Sheʼrda yana bir misra bor: Vatan, sen hur, yoʻling shonli, qadamni tashlagin shaxdam. Bu ayni kunlarimiz ruhi va shukuhiga gʻoyat uyqashdir.

Buni oddiy odamlar hayotidagi oʻzgarishlar misolida ham koʻrish mumkin. Quyida shunday yurtdoshlarimizning hayotiy fikrlarini jamladik. Ular, taʼkidlaganimizdek, oddiy qishloq odamlari. Sodda va samimiy. Balandparvoz gaplarni yoqtirmaydi. Joʻn gapiradi, lekin borini aytadi.

Bugun mustaqilligimizning oʻttiz ikki yillik bayramiga bagʻishlangan maxsus sahifada ulardan ayrimlarining dilidagi gaplar bilan tanishishingiz mumkin.

 

MUSTAQILLIKNI ANGLAMGANLAR HAM BOʻLGAN

Bolaligimiz urush yillaridan keyingi ogʻir sharoitda oʻtdi. Erta ulgʻaydik. Suyagimiz qishin-yozin mehnatda qotdi. Daladagi ogʻir mehnatning azobi tugamasdi. Uylandim, soʻng farzandlarni voyaga yetkazish gʻamida boʻldik. Har qalay tinchmiz, qozonimiz qaynab turibdi-ku, degan taskin bilan yashadik.

Bir kuni “Oʻzbekiston mustaqil boʻlibdi”, degan xabar tarqaladi. Oʻshanda kimdir qoʻrquvga tushgan, endi nima boʻladi, qanday yashaymiz, deya sarosimalangan, kimdir qoʻlini duoga ochib, Yaratganga hamdu sano aytgan, shu kunlarga yetkazganiga shukr qilgan, yana kimdir nima boʻlayotganini ham anglamay, ketmonini yelkasiga tashlab dalaga ketgan edi.

Oʻsha kunlardagi bir voqea hech yodimdan chiqmaydi. Kechqurun hovlida yigʻilib, endi nima boʻladi, degan savol atrofida oʻzaro pichir-pichir qilib gaplashib oʻtirganimizda, bir doʻstimizning bolagina oʻgʻli kelib “Ota, mustaqillik nima?” deya soʻrab qoldi. Hamma jim boʻldi...

Mana shunaqa. Farzandlarimiz tugul oʻzimiz ham ozodlikning mohiyatini yaxshi anglamasdik. Hatto mustaqillikdan qoʻrqqanlar ham boʻlgan.

Mayli, u kunlarni eslasak gap tugamaydi. Mustaqillik zamonida hayotimiz oʻzgardi. Boshida koʻp qiyinchiliklarni boshdan oʻtkazdik. Shunda birov qaytamiz dedi, birov yoʻq dedi. Bu paytda mustaqillik haqidagi xabarni eshitib, bir soʻz demay dalasiga ketgan oddiy qishloq odami hamon dalada edi...

Hozir yoshim yetmishga yaqinlashdi. Katta oʻgʻlim Toshkentda oʻqib, oʻsha yerda qolaman dedi. Qoldi ham. Davlat muassasasiga ishga kirdi. Uylandi, farzandli boʻldi. Lekin hali uyi yoʻq, propiskasi qishloqda edi. Ijarama-ijara yurib yashashdi. Har borganimda boshqa manzilda kutib olardi. Ijarada yashaganlarning taqdiri shu ekan-da. Meni begona uyining toʻriga oʻtqazardi-yu, koʻzida hadik boʻlardi. Keyin bilsam propiskasi yoʻqligidan qoʻrqar ekan. Har daqiqada uchastkovoy kelib, uydan chiqarib yuborishi, katta jarima solishi mumkinligidan doim hadik bilan yashar ekan.

Oʻksinib qishloqqa qaytar ekanman, shu oʻgʻlim qachon uy-joy qilishi-yu, qachon propiskaga oʻtishini oʻylab qiynardim.

