Xalqaro gullar festivali Namanganning "Tashrif qog'ozi"ga aylanmoqda

    Suhbat 20 May 2023 6681

    21 may kuni Namanganda 62-Xalqaro gullar festivali ochiladi va bir oy davom etadi. An'anaviy bayram arafasida “YAngi O'zbekiston” gazetasi muxbiri Namangan viloyati hokimi, Oliy Majlis Senati a'zosi SHavkatjon Abdurazzoqov bilan suhbatlashdi. Mazkur tahliliy savol-javob ushbu markaziy nashrning shu yil 20 may, 98-sonida chop etildi.

    - Hurmatli SHavkatjon SHokirjonovich, ayni kunlarda Namangan 62-marotaba o'tkazilayotgan xalqaro gullar festivali og'ushida. Fursatdan foydalanib, go'zallik va nafosat ayyomi arafasida ko'pming sonli “YAngi O'zbekiston” gazetasi muxlislari uchun bir necha savollar bilan sizga yuzlanmoqchimiz. YUrtdoshlarimiz va dunyo ahli Namanganni gullar diyori sifatida yaxshi bilishadi. Albatta, mazkur e'tirofga viloyatimiz har jihatdan munosib. An'anaviy gullar bayramining qisqacha tarixiga to'xtalsangiz. Bilamiz, bayramni tashkillashtirishdagi o'zgarishlar Namangan shahriga rahbarlik qilgan davringizga to'g'ri keladi. O'sha yillardagi taassurotlaringiz bilan ham o'rtoqlashsangiz.

    - Rahmat. Avvalo, shuni ta'kidlaymanki, yillar davomida rivojlanib, sayqallashib va ommalashib borgan gulchilik biz, namanganliklarning sevimli qadriyatiga aylangan. Mana, 62 yildan buyon gullar bayrami va festivali Namangan shahrida joylashgan Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi madaniyat va istirohat bog'ida esda qolarli ravishda o'tkazib kelinmoqda va shonli tarixga muhrlanyapti.

    Ikkinchi jahon urushi yillaridagi og'ir sharoitda ham Namangan gulchilari ko'chatlarni saqlab qolish harakatida bo'lishgan. 1945 yili 200 ming tup, 1955 yili 400 ming tup, 1957 yili 500 ming tup turli navdagi gul ko'chatlari ekilgan. 1961 yili bahorda ochilgan xiyobonni ko'kalamzorlashtirishda bog' gulchilari kamarbasta bo'lishgan. Namangan shahri rahbarlari – Zohidjon Yo'ldoshev (gorkom kotibi), Melixon Ibrohimova (shahar ijroqo'm raisi), aynan 1961 yili shahar partiya qo'mitasi birinchi kotibi etib saylangan Tursunboy Ro'ziboevlar gulchilar orzu-irodasi ro'yobi uchun astoydil bel bog'lashdi. Ular ushbu madaniyat va istirohat bog'ini odamlar hordiq chiqarishiga mo'ljallangan maskanga aylantirish harakatiga tushdilar. SHu bois, Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi, 1956 yilda bog' direktori lavozimiga tayinlangan Hoshimjon Nurmatovdan fikr so'raydilar. U Essentuki shahridagi gul bayrami haqida gapiradi.

    SHunday qilib, bayram dastlab “Gul vistavkasi” tarzida yo'lga qo'yiladi. Gullar erga ekilmay, faqat tuvaklardagina namoyish qilinadi. Viloyat gazetasida e'lonlar bosilgan. Bog' radiouzelida “Gul va gullar bayrami” nomli maxsus eshittirishlar qo'yilgan. 1961 yil 19 avgustda ilk bor gullar bayrami tashkil etilgan. Unda havaskor gulchilardan 16 kishi va “Nur” kombinati, 2-paxta tozalash zavodi, “Paxtaliko'l” mehnat-davolash sanatoriysi, 2-viloyat (hozirgi Go'zal shoshilinch tez tibbiy yordam) shifoxonasi, 4-, 20-maktablar va boshqa tashkilotlar o'z gullari bilan ishtirok etishadi. Namangan shahar gul ko'chatlari etishtiruvchi korxonasi (pitomnik) 140 xildagi gulni namoyish qiladi. Havaskor gulchi Nuriddin Hamdamov rassom Po'lat Jalilov chizgan surat asosida jonli gullardan yasagan “Vostok – 2” kosmik kemasi nusxasi gul ishqibozlarini maftun etadi. SHahar markaziy shifoxonasi, energokombinat, 2-paxta tozalash zavodi, 3-maktab, yosh texnik va naturalistlar stantsiyasining ko'rgazmalari shuhrat qozongan.

