Tinch va farovon hayot – bolalarga eng yaxshi tuhfa!

    Dolzarb 1 Iyun 2020 7034

    Butun dunyoda bolalar himoyasi, parvarishiga alohida e'tibor qaratilib, 1 iyun` — Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni katta shodiyona sifatida nishonlanadi. Ammo bir paytlar — insoniyat boshiga og'ir kulfatlar solgan Ikkinchi jahon urushida murg'ak jonlarni himoya qiladigan kishilar nihoyatda sanoqli edi.

    Dahshatli urush oqibatida etim qolgan millionlab bolalarning aksariyati ko'chada yashashga, omon qolish uchun tilanchilik va o'g'rilik qilishga majbur bo'ldi. Hatto iqtisodiy farovonligini nisbatan saqlab qolgan mamlakatlarda ham qanchadan-qancha bolalar ko'cha-ko'yda tentirab, ochlik va kasallikdan halok bo'ldi. Bunday og'ir vaziyatga befarq qarab turolmagan BMT yordamga muhtoj bolalarga ko'mak berish maqsadida 1946 yil 11 dekabrda Xalqaro favqulodda bolalar jamg'armasi — YUNISEFga asos soldi.

    Zarurat yuzasidan favqulodda tuzilgan tashkilot keyinchalik doimiy faoliyat yurita boshladi va yillar davomida millionlab bolalarga yordam qo'lini cho'zayotgan “dunyoning vijdoni”ga aylandi. Hozirgi kunda YUNISEF 190 dan ortiq mamlakatda har bir bola uchun yaxshiroq dunyoni qurishga qaratilgan maqsadlar asosida ish olib borilmoqda.

    YUNISEFning O'zbekistondagi vakolatxonasi 1994 yildan buyon mamlakatimizning yosh fuqarolari g'amxo'r va do'stona jamiyatda voyaga etishi, sog'lom rivojlanishini ta'minlashga qaratilgan dasturlar asosida faoliyat yuritmoqda. Butun sa'y-harakati BMTning Bola huquqlari to'g'risidagi konventsiyasi ijrosiga asoslangan mazkur tashkilot yurtimiz bolalarining huquqiy, ijtimoiy himoyasi, salomatligi, bepul va sifatli ta'lim olishi kabi masalalarda hukumat bilan hamkorlik olib boradi.

    — Jahonda Bola huquqlari to'g'risidagi konventsiya qabul qilinganidan buyon ko'p vaqt o'tdi. Bu davr oralig'ida ko'plab davlatlar har jihatdan taraqqiy etganiga qaramay, ming afsuski, hamon himoyaga muhtoj bolalar e'tibordan chetda qolayotganiga guvoh bo'lyapmiz, — deydi YUNISEFning O'zbekistondagi vakolatxonasi rahbari, janob Sasha GRAUMANN. — Bunga dunyoda kam ta'minlangan oilalardagi bolalar o'limining yuqoriligi, boshlang'ich va o'rta maktablarda qamrov darajasi katta bo'lishiga qaramay, nogironligi bo'lgan bolalar oddiy maktablarda ta'lim ololmasligi yoki qizlarning oliy ta'limdagi ulushi nisbatan kamligini misol qilib keltirish mumkin.

    Bundan tashqari, jahon miqyosida maxsus muassasalarda tarbiyalanayotgan bolalar soni ham oz emas. Rasmiy ma'lumotlarga ko'ra, dunyo bo'yicha har 100 ming boladan 120 nafari, alohida olib qaralganda, SHarqiy Evropa va Markaziy Osiyo mamlakatlarida 100 ming boladan 666 nafari shunday muassasalarda tarbiyalanadi. ­O'zbekistonda esa bu ko'rsatkich nisbatan kamroq — 100 ming boladan 255 nafari.

    O'zbekistonda bu masalaga alohida e'tibor qaratilishi maqtovga sazovor. Amalga oshirilayotgan islohotlar doirasida iqtisodiy masalalarga e'tibor qaratilishi barobarida ijtimoiy yordamga muhtoj, kam ta'minlangan oilalar farzandlariga ko'mak berish tizimining yo'lga qo'yilgani davlatning kichik fuqarolariga bo'lgan g'amxo'rligi belgisidir.

    — Bolalar ijtimoiy himoyasining eng asosiy jihatlaridan biri salomatlik bilan bog'liq masalalardir. Bu sohadagi ishlar, ayniqsa, dunyoda keng tarqalayotgan koronavirus pandemiyasi davrida yanada dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. SHu ma'noda, YUNISEFning bolalar salomatligini himoya qilish borasida O'zbekiston hukumati bilan hamkorlikda olib borayotgan ishlari haqida to'xtalsangiz.

