Xalq xizmatidagi davlat

    Tarixda shaxslarning oʻrni doimo yetakchi oʻrin egallagan.

    Zero, hokimiyatni amalga oshirayotgan yetakchining siyosati millionlab taqdirlarga belgilovchi taʼsir koʻrsatib keladi. Ayniqsa, tub oʻzgarishlar, jadal islohotlar sharoitida davlat ahamiyatiga ega qarorlarni qabul qiluvchi shaxsning siyosatdagi roli nihoyatda ortadi. Ayni paytda bu qarorlar roʻyobi koʻp sonli fuqarolar faolligini taqozo etishi shubhasiz. Demakki, islohotlar muvaffaqiyati yetakchining boshqaruv sanʼati bilan bir qatorda oddiy fuqarolar saʼy-harakatlariga bogʻliq boʻlib qoladi. Har holda demokratiya nazariyalarida shunday uqtiriladi.

    Prezident Shavkat Mirziyoyevning yaqinda boʻlib oʻtgan inauguratsiyasi marosimidagi oʻy-xayollar qoʻlimga qalam tutqazdi. 2023-yil 14-iyul kuni mamlakatimiz oʻz tarixining yana bir yangi bosqichiga qadam qoʻydi. Bu davrda hayotimiz yanada joʻshqinroq, islohotlarimiz yanada jadalroq tus oladi, deb xulosa qilishga barcha asoslar bor. Bu asos-dalillar Prezident lavozimiga kirishish marosimidagi nutqda baralla yangradi. Oʻzbekistonni ijtimoiy davlatga aylantirish, islohotlar markazini mahallaga koʻchirish, konstruktiv muxolifat faoliyatini kafolatlash, “yashil” iqtisodiyot tamoyillarini keng joriy etish, ishlab chiqarish industriyasi kuchli rivojlangan davlatga aylanish kabilar nutqda tilga olingan masalalar davomli roʻyxatining ayrimlari, xolos. Oʻsha kuni davlatimiz rahbari asosiy nyusmeykerga aylandi.

    “Faqat dehqonchilik bilan kun koʻradigan mamlakat boʻlib qolmasligimiz kerak”

    Maʼruzada mamlakatimiz rivoji bilan bogʻliq eng oʻtkir, eng dolzarb, eng muhim masalalar koʻtarildi, ularning yechimlariga yoʻnaltirilgan hamda aniq raqamlar bilan oʻlchanadigan marralar (zamonaviy menejmentda bunday maqsadlar SMART-maqsad, deb ataladi) belgilandi. Mana shu maqsadlardan biri: “Biz 2030-yilgacha yalpi ichki mahsulotimiz hajmini 160 milliard dollarga yetkazishdek juda katta marra oldik”. Aytilishi oson, lekin bajarilishi nihoyatda murakkab boʻlgan bu maqsadga erishishning oʻzi boʻlmaydi, albatta. Aniq hisob-kitoblarga tayanadigan boʻlsak, yalpi ichki mahsulot hajmini 80,4 milliard dollardan (2022-yilda) maʼruzada taʼkidlangan raqamga yetkazish deyarli ikki barobar (!) oʻsishni nazarda tutadi. Va bunday sakrashga bor-yoʻgʻi 7 yilda erishish talab etiladi.

    Bu marrani belgilashda davlatimiz rahbari koʻp hisob-kitoblarga tayangani, imkoniyatlarimizni sarhisob qilgani, xalqning safarbarligiga ishongani aniq. Maʼruzada bu haqda shunday deyildi: “Biz faqat dehqonchilik bilan kun koʻradigan mamlakat boʻlib qolmasligimiz kerak. Biz ishlab chiqarish industriyasi kuchli darajada rivojlangan davlatga aylanishimiz zarur... Biz nafaqat mohir paxtakor va bogʻbonlar oʻlkasi, balki yuqori malakali IT mutaxassislar, injener va energetiklar, konchi va metallurglar, fizik va kimyogarlar mamlakati boʻlishimiz kerak”. Toʻgʻri-da, dunyoda toʻrtinchi sanoat inqilobi avjiga chiqayotgan, sunʼiy intellekt inson bilan raqobatga kirishgan bir paytda dehqonchilikni rivojlantirish evaziga taraqqiy etib boʻlmasligi muqarrar. Shu boisdan, Prezidentimiz INSON, uning salohiyati va faolligini islohotlarning eng muhim drayveri sifatida tanlamoqda. Besh strategik maqsadni oʻz ichiga olgan saylovoldi dasturida dastlabki maqsad sifatida inson salohiyatini roʻyobga chiqarish maqsadi tanlanishi ham bejiz emas, albatta. Qolaversa, Prezidentimiz davlat boshqaruvi jilovini qoʻlga olganda ilgari surilgan oʻzak-gʻoya: “Inson qadri uchun” gʻoyasi oʻzgarishsiz qoldi.

