“Nashvatini olmaga payvand qilib boʻlmaydi, bilasizmi? Agar shunday qilinsa, bu ikki ajoyib mevadan ham mosuvo boʻlamiz. Bolalar adabiyotimizda bugun eng muammo boʻlayotgan narsa milliylik, nazarimda. Milliy ruhiyatimiz aks etgan, milliy qahramonlarimizning, xalqimiz dahosining ulugʻ maqsadlarini oʻzida jamlagan, shulardan oziqlangan asarlar kerak bugun. Milliy kino, milliy teatr, albatta, adabiyotdan kuch oladi. Shunday ekan, oʻzbek bolasining qalbini tinglab, uning yurak urishiga mos asarlar yaratishimiz kerak.”
Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Xudoyberdi Toʻxtaboyevning ushbu mulohazalarini bugungi suhbatimizga debocha sifatida tanladik. Taniqli bolalar yozuvchisi Muhabbat Yoʻldosheva bilan hozirgi oʻzbek bolalar adabiyotining yutuq va muammolari haqida fikr almashar ekanmiz, millat farzandlari kamolotini belgilaydigan bu jarayondagi voqelik va oʻzgarishlar samarasi uchun barchamiz birdek jon kuydirishimiz kerakligini yanada chuqurroq his qildik.
— Muhabbat opa, “Adabiyot olamida bizning oilamizni “Yozuvchilar oilasi” deb atashadi”, deya faxr bilan soʻz boshlaganingizda yuz-koʻzlaringizda oʻzgacha quvonch va faxrni koʻrdim. Yozuvchi ham, tarjimon ham, kitob va sahifalar bezakchisi ham oʻz ijodiy jamoangizda boʻlishining qanday afzal va murakkab tomonlari bor?
— Adabiyot deb atalmish ulugʻ dargohga kirib kelganimga 40 yildan oshdi, uzoq yillar yozuvchi, ilmiy jurnalist va kinotarjimon sifatida faoliyat yuritdim, tahririyat va telekanallarda ishladim. Ikki nafar farzandim matbuot va adabiyot olamida ulgʻayishdi, alla oʻrniga esa yangi yozayotgan ertaklarimni tinglashdi va oʻzlari ham sezmagani holda bolalar adabiyotiga yuz tutdi. Qizim Gulnoz Tojiboyeva olti yoshidan ertak yoza boshladi, u hozir bolalar yozuvchisi, rassom, tarjimon va ssenarist sifatida tanilgan. Gulnozning bolalarga atalgan 14 ta kitobi nashrdan chiqdi. 4 yoshidan boshlab ertak toʻqiy boshlagan. Oʻgʻlim Xurshid Tojiboyev esa IT sohasi mutaxassisligini egallagan boʻlsa-da, bolalar yozuvchisi va tarjimon sifatida tanilib boryapti, uning bolalarga atalgan ertak toʻplamlari soni 10 tadan oshdi.
Yozuvchi, tarjimon, bezatuvchi-rassomlarning bari bitta ijodiy jamoaga jam boʻlishining afzalligi mislsiz. Avvalambor, bizning kitoblarimizni hech kim oʻzimizdan yaxshiroq tarjima qilolmaydi. Ertaklarga bezak rasmlarni badiiy adabiyot qoidalariga qatʼiy rioya qilgan holda, lekin didimiz va istagimizdan kelib chiqib oʻzimiz xohlagandek qilib chizamiz. Sohamizga oid qandaydir yangilikni bilib qolsak, bundan boshqalarni ogoh qilishga shoshilamiz. Doimo birgalikda va oʻzaro fikrlashib, maslahatlashib ishlaganimiz uchun uchchovimizning ham yozish, tarjima qilish va kitoblar dizayni borasidagi uslubimiz bir muncha oʻxshab ketadi. Chunki men oʻzim bilgan narsani farzandlarimga, ular esa oʻz bilganlarini menga oʻrgatishadi.