...2019-yilning yozi edi. Oʻgʻlim telefon qilib, “Ota, biz uy oldik”, dedi. Ishonmayapman, hech ishonmayapman. Qanaqasiga axir, yigʻib qoʻygan puli yoʻqligini bilaman, oylikdan oylikka yashab yurgan bola... Yana poytaxtdan uy olish...

Banklar uy-joyi yoʻqlar uchun emin-erkin kredit bera boshlagan ekan. Shu imkoniyatdan foydalanib bir tanishining uyini sotib olibdi. Shundan buyon har yilgi qishni Toshkentda oʻtkazamiz. Xonalari katta-katta, bahavo, siqilib qolmaysiz.

Mustaqilligimizning ikki davrini koʻrdik. Dastlabki yillarda tom maʼnoda qayta qurish, tiklanish davri boʻldi. Shu bois, qiyinchiliklar, yetishmovchiliklar boʻlgani ham rost. Biz u kunlardan aslo nolimaymiz. Hammasidan rozimiz.

Bugun yuksalish davrida yashayapmiz. Hayotimiz oʻzgardi, kundan kunga oʻzgaryapti. Qishloqlardagi hayot tarzi ham oʻzgardi. Agar shularni oʻz koʻzingiz bilan koʻrmoqchi boʻlsangiz, qishlogʻimizga keling. Koʻchalarimiz asfalt, chirogʻimiz oʻchmayapti, suvimiz, gazimiz bor. Bolalar bogʻchasini orzu ham qilmas edik. Yaqinda bogʻcha ham qurildi. Nevaralarimiz bogʻchaga boryapti. Shu bois, ularning tili biyron, qadami oʻtkir, jismi sogʻlom.

Men bularni bejiz aytmayapman. Demoqchimanki, bugun nimagaki erishgan, erishayotgan boʻlsak, ularning barchasiga Alloh bergan neʼmat – ozod hayot, mustaqil davlatchiligimiz sababchi.

Shuning uchun biz bu neʼmatning qadriga yetib, uni asrab-avaylamogʻimiz, tinch-osoyishta oʻtayotgan har bir kunimizga shukrona aytmogʻimiz kerak.

Qirgʻiz XUDOYQULOV,

mehnat faxriysi

Samarqand viloyati Bulungʻur tumani

KITOB. UY. PROPISKA

Mening uch istagim qanday amalga oshdi?

Bir istak yoki maqsad ilinjida yurgan odamning hovuri unga yetishgach bosiladi. Oradan vaqt oʻtgani sayin kechilgan yoʻl, kechirilgan qiyinchiliklar asta-sekin unutila boshlaydi. Har zamonda bir eslanadigan hikoyaga aylanadi.

Koʻp qatori menda ham shunday. Biroq uch istagimning ushalishi har eslaganda yangilanaveradigan, mazmuni sayqallashaveradigan umrim hikoyalaridir. Gap shundaki, 2019-yilda Yozuvchilar uyushmasining yirik loyihalaridan biri – “Birinchi kitobim” ruknida oʻnlab yoshlar qatori mening ham sheʼrlar toʻplamim chop etildi. Bu davrda adabiyot maydoniga birga kirib kelgan koʻplab tengdoshlarimning kitoblari allaqachon nashrdan chiqqan, ancha-muncha dovrugʻ qozongan edi. 10 ming nusxadagi mazkur toʻplam davlat hisobidan bosildi. Oʻshanda ustoz shoirlardan biri biz,  yoshlarga qarata hali mittigina bu kitoblar katta maydonga yoʻl ochishini, muvaffaqiyatlarga kalit boʻlishini bashorat qilgan edi. Chindan ham shunday boʻldi.  

2020-yilning erta bahori. Yozuvchilar uyushmasidan qoʻngʻiroq boʻldi. Uyushma aʼzoligiga qabul qilinganimni, aʼzolik guvohnomasi 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni arafasida topshirilishini maʼlum qilishdi. Aʼzolik men uchun katta imtiyoz edi. Oradan koʻp oʻtmay yana bir xushxabar eshik qoqdi: bizga imtiyozli kredit asosida uy ajratilibdi, borib shartnoma olishimiz kerak ekan...

