Davlatimiz rahbarining “O'zbekiston Respublikasi oliy ta'lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish kontseptsiyasini tasdiqlash to'g'risida”gi farmonida mamlakatimizdagi oliy ta'lim muassasalari faoliyatini takomillashtirish va sifat jihatidan yuksaltirishga doir muhim vazifalar belgilangan. OTMlarning xalqaro e'tirof etilgan reyting agentliklari ro'yxatidan joy olishi, jahondagi ilg'or o'qitish tajribasidan foydalanishi shular jumlasidan.
YAqinda Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti yurtimizdagi ilk 5 yulduzli oliy ta'lim muassasasi deb e'tirof etilgani bu boradagi ishlar jadal davom ettirilayotgani tasdig'idir. Xalqaro ta'lim standartlari darajasida bilim berishda o'ziga xos yangiliklar joriy qilingani OTMga nufuzli QS Stars xalqaro reytingi taqdim etilishida muhim ahamiyat kasb etdi.
QS Stars reytingi jahonda tan olingan 5 yulduzli baholash tizimi bo'lib, turli yo'nalishlardagi universitetlar faoliyati haqida umumiy tasavvur beruvchi platformadir. Unda OTMlar bir necha muhim yo'nalish, jumladan, o'qitish sifati, bitiruvchilarning ishga joylashishi, tadqiqot, qulaylik, innovatsiya, inklyuzivlik va boshqa mezonlar asosida baholanadi. Reyting OTMning samarali ishini ko'rsatuvchi, talaba, tadqiqotchi va akademik hamkorlarga uzoq muddatli hamda ishonchli hamkor bo'lish uchun ko'zgu vazifasini o'taydi.
Universitetning dunyodagi nufuzli OTMlar bilan imzolayotgan qo'shma ta'lim dasturlari, joriy qilayotgan innovatsion ta'lim modellari, akademik boshqaruv uslubi, ilg'or tadqiqotlar yo'lga qo'yilayotgani va talabalar almashinuv dasturlari xalqaro ta'limning dastlabki bosqichlariga pillapoya bo'lmoqda. TDIU QS Stars reytingi baholagan barcha jihatlar bo'yicha — eng ilg'or tadqiqot tashabbuslaridan tortib, innovatsion o'qitish metodologiyalarigacha jahondagi etakchi OTMlarning 1000 talik ro'yxatiga tobora yaqinlashib borayotganidan dalolat.
Xalqaro integratsiyalashuv sari
TDIU keng ko'lamli xalqaro hamkorlikka ega. 2023 yil holatiga ko'ra, u jahonning 160 dan ziyod etakchi universiteti bilan memorandumlar imzolagan. Talabalari orasida 30 ga yaqin millatga mansub yigit-qizlar tahsil olmoqda. Bundan tashqari, 17 mamlakatdan mingdan ziyod talaba bakalavriat, magistratura bosqichlarida, yozgi va qishki maktab, xalqaro talabalar almashinuv dasturlari bo'yicha o'qimoqda.
Universitetda ERASMUS, JEAN MONNET, YALE GREENBERG, FEP, FULLBRIGHT, SES, JICA kabi xalqaro dasturlar doirasida grantlar asosida ilmiy tadqiqotlar qilinmoqda. Bu va boshqa sa'y-harakatlar oliy ta'lim muassasasini xalqaro e'tirof etilgan tashkilotlar reytingining birinchi 1000 taligiga kiritishga tobora yaqinlashtiryapti.
Xususan, THE World University Rankings-2024 reytingida TDIU “Reporter” sifatida qayd etildi va pozitsiyasini tobora mustahkamlab bormoqda. SHuningdek, THE World University Rankings-2023 Asia reytingida ham “Reporter” sifatida qayd etildi. QS stars reytingida 5 yulduz “A'lo” nominatsiyasiga sazovor bo'ldi. “QS Higher Education Summit: Asia Pacific — 2023” sammitida Toshkent davlat iqtisodiyot universitetiga “5 stars” sertifikati topshirildi.