    “Bugungi zamon – bu kechagi zamon emas”

    Haq gap. Xalqimizning ongi, dunyoqarashi oʻzgardi. Oʻzbekiston xalqi kechagi xalq emas. Bugungi xalq majburiy mehnatga javoban jimgina rozi boʻlmasdan, haqqini talab qilayotgan xalq. Bugungi xalq “Tashabbusli byudjet” jarayonida faol qatnashib, mahallasining muammolarini baholi qudrat oʻz kuchi bilan hal qilayotgan xalq. Bugungi xalq nobop ishlar haqida bong urib, ularni toʻxtatishga qudrati yetayotgan xalq. Bugungi xalq zurriyodlarining ertangi taqdiri haqida qaygʻurib, har bir novda-niholni oʻz himoyasiga olayotgan xalq.

    Bugungi xalq namoz oʻqishga masjidlarda baralla aytilayotgan azonlar bilan chorlanayotgan xalq. Bugungi xalq Umra safariga borayotganlar soni boʻyicha rekord qoʻyayotgan xalq. Bugungi xalq oʻz farzandining biri boʻlmasa, boshqa oliy oʻquv yurti kirishiga ishonadigan, bir necha yil umrini yoʻqotmasligidan xotirjam xalq. Bugungi xalq boshliqlarning xatolarini ayamasdan tanqid qila oladigan, kerak boʻlsa, oʻzidan kechirim soʻrattiradigan qudratga ega xalq. Bugungi xalq amaldorlar “katta odam” emas, balki xalq xizmatiga yollangan odam ekanini tushunib yetgan xalq. Bugungi xalq jamiyatdagi har qanday adolatsizlikka barham berilishiga ishonadigan xalq. Eng muhimi, “Odamlarimiz katta maqsadlarga intilishdan, tashabbus koʻrsatishdan, yangilik yaratishdan qoʻrqmayapti”.

    Xalqimiz ongi va dunyoqarashi oʻzgarganini davlatimiz rahbari “eng katta yutugʻimiz” deya baholadi va “Oʻzini oʻzgartira olgan xalq, hech shubhasiz, hayotni, ijtimoiy muhitni ham oʻzgartira oladi”, degan xulosani ilgari surdi, odamlarni shu tahlit motivatsiyaladi.

    Kechagi kun bilan bugungi kun oʻrtasidagi farq shu qadar kattaki, olti yarim yilda amalga oshirilgan oʻzgarishlarni, erishilgan yutuqlarni koʻrib, Prezident koʻp-koʻp takrorlaydigan ibora beixtiyor tilga keladi: “Boʻlar ekan-ku”. Demak, kelgusi yetti yil uchun ham qanchalik baland marra belgilamaylik, maqsadlarimizga yetishimiz, quyilgan vazifalarni uddalay olishimiz aniq. Kelgusi 7 yilimizda ham “Boʻlar ekan-ku”, degan eʼtiroflarga loyiq ishlar bisyor boʻlishiga ishonchim komil. Lekin buning oʻz shartlari bor. Prezidentimiz taʼbiri bilan aytganda, “...Bugungi keskin raqobat olamida kechagi mezon va yondashuvlar bilan rivojlanib boʻlmaydi. Kechagi natija, kechagi qarash va mezonlar endi tarix. Ular endi bizni qoniqtirmaydi. Yangi davr uchun yangi gʻoya va tashabbuslar kerak, yangi natijalar kerak. Shundagina u tom maʼnoda yangi davr boʻladi”.