    1965 yil 15 may sanasida “Atirgul bayrami” o'tkazilgan. O'ttizdan ortiq atirgul navlari mavjud ekanligi ko'rsatilgan. Tadbirda 44 ta tashkilot va korxona o'z gullari bilan qatnashgan. Bog'dagi gulxonalarning umumiy maydoni 3,5 gektardan iborat bo'lib, 100 ming tupdan ortiq gul ko'chati parvarishlangan. YUz yoshdan o'tgan chinor, qayrag'och, tikandaraxt (gleydichiya), Rossiyadan keltirilib, moslashtirilgan sovun daraxti, o'n tup bunduk, yuz tup lenkoran, akatsiya (asl vatani Xitoy), oq zarang (klenserebristiy) kabi daraxtlarning gurkirab o'sganligi o'sha paytdagi bog'bonlar mehnati mevasidir. 1967 yili Davlatobod tumanida ko'p qavatli uylar quriladi, yangi ochilgan “Do'stlik” (hozirgi Islom Karimov) shohko'chasida avrli shoyi gazlamalar kombinatidan to shahar markazidagi bog'gacha etmishta “GAZ-21” avtoulovida gullar paradi o'tkaziladi. Uzoq yillar bir maromda kechdi. 2004 yildagi an'anaviy gul bayrami O'zbekiston mustaqilligining 13 yillik tantanalariga bog'lanib ketdi. Namangan shahridagi 79 ta mahalla turli yo'nalishdagi ishlarni badiiylashtirib, “Mahalla kuni” doirasida taqdim etgan.

    Muhtaram Prezidentimiz 2017 yilda Namangan faollari bilan uchrashuv chog'ida yoshlarga va xotin-qizlarga qarata gulchilikni takomillashtirish yuzasidan zarur tavsiyalar va maslahatlar berib, shu masalada tashabbus ko'rsatishga chaqirgan edi. Bu esa gul bayrami xalqaro gullar festivali maqomiga ko'tarilishida muhim omil bo'ldi. Vazirlar Mahkamasining maxsus qarori imzolandi. Bayramni o'tkazishga doir tashkiliy jihatdan tub burilishga hissa qo'shganimdan xursandman. Bayramni gul ekish va qarovi uchun noqulay bo'lgan avgust oyidan mayga ko'chirdik. Gullar bilan bezatilgan avtomashinalar karvonini tikladik. Festival` tarixiga bag'ishlangan muzey ochdik, eski suratlar asosida xotira-voqealarni gavdalantirdik. Olis o'lkalardan keltirilgan yangi navdagi gullarni iqlimimizga moslashtirish, klonlashtirish niyatida Gulchilar assotsiatsiyasini tuzdik. Namangan shahriga hokim bo'lgan davrimda Turkiyaga xizmat safari bilan borib, Istanbul shahrining obodonlashtirish va gulchilikda landshaft dizayni tajribasini o'rganib qaytgandim. Bugun esa viloyat hokimi sifatida gulchilikni har tomonlama qo'llab-quvvatlash sa'y-harakatidan charchamayman.

    - Qayd etganingizdek, YUrtboshimiz SHavkat Mirziyoev tashabbusi bilan gullar bayrami 2018 yildan xalqaro gullar festivali maqomini oldi. So'nggi besh yilda festivalga tayyorgarlik va uni o'tkazish bilan bog'liq masalalar sifat jihatidan keskin yuqoriladi. SHukuhi har qachongidan baland va o'zgacha bo'layotgan bu galgi festivalga taraddud miqyosi qancha, qanday ishlar amalga oshirildi?

    - Darhaqiqat, Namanganda odat tusiga kirgan va intiqlik bilan kutiladigan gullar festivali jozibadorligi tufayli mahalliy va xorijiy sayyohlarni yildan-yilga o'ziga jalb etmoqda. 2018-2022 yillarda o'tkazilgan mazkur festivalni tahlil qilsak, har yili festival` doirasida yangidan-yangi ko'ngilochar dasturlar, turistik xizmatlar soni ortayotgani va bu orqali tegishli sohalarda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub'ektlarining daromadlari ham oshayotganini ko'rishimiz mumkin. Bundan tashqari, nafaqat agroturizm, ekoturizm, tibbiyot turizmi, shopping turizm, gastroturizm va MICE turizm ham rivojlanayotgani, viloyatimizning moddiy-nomoddiy madaniy meros ob'ektlariga sayyohlar qiziqishi kuchayayotgani sir emas.