Ushbu reyting bo'yicha Markaziy Osiyo OTMlari orasida ikkinchi va mamlakatda birinchi 5 yulduzga ega universitet sifatida qayd etildi. Oliygohga “QS Asia University Rankings-2024” sertifikati topshirildi. Bu bilan u Osiyodagi eng yaxshi universitetlar 400 taligiga kiritildi. Umumiy ko'rsatkich sifatida TDIU xalqaro reyting agentliklaridagi yuqori natija bilan mamlakat OTMlari ora sida birinchi eng ilg'or 3 talik qatorida qayd etildi.
Bugun global va milliy miqyosda tez rivojlanayotgan universitet mamlakatimiz oliy ta'lim muassasalari orasida o'ziga xos an'anasi, innovatsion ruhi va global maqsadlarni belgilashdagi faolligi bilan ajralib turadi. OTM iqtisodiyotning barcha soha va tarmoqlariga ixtisoslashgan, o'z yo'nalishlari doirasidagi eng murakkab ta'lim va tadqiqot vazifalarini bajarishga qodir nufuzli universitetga aylanib bormoqda.
Unda ilmiy va akademik faoliyatning alohida funktsional vazifalarini bajarishga ixtisoslashgan 43 bo'lim, global miqyosda hamda mamlakat iqtisodiyotining fundamental masalalariga bag'ishlangan ilmiy tadqiqotlar o'tkazishga ixtisoslashgan 14 markaz mavjud. Bundan tashqari, 7 ta xalqaro qo'shma ta'lim dasturi bo'yicha hamkorlikda kadrlar tayyorlash tizimi yo'lga qo'yilgan.
Jarayon London iqtisodiyot va siyosiy fanlar maktabi (Buyuk Britaniya), Krems amaliy fanlar universiteti (Avstriya), Indoneziya ta'lim universiteti (Indoneziya), Ural davlat iqtisodiyot universiteti, YAdro tadqiqotlari milliy universiteti, Ufa davlat neft`-texnika universiteti (Rossiya) bilan tashkil qilingan.
Ular oliy ta'lim sohasidagi nufuzli tashkilotlar reytingida munosib o'ringa ega OTMlar bo'lib, ayni paytda TDIUning 1170 dan ortiq talabasi xalqaro qo'shma ta'lim dasturlari bo'yicha tahsil olmoqda. Mashg'ulotlar to'liq xorijiy tillarda kredit-modul` tizimi asosida tashkil qilingan.
O'qitiladigan bilimlar, asosan, har ikkala hamkor universitet o'quv dasturlaridagi ilg'or fanlardan tanlab olingan va mashg'ulotlarga jalb qilingan professor-o'qituvchilar 50/50 nisbatda.
Barcha soha ilmiy asosga tayanadi
Ilmiy tadqiqotlarsiz rivojlanadigan biror soha yo'q. SHu bois, bugun oldimizga qo'yilgan talab ham barcha sohaning ilmiy-institutsional tadqiq etilishi, ilmiy ishlar xalqqa va Vatan manfaatlariga xizmat qilishidan iborat. 2023 yil holatiga ko'ra, OTMda qariyb 600 nafar professor-o'qituvchi o'ziga yuklangan vazifalarni samarali bajarmoqda.
Xususan, universitetning hozirgi ilmiy salohiyati 56 foizni tashkil qildi. Ta'lim sifatini oshirishda xalqaro integratsiyalashuv muhim ahamiyat kasb etadi. SHu nuqtai nazardan, 58 professor-o'qituvchi jahondagi etakchi universitetlarning magistratura va doktorantura dasturlarida tahsil olgan. SHuningdek, ta'lim jarayoniga chet elning ilg'or universitetlarida faoliyat yurituvchi 80 dan ortiq professor-o'qituvchi jalb etilgan. Bundan tashqari, xorijlik 127 professor onlayn tarzda fakul`tativ mashg'ulotlar o'tayotir.