    “36 millionlik xalq uchun shaxsiy javobgarlik”

    Hayot oʻzgaruvchan. Oʻzgarishlar uzluksiz tabiatga ega boʻladi va oʻzaro bogʻliqlikda yuz beradi. Yaʼni, bir sohadagi oʻzgarishlar boshqa sohalarda ham oʻzgarishlar keltirib chiqaradi. Shu nuqtayi nazardan Oʻzbekistonda amalga oshirilgan Konstitutsiyaviy islohotlar navbatdagi qator oʻzgarishlar uchun katalizator vazifasini bajardi. 2023-yil 9-iyul kuni boʻlib oʻtgan Prezident saylovi ham Konstitutsiyaviy islohotlarning mantiqiy davomi boʻldi. Saylov natijalariga koʻra, Shavkat Mirziyoyev 87,05 foiz ovoz bilan 7 yil muddatga Prezident etib qayta saylandi.

    87,05 raqamida gavdalangan saylov natijalari nimani anglatadi? Birinchidan, bu raqam xalqning shu vaqtgacha Oʻzbekistonda yuz bergan oʻzgarishlarga munosabatini, yana ham aniqrogʻi, ijobiy munosabatini ifodalaydi. Ikkinchidan, bu raqam shu tahlit oʻzgarishlar mamlakatimizda bardavom boʻlishi istagi ustuvor ekanini namoyon etadi. Uchinchidan, bu raqam Oʻzbekistonda tub va jadal islohotlarni boshlab bergan va ularning boshida turgan yetakchi bu oʻzgarishlarni oxiriga yetkazishi zarurligini koʻrsatadi. Toʻrtinchidan, bu raqam hokimiyatning legitimligini oshiruvchi va mustahkamlovchi asos boʻlib xizmat qiladi. Va nihoyat, beshinchidan, bu raqam xalqning oʻz yetakchisiga ishonchini namoyon etdi. Bunday ishonchga sazovor boʻlishning yuki esa nihoyatda ogʻir. Bu odamlarning ishonchini oqlash kelgusi 7 yillikda halovatsizlik, doimiy tarang asablar, bedor kechalar, oʻnlab tashrif, yuzlab uchrashuv, minglab qaror, qisqasi, doimiy faollik holatiga shaylanishni nazarda tutadi.

    Xalq ishonchini qozonish siyosatning nihoyatda qimmat resurslardan biri sanaladi. Hukmdorlarga ishonch va ularning xalq hurmatiga sazovor boʻlishi masalasiga Konfutsiy oʻz davrida katta eʼtibor qaratgan edi. Shogirdi Szi Gunning boshqaruv mohiyatiga oid savoliga javoban Konfutsiy shunday deydi: “Yaxshi boshqariladigan davlatda oziq-ovqat yetarli boʻlishi kerak, qurol-aslaha yetarli boʻlishi kerak va xalq oʻz hukmdoriga ishonishi kerak. Oʻtkir zarurat tugʻilganida qurol-aslahadan, oziq-ovqatdan voz kechish mumkin, lekin xalq ishonchidan aslo voz kechib boʻlmaydi. Negaki bunday ishonchdan mahrum davlat qiyinchiliklarga dosh bera olmaydi”.

    Xalq ishonchi qozonildi. Endi bu ishonchni oqlash kerak. Aniqrogʻi, 87,05 foiz Prezidentga tikilgan umidvor nigohlarning ishonchini oqlash kerak, ularning orzu-umidlarini roʻyobga chiqarishga qodir boʻlish kerak. Ular esa davlatimizdan amaliy ishlar kutmoqda, salmoqli ishlar kutmoqda, samarali ishlar kutmoqda. Prezidentimiz taʼbiri bilan aytganda, “Millionlab insonlar – ota-onalarimiz, opa-singillarimiz, oʻgʻil-qizlarimiz bugun bizga umid va ishonch bilan koʻz tikib turibdi. Ana shunday umid va ishonchni oqlash, erishgan yutuqlarimizni yangi natijalar bilan mustahkamlash bizning nafaqat vazifamiz, balki insoniy burchimizga aylanishi shart”.