    Xususan, 2022 yilning 22 may – 5 iyun` kunlari 61-xalqaro gullar festivaliga jami 2 million 300 ming nafar mahalliy va 30 dan ziyod chet davlatdan 51 ming nafardan ziyod xorijiy sayyoh tashrif buyurgan. Xorijiy mehmonlarning asosiy qismini Rossiya, Qozog'iston, Qirg'iziston, Turkiya, Ukraina, Pokiston, Xitoy, Janubiy Koreya, SHri-Lanka, Ozarbayjon va Belorussiya fuqarolari tashkil etgan. Daniya, Nigeriya, CHexiya, JAR, AQSH, Angliya va Malayziya davlatlaridan ham sayyohlar ishtiroki kuzatilgan. Demak, 2021 yil davomida viloyatga tashrif buyurgan jami 1 million 725 ming nafar sayyoh soniga nisbatan 618 ming nafar ko'p, ya'ni 36 foizga oshgan.

    61-xalqaro gullar festivalida jami turistik xizmatlar eksporti 18 million AQSH dollarini tashkil etgan bo'lsa, joriy yilgi festivalga 4 million nafar mahalliy, 90 ming nafar xorijiy sayyoh jalb etish va turistik xizmatlar eksportini taxminan 110 million AQSH dollariga etkazish ko'zda tutilgan. Bu 1 trillion 200 milliard so'mdan oshiq daromad degani. 2022 yilga nisbatan xorijiy turistlar tashrifi 176 foizga, mahalliy turistlar 175 foizga, turistik xizmatlar eksporti esa 6 barobarga oshirish maqsad qilingan. Namangan shahri, Davlatobod tumani, Namangan tumani va YAngi Namangan tumanida (gulchilar mahallasi va ko'chasi bilan qo'shganda) yuz mingga yaqin professional va havaskor gulchilar, gulchi-tadbirkorlar gulchilik bilan mashg'ul. Ikki yuz nafar gulchi bulturgi festivalda etishtirgan gullar savdosidan o'n besh kun mobaynida 500 milliard so'm foyda topishgan. Bu yil ikki barobar oshishi, shubhasiz.

    Azaliy an'anaga sodiq qolib, 62-xalqaro gullar festivali xorijiy va mahalliy sayyohlarning xohish-qiziqishlarini inobatga olgan holda 21 mayda boshlanib, 21 iyunga qadar davom etadi. Ilgari gullar bayrami ikki-uch kun, festivalga aylangach, besh-etti kun, o'tgan yili ikki hafta bo'ldi. Bu yil esa bir oy. Ayni damda qizg'in va puxta tayyorgarlik ishlari to'liq yakuniga etdi. Festival` viloyat markazidagi asosiy tadbirlar bo'ladigan sakkiz darvozali, 16 gektarlik (6 gektari festivalni qamragan) Bobur bog'idan tashqari, unga tutash “Adiblar xiyoboni” hamda Namangan shahrining Davlatobod tumanida Osiyoda yagona sanalgan zamonaviy “Afsonalar vodiysi” tematik bog'i (25 foiz qismi)da ham o'ttiz kun tashkil etiladi. Mazkur madaniyat va istirohat bog'lariga, shahar ko'chalari va xiyobonlarga 300 turdagi 30 million tup gul, qirq xil manzarali buta ko'chatlari ekildi. YAshnab turishi uchun tomchilatib sug'orish anjomlari ulandi. Gollandiya, Avstraliya, Frantsiyadan keltirilgan gullar diqqatingiz tortadi. Bahordan kuzgacha bahri dilingizni ochadigan son-sanoqsiz rayhon va atirgullarga yana qaytdik. Bu betakror o'simlik va gullarimizni ekishni shu yil ancha jadallashtirdik. Bir yil ichida 500 mingga yaqin noyob turdagi (Farg'ona viloyatining Quvasidan ham 300 ming dona keltirilgan) kamyob atirgullarni o'tqazdik. “YAshil makon” umummilliy harakati ijrosini chiroyli uddaladik. O'ylaymanki, bu xushbo'y atirgulzorlar ifori, festival` dovrug'i butun olamga yoyiladi.