Universitetda 2022–2026 yilga akademik, ilmiy tadqiqot va innovatsion faoliyatni rivojlantirishning o'rta muddatli strategik rejasi mavjud. OTM jamoasining bosh maqsadi universitetni milliy iqtisodiyotning global raqobatbardoshligini ta'minlashda drayver ilmiy muassasa, yuqori intellektual salohiyatli mahalliy va xorijlik talabalarni o'qitish tizimiga asoslangan mul`timadaniy xalqaro ta'lim muassasasiga aylantirishdir.
TDIUning istiqboldagi strategik boshqaruv tizimi jahonning rivojlangan oliy ta'lim muassasalari tajribasiga muvofiq, “6i modeli”ga asoslanadi. U baynalmilallashuv, fanlar va sektorlararo o'zaro bog'liqlik, innovatsiya, o'zaro ta'sirchanlik, inklyuzivlik kabi 6 asosiy maqsad elementlarini mujassamlashtiruvchi “Universitet 4.0” modeli formatidagi rivojlanish tendentsiyasini nazarda tutadi.
Bu modeldagi yangi formatga asoslangan universitet nafaqat ta'lim va ilmiy tadqiqot faoliyati, balki innovatsiyalar ekotizimi ichki jarayonida asosiy integrator funktsiyasini bajarish yo'lida olg'a odimlamoqda.
“Universitet 4.0” modeli — yangi innovatsion yo'l
“Universitet 4.0” — “Raqamli universitet” yoki “Kelajak universiteti” modeli bo'lib, jahon oliy ta'lim sohasidagi eng so'nggi ishlanmadir. Uning doirasida raqamli texnologiyalar, ilm-fan yutuqlari va zamonaviy biznes talablarini hisobga olgan holda universitetni o'zgartiradigan ta'lim yondashuvlari ishlab chiqiladi. Ushbu model` orqali turli sohadagi muammolar, iqtisodiyot, butun mamlakatni rivojlantirish uchun muhim masalalarni hal qilsa bo'ladi.
Keng ma'noda bu dastur mavjud ilmiy ishlanma va yangiliklarni patentlash, yaratilgan ishlanmalarni esa real sektor korxona va tashkilotlari qog'ozda emas, balki amalda joriy qilish choralarini ko'rishni talab qiladi. Mazkur yo'nalishda Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti ta'lim sifatini takomillashtirish va samaradorligini oshirish, o'quv jarayoniga zamonaviy innovatsion texnologiyalarni joriy etish va raqamli iqtisodiyot sohasida mutaxassislar tayyorlashni kuchaytirishga katta e'tibor qaratmoqda.
Ushbu strategik rejaga muvofiq, zamonaviy innovatsion tadqiqotlar o'tkazishga mo'ljallangan yangi markazlar tashkil qilindi. Jumladan, ta'lim, ilmiy tadqiqot va innovatsion ishlanmalarni tijoriylashtirish, talabalar startap loyihalarini moliyalashtirish va spin off loyihalarni samarali realizatsiya qilish bo'yicha keng ko'lamli ishlarni yo'lga qo'yish uchun “Universitet 4.0” transformatsiya markazi ochildi.
Markaz faoliyatini samarali boshlashda AQSHning Massachusets texnologiyalar instituti, Missuri davlat universiteti, Buyuk Britaniyaning Kembrij universiteti, London iqtisodiyot va siyosiy fanlar maktabi, Norzumbriya universiteti tajribasiga tayanilgan va ular bilan yaqindan hamkorlik qilingan. Markaz faoliyati natijasida universitetning 2023 yilgi daromadi 12 foiz oshishi kutilmoqda. Uning tarkibida ilmiy tadqiqotlarni tijoriylashtirishdan olingan foyda 9 foiz ortgan.