    “Tizim oʻzgaradi, vaziyat oʻzgaradi, samaradorlik oʻzgaradi"

    Oʻzgarishlar takomilni, taraqqiyotni, yuksalishni nazarda tutadi. Globallashuv jarayoni va hayot surʼatlari jadallashuvi oʻzgarishlarni, yangilanishlarni muqarrar qilib qoʻydi. Taraqqiyot shiddati ortda qolayotganlarni ayovsiz jazolamoqda, tezkor boʻlishga, vaqtdan oʻzishga, zamondan ilgarilashga undamoqda. Shu nuqtayi nazardan, kelgusi 7 yillikda Oʻzbekistondagi hayot mazmuni oʻzgarishi, jarayonlar yangicha sifat kasb etishi, davlat va jamiyat oʻrtasidagi munosabatlarning yanada demokratlashuvi muqarrar. Chunki saylovoldi dasturida belgilangan marralar yangi vazifalar sifatida kun tartibidan oʻrin oldi.

    Kun tartibidagi vazifalardan biri – ijtimoiy davlat qurish bilan bogʻliq. Tan olish kerak, bu – amalga oshirilishi nihoyatda mashaqqatli, davlatga qimmatga tushadigan va qaror qabul qiluvchilardan favqulodda javobgarlikni talab etadigan gʻoya. Ijtimoiy davlatda moddiy boyliklar ijtimoiy adolat tamoyillariga muvofiq taqsimlanadi, har bir fuqaro uchun munosib hayot darajasi taʼminlanadi, ehtiyojmandlarga koʻmak beriladi. Bularning barchasi uchun masʼuliyat davlat zimmasiga yuklanadi.

    Ijtimoiy davlat mohiyatini aks ettirish uchun ayrim olimlar uni “ommaviy rohat-farogʻat davlati” deb, boshqalari ”homiy-davlat” deya talqin qiladi. Ijtimoiy davlat byurokratiya, korrupsiya, qonunsizlik kabi illatlarga toqatsiz boʻladi. Ijtimoiy davlatning qurilishi byudjetga katta yuklama boʻlib tushadi, chunki yalpi ichki mahsulotning anchagina qismi sotsial siyosatga yoʻnaltiriladi. Garchi chiqimdor va oʻta murakkab boʻlsa-da, ijtimoiy davlat nihoyatda insonparvar, xalqchil, fuqarolarning manfaat-ehtiyojlarini maksimal darajada qondiradigan model hisoblanadi. “INSON QADRI” bunday davlatning markaziy masalasiga aylanadi, inson kapitalini rivojlantirish davlatning birlamchi vazifasi sifatida tan olinadi.

    Davlatimiz rahbari tomonidan yangi marrralarga erishishda boshqaruv kadrlari oldiga qoʻyiladigan talablar ham belgilab berildi. Bular quyidagilar:

    –avvalgidan ikki-uch karra koʻproq gʻayrat va shijoat bilan ishlash;

    –potensial xavf-xatar, toʻsiq va gʻovlarni eʼtiborga olish hamda ulardan betalafot oʻtish choralarini koʻrish;

    –yoʻl qoʻyilgan xato va kamchiliklardan zarur xulosalar chiqarish;

    –xalq kutayotgan, davr talab etayotgan yangi gʻoya va tashabbuslarni ilgari surish;

    –tobora taqchil boʻlib borayotgan resurslar, mavjud imkoniyatlar va salohiyatdan oqilona foydalanish;

    –har qanday muammoni aql bilan, ilm-fan yutuqlariga tayangan holda hal qilish;

    –jamiyat bilan doimiy muloqotda boʻlish, xalqimiz bilan bamaslahat ish yuritish.

    Tizim oʻzgarishi uchun, vaziyat oʻzgarishi uchun, samaradorlik oʻzgarishi uchun Prezidentimiz aytganidek, “Parlamentimiz, hukumatimiz, vazirlik va idoralar, mahalliy hokimliklar oʻzlarining kelgusi faoliyatlarini mana shu omillarning barchasini inobatga olgan holda tashkil etishlari zarur”. Boshqa yoʻl yoʻq.