    Mintaqaning havo darvozasi – Namangan xalqaro aeroportidayoq tevarak-atrof ko'zni quvontiradi. Ikki ulkan bog'da 200 nafar mahalliy gul etishtiruvchi tadbirkorlar tomonidan rang-barang kompozitsiyalar tayyorlandi. Har bir gulning o'z hikoyasi bor. 13 ta tuman va 70 tashkilot, korxona, muassasa o'zlariga ajratilgan joylarga hududlari va tizim hayotini ifodalovchi gullar vositasida ramziy ansambl` yaratishgan. Ma'lumot o'rnida, o'tgan yili olis tuman Uchqo'rg'onda xalqaro festival doirasida 1-gullar festivali uyushtirildi va “eng yaxshi tuman” nominatsiyasi g'olibligiga erishdi. endi esa qatorga Davlatobod tumani ham qo'shildi.

    - Joriy yilgi xalqaro gullar festivali bir oy, ya'ni ilk bor uzoq vaqt davom etadi. Tabiiyki, mahalliy va xorijiy sayyohlarni qulayliklar va yangiliklar qiziqtiradi. SHu ma'noda, festivalning oldingisidan afzallik farqlari nimada, qancha tomoshabin kutib olinadi, qaysi xorijiy mamlakatlardan mehmonlar taklif etilgan? Tashrif buyuruvchilarga qanday dasturlar va tuhfalar hozirlangan, g'oliblarni taqdirlash uchun qanaqa sovg'alar ajratilgan, qancha mablag' sarflangan va daromad kelishi kutilmoqda?

    - Farqi talaygina. Har kuni va har soatda bir-biridan zo'r tadbirlar rejalashtirilgan. Xususan, eng zavqlisi va chorlovchisi 21 may kuni ertalab shahar ko'chalari bo'ylab turfa gullar bilan yasatilgan har xil rusumdagi 200 dan ortiq avtomobildan iborat karvon yurishi va tantanali ochilish marosimidir. Har oqshomda gala kontsert va mushakbozlik va lazer shoulari uyushtiriladi. “Afsonalar vodiysi” bog'ida O'zbekiston Milliy simfonik orkestrining “ochiq osmon ostida”gi kontserti, xalqaro IT forum, dron shou va illyuziya shousi, xalqaro hunarmandlar festivali va yarmarkalari, “Farg'ona vodiysi modalar haftaligi – 2023”, “O'zbek palovi madaniyati” viloyat chempionati, O'zbekiston-Rossiya qo'l jangchilari o'rtasida beshga-besh xalqaro turnir, xalqaro etnosport festivali, Bobur bog'ida esa yosh talantlar shousi, taniqli askiya va kulgu ustalari ijrosida “Askiya kechasi”, O'zbekiston davlat filarmoniyasi Farg'ona, Toshkent, Andijon, Sirdaryo viloyatlarining kontsert dasturlarini tashkillashtirish, viloyat musiqali drama teatrida spektakllar namoyishi belgilangan.

    “Istiqlol” ko'chasida “Dunyo taomlari Namanganda” gastrofestivali, nazm va navo kechalari (retro taronalar, fol`klor-baxshichilik, mushoiralar, ko'rik-tanlovlar, “Zakovat” intellektual bahslari, xalq o'yinlari va sport musobaqalari, ikebana va guldasta ustalari bellashuvi, qushlar festivali, “Muzqaymoq Party” dasturi, yosh bolalar uchun ikkala bog'da alohida tsirk, kontsert, animatorlar chiqishi bo'ladi. estradamiz yorqin qo'shiqchilari, O'zbekiston va jahon yulduzlaridan ozarbayjonlik mashhur xonandalar Talib Tele va Zeyneb Hesenilar hamda turkiyalik mashhur xonanda Rafet el Roman tashrif buyuradi. Bu hali hammasi emas, “syurprizlar”ga va unutilmas lahzalarga boy bo'ladi. 22-23 may kunlari “Namangan Tech Summit” xalqaro AyTi forumi “Namangan Tech Community” va IT-Park hamkorligida o'tkaziladigan nufuzli forum raqamli texnologiyalar sohasi mutaxassislari, dunyoning etakchi kompaniyalari mohir dasturchilari, menejerlari hamda mahalliy yosh iste'dodlar va AyTi kompaniyalar vakillarini bir davraga jamlaydi. Modalar haftaligida respublikamizdan, Turkiya, Qozog'iston, Qirg'iziston, Rossiya va boshqa davlatlardan tadbirkorlik sub'ektlari, liboschilar ishtirok etishadi. Hozirgacha YAponiya, Pokiston, Turkiya, Xitoy va Hindistondan gul shaydolari o'z mahsulotlari bilan festivalda qatnashish istagini bildirishdi.

