga aylandik. Bu sog‘lom raqobat hammamizning o‘sishimizga yordam beradi, deb o‘ylayman. Til o‘rganish odamning dunyoqarashini kengaytiradi. Ayniqsa, xalqaro tillarni o‘rganish bilan ko‘plab axborotga yo‘l topa olamiz. Chunki internetdagi ma’lumotlarning yarmidan ko‘pi ingliz va rus tillarida.

    Respublika bosqichida ishtirok etgan 70 o‘quvchi va 14 o‘qituvchi bir hafta davomida Buyuk Britaniyada ta’lim sayohatida bo‘ladi. Ular ingliz ta’lim jarayoni, jumladan, “Ardmor” til o‘qitish maktabi, Kembrij, Oksford universitetlari faoliyati bilan yaqindan tanishadi, Kembrij, London, Vindzor, Oksford shaharlari, Temza daryosi bo‘ylab sayohat qiladi. Ingliz tengdoshlari bilan o‘tkaziladigan turli uchrashuvlar, Buyuk Britaniya madaniyati va tarixi bilan bog‘liq tadbirlarda ishtirok etadi.

    — London shahriga yo‘l olarkanmiz, hissiyotimni so‘z bilan ifodalab berolmayman, — deydi Jizzax shahridagi 1-maktabning ingliz tili o‘qituvchisi Madina Masharipova. — Buyuk Britaniya ta’lim tizimi, madaniyati bilan tanishamiz. Shu bilan birga, mamlakatimiz tarixi, buguni, ayni paytda ta’limga berilayotgan e’tibor, yoshlarimiz salohiyati va erishayotgan yutuqlari haqida ularga so‘zlab beramiz. O‘zbekistonga qaytgach, bilimimizni boshqalar bilan bo‘lishishga harakat qilamiz.

    Bugun chet tillarda erkin so‘zlashayotgan, fikrini bayon etayotgan yoshlarni ko‘rib Avaz O‘tarning “Har tilni biluv emdi bani odama jondir”, degan misralari yodga tushadi. “Til bilgan — el biladi”, deydi dono xalqimiz. Yoshlarning xorijiy tillarni o‘rganishga qiziqishi va intilishi, bu borada erishayotgan muvaffaqiyati zamirida yurtimizda yaratilgan shart-sharoit katta ahamiyat kasb etmoqda. Bugun qanot yozib, eng chekka qishloqlargacha yetib borgan tanlov hayajoni ertaga jahon miqyosida bo‘ylashadigan kadrlarning kamol topishiga xizmat qilishi muqarrar.

    Risolat MADIYEVA,

    “Yangi O‘zbekiston” muxbiri