Kitob yozish, uni nashrga tayyorlash va badiiy bezash-dizayn borasidagi ishlarni ham baravar bajaramiz, bir-birimizning kitoblarimizni tekshirib, kamchiliklarini toʻgʻrilab ketaveramiz. Masalan, oʻzbek-kiril alifbosidagi va rus tiliga tarjima qilgan asarlarimizning muharrirligi va musahhihligi koʻproq mening zimmamga tushadi. Lotin imlosidagi asarlarimizning muharrirligi va musahhihligiga esa Xurshid masʼul boʻladi. Kitoblar dizaynini uchchalamiz baravar qilsak-da, lekin bosh dizayner-rassom vazifasi Gulnozga yuklatilgan, chunki u — professional rassom. Men asosan rus, ingliz, qozoq, turk, qoraqalpoq, nemis va bolgar tillaridan, Gulnoz rus, ingliz, koreys va qoraqalpoq tillaridan, Xurshid rus va turk tillaridan oʻzbek tiliga tarjima qila olamiz.
Murakkab tomonlari ham yetarlicha. Oilada birdaniga uch nafar ijodkor boʻlganidan keyin asarlarimizni tinimsiz nashr qilib turish kerak boʻladi. Baʼzan “Uchovingizdan bittangiz asar bering” degan talab boʻlib qoladi. Bunday hollarda oʻzimnikini qoldirib, hech boʻlmaganda oʻgʻlim bilan qizimning asarlarini oʻtkazishga urinaman.
— 2017-yildan boshlab “Oʻzbek adabiyotini dunyo oʻqisin”, degan maqsadda chet el nashrlarida oʻzbek adabiyoti namunalarini astoydil targʻib qilib kelyapsiz. Va ana shu jarayonda oʻzbek bolalar adabiyotidagi qaysi ustuvorliklar va muammolar koʻzga tashlandi?
— Dastlab oʻzim va farzandlarimning ertaklarini chet el nashrlarida chiqarishga harakat boshlaganimda, xorijlik noshirlarning “Oʻzbeklarda ham bolalar yozuvchilari yetarlimi? Bugungi zamon talablariga javob beradimi?” degan ajabtovur savollariga duch keldim. Shunda bildimki, nafaqat chet ellarda, hatto MDH davlatlarida ham oʻzbek bolalar adabiyotini deyarli bilishmas ekan. Chunki koʻpincha turli tillarga tarjima qilinadigan toʻplamlar, antologiyalar tuzilayotganida koʻproq sheʼriyat va nasrga eʼtibor qaratiladi, bolalar adabiyoti esa doim ortga surib qoʻyilaveradi. Vaholanki, bolalar adabiyoti ham dolzarb masalalarni koʻtarib chiqa olishi mumkinligini Xudoyberdi Toʻxtaboyev, Anvar Obidjon kabi ustozlarimiz oʻz asarlarida allaqachon isbotlab ketgan.
Shuni taʼkidlab aytmoqchimanki, adabiyotni chet ellarga tanitishning asosiy yoʻli – tarjima. Shu bois avvaliga yosh oʻzbek yozuvchilarining, keyinroq katta adiblarning asarlarini ham rus tiliga tarjima qilib, oʻzim tanigan noshirlarga joʻnata boshladim. Balki buni “tanish-bilishchilik” dersiz, lekin bu adabiyotimizning rivoji uchun ish bersa, nega undan foydalanmaslik kerak? Rossiyalik mashhur fantast-yozuvchi, “Veche” nashriyoti bosh muharriri Vitaliy Pishchenko bilan 1988-yili, Toshkentdagi fantast-yozuvchilar seminarida tanishgandim. Men yozuvchi Baxtiyor Abdugʻafurning “Uzbechka” romanini rus tiliga tarjima qilganimdan soʻng, uni Vitaliy Pishchenkoga joʻnatdim va yosh yozuvchiga yordam berishini soʻradim. Turgan gapki, u iltimosimni yerda qoldirmadi va yaxshi asarning nashr etilishiga yordam berdi.
Oʻtgan 5 yil davomida men 30 nafardan oshiq oʻzbek yozuvchilarining hikoya va romanlarini tarjima qilib, Rossiya, Qozogʻiston, Ukraina, Qrim, Turkmanistondagi nashrlarda, Belgiya, AQSH, Pokiston, Angliya, Fransiyadagi adabiy nashrlarda chop etilishiga koʻmaklashdim. Qizim Gulnoz esa 10 dan oshiq oʻzbek bolalar yozuvchilarining asarlarini rus va ingliz tillariga tarjima qilib, MDH va chet el nashrlarida chop etilishiga hissa qoʻshdi. Xurshid esa oʻzbek adabiyotini turk tiliga tarjima qilish uchun til borasidagi bilimini oshiryapti.