2022 yilda global va milliy iqtisodiyotning dolzarb masalalariga bag'ishlangan ilmiy tadqiqot ishlarini yanada rivojlantirish maqsadida “YAngi iqlim innovatsiyalari” markazi tashkil etildi. Bundan O'zbekistonning “YAshil” iqtisodiyot global indeksi va “YAshil” iqtisodiy o'sish indeksida munosib o'rin egallashiga hissa qo'shish, “YAshil iqtisodiyot” kontseptsiyasi asosida iqtisodiy o'sishning strategik masalalariga oid ilmiy tadqiqotlar o'tkazish nazarda tutilgan. Markazga Nobel` mukofoti sovrindori Rae Kvon CHung rahbarlik qilmoqda.
Universitetda iqtidorli yoshlar va tadqiqotchilarning startap loyihalarini rivojlantirish uchun qulay shart-sharoit yaratish, talabalarga innovatsion faoliyatni tashkil etish, iqtisodiyot sohasida innovatsion ishlanmalar yaratishga ko'maklashish, dasturiy ta'minot mahsulotlari ishlab chiqish va joriy etish hamda texnik qo'llab-quvvatlash yo'nalishida universitet huzurida IT-park bilan hamkorlikda “Digital Economy" inkubatsiya markazi faoliyat yuritmoqda.
Samarali loyihalarni rivojlantirish, investorlarni jalb etish chora-tadbirlarini kuchaytirish maqsadida inkubatsiya doirasida taniqli tadbirkorlar va trenerlar bilan uchrashuvlar tashkil etilmoqda. Jumladan, “Microsoft” kompaniyasining Sun'iy intellekt arxitekturasi departamenti direktori Umid Ahmedov 2021/2022 o'quv yilidan TDIU o'quv laboratoriyalariga xorijiy professor sifatida jalb qilindi. Hozir u raqamli iqtisodiyot va axborot texnologiyalari kafedrasi huzuridagi “Microsoft” laboratoriyasida mashg'ulotlar o'tmoqda.
O'tgan yili OTM o'quv-uslubiy boshqarmasi bazasida Akademik faoliyat va registrator departamenti ochildi. Uning tarkibida akademik faoliyatni boshqarish, talabalar bilan ishlash, ma'lumotlar bazasi, qabul jarayoni va talabalar registratsiyasi bo'limlari hamda kar`era markazi tashkil etildi.
Universitetning 20 mingdan ortiq talaba va magistriga akademik transkript, to'lov-shartnoma qog'ozi va boshqa ma'lumotnomalarni taqdim etish, diplom (dublikat) berish jarayoni bilan bog'liq ishlarni tashkil etish, talaba va magistrlar hujjati yig'majildini saqlash, diplomlar haqida tasdiq olish kabi 40 turdan ortiq xizmat ko'rsatilmoqda. SHulardan 15 dan ortig'i onlayn xizmatdir.
Professor-o'qituvchilarning o'quv yuklamasi hajmini hisoblashning vaqt me'yori nufuzli xorijiy universitetlar tajribasi asosida qayta ishlab chiqildi. Ta'lim sifatini oshirish maqsadida professor-o'qituvchilarning yillik auditoriya yuklamasi qisqartirildi. O'quv yuklamasini hisoblash va taqsimlash uchun maxsus platforma yaratildi.
Ilgari qog'ozlarda shakllantirilgan dars jadvali elektronlashtirilib, mobil` ilovaga ham integratsiya qilindi. Edupage platformasi ikki dars bir vaqtda bir auditoriyaga to'g'ri kelishining oldini oladi. Dars jadvali har bir guruh, o'qituvchi, xona va fanlar kesimida individual ko'rinishda namoyon bo'ladi. Bu esa rahbariyat, o'qituvchilar, talabalar va ota-onalar uchun qulayliklar yaratadi hamda shaffoflikni ta'minlaydi.