Bu salkam oʻn besh yillik sarson-sargardonlikdagi hayotimizning intihosidan darak edi. Nihoyat ijara uyda emas, oʻz uyimizda yashashimiz mumkinligidan mujda bergan bu yangilik bilan yana bir orzuim ushaldi. Bu katta hodisa hayotimizda katta oʻzgarish yasadi, avvalo, qalbimizga halovat va xotirjamlik tuygʻusini jo etadi. Boy berilgan yillaru oʻylarning chandigʻi lahzalar ichida bitdi, koʻrilgan qiyinchiliklar oʻrnini farogʻatli damlar egalladi.

Men qatori koʻplab tengdoshlarim, opa-singillarim, aka-ukalarim uyli boʻldi. Necha yillardan buyon uysiz sarson jonlar, bu eshikdan unisiga, unisidan boshqasiga koʻchib, qoʻnim topmagan, ijara uy egasining qovoq-tumshugʻi bilan murosa qilib yashashga majbur oilalar oʻz turar joyiga ega boʻldi.

Tez orada uyga koʻchib oʻtdik. Hujjat ishlari orasida tuman “pasport stoli”ga borishimizni aytishdi, doimiy roʻyxatdan oʻtishimiz kerak ekan. Oʻsha vaqtgacha yillar davomida har uch yoki olti oyda bir oyogʻimiz pasport stolida boʻlgan, bogʻcha yoshidagi farzandlarimizgacha vaqtincha roʻyxatdan oʻtardik. Bu gal barchasi oʻzgacha boʻldi. Ishimiz xamirdan qil sugʻurganday oson bitdi. Masʼul xodim hujjatlarni tekshirib koʻrgach, nimalarnidir yozdi, chizdi, 10-15 daqiqa ham kuttirmay pasportimizni uzatdi. Shosha-pisha hujjatimiz qachon tayyor boʻlishini soʻradim. “Boʻldi, doimiy roʻyxatdasizlar”, dedi kulib. 15 yilda bitmagan, bitira olmagan ishimizning 15 daqiqaga yetmay amalga oshganidan juda quvondim.

Yana bir gap: yangi islohotlar menga davlat granti asosida magistraturada oʻqish imkonini berdi. Bu bakalavr bosqichidan soʻng oʻn yil oʻtib armonga aylanayotgan bir orzuning tantanasi boʻldi.

Bular – soʻnggi uch-toʻrt yil ichida islohotlarning birgina mening hayotimda aks etishi. Menga davlatimiz tomonidan berilgan uch imtiyoz chindan koʻp muvaffaqiyatlarga yoʻl ochdi. Bu yutuqlarning avvali xotirjam, toʻkis va farovon hayotdir.

Bashorat YUNUSOVA,

Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi

 

QOʻL CHOʻZSAK YETAR MANZILLAR

Qoʻshrabotdan Nurotaning togʻli qishlogʻiga kelin boʻlib tushganimga ham oʻn yildan oshibdi. Ota uyim bilan bu yerdagi sharoit deyarli bir xil edi. Biz tomonda qishloqlarga gaz kelmagan. Bolaligimda katta-kichik gaz ballonlaridan foydalanganimiz esimda. Biz unda hali maktabga bormas edik. Oʻshandan buyon gaz ballonlarini yaqin-yaqinda yana koʻrdik.

Aytmoqchi boʻlganim, yangi kelinligimda uyga mehmon kelsa, hali ular uyga kirmasdan oʻchoq boshiga yugurar edim. Chunki mehmonlar joylashib olib, dasturxonga non qoʻyilguncha choy qaynatishim kerak. Dasturxon yozilishi bilan “choy olib kelinglar”, deyilardi. Shu chaqiriq yuragimni bezillatib qoʻygandi. Qishloqda choy qaynatishning ham, ovqat pishirishning ham faqat bitta yoʻli boʻlardi – oʻchoqda. Shuning uchun biz – kelinlarning asosiy ish joyi oʻchoqboshi edi. Dalaga chiqib oʻtin terardik, shox-shabbalarni yigʻib qoʻyardik, hatto oʻtin yorish ham baʼzan oʻzimizga qolardi.