— Baʼzi adabiyotshunoslarning taʼkidlashlaricha, hozirgi oʻzbek bolalar adabiyoti soni shu qadar kamki, ularni na tasniflash, na bola yoshiga qarab ajratish, na mavzularga koʻra boʻlish mumkin. Hatto mualliflarni saralash ham murakkab jarayon. Sizningcha ham shundaymi?
— Qizim Gulnozni 2021-yilda Novosibirsk shahrida boʻlib oʻtadigan “Kitobxon Sibir” Xalqaro kitob festivaliga taklif qilishganida, u bilan birga “Oʻzbekistonda noshirlik madaniyati va nashriyotlar” nomli maʼruza tayyorlash uchun 2019–2021-yillar davomida respublikamizdagi oʻnga yaqin yirik nashriyotlarda chiqarilgan kitoblarni tahlil qildik. Ushbu tahlil asnosida uch yil mobaynida chiqarilgan kitoblar orasida bolalarga atalgan asarlar nihoyatda kamligini, ular ham asosan tarjima ekanligi maʼlum boʻldi. Eng koʻngilni xijil qiladigani, shu yillar davomida oʻzbek bolalar yozuvchilarining oʻsmirlarga moʻljallangan asarlari deyarli chiqmagan ekan.
Bolalar adabiyotidagi hozirgi vaqtda koʻzga yaqqol tashlanayotgan eng yomon holat — men uni dahshatli degan boʻlardim, — bu bolalar adabiyotini rivojlantirish haqida davlat qarorlari eʼlon qilinganidan soʻng birdaniga “bolalarga atalgan asarlar” urchib ketayotganidir. Bunaqangi asarlarda bolalar psixologiyasi, ruhiy olami, dunyoqarashlari umuman hisobga olinmaydi, muallif bolalarni va ularning tilini bilmaydi, shu sababli xato ortidan xatoga yoʻl qoʻyaveradi. Koʻpinchi muallif kitobini oʻz hisobidan nashr ettirgani tufayli baʼzi noshirlar bunday xatoliklarga qarashmaydi.
Statistika maʼlumotlariga qarasak, hozirgi kunda yurtimizda 35 milliondan oshiq aholi yashayotgan boʻlsa, shuning 10 millionini 14 yoshgacha boʻlgan bolalar tashkil qilar ekan. Bu hisobga yana ikki-uch million nafarga yetadigan 15–16 yoshli oʻsmirlarni ham qoʻshsak, taxminan 12–13 millionga yaqin kitobxon ehtiyojini qondirish uchun 1000–2000 nusxada chiqadigan kitoblarimiz yetarlimikan? Yoʻq, albatta. Bu xuddi chanqab turgan odamga choy qoshiqda suv bergandek gap. Millionlab bolajonlarimizning oʻqishi uchun bolalar adabiyoti 100 minglab adadda chiqishi kerak!
Qachonki bolalar adabiyotini rivojlantirish haqida gap ketsa, “Bolalar yozuvchilari deyarli yoʻq”, degan gap tishni zirillatadi. Oʻzbek bolalar yozuvchilari yoʻq deb kim aytadi? Bolalar adabiyotidan 100 kilometr narida yuradigan odamlar shunday deydi! Illo, ayni vaqtda mamlakatimizda hayot boʻlib, ijod qilayotgan, turli yoshdagi kamida 100 chogʻliq bolalar yozuvchilari bor. Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasining Bolalar va oʻsmirlar adabiyoti kengashi tomonidan tavsiya etilgan yosh ijodkorlarning kitoblari “Adabiyot” nashriyoti tomonidan chop etilmoqda. Oʻz mablagʻi hisobiga kitob nashr ettirayotgan ijodkorlarimiz ham anchagina. Faqat aksariyat kitoblar 100–500 nusxada bosilib, bolajonlarning qoʻliga yetib borolmayotgani achinarli. Bolalar va oʻsmirlar uchun chop etilayotgan kitoblardan mablagʻimiz ayamasligimiz zarur. Shunda biz ularni oʻz qoʻlimiz bilan “onlayn ota-onalar” ixtiyoriga berib qoʻymaymiz!
— Maktabgacha boʻlgan davr inson rivojlanishida eng muhim va keskin palla hisoblanadi. Ayni shu davr kelajagimizni hal qiladi. Maktabgacha yoshda olgan psixologik jarohatlar ham ulgʻayganimizda ruhiy holatimizga eng koʻp taʼsir etishi ilmiy isbotlangan fakt. Demak, kitobxon jamiyat aʼzolarini maktabgacha boʻlgan davrdan boshlab tarbiyalashimiz zarur. Biroq...