    — YUNISEF o'z faoliyati doirasida bolalar salomatligini saqlash, ularga ko'rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirishda O'zbekiston Sog'liqni saqlash vazirligi bilan doimiy hamkorlik olib boradi. Ana shu hamkorlik doirasida vaktsinalar ishlab chiqaruvchidan har bir bolaga etib borguniga qadar uning sifati va xavfsizligini ta'minlashga qaratilgan yangi zanjir — infratuzilma tarmog'i yaratildi. Vaktsinalar va immunizatsiya bo'yicha global al`yans (GAVI) ko'magi bilan O'zbekistonning barcha viloyatlari hamda Qoraqalpog'iston Respublikasida vaktsinalarni saqlash uchun yangi sovitkichli omborxonalar qurilib, zamonaviy uskunalar bilan jihozlandi. Mazkur uskuna va texnologiyalardan foydalanish bo'yicha mutaxassislar maxsus kurslarda o'qitildi. Ayni paytda YUNISEF vaktsinalarni omborlardan tumanlar va chekka aholi punktlaridagi poliklinikalarga sifatli etkazish uchun barcha viloyatlarga muzlatkichli avtomobillar xarid qilmoqda. Ushbu sa'y-harakatlar mamlakatda emlash qamrovini yuqori darajada saqlab turishga yordam beradi.

    Hamkorligimizning yana bir yo'nalishi tug'ilish va o'lim holatlarini elektron ro'yxatga olish tizimini joriy etishdir. Bu mutasaddi vazirlik va idoralar o'rtasida samarali va tezkor ma'lumotlar almashinuvini ta'minlaydi. SHuningdek, mazkur tizim ma'lumotlarni yig'ish va ularni to'g'ri tahlil qilish asosida qarorlar qabul qilishga yo'l ochadi.

    Aytish joizki, so'nggi yillarda O'zbekistonda ona va bola salomatligiga qaratilayotgan e'tibor, bu borada olib borilayotgan aniq chora-tadbirlar natijasida mamlakatda bolalarning omon qolishi va sog'lom rivojlanishi bo'yicha yuqori natijalar qayd etilmoqda. Ammo ayrim muammolar ham yo'q emas. Xususan, 5 yoshgacha bo'lgan bolalar o'limining 50 foizi ular hayotining dastlabki 28 kunida ro'y beradi.

    YUNISEF yangi tug'ilgan chaqaloqlar o'limining oldini olishda Sog'liqni saqlash vazirligini perinatal o'limlar auditini o'tkazish, yangi tug'ilgan chaqaloqlarda tibbiy yordam standartlarini yangilash, perinatal xizmatlar sifatini oshirishning ilg'or uslublarini joriy etish orqali qo'llab-quvvatlaydi.

    So'nggi yillarda YUNISEF Sog'liqni saqlash vazirligiga Xorazm, Surxondaryo va Toshkent viloyatlaridagi sakkizta birlamchi tibbiy-profilaktika muassasasida uyga tashrif buyurishning universal-progressiv tizimini modellashtirishda yordam berdi. Bunday yondashuv tibbiyot hamshiralariga kasallikning xavfli belgilarini vaqtida aniqlash, ota-onalarga bolani parvarishlash bo'yicha foydali maslahatlar berish, ijobiy amaliyotni rag'batlantirishga xizmat qiladi.

    Bola salomatligini ta'minlashda sog'lom ovqatlanish muhim o'rin tutadi. Bu, ayniqsa, bola rivojlanishining dastlabki bosqichlarida juda muhim. SHu bois, YUNISEF va Sog'liqni saqlash vazirligi hamkorligida oziqlanish bo'yicha milliy tadqiqot o'tkazildi. Unda so'nggi yillarda ayollar va bolalarning ovqatlanishida erishilgan yutuqlar ko'rsatib berildi. Masalan, bolaning o'z yoshiga nisbatan bo'yi me'yordan past bo'lishi holatlarini kamaytirish borasida O'zbekiston sezilarli yutuqlarga erishdi. Go'daklarni ko'krak suti bilan oziqlantirishni erta boshlash amaliyotini joriy qilish bo'yicha ham yaxshi natijalar qayd etilmoqda. Biroq tadqiqot davomida bolalar va reproduktiv yoshdagi ayollarda mikroelementlar etishmovchiligi hal qilinishi zarur bo'lgan muammolar sirasiga kirishi aniqlandi. YUNISEF ko'magidagi tadqiqotlar natijalarini tahlil qilish va tegishli tavsiyalarni ishlab chiqish natijasida hukumat mamlakatda oziqlanish strategiyasi va mikroelementlar etishmasligini kamaytirish bo'yicha harakatlar rejasini ishlab chiqishga qaror qildi. Umid qilamizki, bu kabi sa'y-harakatlar bolalar o'limi holatini kamaytirib, ona va bola salomatligi borasida yangi yutuqlarga erishishni ta'minlaydi.