Uyimiz shundoqqina Oqtov etagida. Aytishlaricha, bir vaqtlar togʻda bodom koʻp boʻlgan. Gaz ballonlari kelmay qolganidan keyin odamlar shu bodomlarni kesib yoqa boshlashgan, keyinchalik hatto tomirigacha kovlab olib kelishib, oʻtin oʻrnida foydalanishgan. Toʻrt-besh yilda shu bodomlar qurib ketgan. “Keyin soyimizda suv kamaydi, buloqlar tortilib ketdi”, deydi qaynonam.

Bugun, Xudoga shukr, hamma uyda gaz ballonlari bor. Tugashi bilan boshqasiga almashtirib berishadi. Chirogʻimiz oʻchmayapti. Besh-olti yildan buyon hali hech kimning togʻdan oʻtin tashiganini koʻrmadim. Bodomlar ham oʻzini tiklab, oʻsa boshladi. Lekin baribir soyimizda hali suv koʻpaymadi. Negadir yildan-yilga kamayib boryapti.

Mahallamiz ham oʻzgardi. Farzandlarimni bogʻchaga berishni orzu qilardim. Mana, yaqinda qishlogʻimizda ilk xususiy bogʻcha ochildi. Hozir ikki farzandim shu bogʻchaga qatnaydi. Katta oʻgʻlim bu yil maktabga boradi.

Togʻli qishloq kelinlari yaqin yillargacha biror ishning boshini tutish haqida oʻylamasdi ham. Chunki bunga imkon yoʻq edi. Qayerda ham ishlasin, maktabga oliy maʼlumotli kadrlar kerak, boshqa ish yoʻq. Tuman markazi olisda.

Lekin bugun men maqtansam boʻladi. Qishlogʻimiz kelinlari ichida birinchilardan boʻlib biznesimni yoʻlga qoʻydim. “Mumtozbegim” masʼuliyati cheklangan jamiyatini tashkil etib, tikuvchilik korxonasi ochdik. Bu oʻz-oʻzidan boʻlib qolgani yoʻq. Men buni keyingi yillarda mahalla tizimida boʻlayotgan oʻzgarishlar samarasi, deb bilaman.

Bir kuni mahallamiz raisi Eshmamat Safoyev va hokim yordamchisi Olim Murodov uyimizga kelib, qaynona-qaynotam va erim bilan gaplashishdi. “Keliningizning qoʻlida yaxshi hunari bor ekan, chevar ekan. Keling biz yordam beramiz, bitta tikuvchilik sexi ochinglar, qishloq qizlariga ham hunar oʻrgatsin”, deyishdi ular. Bu taklifga hammamiz rozi boʻldik. Shu-shu ishlar boshlanib ketdi. Qishloq markazida koʻp yillardan buyon ishlamay turgan eski doʻkonni taʼmirdan chiqardik, jihozladik. Tikuv mashinalari olib keldik.

Yaqinda qishloq maktabini bitirayotgan 11 qizga uch oy davomida bichish-tikish sirlarini oʻrgatdim. Bu vaqtda ularga stipendiya ham berib turdik. Hozir ular sertifikat olgan. Endi tikuv fabrikalariga ishga joylashishi mumkin. Bunga ham hokim yordamchisining oʻzi koʻmaklashaman, deb turibdi.

Bugun mustaqillik bayrami arafasida men kelinlik davrimda oʻz hayotimda boʻlgan mana shu oʻzgarishlar haqida aytgim keldi.

Dilorom YUSUPOVA,

“Mumtozbegim” MCHJ raisi

Navoiy viloyati Nurota tumani

 

NIHOYAT OʻZ FAOLIYATIMIZ BILAN MASHGʻULMIZ

Qishloq odamlari quyoshdan erta uygʻonib, mehnat qilishga odatlangan. Yerga oftob tushmay uy, tomorqa ishlariga ulgurib qolaylik, deymiz. Bolaligimiz mehnat bilan oʻtgan boʻlsa-da, shamollashga moyilligim sabab otam salomatligimga jiddiy eʼtibor qaratar, uncha-muncha ishga qoʻl urdirmasdi.