— Bola tugʻilganidan to bir yoshigacha boʻlgan muddat ichida umr boʻyi oladigan bilimidan koʻra koʻproq maʼlumotga ega boʻlar ekan. Agar olimlarning bu xulosasiga ishonsak, demak bir yoshli bolaga bemalol ertak oʻqib berish mumkin. Bilasizmi, koreys xalqi bolani tili chiqqanidanoq oʻqishga oʻrgatish kerak deb hisoblaydi. Men 2018-yili Janubiy Koreyaning Kvanju shahrida boʻlganimda, koreyslar bolalarni kitobga qanday qiziqtirishlariga guvoh boʻlgandim. Bu yerdagi Osiyo Madaniyat Markazi tasarrufidagi Bolalar markaziga kirganimda, jajji kitobxonlarga atalgan kutubxonani koʻrdim. Ozoda, sarishta kutubxonadagi jajji javonlarga turli ertak kitobchalar terib qoʻyilgan, yerga esa bolalarning kitob oʻqishi yoki kitobdagi suratlarni tomosha qilib oʻtirishlari qulay boʻlishi uchun yumshoqqina yostiqchalar tashlab qoʻyilgan. Yumshoq yostiqchalar bolaga uyidagidek sharoit yaratadi. Bundan tashqari, qattiq yogʻoch stulchadan koʻra yumshoq yostiqcha ustida oʻtirib kitob oʻqish ancha qulayroq.
Tarbiyachi yetagidagi 3–4 yoshli bolalar oyoq kiyimlarini yechib, devor tomonga terib qoʻyishdi va kitob javonlari tomon oʻtib ketishdi. Aytgancha, kutubxonaga oyoq kiyimlarini yechib kiriladi. Bu kitoblarga nisbatan hurmatni bildirar ekan, bundan tashqari, tozalikni saqlash va kitob oʻqigan keladigan bolalarning salomatligini muhofaza qilish maqsadida shunday qilinarkan. Poyabzalini yechgan bolalar shamollab qolmaydi, chunki kutubxona binosi koreyscha uslubdagi yer tagidan isitish tizimlari bilan jihozlangan.
Biz insonning biron odati haqida gapirganda, “Tanglayi shu bilan koʻtarilgan”, deb qoʻyamiz. Keling, biz ham farzandlarimizning tanglayini kitob bilan koʻtaraylik. Chunki, “Sariq devni minib”, “Shirin qovunlar mamlakatida” kabi mashhur asarlarni oʻqiydigan bolalar ham kamayib borayotgandek... Bolajonlarimizni tili chiqmasidanoq kitoblar bilan oʻrab olaylik, shunda ertaga kitobxon avlodga ega boʻlamiz.
— Dunyoda XX asrgacha maktabgacha yoshdagi bolalar adabiyoti asosan folklor, ertak va rivojlantiruvchi (ensiklopediya yoki odob-axloq oʻrgatuvchi) kitoblardan iborat edi. XXI asr bolalar adabiyotida esa kichik yoshdagi bolalar uchun ham hikoya tarzidagi, ularning muammolari va savollarini aks ettirgan asarlar paydo boʻlib, ushbu yoʻnalish shiddat bilan rivojlandi...
— Oilamiz bolalar adiblaridan iborat boʻlgani uchun ham bu muammo bizning ogʻriq nuqtamizga aylangan va biz uning yechimini izlashga allaqachon kirishganmiz. Misol tariqasida men farzandlarim bilan birga jajji kitobxonlarimizga atalgan kitoblarni qanday tayyorlashimizni aytib oʻtaman. Eng avvalo, biz bolasiga kitob sotib olayotgan ota-onalarga yengillik tugʻdirish maqsadida kitoblar muqovasiga bolalarning yoshiga moslab “3+”, “5+”, “8+”, “14+” kabi yosh toifalarini belgilab qoʻyyapmiz. Kitoblarning mazmuni ham aynan shu yosh belgilariga mos boʻladi.
