Ustozga o'xshagim keldi

    Meditsina rivojiga salmoqli hissa qo'shgan muayyan akademik yoki professor haftaligini o'tkazish Toshkent tibbiyot akademiyasida an'anaga aylanib bormoqda.

    Haftalik doirasida talabalar ustozlar yaratgan tibbiyot ilmi maktabi faoliyatini keng targʻib etadi. Faxriy professorlar haqida koʻproq bilish uchun oʻzaro debatga kirishadi. Bu esa yoshlarda shifokorlik deantologiyasi shakllanib borishiga xizmat qiladi.

    Akademiyamizda tibbiyot ilmining yetuk ustozlaridan Turgʻunpoʻlat Daminov maktabi targʻibotiga bagʻishlangan haftalikka start berildi. OAV va ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalarimizda birin-ketin xabar va maqolalar berildi. Qizgʻin jarayonda men ham faol ishtirok etdim.

    Ustozlar ilmini oʻrganish va targʻib etishga hissa qoʻshish uchun akademik Turgʻunpoʻlat Daminov haftaligi uchun videorolik tayyorlab, OTMning axborot xizmatiga taqdim etdim. Ustozlarim maslahati va tavsiyasi bilan tayyorlagan ilmiy-ommabop maqolalarim, tezis va slaydlarim akademiyamiz sayti va ijtimoiy tarmoqdagi sahifalarida namoyish etildi.

    Zabardast olimning hayoti va faoliyati toʻgʻrisidagi maqola va videorolik tayyorlash tibbiyot ilmiga qiziqishimni yanada orttirdi. Shifokorlik borasidagi qarashlarimni boyitdi. Bolalar bilan ishlashga qiziqishim yuqori boʻlgani uchun pediatriya yoʻnalishini tanlagangan. Shu bois Tanlagan Daminovning pediatriya sohasiga oid barcha asarlarini sinchiklab oʻrganishga harakat qilyapman.

    Turgʻunpoʻlat Daminov faoliyatiga bagʻishlangan haftalik qiziqish va intilishlarimga qanot berdi. Akademikni koʻrgan, bilgan, uning maktabida saboq olgan ustozlarimga havasim keldi. Ular bilan suhbatlashib, qimmatli maʼlumotlarga ega boʻldim. Xususan, akademiyamizning yuqumli va bolalar yuqumli kasalliklari kafedrasi dotsenti, tibbiyot fanlari doktori Shahnoza Rahmatullayeva domla haqida deyarli barcha maʼlumotni taqdim etdi.

    Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan shifokor, akademik Turgʻunpoʻlat Daminov 1941-yil 26-aprelda Toshkent shahrida xizmatchi oilasida dunyoga kelgan. Maktabni oltin medal bilan tamomlab, oʻsha yilning oʻzida Toshkent davlat tibbiyot instituti talabasi boʻldi. U tibbiy taʼlim olish jarayonida har tamonlama faol qatnashdi.

    Nazariy bilimlarni mustahkam egallashga jon-jahdi bilan kirishdi. Ustozlari koʻmagida bemorlarni tekshirish koʻnikmasini muntazam oʻrganib bordi. Talabalar toʻgaraklariga qatnab, oʻqib oʻrganganlarini ilmiy ijodiy ishlarda koʻrsatishga harakat qildi. Oʻziga ishonchi va masʼuliyati uning jamiyatga kerakli inson sifatida shakllanishiga xizmat qildi.

    Turgʻunpoʻlat Daminov bolalarda uchraydigan gepatitning davomli va surunkali xillari shakllanishini klinik-patogenetik nuqtayi nazardan oʻrgangan. Xususan, bolalarda uchraydigan B virusli gepatitning davomli xilini samarali davolash usulini ishlab chiqqan va amaliyotga tatbiq etgan. “Bolalarda tif va paratif kasalliklarining sil bilan birgalikda kechishining klinik kechishi masalasi” mavzusida nomzodlik, “Bolalarda oʻtkir va choʻzilgan virusli A va B gepatitlarining klinik-immunologik xususiyatlari” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini yoqlagan.

    Olim tibbiyotning pediatriya, yuqumli kasalliklar kabi muhim yoʻnalishlarida koʻplab ilmiy kashfiyotlarga qoʻl urib, salmoqli asarlar bilan soha rivojiga katta hissa qoʻshdi hamda yirik mutaxassis sifatida katta ilmiy maktab yaratdi. Domlaning yuqori malakali mutaxassis va tadqiqotchi sifatida shakllanishida Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan fan arboblari X.Yunusov, O.Mahmudov kabi olimlarning hayotiy tajribasi va kasbiy mahorati katta rol oʻynadi.

    Turgʻunpoʻlat Daminovning pedagoglik faoliyati juda samarali boʻlgan. Uning rahbarligida bolalar yuqumli kasalliklarini oʻqitish boʻyicha oʻquv dasturlari hamda uslubiy ishlanmalar yaratilib, umumiy amaliyot shifokorlarini bakalavriatda tayyorlash tizimi uchun “Yuqumli kasalliklar”, “Umumiy amaliyot shifokori faoliyatidagi yuqumli kasalliklar”, “OIV infeksiyasi” oʻquv qoʻllanmalari (elektron versiyalari bilan) tayyorlangan. “Yuqumli kasalliklar” fanini yangi pedagogik texnologiyalar, interfaol oʻqitish usullaridan foydalangan holda oʻqitish boʻyicha qator uslubiy tavsiyalar ishlab chiqilgan. Domla 6 ta darslik, 14 ta monografiya, 45 dan ortiq uslubiy koʻrsatma va qoʻllanmalar muallifi edi.

    Ulugʻ murabbiyning hayot yoʻli va ilmiy faoliyatini oʻrganish jarayonida shifokorlik mashaqqatli, biroq sharafli kasb ekaniga yana bir bor iqror boʻldim. Atoqli olim, mehribon ustoz, kamtarin inson Turgʻunpoʻlat Daminov kabi yetuk inson va ilmli shifokor boʻlishni niyat qildim.

    Bosimjon HOKIMOV,

    TTA 2-kurs talabasi,

    “Doktor reportyor" debat klubi aʼzosi