    2022 yilda viloyatimizga kelgan sayyohlarga xizmat ko'rsatish uchun 2 ming nafar turistik xizmatchilar jalb etilgan. Bu safar esa 4 ming nafardan oshiq. Xorijiy mehmonlarga munosib sharoitlar yaratish maqsadida viloyatdagi oliy ta'lim muassasalari (Namangan davlat universiteti, Namangan chet tillari instituti va Turon xalqaro universiteti) hamda Namangan SHarq tillari va xizmat ko'rsatish texnikumining turizm sohasida ta'lim olayotgan bitiruvchi bosqich talabalaridan iborat 150 nafar volontyorlar guruhi shakllantirildi. Ular xizmat ko'rsatish bo'yicha master-klasslarda o'qitildi. Ko'ngilli tarjimonlar ettita tilda erkin muloqot qurib, gidlik vazifasini bajarishadi.

    SHuningdek, xalqaro festivalga xorijiy turistlarni jalb qilish hamda ishtirokini ta'minlash uchun O'zbekiston Respublikasining Tashqi ishlar vazirligi orqali 33 ta mamlakat elchixona va diplomatik korpuslari, 9 ta birodar shaharlar delegatsiyalari hamda 54 ta yirik xorijiy korxonalar ta'sischilari va xalqaro tashkilotlar rahbarlari taklif etildi. Jumladan, “Azerbaijan Flower Producers”, “Korea Flower Association”, “Royal Union of Belgian Florists” singari 15 ta xalqaro gulchilar uyushmasi va yirik gulchilik tashkilotlariga taklif xatlari yuborilib, ko'rgazmalari bilan qatnashishlarini ta'minlash choralari ko'rildi. Namanganda yangi turizm sohalarini yaratish va rivojlantirish maqsadida hamkorlik olib borilayotgan chet el tashkilotlari – “Jahon banki”, Germaniyaning “GIZ”, Malayziyaning Sabah shtatidagi yirik turizm korxonalari, “Keios” va “The Journey”, UNESCO va BMT kabi xorijiy tashkilotlar vakillari chaqirildi.

    Ochig'i, servis xizmatlari maqtanadigan holda emasdi. Besh-olti yil burun Namangan shahrida atigi to'rt-beshta mehmonxona mavjud edi. Hozir ular soni 25 taga etdi. YAna 54 oilaviy mehmon uyi sayyohlarni qabul qilishga shay. SHaharga chegaradosh tumanlardagi mehmonxonalarni ham qo'shganda bir oyda 150 ming nafar kishini sig'dirish quvvatiga ega. Ishonasizmi, aksariyat chet elliklar masofadan turib, avvaldan mehmonxonalarni band etishmoqda. Yo'llardagi mashinalar harakatini ham tartibga solishga oid muammoga echim izladik. Ikkita torroq ko'chada yo'nalish bir taraflama qilindi. Bog' yaqinidagi bitta ko'cha avtoturargoh uchun yopiladi va noqulaylik, tirbandlikning oldi olinadi. Ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlar orqali muammoli jarayonlarni, xabarlarni muntazam kuzataman. Targ'ibotni kuchaytirilyapti, ya'ni festival` munosabati bilan samolyot va poezdga qo'shimcha reyslar qo'yishimiz mumkin. Festival` kunlari bog' har sutkada o'rtacha 100 ming kishini qabul qilishi kutilmoqda. Mo''jazgina o'rindiqlar, ayvonchalar, selfi hududi tunu kun mehmonlar ixtiyorida.

    Jami sarflanadigan 50 milliard so'm mablag'ning 3 milliard so'mi madaniy tadbirlar uchun, 1,2 milliard so'mi transport, umumiy ovqatlanish, savdo va mehmonxona xizmatlari uchun, 500 million so'm infratuzilma uchun, 1,8 milliard so'mi yangidan ekiladigan gul ko'chatlariga yo'naltirildi. Landshaft dizayni asosida Bobur bog'ining 10 gektar joyiga 16 million, shahar bo'ylab esa erga 30 million dona gul qadalgan. Festival` yakunlari bo'yicha g'oliblarni taqdirlash uchun maxsus nominatsiyalarga qimmatbaho sovg'alar, faxrli o'rinlarga pul mukofotlari va oliy o'rinlarga avtomobillar ajratilgan va sovrinlar 21 iyun`, yakshanba kuni tantanali yopilish marosimida o'z egalariga topshiriladi.

