Farmonga asosan, davlat bojxona xizmati organlari faoliyati samaradorligini oshirishning asosiy maqsadli koʻrsatkichlari quyidagilar etib belgilandi:
- 2030-yilga qadar Jahon bankining Logistika samaradorligi indeksida (LPI) bojxona rasmiylashtiruvi samaradorligi koʻrsatkichi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining oʻrnini 55-pogʻonadan past boʻlmagan darajaga koʻtarish;
- 2026-yilga qadar bojxona deklaratsiyalarini inson omilisiz rasmiylashtiruv ulushini 2 barobarga oshirish;
- 2028-yilga qadar bojxona koʻrigini 21 foizdan 15 foizga tushirish;
- 2030-yilga qadar sunʼiy intellekt elementlaridan foydalangan holda xavfni boshqarish tizimi samaradorligini 2 barobarga oshirish.
Tashqi iqtisodiy faoliyatda quyidagi qulayliklar yaratiladi:
2025-yil 1-iyuldan:
- veterinariya va fitosanitariya sohasida tashqi savdo yuklariga tegishli har qanday hujjatlarga muhr va shtamp bosish hamda ularni yozma tarzda roʻyxatga olish amaliyoti bekor qilinadi, barcha tartibotlar ushbu hujjatlarni elektron shaklda tasdiqlash orqali amalga oshiriladi (tovarlar eksportida xalqaro shartnomalarda qatʼiy belgilangan holatlar bundan mustasno).
2025-yil 1-sentyabrdan:
- tadbirkorlik subyektlariga bojxona toʻlovlari va bojxona rasmiylashtiruvi uchun boshqa turdagi toʻlovlarni respublikaning istalgan hududidan amalga oshirish imkoniyati yaratiladi, buning uchun yagona gʻazna hisobvaragʻi ochiladi.
2025-yil 1-dekabrdan:
- bojxona hududida yoki hududidan tashqarida qayta ishlash rejimlarida bojxona yuk deklaratsiyalarini soddalashtirilgan tartibda rasmiylashtirish imkonini beruvchi “Tolling operatsiyalari” moduli amaliyotga joriy etiladi.
2025-yil 1-noyabrdan:
- oʻtkazish punktlari orqali harakatlanayotgan yoʻlovchilarga qulaylik yaratish maqsadida yoʻlovchi bojxona deklaratsiyasining mobil ilovasi amaliyotga joriy etiladi.