Ubaydiy “hikmatlar”ining yangi nashri

    Madaniyat 9 Iyul 2020 7254

    Turkiy adabiyotda hikmatnavislik Xoja Ahmad Yassaviy ijodi bilan boshlanib, uning maktabi vakillari oʻz davrida koʻpchilikni tashkil etgan. 15-16 asrlarda Buxoro adabiy muhitida shoh va shoir sifatida eʼtirof etilgan Ubaydiy hikmatlarida mutasavvif ijodkor yoʻlini davom ettirish koʻzga tashlanadi.

    Uning adabiy meʼrosida hikmatlardan boʻlak gʻazal, ruboiy, tuyuq, masnaviy, muammo, noma janrlari oʻrin olgan. Shoirning “Vafo qilsang” toʻplami 1994-yilda nashr etilgan boʻlsada, u ijodiy salohiyati toʻla oʻrganilmagan ijodkorlar safida edi.

    Kuni kecha Muhammad Hamzaxon Abdullayev va Jamoliddin Abdullayev tomonidan nashrga tayyorlangan Ubaydiyning “Hikmatlar” kitobi Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyi, Oʻzbekiston jahon tillari universiteti, Oʻzbekiston musulmonlar idorasi bilan hamkorlikda“Movarounnahr” nashriyotida chop qilindi.

    Hadis, fiqh, tasavvuf ilmining bilimdoni boʻlgan Ubaydiy hikmatlari nodir qoʻlyozmalar qatoridan qimmatli ommaviy asarlar safiga kirdi. Kitobning qiymati shundaki, unda tabdil qilingan qoʻlyozmaning faksimile nusxasi, arabiy va forsiy atamalar lugʻati va izohlari ham oʻrin olgan.

    Shoh va shoir qismati haqida kelgan tarixiy va ilmiy manbalarning xabar berishicha, Ubaydiy arab va fors tillarini bilgan, turkiyda Qurʼonning tafsirini bitgan, fiqh va tasavvuf ilmini chuqur egallagan, 18 yoshida Buxoro taxtiga oʻtirib, jasur, tadbirkor, mohir sarkarda sifatida tanilgan.

    Adabiyotshunos olim Ibrohim Haqqul Ubaydiy sheʼriyatda Yassaviy va Boqirgʻoniy, Lutfiy va Navoiy anʼanalariga tayangan, ayni paytda, ularni oʻzaro uygʻunlashtirishga kuch sarflagan shoir deb baholaydi. Boisi uning sheʼriy uslubida soddalikka moyillik, xalqchillik va aruz vaznining goʻzal ohanglari, mumtoz lirikaning maʼnaviy sanʼatlari bilanbirga uygʻunlashib ketgan.

    Hikmatlar masnaviy, toʻrtlik shaklida yozilgan boʻlib, ayrimlari toʻla arab tilida boʻlgani uchun ostidan tarjimasi keltirilgan. Shu bois ularni tushunish qiyinchilik tugʻdirmaydi. Ammo Qurʼon va hadis ilmlarini puxta bilish, Yassaviy ijodi bilan yaqindan tanish boʻlish, tasavvufiy tushunchalarni bilmasdan, maʼnaviy sanʼatlardan xabardor boʻlmasdan Ubaydiy hikmatlaridagi asl maʼnoni anglab boʻlmaydi. Uning sheʼriyatida nafsga qarshi kurash, Yaratganga sodiq oshiq boʻlish sifatlari, ishqi ilohiy bilan koʻngilni tozartirish, ruh qushini vasl avji sari parvoz qildirish asosiy mavzu yoʻnalishini belgilab bergan.

    Oʻqish-oʻrganishning natijasi olimlikdir. Ammo olimlikning oʻzigina kishini ulugʻlamaydi. Uning amali boʻlsa, atrofidagilarga manfaat yetadi. Shu manfaat uni Ollohni sevuvchilar toʻdasiga olib kiradi. Yoʻqsa, har qancha ilm uni johilga aylantiradi, kibrga yoʻl ochadi. Bu fikrni Ubaydiy shunday ifodalaydi:

    Olim kishi ilmi bila amal qilsa,

    Rabboniyun zumrasinda doxil boʻlur.

    Ilmi bila amal qilmas olim, biling,

    Nodonlarga doxil boʻlur, johil boʻlur.

    Kitobdan oʻrin olgan 27-hikmatda oʻzbek folklorida donolik timsoli sanalgan Luqmoni Hakimga xudo tomonidan berilgan toʻrt ming hikmatdan toʻrt yuzini saylab olganini aytadi. Ana shu toʻrt yuzning orasidan ham toʻrttasini xush koʻrib tanlaydi. Bular quyidagicha izohlanadi:

    Ikkisin oning unuttum, ey rafiq,

    Ikkisin unutmadim, qatʼan yano.

    Tengrini unutmadim, biri budur,

    Biri oʻlumni jahonda doimo.

    Ikki kim unuttum oning, biri bu,

    Yaxshilikdur kim qilib men xalqaro.

    Biri budur kim, manga qildi sitam,

    Oni ham yor unuttim mutlaqo.

    Hikmatning vazifasi ibratdir. Unutilgan yaxshilik va zulm, esda saqlanishi lozim boʻlgan tangri va oʻlim Ubaydiy kitobxoniga anglatmoqchi boʻlgan ibratli hikmatidir.

    “Hikmatlar”da 1786 baytdan iborat, 235 dan ziyod hikmat, diniy-tasavvufiy, axloqiy-didaktik ruhdagi«Salavotnoma», «Sabrnoma», «Zavqnoma», «Gʻayratnoma» kabi noma janri rivojida ahamiyatli boʻlgan sheʼrlar, tarjeband, masnaviy, ruboiy, matlaʼlar oʻrin olganligi Ubaydiy adabiy merosining serqirra ekanini namoyon etadi. Hikmatlar majmuasi Turkiyaning “Nuri Usmoniya” kutubxonasida saqlanayotgan devon asosida tayyorlangan.

    Dilnoza Rustamova,

    Alisher Navoiy nomidagi

    Davlat adabiyot muzeyi stajyor-tadqiqotchisi