Toshkent davlat pedagogika universitetida yangi fakultet ochildi

    Oʻzbek-nemis qoʻshma fakultetida nemis tili va informatika yoʻnalishlari faoliyati yoʻlga qoʻyiladi.

    Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetida Oʻzbek-Nemis fakultetining ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Oʻzbekistonda ilk bor tashkil etilgan fakultetda nemis tili va informatika mutaxassisliklari boʻyicha qoʻshma taʼlim yoʻnalishlari faoliyat yoʻlga qoʻyiladi.

    Taʼkidlash joiz, Oʻzbekistonda nemis madaniyati va tilini oʻrganishga katta qiziqish mavjud. Nemis tili mamlakatimizda eng koʻp tarqalgan xorijiy tillar orasida ikkinchi oʻrinni egallaydi. Yurtimiz oliy taʼlim muassasalari hamda Germaniyaning 30 dan ortiq oliy oʻquv yurtlari bilan sheriklik aloqalari oʻrnatilgan boʻlib, talabalar, mutaxassislar va pedagog kadrlar almashinuvi yoʻlga qoʻyilgan.

    — Oʻzbekiston oʻz tashqi siyosatida dunyoning barcha mamlakatlari bilan oʻzaro hamkorlik aloqalarini rivojlantirishga katta eʼtibor qaratib kelmoqda, — deydi Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti rektori Abdugʻaffor Qirgʻizboyev. — Oʻzbekiston Germaniya oliy taʼlim muassasalari oʻrtasidagi hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish muhim. Joriy yil 24-iyul sanasida universitetimiz delegatsiyasi Germaniyaning bir qator universitetlarida boʻldi. Tashrif chogʻida Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetida birinchi nemis-oʻzbek fakultetini tashkil etish boʻyicha dastlabki qadam qoʻyildi. Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetida Nemis tila va adabiyoti yoʻnalishi boʻlib, talabalar nemis tilini katta qiziqish bilan oʻrganmoqdalar.

    Maʼlumot oʻrnida aytish joiz, bugungi kunda Oʻzbekistonda 980 ta maktabda 270 mingga yaqin oʻquvchi nemis tilini oʻrganadi, ularga 3 mingdan ortiq oʻqituvchi dars beradi. Shuningdek, Germaniyaning 30 dan ortiq universitetlari bilan hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan. 1 mingga yaqin oʻzbekistonlik talabalar, aspirantlar va doktorantlar Germaniyaning turli universitetlari va tadqiqot markazlarida tahsil oladi. Tashkil etilgan fakultet bu boradagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqadi. Boisi mazkur hamkorlik loyihasi oʻqitish va sifatning ilgʻor Germaniya standartlariga muvofiq yangi oʻquv dasturlarini ishlab chiqishga qaratilgan. Keng koʻlamli taʼlim dasturlarini , jumladan, oʻqituvchilar malakasini oshirish dasturlarini qamrab olgan tashabbus Germaniyaning taniqli universitetlari bilan yaqindan hamkorlikni yoʻlga qoʻyishda ham ahamiyatli.

    Feruza JOʻRAYEVA,

    Nodirbek XOLIQULOV,

    Yuz.uz muxbiri