Ta'limning kunduzgi va sirtqi shakllari qatorida masofaviy ta'lim shaklida ham o'qitish joriy etildi. Buning uchun sifatli o'quv videokontentlari tayyorlashga mo'ljallangan Maestro — 4-K pozitsiyasidagi “Jalinga” dasturiy-apparat majmuidan iborat interaktiv videostudiya tashkil etildi.
SHuningdek, o'zaro kelishuvlar asosida mahalliy va xorijiy universitetlar bilan akademik mobillik yo'lga qo'yildi. Universitetga pedagog xodimlarni ishga qabul qilish jarayonini raqamlashtirish va yuqori tajribali pedagog-xodimlarni tanlab, ishga jalb etish uchun alohida platforma ishlab chiqildi.
Oliy ta'limning xalqaro sifat standartlarini o'quv jarayoniga joriy etish, yagona global ta'lim makonini shakllantirish, ta'lim tizimini xalqaro standartlar bilan uyg'unlashtirish, talabalarning akademik harakatchan (mobil)ligini ta'minlash va Evropa standartlarini joriy etish, universitet akademik faoliyatini modernizatsiya qilish bo'yicha tizimli ishlar qilinmoqda.
Jumladan, TDIU biznes boshqaruvi fakul`tetini xalqaro akkreditatsiyadan o'tkazish bo'yicha 2022 yilning iyun` oyidan buyon AQSHning AACSB (Association to Advance Collegiate Schools of Business) tashkiloti bilan muzokara olib borilmoqda va dastlabki kelishuvga erishildi.
Ayni paytda ushbu tashkilot talablari bo'yicha fakul`tet qayta nomlanishi, uning tarkibidagi kafedra va ta'lim yo'nalishlari optimallashtirilishi hamda xalqaro standartlarga moslashtirish bo'yicha keng ko'lamli ishlar bajarilmoqda. O'quv yili yakuniga qadar korporativ boshqaruv fakul`teti ta'lim dasturlarini AQSHning AACSB tashkiloti tomonidan xalqaro akkreditatsiyadan o'tkazish rejalashtirilgan.
Fan, ta'lim va ishlab chiqarish uyg'unligi
Universitetda ish beruvchi vazirlik va yirik tashkilotlar bilan hamkorlik yo'lga qo'yilgan. Kadrlar tayyorlash, xalqaro standartlar darajasida oliy ma'lumotli mutaxassislar etishtirishga zarur shart-sharoit yaratish uchun ta'lim yo'nalishlari va mutaxassisliklarining malaka talablari hamda o'quv rejalari ish beruvchilar bilan birga ishlab chiqilmoqda.
Iqtisodiyot sohalari uchun istiqbolda kadrlarga buyurtma shakllantirish, bitiruvchilarga qo'yiladigan malakaviy talablarni ishlab chiqish va oliy ma'lumotli kadrlar tayyorlash jarayonida universitet faol hamkorlik qilmoqda. Jumladan, Statistika agentligi bilan hamkorlikda “Statistika” ilmiy-amaliy laboratoriyasi, “Turonbank”, “Agrobank”, “Kafil” sug'urta kompaniyasining o'quv markazlari tashkil etilgan.
Ushbu tashkilotlardan etakchi mutaxassislar kelib, nazariy va amaliy mashg'ulotlar hamda seminar-treninglar o'tkazmoqda. Fan, ta'lim va ishlab chiqarish integratsiyasi doirasida OTM vazirlik va tashkilotlar bilan kelishgan holda talabalar amaliyoti, stajirovkasi va kelajakda ularni ish bilan ta'minlash borasida salmoqli ishlarni bajarayotir.
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti akademik sohada jahonning eng nufuzli OTMlari ilg'or yutuqlarini o'zlashtirish, hududiy, milliy, global muammolar echimiga oid fundamental ilmiy tadqiqotlarni chuqurlashtirish orqali raqobatdosh OTM sifatida rivojlanmoqda.
Mansur eSHOV,
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti
prorektori, iqtisodiyot fanlari doktori,
professor