    Noqobil rahbarlar bilan xayrlashuv

    Prezidentimiz davlat boshqaruviga kelishi bilan rahbar kadrlarda uchraydigan illatlarga qarshi murosasiz kurash boshladi. Dastlab ulardan yumshoq oromkursilarini tark etishni, oʻz kabinetidan chiqishni, muammolar epitsentriga borib ishlashni talab qildi. Rahbarlar oʻz “komfort zonasi”dan chiqishga majbur boʻldi. Lekin maqsad bu emas edi. Maqsad – rahbarlarni xalqqa yuzlantirish, davlat va jamiyatni oʻzaro bir-biriga yaqinlashtirish, joylardagi muammolarni batafsil oʻrganish asosida toʻgʻri boshqaruv qarorlari qabul qilinishini taʼminlash edi.

    Bunday yondashuv asosida “osmonda yurgan” rahbarlar “yerga tushdi”, odamlar bilan muomala qilishni (garchi qiyin boʻlsa ham), fuqarolarni tinglashni (boshliq uchun oʻta muhim va oʻta kamyob xislat) oʻrgandi, ularda empatiya (boshqalarning tuygʻularini, dardini tushunish layoqati) paydo boʻldi. Bu boshqaruv kadrlari endilikda koʻr-koʻrona, masalaning ichiga kirmay qaror qabul qilishdan yiroqlashdi. Har bir masalani aql chigʻirigʻidan oʻtkazib, ularning yechimlari amaliyotda qanday “ishlashini” chamalab koʻrishga odatlandi. Ular pishiq-puxta, kuchli tahlil va dalillarga asoslangan, va eng asosiysi, xalqchil qarorlarga imzo cheka boshladi.

    Yashirib nima qilamiz, rahbarlar bilan xalq oʻrtasidagi “Xitoy devori” olingach, aholi oʻz rahbarlarini taniy boshladi. Sayyor qabullar, OAVga intervyular, deputatlar oldidagi hisobotlar oʻz natijasini berdi, davlat idoralari faoliyatining ochiqligini taʼminlash borasida vaziyat mutlaqo oʻzgardi.

    Keyingi bosqichda Prezidentimiz rahbar kadrlar faoliyatini baholash mezonlarini tubdan oʻzgartirdi. Endilikda boshqaruvchilarning faoliyati xalqqa foydalilik tarozisida, samaradorlik va natijadorlik nuqtayi nazaridan oʻlchana boshladi. Xalq ehtiyojlariga moslashish talabi ortdi. Silliq hisobotlar uchun ishlash davri oʻtdi. Inauguratsiya marosimidagi maʼruzasida davlatimiz rahbari bu masalani yana bir karra urgʻuladi: “Barcha boʻgʻindagi rahbarlarga chiroyli, balandparvoz gapiga qarab emas, faoliyatining aniq natijasiga qarab baho beramiz”.

    Albatta, guruch kurmaksiz boʻlmaydi. Eʼtiborlisi shundaki, ommaviy axborot vositalarida eng koʻp iqtibos keltirilgan fikr quyidagicha boʻldi: “Qonunlarni, odamlarni mensimaydigan, ularga qoʻpol munosabatda boʻladigan, byurokratiya va korrupsiya balosiga berilgan har qanday rahbar bilan – u vazir yoki hokim boʻladimi, boshqa masʼul vazifadagi amaldor boʻladimi – salbiy harakatlari bilan davlat obroʻsiga putur yetkazayotgan bunday kishilar bilan uzil-kesil xayrlashamiz”. Garchi Prezidentimiz ilk kunlardanoq rahbar kadrlarda uchraydigan kibr-havo, qoʻpollik, poraxoʻrlikka qarshi kurashga yeng shimarib kirishgan boʻlsa-da, bu sohada hali qiladigan ishlarimiz koʻp.