    — YUNISEF O'zbekistonda onalar va bolalar salomatligini yanada yaxshilash uchun nimalarni tavsiya qiladi?

    — Kelajakda yanada barqaror va adolatli rivojlanishga xizmat qiladigan poydevor yaratish uchun ona va bola salomatligi, ayniqsa, kam ta'minlangan, alohida e'tiborga muhtoj bolalarga ko'proq sarmoya yo'naltirish zarur.

    Bugun O'zbekistonda maktab yoshidagi nogiron bolalar 1 foizni tashkil etadi. Homiladorlikning erta bosqichi, tug'ilish jarayoni yoki bola hayotining birinchi yilida mazkur muammoni bartaraf etishga jiddiy qarash orqali yuqoridagi ko'rsatkichni yanada qisqartirish mumkin.

    Bolalar salomatligini ta'minlashda emlash qamrovining yuqori darajasini saqlab qolishda milliy immunizatsiya dasturining ta'minot va sovuqlik zanjiri tizimlarini yanada kuchaytirish yaxshi samara beradi.

    Bundan tashqari, bola hayotining dastlabki 1000 kuniga sarmoya yo'naltirish uzoq muddatga qaratilgan samarali sarmoyadir. Boisi, dastlabki 1000 kun — bu ulkan salohiyat, shu bilan birga, zaiflik davri hamdir. Jahon miqyosidagi tadqiqotlarning ko'rsatishicha, bu bola miyasi o'sib rivojlanadigan va hayoti davomidagi salomatligi uchun zarur poydevor qo'yiladigan davrdir.

    Bir so'z bilan aytganda, nafaqat O'zbekiston, balki jahon miqyosida ona va bola salomatligi davlatning eng muhim masalalaridan biri hisoblanadi. YUNISEF sog'liqni saqlash tizimini mustahkamlash, onalar va bolalarga ko'rsatiladigan tibbiy xizmatlar sifatini yanada oshirishga qaratilgan eng ilg'or xalqaro yondashuvlarni joriy etish va tarqatishda O'zbekiston hukumatiga yordam berishga doim tayyor.

    — Har bir bola bepul va sifatli ta'lim olish huquqiga ega. YUNISEFning bu boradagi dasturlarida qaysi masalalar ustuvorlik kasb etadi?

    — Barqaror rivojlanish maqsadlarining 4-yo'nalishiga binoan, har bir bola sifatli ta'lim olish va o'z salohiyatini to'liq namoyon qilishda teng imkoniyatlarga ega bo'lishi lozimligiga alohida urg'u berilmoqda.

    YUNISEF hukumatning barcha, ayniqsa, maktabgacha va umumiy o'rta ta'lim tizimida bolalarni sifatli ta'lim bilan ta'minlash borasidagi sa'y-harakatlarini to'liq qo'llab-quvvatlaydi. Tashkilotning bu boradagi faoliyati ta'lim sohasidagi qonunlar, siyosat va rejalarni ishlab chiqish, o'quv jarayoniga innovatsion modellarni joriy qilish, ta'lim sohasidagi monitoring, tadqiqotlar va baholashni qo'llab-quvvatlash kabi tadbirlarni o'z ichiga oladi.

    Bundan bor-yo'g'i ikki yil muqaddam 3-6 yoshdagi bolalarning beshdan bir qismigina maktabgacha ta'lim dasturi bilan qamrab olingan edi. So'nggi ikki yilda bu tizimga qaratilgan e'tibor natijasida maktabgacha ta'lim muassasalaridagi bolalar soni sezilarli darajada oshdi. Bu juda muhim ahamiyatga ega. CHunki bu muassasalardagi sifatli ta'lim bolaning maktabga yaxshiroq ­tayyorlanishi va keyinchalik darslarni puxta o'zlashtirishiga yordam beradi.

    YUNISEF hukumat bilan hamkorlikda maktabgacha ta'lim to'g'risidagi qonunni ishlab chiqishda va ta'lim to'g'risidagi qonunni qayta ko'rib chiqishda katta texnik yordam ko'rsatdi. Senat tomonidan 2019 yil dekabr` oyida qabul qilingan “Maktabgacha ta'lim to'g'risida”gi qonun yosh bolalarning erta yoshdan boshlab ta'lim olish huquqi va bu boradagi davlat siyosatining yo'nalishlarini belgilaydi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan 2020 yil 19 mayda tasdiqlangan ta'lim to'g'risidagi qonunning yangi tahririda esa har bir bolaning sifatli va zamonaviy umumiy o'rta ta'lim olish huquqiga urg'u beriladi.

