Jahon hamjamiyatida Markaziy Osiyoning ahamiyati va roli oshib bormoqda. Mamlakatlar oʻrtasida iqtisodyot, savdo, transport-logistika, madaniy-gumanitar sohalarda integratsion jarayonlar jadallashmoqda.
Darhaqiqat, bugun Oʻzbekiston mintaqa miqyosida faol tashqi siyosat olib borib, qoʻshni davlatlar bilan oʻzaro manfaatli aloqalarni rivojlantirmoqda.
Prezidentimiz BMT Bosh Assambleyasi 76-sessiyasidagi nutqida, “Biz Markaziy Osiyo mintaqasida oʻzaro hamjihatlik va hurmat, yaqin qoʻshnichilik va strategik sheriklik ruhidagi mutlaqo yangi siyosiy muhitni mustahkamlab bormoqdamiz. Bizning asosiy maqsadimiz – Markaziy Osiyoni farovon va barqaror rivojlanayotgan, ishonch va doʻstlik makoniga aylantirishdir”, deb taʼkidlagan edi. Qolaversa, jahon siyosatshunosligida “Markaziy Osiyo ruhi” degan ibora paydo boʻldi. U mintaqaviy hamkorlikning oʻzaro ishonch va hamjihatlikka asoslanganini ifoda etadi.
Oʻzbekistonda SHHTning Xalq diplomatiyasi markazi faoliyatining ustuvor yoʻnalishi va oʻzagi Markaziy Osiyo mamlakatlari boʻlgan Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlar bilan oʻzaro madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan.
Markaz tomonidan 2022-yilning 11-may sanasida Toshkent shahrida “Xalq diplomatiyasi – taraqqiyot yoʻlida oʻzaro hamjihatlik” mavzusida oʻtkazilgan forum davlatlararo va mintaqalararo aloqalarni, millatlararo va konfessiyalararo totuvlikni mustahkamlash, sivilizatsiyalararo muloqotni, madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirish yoʻlida muhim qadam boʻldi.
Bu boradagi ishlarning mantiqiy davomi sifatida bugun, 14-aprel kuni Oʻzbekistonda SHHTning Xalq diplomatiyasi markazi, Konrad Adenauer jamgʻarmasining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi, Markaziy Osiyo xalqaro instituti hamkorligida “Xalq diplomatiyasi – Markaziy Osiyoda tinchlik, doʻstlik va yaxshi qoʻshnichilikni mustahkamlashning muhim omili” mavzusida mintaqaviy konferensiya tashkil etildi.
Konferensiyada Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati aʼzolari, Qozogʻiston Fuqarolik alyansi, Qirgʻizistondagi SHHT madaniy-integratsiya markazi, Qirgʻiziston yoshlar kongressi, Tojikistondagi SHHT doʻstlik va hamkorlik markazi, Tojikiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi, Markaziy Osiyo mamlakatlarining Oʻzbekistonda akkreditatsiyadan oʻtgan diplomatik vakolatxonalari vakillari ishtirok etdi.
Konferensiya davomida Markaziy Osiyo davlatlarining xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar doirasidagi koʻp tomonlama hamkorligi koʻrib chiqildi, shuningdek, mamlakatlardagi xalq diplomatiyasi institutlari oʻrtasidagi hamkorlikning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
Anjuman ishtirokchilari, xalq diplomatiyasi ilm-fan, madaniyat, sanʼat, taʼlim, turizm va sport kabi sohalarda keng koʻlamli aloqalarni, madaniyatlar muloqotini yoʻlga qoʻyishga zamin yaratishini taʼkidladi. Taniqli xorijiy va mahalliy ekspertlar bugungi murakkab davrda bunday anjumanning tashkil etilishi Markaziy Osiyo davlatlari bilan doʻstlik, oʻzaro manfaatlarga va yaxshi qoʻshnichilik tamoyillariga asoslangan munosabatlarni rivojlantirishga xizmat qilishini eʼtirof etdi. Shuningdek, mintaqa davlatlari oʻrtasidagi munosabatlarning mustahkamlanib borayotganida Oʻzbekiston tashabbuslari muhim ahamiyat kasb etayotgani qayd etildi.
Markaziy Osiyo xalqaro instituti direktori oʻrinbosari Botir Tursunov, davlatlararo integratsion jarayonlarning jadallashishi mintaqada barqaror taraqqiyotga erishishda muhim omil boʻlib xizmat qilishini taʼkidladi. Shuningdek, mintaqa davlatlari rahbarlarining yangi mintaqaviy siyosati natijasida Markaziy Osiyoda yangi hamkorlik muhiti shakllangani, bunga Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahat uchrashuvlari yorqin misol boʻlishini qayd etdi.
Oʻzbekistonda SHHT Xalq diplomatiyasi markazi direktori Qobiljon Sobirov Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining uchinchi Maslahat uchrashuvidagi nutqidan iqtibos keltirib, shunday dedi: “Biz faol madaniy-gumanitar muloqotni davom ettirish, mamlakatlarimizda madaniyat kunlari va turli ijodiy tadbirlarni muntazam tashkil etish, taʼlim va sayyohlik sohasidagi almashuvlarni “xalq diplomatiyasi”ning eng muhim vositasi sifatida rivojlantirish tarafdorimiz”.
Shu bilan birga, mintaqaning xalqaro munosabatlarda oʻrni tobora ortib borayotgani, mamlakatlar Afgʻonistondagi vaziyatni barqarorlashtirish masalalarini faol muhokama qilayotgani, Markaziy va Janubiy Osiyoning oʻzaro bogʻliqligini mustahkamlash tashabbusini ilgari surib, Yevroosiyoda yangi turdagi munosabatlarni shakllantirishga samarali hissa qoʻshayotganini taʼkidladi.
Konrad Adenauer nomidagi jamgʻarmaning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi ilmiy xodimi Aziz Tatibayev, Markaziy Osiyoda mintaqasida xalq diplomatiyasi ikki darajada, mintaqaviy va milliy koʻrinishda rivojlanayotgani, xalqaro tashkilotlar Markaziy Osiyoga yoʻnaltirilgan xalq diplomatiyasida katta imkoniyatlarga ega ekanligini taʼkidladi.
Oʻz navbatida, jamgʻarma mintaqa davlatlari bilan xalq diplomatiyasi sohasida samarali hamkorlik qilib kelayotganini, qoʻshma loyihalar amalga oshirilayotganini qayd etdi.
Tadbir yakunida Markaziy Osiyo mamlakatlari oʻrtasida millatlararo totuvlik, hamkorlik, hamjihatlik va doʻstona aloqalarni mustahkamlash, oʻzaro munosabatlarda xalq diplomatiyasi mexanizmlaridan keng foydalanish masalalari boʻyicha ekspertlarning tavsiyalari ishlab chiqildi.
Bundan tashqari, milliy madaniy markazlar, fuqorolik jamiyati institutlari, nodavlat-notijorat tashkilotlar oʻrtasida aloqalar qamrovini kengaytirish, xorijlik vatandoshlar bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish boʻyicha kelishuvlarga erishildi.
Forum doirasida SHHT Xalq diplomatiyasi markazi va Qozogʻiston Fuqarolik alyansi, Oʻzbekiston volontyorlari assotsiatsiyasi oʻrtasida hamkorlik memorandumlari imzolandi.