    Vaholanki, davlatimiz rahbarining saʼy-harakati bilan Oʻzbekistonda davlat boshqaruvi falsafasi tubdan oʻzgardi. Ilgari davlat birlamchi boʻlib, odamlar uning manfaatlarini qondiruvchi vositaga aylantirilgan boʻlsa, hozirda boshqaruv piramidasi 180 gradusga oʻzgartirildi. Inson, jamiyat, xalq piramidaning choʻqqisini egalladi, davlat siyosatining markazidan oʻrin oldi, uning manfaatlari oliy qadriyatga aylandi. Muhimi, insonga oʻzgarishlarni amalga oshiruvchi vosita deb emas, oʻzgarishlar maqsadi sifatida munosabat shakllandi.

    “Kim kimga xizmat qilmogʻi lozim: davlat insongami yoki inson davlatgami?”, degan falsafiy savolga qatʼiy javob topildi: davlat – insonga. Shavkat Mirziyoyev siyosatining mazmuni va talabi oddiy va sodda tarzda ifodalandi: davlat xizmatchisi avvalo xalq xizmatchisi boʻlishi shart. Xalq yukini oʻz yelkasiga olish, odamlarni hayotdan rozi qilish – rahbarlar faoliyatiga baho berishning oʻlchov birligiga aylanadi. Toʻgʻri-da, har bir inson, u jamiyatda qanday oʻrin egallaganidan qatʼi nazar, uni qadrlashi va hurmat qilishini istaydi. Kibrga berilish, birovlarning koʻnglini ogʻritish, zulm qilish Allohga ham xush kelmaydi.

    Jadid bobolarimiz yoʻrigʻidan borib, Prezidentimiz bunday jaholatdan maʼrifat najot boʻlishini uqtirmoqda, boshqaruvdagi muammolar yechimini ham taʼlimdan izlamoqda. Rahbar kadrlarning uzluksiz va tizimli taʼlimini yoʻlga qoʻyishni, oʻquvlar sifatini oshirishni, xorijiy tajribani oʻrganishni davr talabiga aylantirmoqda.

    Tan olish kerak, Oʻzbekistonda yangi sharoitlarga moslashuvchan, oldiga qoʻyilgan masalalarni tezkor va sifatli hal etishga qodir, professional kadrlar taqchilligi mavjud. Shunday boʻlsa-da, davlat obroʻsiga putur yetkazayotgan amaldorlar haqida gapirar ekan, Prezidentimiz ularning oʻrnini kim bosishini ochiqladi: “Ularning oʻrniga bilimli, Vatan va xalq tashvishi bilan yashaydigan yosh-yosh yigit-qizlarni qoʻyamiz”.

    “Yoshlik – gʻanimat, vaqt – gʻanimat, fursat borida otni qamchilang!”

    Davlatimiz rahbari nutqida yangragan bu daʼvat yurtimizdagi 18 milliondan ziyod navqiron oʻgʻil-qizlarga qaratildi. Negaki, Prezidentimiz aynan yoshlar timsolida “Yangi Oʻzbekiston” bunyodkorlarini, “Uchinchi Renessans” yaratuvchilarini koʻradi. Ularga bugungi va ertangi kunning egalari sifatida qaraydi. Ularning sadoqati va fidoyiligiga ishonadi.

    Xoʻsh, Prezidentimiz aynan yoshlarga umid bogʻlayotganining sababi nima? Birinchidan, yoshlar – totalitar fikrlashdan xoli, demokratiyaga ochiq toifa. Ikkinchidan, ular ishtiyoqi baland, bilagi kuchga toʻla, osmondagi oyni ham olib berishga tayyor gʻayrat sohibidir. Uchinchidan, ular oʻzgarishlarga ochiq, yangiliklarga moslashuvchanligi nisbatan yuqori. Toʻrtinchidan, yoshlar dovyurakligi tufayli hatto sunʼiy intellekt bilan raqobatlashishdan toymaydi. Beshinchidan, yoshlar tashabbuslari ichiga sigʻmaydigan, bilimga chanqoq guruh hisoblanadi. Va eng muhimi, yoshlar liderlikka daʼvogar, kelajak bilan bogʻliq katta-katta rejalar qurayotgan, baland parvozga shay qatlamdir.