    O'zbekiston ta'lim sektorining 2019 – 2023 yillarga mo'ljallangan ikkinchi rejasi ham YUNISEF bilan hamkorlikda ishlab chiqildi. Ta'lim bo'yicha global sheriklik (GPE) tomonidan 2019 yilda tasdiqlangan ta'lim sektori rejasi Maktabgacha ta'lim vazirligiga 70 million AQSH dollaridan ko'proq tashqi yordam olish imkoniyatini berdi. Bunda GPEning 10 million AQSH dollariga teng granti Jahon bankining 60 million AQSH dollaridan ortiq loyihasi bilan to'ldirildi.

    So'nggi yillarda YUNISEF hukumat bilan hamkorlikda amalga oshirgan yirik loyihalardan yana biri erta ta'limni rivojlantirish standartlari va “Ilk qadam” yangi maktabgacha o'quv dasturini ishlab chiqish bo'ldi. SHuningdek, tashkilotimiz maktabgacha ta'limning muqobil modellarini ishlab chiqish, jumladan, davlat-xususiy sheriklik modellari va bir yillik bepul va majburiy maktabgacha ta'limni modellashtirishda ishtirok etmoqda. Hozir ushbu modellar davlat tomonidan mamlakatning bir necha hududlarida joriy qilindi.

    O'zbekiston hukumatining karantin davrida tezkor choralar ko'rib, ta'limning uzluksizligi va masofadan turib o'qitishni ta'minlash borasidagi sa'y-harakatlarini alohida e'tirof etish joiz. Bu amaliy choralar hukumatning COVID-19 pandemiyasi davrida ham bolaning ta'lim olish huquqini kafolatlash majburiyatini ado etishdagi qat'iyatini namoyish etdi.

    Rasmiy ma'lumotlarga ko'ra, maktablarning yopilishi 8 milliondan ortiq bolaning ta'lim jarayoniga ta'sir qildi. SHunday sharoitda hukumat juda qisqa vaqt ichida televizion darslarni o'quv dasturiga muvofiq tarzda tashkil etganini yuqori baholaymiz.

    So'nggi ikki oy ichida 4500 ga yaqin televizion dars rus, o'zbek va qoraqalpoq tillarida tashkil etilib, to'rtta telekanal orqali namoyish etildi. Televizion darslar masofaviy o'qitish rejimida 3400 soatlik darslarni o'z ichiga oladi. Bu katta yutuq va boshqa davlatlar uchun namunadir.

    Mazkur jarayonlarda YUNISEF ham Xalq ta'limi va Maktabgacha ta'lim vazirliklariga bolalarning ta'lim olishini ta'minlash uchun masofaviy o'qitish dasturlarini ishlab chiqishda ko'mak berdi. Bunga qo'shimcha ravishda ota-onalar uchun masofaviy o'qishda bolalarni qo'llab-quvvatlash bo'yicha maslahatlarni o'z ichiga olgan videoroliklar tayyorlanib, ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatildi.

    Ayni kunlarda YUNISEF hukumatning masofaviy o'qitish dasturining qamrovi va samaradorligini tezkor baholashni amalga oshirib, mamlakatning bu boradagi yutuqlarini dunyoga namoyish etishni va ushbu tajribadan saboq olishlari uchun uni boshqa davlatlar bilan o'rtoqlashishni rejalashtirmoqda.

    Hozir hukumat bilan hamkorlikda maktablarni qayta ochish strategiyasi ustida ish olib boryapmiz. Sog'liqni saqlash va gigiena qoidalariga e'tiborni qaratgan holda xavfsiz maktab faoliyatini amalga oshirish bo'yicha bayonnomalar ishlab chiqilib, masofaviy o'qitishni ta'lim olishning qo'shimcha mexanizmi sifatida tatbiq etish rejalari ­tayyorlanmoqda.

    Umuman, O'zbekiston 2030 yilga qadar bo'lgan davr uchun o'z oldiga ulkan maqsadlar qo'ygan. Ularga erishishda nafaqat hukumat, balki hamma faol bo'lishi kerak. Xususiy sektor, ta'lim sohasi vakillari, tadqiqotchilar, mutaxassislar, ommaviy axborot vositalari, fuqarolik jamiyati tashkilotlari — barcha bolalar va yoshlar uchun munosib kelajakni shakllantirish yo'lida birlashmog'i zarur.

    “YAngi O'zbekiston” muxbiri

    Iroda TOSHMATOVA suhbatlashdi.