Jajji oʻquvchilarimizga atalgan kitoblarimiz asosan rangli, suratlari koʻp, matni oz, harflari yirik boʻladi. Bu kitoblarimizni bolalarning ruhiyati va pedagogika talablaridan kelib chiqqan holda tayyorlaymiz. Aytaylik, 3 yoshli bolalarga atalgan ertak yoki hikoyalar nihoyatda qisqa, matn qismi 80–150 soʻz, asosan rangli suratlardan iborat. Bu esa bolalar eʼtiborini tez jalb qiladi, kitobga qiziqishini oshiradi, voqealarni idrok etishlarini yengillashtiradi va, eng muhimi, charchatib qoʻymaydi.
Menimcha, bolalarga atab kitob chiqarayotgan nashriyotlarning noshirlari, muharrirlari, bezakchi rassomlari va mualliflari asarlar qaysi yosh toifasiga moʻljallanayotganidan kelib chiqqan holda tizimli ish olib borishlari kerak. Bolalar kitoblari jajji kitobxonlarda goʻzallik va estetik didni idrok etishni rivojlantirish bilan birga bilim ham berishi lozim. Shu maqsadda kitobdagi har bir qahramonni qiziqarli qilishdan tashqari unga yana muayyan bilim beruvchi maʼlumotlar ham yuklatiladi.
Ertak va hikoyalarning qahramonlari, albatta, oʻzbek xalqining oʻziga xos anʼanalari, qadriyatlari va kundalik turmushidan kelib chiqishi, suratlarda esa yurtimizda oʻsadigan gullar, daraxtlar, oʻsimliklar, hayvonlar tasvirlanishi kerak.
— Ayni paytda oʻzbek yozuvchilari tomonidan yozilayotgan koʻplab ertaklar va badiiy asarlarda milliy qadriyat va anʼanalarning oʻziga xosligini saqlab qolish uchun nimalarga eʼtibor berish lozim?
— Badiiy adabiyotning birinchi vazifasi ezgulik va yaxshilikni targʻib qilish hisoblanadi. Biz bolaga asarlar orqali yaxshilikka, albatta, yaxshilik qaytishi, yomonlik esa jazolanishini uqtirishimiz lozim. Ayni paytda voqealar rivojini shunaqangi mantiqiy yechim yordamida olib borishimiz kerakki, toki uni oʻqigan jajji kitobxonning boshi qotmasin.
Hozir oʻzbek yozuvchilari tomonidan yozilayotgan koʻplab ertaklar va badiiy asarlarda milliy qadriyatlar va anʼanalarning oʻziga xosligi yoʻqolib borayotgani bor gap. Yosh ijodkorlarimiz mumtoz adabiyotimizdan, xalq ogʻzaki ijodi namunalaridan boxabar boʻlsa, ijod jarayonida bevosita uning qarashlari va bilimi asosida milliy asar muhiti yaraladi.
Bir adiba dugonamiz besh yoshlardagi nabirasi nima uchun ertak qahramoni boʻlgan ayiqchaning otasi yoʻqligini soʻrab qolgani haqida aytib berdi. Haqli savol. Bolaning aqli yetgan narsaga nega biz yozuvchilarning aqlimiz yetmadi ekan-a? Axir oila toʻkis boʻlishi, unda bola bilan birga ona va, albatta, ota ham yashashi kerak-ku! Shuningdek, bolajon, qadriyatlarini ulugʻlaydigan oʻzbek xalqining oilasida mavjud boʻlgani kabi mehribon buvijonlari, nabirasining har bir savoliga javob topa oladigan donishmand bobojonlari ham, albatta, boʻlishi shart.
— Siz boshchilik qilayotgan “HUMO” ertaklar tanlovi qanday mezonlar va maqsadlarni oʻz oldiga qoʻygan?
— 2019-yili qizim Gulnozning taklifi bilan bolalar adabiyoti janrida ijod qilayotgan yosh yozuvchilarga yordam berish uchun “HUMO” ertaklar tanlovini oʻtkazdik. Jonkuyar oʻzbek yozuvchilari Dilfuza Qoʻziyeva, Maryam Ahmedova, Asror Allayorov, bolalar yozuvchilari Gulnoz Tojiboyeva va Xurshid Tojiboyev, jurnalist Yelena Gryukalova va “Donish chirogʻi” nashriyoti direktori Akmal Najmiddinov ushbu tanlovning tashkilotchisi va homiysi hisoblanishadi. Tanlovda baholash ishlarini amalga oshirishda oʻzbekistonlik yozuvchilar bilan xalqaro hakamlar jamoasida Kenes Oʻrazbek oʻgʻli (Qozogʻiston), Mariya Filipova-Xaji (Bolgariya), Taxmina Ubaydulloyeva (Tojikiston), Ali Jaʼfar oʻgʻli (Ozarbayjon) va Sogʻinboy Ibragimov (Qoraqalpogʻiston) kabi adiblar ishtirok etishdi. “Sevimli TV” telekanali ham tanlovni oʻtkazishimizda katta yordam berdi.