    Prezidentimiz aynan shunday yoshlarga qanot berib, ularni mansab otiga mindirmoqda. Qobiliyatli, tirishqoq va layoqatli yoshlar uchun rahbarlik eshiklarini ochmoqda. Bilimli va yurtiga sadoqatli kadrlar 22 yoshidayoq vazir oʻrinbosari boʻlishi mumkinligini amalda isbotlamoqda. Davlat xizmati tizimini fidoyi, salohiyatli, professional kadrlar hisobiga toʻldirishda yoshlarga tayanmoqda. Bunday mansab pillapoyalaridan koʻtarilishda yosh va tajriba emas, qobiliyat, aql-zakovat va ishtiyoq hal qiluvchi ahamiyat kasb etmoqda.

    Bu haqda Prezident shunday dedi: “Mana, safimizga yurtimizdagi, chet eldagi nufuzli oliygohlarda oʻqigan, yirik kompaniyalarda ishlagan qancha-qancha salohiyatli yoshlar kirib kelmoqda. Men ularning timsolida avvalo ertangi kunimizning yangi rahbarlarini, hudud, tarmoq va sohalarning mohir boshqaruvchilarini koʻraman”. Yoshlarga bildirilgan bunday ishonch, ularni mansab pillapoyalaridan koʻtarilishiga berilgan bunday ragʻbat ertaga oʻz mevalarini berishiga ishonaman.

    Kadrlar toblanadigan maskan

    Prezident Shavkat Mirziyoyevning “yutuqlar daftari”ga bitilgan oʻzgarishlardan yana biri mahalla bilan bogʻliq. Davlat boshqaruvidagi islohotlar bois barcha davlat idoralari faoliyati mahallagacha tushirildi. Mahalla, oʻz navbatida, boshqaruv piramidasining choʻqqisiga chiqarildi. Mahalla davlat siyosatining muhim boʻgʻini, islohotlar drayveriga aylandi.

    Eʼtibor beradigan boʻlsak, dastlab mahallalarga tushib, muammolar oʻrganildi. Tizimli muammolar aniqlangach, tegishli vazirliklarda bu muammolarni hal qilishga yoʻnaltirilgan qarorlar qabul qilindi. Bora-bora mahalla muammolar oʻrganiladigan va aniqlanadigan maskandan muammolar joyida hal qilinadigan, muhim qarorlar qabul qilinadigan maskanga aylandi. Aholi farovonligini taʼminlashda mahalla jamoatchilik va davlat organlari oʻrtasidagi “tayanch koʻprik” vazifasini oʻtay boshladi. “Ochiq byudjet” loyihasinining ishga tushirilishi natijasida mahalla jamoatchilik boshqaruvining muhim boʻgʻiniga aylandi.

    Mahalla moʻjaz bir hokimiyat modelini oʻzida gavdalantirib, uni menejer-rais rahbarligidagi “beshlik” boshqara boshladi. Bu “beshlik” ochiq tanlov asosida shakllantirildi va dastlabki bosqichda oʻqitildi. Undan oʻrin olganlar mahallada bebaho tajriba orttira boshladi. Ular xonadonbay ishlashni, muammolarning xalqchil yechimlarini topishni oʻrganmoqda. Ular sabr kosasi toʻlgan odamlarni toqat bilan tinglashni oʻrganmoqda. Ular ustuvorliklarni belgilashni oʻrganyapti: qaysi oilalar birlamchi koʻmakka muhtojligini aniqlayapti. Ular begonalarning tuygʻularini tushunishni, ularga qaygʻudosh, hamdard, koʻmakdosh boʻlishni oʻrganmoqda. Muhimi, odamlarning ogʻirini yengil qilishdek savobli amallardan rohat topmoqda. Mahalladagi muhit, mahalladagi muammolar, mahalladagi ish uslubi ularni toblamoqda.

