Xalqaro mehnat tashkiloti prognozlariga koʻra 2020-yilning yakuniga kelib dunyo boʻyicha asosan xizmat koʻrsatish sohalarida ishlovchi 340 million kishi ishsiz qolishi mumkin.
Mamlakatimizda karantin eʼlon qilingandan soʻng pandemiyaga qarshi kurashish, aholi salomatligini saqlash va dori-darmonlar bilan taʼminlash, iqtisodiy sektorni qoʻllab-quvvatlash, tadbirkorlarga qulay shart-sharoit va imtiyozlar yaratib berish kabi masalalar oʻz aksini topgan 20 tadan ortiq normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi.
Xususan 2020-yil 20-iyulda qabul qilingan “Koronavirus pandemiyasining salbiy taʼsirini kamaytirish uchun aholi, tadbirkorlik subyektlari, umumiy ovqatlanish, savdo va xizmatlar sohasini qoʻllab-quvvatlashning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni shular jumlasidandir.
Farmonda 2020-yil 1-iyuldan 31-dekabrgacha umumiy ovqatlanish korxonalari va binolarni ijaraga berishga ixtisoslashgan korxonalar aylanmadan olinadigan soliqni toʻlashdan, jismoniy shaxslar esa koʻchmas mulkni ijaraga berishdan olingan daromadlar boʻyicha jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi toʻlashdan ozod etilishi belgilangan. Bu avvalo xizmatlar sohasida faoliyat yurituvchi tadbirkorlik subyektlari ixtiyorida koʻproq daromad qolishini taʼminlasa, boshqa tomondan jismoniy shaxslarni pandemiyani bartaraf etish uchun joriy qilingan karantin cheklovlari natijasida daromadlar kamayib ketayotgan sharoitda iqtisodiy jihatdan qoʻllab-quvvatlaydi.
Raqamlarga murojaat qiladigan boʻlsak mazkur imtiyozlar natijasida 2020-yilning 1-iyulidan 31-dekabriga qadar 11,1 mingdan ziyod umumiy ovqatlanish korxonalari aylanmadan olinadigan soliqni toʻlashdan ozod etiladi. Mazkur soliq miqdori esa bir chorakda deyarli 22,7 mlrd. soʻmni tashkil etadi.
Shuningdek mazkur soliq imtiyozlari binolar uchun ijara toʻlovlari miqdorini pasayishiga ham xizmat qiladi.
Taʼkidlash joizki mamlakatimizda karantin qoidalarining kiritilishi umumiy ovqatlanish korxonalari faoliyatiga jiddiy salbiy taʼsir koʻrsatdi.
Ayni shu jihatdan mazkur yoʻnalishda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik subyektlari uchun kichik tadbirkorlik subyektlariga tatbiq etilgan imtiyozlar va preferensiyalarni qoʻllash amaliyoti joriy etilmoqda. Xususan, ushbu farmonga muvofiq 2020-yil 1-iyuldan boshlab umumiy ovqatlanish korxonalarini kichik korxonalar toifasiga kiritish maqsadida umumiy ovqatlanish korxonalari uchun belgilangan xodimlarning yillik oʻrtacha soni 25 nafardan 50 nafarga oshirildi.
Shu bilan bir qatorda umumiy ovqatlanish korxonalariga 2021-yil 1-iyulga qadar karantin cheklovlarining yengillashtirilishi yoki olib tashlanishiga qarab, belgilangan tartiblarga amal qilgan holda avtodoʻkon, avtomagazin, avtotirkama, avtotsisterna va fudtraklar orqali savdo qilish huquqi soddalashtirilgan shaklda taqdim etildi.
Bu avvalo mazkur turdagi xizmat koʻrsatishni tashkil etishda byurokratik jarayonlarni kamayishiga, boshqa tomondan esa aholiga xizmat koʻrsatish darajasining oshishiga xizmat qiladi hamda avvalambor hozirgi pandemiya davridagi holatga ham toʻgʻri keladi.
Shuningdek, mazkur farmonga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 18-maydagi “Koronavirus pandemiyasi davrida aholi va tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF–5996-son farmonida belgilangan:
a) mol-mulk soligʻi va yer soligʻini toʻlashdan ozod qilish boʻyicha berilgan imtiyozlar;
b) ijtimoiy soliq stavkasini 12 foizdan 1 foizga pasaytirish boʻyicha mikrofirma va kichik korxonalar uchun berilgan imtiyozlar;
v) bojxona boji va aksiz soligʻini toʻlash muddatini kechiktirish boʻyicha berilgan imtiyozlar;
g) mikrofirma va kichik korxonalarda 2020-yil 15-may holatiga soliqlar, penyalar va soliq qonunchiligini buzganlik uchun hisoblangan jarimalar boʻyicha mavjud boʻlgan qarzdorlikni undirishni toʻxtatish boʻyicha berilgan imtiyozlarning amal qilish muddati 2020-yil 31-dekabrga qadar uzaytirildi.
Shuningdek farmonda 14 yoshgacha bolalari boʻlgan oilalarga nafaqa, shuningdek, bola ikki yoshga toʻlgunga qadar bola parvarishi boʻyicha onalarga beriladigan nafaqalar jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻini hisoblashda jami daromadga kiritilmasligi belgilab qoʻyilgan boʻlib, bu ham mazkur nafaqalarni oluvchi aholi qatlamining daromadlarini oshishiga hizmat qiladi.
Qisqa qilib aytganda mazkur farmon ijrosi xizmat koʻrsatish sohasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik subyektlari, xususan umumiy ovqatlanish korxonalari faoliyatida bir qancha qulayliklarni yaratadi va koronavirus pandemiyasi tufayli kiritilgan karantin cheklovlari natijasidi yetkazilgan moddiy zarar hajmini kamaytirishga hizmat qiladi.
A.Najimov,
Oʻzbekiston Respublikasi
Prezidenti huzuridagi
Strategik va mintaqalararo
tadqiqotlar instituti
yetakchi ilmiy xodimi