Hech esimdan chiqmaydi. Maktabni bitirib, institutga oʻqishga kirdim. Yangi kiyimlarim qatoriga onam 3-4 choyshab tikib qoʻshib qoʻydi. Chunki yaqin orada paxtaga ketishimiz aytilgan. Sogʻligʻimdagi muammo hisobga olinmadi. Toʻrt yil davomida kuzni bir xil kayfiyatda oʻtkazdik. Toʻgʻri, biz – talabalar uchun u davrning ham gashti boʻlgan, biroq Furqat, Dangʻara, Oʻzbekiston tumanlari atrofidagi dalalarning, choʻllarning zax havosi tufayli koʻp kasal boʻlib qolardim. Toʻyib ovqatlanish qayerda deysiz?! Kimningdir ota-onasi koʻrishga kelsa, “shtab”da bayram boʻlib ketardi.

Institutdan soʻng Buvayda tumanidagi bogʻchada ishladim. Mutaxassisligim psixolog boʻlgani bois bolalar bilan ishlash – joni dilim. Soʻng 38-maktabga oʻtdim. Har ikkala muassasada ham psixolog shtati bitta, biroq paxta terimi deysizmi, koʻchat yoki gul ekish deysizmi, oqlash-koʻklashmi – barcha ishni qildik. Issiqni issiq, sovuqni sovuq demadik. Bora-bora koʻchaga ishga chaqirishlariga oʻrganib ham qoldik. Axir bu faoliyatimizning bir qismiga aylanib ulgurgan edi-da.

Supurgi koʻtarish mayli, kurak yoki ketmon bilan yurishga odatlandik. Buyruqqa itoat qilmasak, hayfsan olardik. Eng ogʻriqlisi, tarbiyachilarning mehnatga majburlanishi ortidan guruhdagi 25-30 bola birgina mutaxassis qoʻlida qolib ketardi. Yasli guruhlarida hali bogʻchaga moslashmagan kichkintoylarga javobgarlik ogʻir edi.

Majburiyat va majburlik oʻrtasida farq bor ekan. Odam qaysi kasbga qiziqsa, uning etagidan tutishga harakat qiladi. Qaysi kasbga mehr qoʻysa, tizimdagi har bir masala majburiyatiga aylanadi. Muammolarning yechimini topmaguncha tinchimaydi.

Bolalikdan qiziqqan soham psixologiya boʻlgani uchun bolalar ruhiyatini oʻrganish, ular bilan ishlashdan zavqlanaman. Taʼlim jarayonidan tashqari holatlar esa, oʻsha paytlarda tabiiyki, oʻz ustimizda ishlashga, oʻzimizni kashf etishga imkon bermasdi. Keyingi yillarda hammasi oʻzgardi, psixologlar taʼbiri bilan aytganda, “ijtimoiy ruhiyatda tub burilish” yuz berdi.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda pedagoglar shaʼni va qadr-qimmati davlat himoyasiga olinishi, majburiy mehnatga barham berilishidan kim eng koʻp quvondi? Biz! Bu yangilik haqiqiy bayramga aylandi. Nihoyat, biz ham oʻz faoliyatimiz bilan mashgʻulmiz.

Bu oʻzgarish va eʼtiborning kichkina muassasamizga ijobiy taʼsirini aytay. Oʻrta maʼlumotli yordamchi tarbiyachilar ham oliy taʼlim olishni, kichkintoylar bilan professional ishlashni istayapti. Ularni ragʻbatlantiraman, chunki davlatimiz oʻqing, taʼlim oling, kelajak sizniki, deya yoshlarni, ayniqsa, xotin-qizlarni ruhlantiryapti. Guruhlardagi muhit oʻzgaryapti, tarbiyachilar intilyapti, shunga yarasha ota-onalar farzandini maktabgacha taʼlim muassasalariga berishga harakat qilyapti. Bularning bari hayotimiz oʻzgarayotganidan darak.

Sohiba YUSUPOVA,

Fargʻona viloyati Buvayda tumanidagi

11-DMTT direktori