Ertaklar tanlovini oʻtkazish jarayonida yosh, hali shakllanmagan, lekin ijodiy salohiyati juda katta oʻnlab bolalar yozuvchilarini kashf qildik. 2022-yilda “HUMO-2019” ertaklar tanlovining ishtirokchisi boʻlgan yosh ijodkor Said Kamolning “Kekkaygan qovoq” nomli ertaklar toʻplamini nashrdan chiqartirdik.
— Ayni paytda farzandlarimiz kitobxonligini oshirish uchun yana nimalar qilish zarur deb bilasiz?
— Bolalar kitobxonligini oshirish uchun birinchi navbatda bolalar yayrab, quvnab oʻqiydigan, qiziqarli asarlar kerak. Va, bu asarlarni yozadigan bolalar yozuvchilari kerak. Ajoyib asarlar yozishlari uchun esa ijodkorlarni ragʻbatlantirib, ruhlantirib turish kerak. Dunyo tajribasiga koʻz tashlasak, bolalar yozuvchilari uchun Amerikada oʻnga yaqin, Rossiyada esa oʻn beshta nomdagi adabiy mukofotlar taʼsis qilinganini koʻramiz. Yaqinda Oʻzbekiston ham Bolalar kitoblari boʻyicha xalqaro kengashga — IBBY tashkilotiga aʼzo boʻldi.
Bir necha yil muqaddam Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasidan bu boradagi fikrimizni soʻrashganida, biz oilamiz nomidan oʻzbek bolalar yozuvchilari uchun maxsus mukofotlar taʼsis etilishi taklifini berdik. Bizningcha, bolalar adabiyoti haqida faqat 1-iyun — Xalqaro bolalarni himoya qilish kunidagina eslash emas, balki umrimizning har onida qaygʻurishimiz kerak.
— Ijodiy yangiliklaringiz...
— Yaqinda farzandlarim menga kutilmagan sovgʻa sifatida https://muhabbatxon.uz deb nomlangan oilaviy ijodiy saytimizni tashkil qilishdi. Oʻzbek, ingliz va rus tillarida yuritiladigan ijodiy saytimizda nasr, nazm, bolalar adabiyoti, fantastika, sirli olam, tarjima ruknlaridagi asarlarni roʻyxatdan oʻtmasdan va tekin oʻqish mumkin.
Oʻzbekiston Yozuvchilari uyushmasi qoshida Bolalar yozuvchilari toʻgaragini tashkil etdik. Bu toʻgarakka respublikamizning barcha viloyatlaridagi bolalar adabiyoti janrida ijod qilayotgan yosh ijodkorlarni jamlab, ularning ijodlariga koʻmaklashishni maqsad qilganmiz.
Biz bilamizki, vitaminlar yetishmay qolsa, inson kasal boʻladi. Kitob yetishmayotgan farzandlarimiz ham kasal boʻlmaydimi? Boʻladi! Maʼnaviy kasal boʻladi! Millionlab bolajonlarga atab asar yozadigan bolalar yozuvchilari barmoq bilan sanarlik boʻlmasligi lozim. Biz farzandlarimizning tili chiqmasidanoq ularni kitoblar bilan oʻrab olganimizdagina, ertaga kitobxon avlodga ega boʻlamiz.
– Albatta, birgina suhbat asnosida bolalar adabiyoti deb nomlangan oʻziga xos mamlakatning barcha muammolari va yutuqlarini qamrab olishning iloji yoʻq. Qolaversa, bu mamlakatning mittivoylar hayratlari, bolakaylar ishtiyoqi va oʻsmirlik anglashilmovchiliklari yangligʻ oʻziga xos dovonlari esa moʻjizalarga va sarguzashtlarga nihoyatda boy. Istagimiz – bu olam ildizlari oʻzligimizdan, koʻhna maʼnaviy-maʼrifiy ildizlarimizdan bahra olsin va bugunnning eng ulkan kashfiyotlariga uygʻun kamol topsin!
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri
Muxtasar TOJIMAMATOVA suhbatlashdi.