Tadbir doirasida soʻzga chiqqanlar tomonidan oʻz bilim va iqtidori bilan jahon miqyosidagi eng nufuzli xalqaro fan olimpiadalarida tengdoshlari bilan raqobatga kirishayotgan, sovrinli oʻrinlarni egallab oltin, kumush, bronza medallarni olib kelayotgan yoshlarimiz safi kengayib borayotganini faxr bilan qayd etildi.
Taqdirlash marosimida eng nufuzli xalqaro olimpiadalari gʻoliblari hamda 2021-2022 oʻquv yili davomida mintaqaviy xalqaro olimpiadalarning sovrindorlari va ularning ustozlariga pul mukofotlari topshirildi.
Darhaqiqat, joriy yilning iyul oyida mamlakatimiz oʻquvchilari eng nufuzli xalqaro olimpiadalarda ishtirok etib, jami 6 ta medal, bundan 4 ta kumush va 2 ta bronza medallari qoʻlga kiritdi.
Bundan tashqari, oʻtgan oʻquv yili davomida oʻquvchilar tomonidan mintaqaviy xalqaro olimpiadalarda 39 ta medal, bundan 3 ta oltin, 13 ta kumush va 23 ta bronza medallari qoʻlga kiritildi.
Eng nufuzli xalqaro olimpiadalarda, xususan, Xitoyda (onlayn shaklda) oʻtkazilgan 54-Xalqaro kimyo olimpiadasida 80 ta davlatdan 320 nafar oʻquvchi qatnashdi. Jumladan, oʻzbekistonlik oʻquvchilar 4 ta kumush medalni koʻlga kiritdi.
Azimjon Jamolov - Ibn Sino maktabi oʻquvchisi kumush medal;
Sherzod Shaymatov - Navoiy shahri 11-maktab oʻquvchisi kumush medal;
Maftuna Badalova - Ibn Sino maktabi oʻquvchisi kumush medal;
Ikromiddin Boymahammadov - Ibn Sino maktabi oʻquvchisi kumush medal.
Norvegiyaning Oslo shahrida oʻtkazilgan 63-Xalqaro matematika olimpiadasida 106 ta davlatdan 600 nafar oʻquvchi qatnashdi. Oʻquvchimiz — Xalqaro matematika maktabi oʻquvchisi Lazizbek Rajabboyev bronza medalini qoʻlga kiritdi.
Jamoaviy hisobda tariximizdagi eng yaxshi koʻrsatkich 124 ball (oldingi eng yaxshi koʻrsatkich 2010-yilda 112 ball boʻlgan) qayd etildi.
Armanistonning Yerevan shahrida oʻtkazilgan 33-Xalqaro biologiya olimpiadasida 64 ta davlatdan 254 nafar oʻquvchi ishtirok etdi. Hamyurtimiz Toshkent pediatriya tibbiyot instituti qoshidagi akademik litsey oʻquvchisi Aziza Abduvaliyeva bronza medali sohibasi boʻldi.
Mintaqaviy xalqaro olimpiadalarda, jumladan 56-Xalqaro Mendeleyev kimyo olimpiadasida ishtirok etgan 10 nafar oʻquvchilarimizning barchasi gʻoliblikni qoʻlga kiritdi. Yaʼni, 1 ta oltin, 4 ta kumush va 5 ta bronza medallariga sazovor boʻlishdi.
18-Xalqaro Jautikov olimpiadasida oʻquvchilarimiz 8 ta medalni – 2 ta kumush hamda 6 ta bronza medalini;
7-Xalqaro Kavkaz matematika olimpiadasida oʻquvchilarimiz 7 ta medallarni – 1 ta oltin, 5 ta kumush va 1 ta bronza medalini;
28-Xalqaro matematika musobaqasida oʻquvchilarimiz 2 ta bronza medalini;
18-Xalqaro yoshlar tabiiy fanlar olimpiadasida oʻquvchilarimiz 4 ta bronza medalini qoʻlga kiritdi.
Ahmad al-Fargʻoniy nomidagi xalqaro fizika olimpiadasida oʻquvchilarimiz 8 ta medalni – 1 ta oltin, 2 ta kumush va 5 ta bronza medallarni olishdi.
Tadbirda eng nufuzli xalqaro olimpiadalari gʻoliblari:
kumush medal sohibiga 90 mln. soʻm, oʻqituvchisiga 75 mln. soʻm;
bronza medal sohibiga 60 mln. soʻm, oʻqituvchisiga 45 mln. soʻm. taqdim etildi.
Medal egalari davlat granti asosida oliy taʼlim muassasalariga qabul qilinadi. Ustozlariga esa kelgusi oʻquv yili uchun 200 foizgacha ustama belgilanadi.
Shuningdek, 2021-2022 oʻquv yili davomida mintaqaviy xalqaro olimpiadalarning sovrindorlari va ularning ustozlari quyidagicha mukofotlandi:
oltin medal sohibiga 3,6 mln. soʻm, oʻqituvchisiga 15 mln. soʻm;
kumush medal sohibiga 2,4 mln. soʻm, oʻqituvchisiga 10,5 mln. soʻm;
bronza medal sohibiga 1,8 mln. soʻm, oʻqituvchisiga 9 mln. soʻm.