    Institutsional jihatdan takomillashtirilgan mahalla yangi avlod boshqaruv kadrlarini tayyorlashning hayotiy maktabiga aylandi. Mahalla “qozonida qaynagan” kadrlar endilikda yuqori va masʼuliyatli lavozimlarga tayinlana boshladi. Boshqacha aytganda, Prezidentimiz mahalladagi beshlik uchun karyera modelini chizib berdi: mahallada ishlab, xalq dardini bilib, uning muammolarini hal qilishga astoydil bel bogʻlagan mahalla menejerlarini yuqori lavozimlarga tayinlash mexanizmini yaratdi. “Rahbar boʻlish uchun xalqning ichidan chiqib kelish kerak”, degan tamoyil amal qila boshladi. Mahalladagi beshlik hali koʻplab jonkuyar va fidoyi kadrlar uchun yaxshi “tramplin”, kuchli motivatsiya, oʻziga xos ijtimoiy lift vazifasini oʻtashi aniq. Bu jihatdan “xalq xizmatidagi davlat”ni barpo etishda, insonparvar boshqaruvni taʼminlashda mahalla katta rol oʻynamoqda.

    “Haqiqiy safarbarlik endi boshlanadi!”

    Odatda, mamlakat hayotining hal qiluvchi pallalarida yalpi safarbarlik eʼlon qilinadi. Saylov va referendumlar ham ana shunday jarayonlar sirasiga kiradi. Konstitutsiyaviy referendumda ham, Prezident saylovida ham Oʻzbekiston xalqi ana shunday safarbarlikni namoyon qildi. Lekin Prezidentimizning mana bu gapi meni oʻylantirib qoʻydi: “Kimki “Saylov oʻtdi – safarbarlik tugadi”, deb oʻylasa, xato qiladi”. Bu iborasi bilan davlat rahbari nima demoqchi boʻldi? Endigi safarbarlik nimaga xizmat qiladi?

    Saylovoldi dasturida va inauguratsiya marosimida Prezidentimiz yaqin 7 yillik maqsad-marralarimizni bayon etdi. Saylovda Shavkat Mirziyoyevga ovoz bergan har bir fuqaro aslida uning saylovoldi platformasidan oʻrin olgan gʻoyalarga ham ovoz berdi. “Oʻzbekiston–2030” maqsadlarini amalga oshirish Prezidentga xayrixoh va tarafdor insonlar bilan bir qatorda unga kamarbasta va yelkadosh insonlarning koʻp boʻlishini taqozo etadi.

    Bunday insonlarga yangi Oʻzbekistonni qurish, Uchinchi Renessans poydevorini yaratish bilan bogʻliq islohotlarning eng old qatorlarida boʻlish, tom maʼnoda tarix gʻildiragini aylantirish imkoniyati beriladi. Zero, nafaqat bugun qanday yashashimiz, balki ertangi kunimiz qanday boʻlishi ham bizning ana shu safarbarligimizga bogʻliq boʻladi. Biz tarixan muhim jarayonning markazida turibmiz, bizga mamlakat taqdiriga daxldor ulkan ishga hissa qoʻshish imkoniyati berilmoqda.

    Bizning har kunimiz inson qadri ustuvor boʻlgan jamiyat va xalqparvar davlat sari tashlangan qadam boʻlishi kerak. “Har bir kun – bu imkoniyat, har bir kun – bu kelajak poydevori” degan shior bugundan boshlab hayotimiz qoidasiga, har qaysi rahbarning, barcha xalq noiblari, vazir va hokimlarning kundalik faoliyat dasturiga aylanishi shart”, deydi davlatimiz rahbari. “Yangi Oʻzbekiston” deb amalmish ulugʻvor imoratni tiklashda rahbarlar bilan bir qatorda har birimiz oʻz hissamizni koʻshishimiz, maʼjoziy maʼnoda oʻz gʻishtimizni qoʻya olishimiz kerak. Chunki kelgusi yetti yilga moʻljallab ishlab chiqilgan strategik maqsadlarga erishishdan hammamiz va har birimiz manfaatdormiz. Shu bois, bu maqsadlar Prezidentimizning “kun tartibi”dan har birimizning “kun tartibi”mizga koʻchishiga ishonchim komil. Endi “bizga boʻlaveradi” deb yashashga xaqqimiz ham vaqtimiz ham yoʻq!

    Otabek HASANOV,

    siyosiy fanlar doktori (DSc)