    - Dastlab madaniy dam olish uchun uyushtirilgan gullar bayrami endi chinakam gullar festivali darajasida nishonlanyapti. Ayting-chi, gulchilar, gul ishqibozlariyu gulchi-tadbirkorlar tomonidan san'at va sanoat uyg'unlashtirilayotgan yirik tadbirni besh yildan so'ng qanday tasavvur etasiz?

    - Juda o'rinli savol. O'tmishga nazar tashlasak, besh-olti yil muqaddam gullar bayramini bugungidek xalqaro darajada o'tkazish, viloyatga shuncha xorijiy va mahalliy sayyohlar oqimini jalb etish, turistik xizmatlar eksportini ko'paytirish, umuman olganda, katta ko'lamda tashkillashtirishni tasavvur qilish qiyin edi. Muhtaram Prezidentimizning shaxsiy tashabbusi va ko'rsatmalari bilan mamlakatimizda turizmga alohida e'tibor qaratilmoqda. Bugun guvohi bo'lib turibmizki, viloyatimiz tashrif qog'ozi hisoblangan xalqaro gullar festivali ham ko'tarinki kayfiyatda, yuqori saviyada uyushtirilyapti.

    Darvoqe, Qoraqalpog'iston Respublikasi Qorao'zak tumanini obodonlashtirishga, gullar ekishga Namangan viloyatida etishtirilgan 400 ming tupdan ortiq gullar qoraqalpoq zaminiga eltib, namanganlik gulchilar tomonidan zamonaviy dizaynga muvofiq diqqatga sazovor joylarga ekilmoqda. 2022 yilda Samarqandda bo'lgan SHanxay hamkorlik tashkiloti sammitiga tadorik ko'rishda shahar ko'chalariga gul o'tqazishda Namangan tajribasi qo'llangani bizda faxr uyg'otadi. Gul bilan shug'ullanish aholining tirikchilik manbai, mahallalarning o'sish nuqtasi bo'lishga ulgurgan. Mavsumda 1,5 ming ayol gul ekishga jalb qilindi. O'z navbatida ish haqi, soliq (davlat byudjetiga) tushumi va bandlik masalasi hal etilyapti. Gulchilar, gulchi-tadbirkorlar gul sotuvidan orttirib, uy qurishyapti, to'y qilishyapti, farzandini oliygohlarda o'qityapti.

    Ha, ajoyib va o'xshashi yo'q, iqtisodiy-investitsiyaviy imkoniyatlar mujassamlashgan brend-festival` bahona mehmondo'st Namangan viloyatini butun dunyoga tanitish imkoniyati mavjud. Viloyatimiz turizm salohiyatini va ijobiy imidjini yuksaltirishda alohida ahamiyatga ega. Bu yilgi xalqaro festivalda 200 dan ortiq mahalliy va o'ndan ziyod xorijiy davlatlarning gul shinavandalariyu gulchi-tadbirkorlarining o'z mahsulotlari bilan tashrifi kutilayotgan bo'lsa, besh yildan keyin nafaqat Namangan shahri, balki butun viloyat bo'ylab hamda 40 ga yaqin chet el gulchi-tadbirkorlari o'z kompozitsiyalari bilan ishtirok etadi. Xorijiy sayyohlarning festivalga tashrifi esa yaqin istiqbolda 500-600 ming, ya'ni yarim million nafarni tashkil etadi, deya bemalol va baralla aytishim mumkin.

    So'zim oxirida barcha vatandoshlarimizni, gulga mehr-muhabbat qo'ygan butunjahon ahlini Namangandagi gullar sayliga va tabiat shodiyonasiga, estetik zavqdan bahramand bo'lishga chorlab qolaman. O'zbekiston xalq shoiri, hamyurtimiz Habib Sa'dulla yozganidek, rostdan ham "Katta to'yxonaga o'xshar Namangan"! 21-may, soat 10:00 da Nodirabegim nomidagi viloyat kutubxonasi ro'parasidagi darvoza oldida boshlanadigan xalqaro gullar festivalida uchrashamiz, degan umiddaman.

    - Qimmatli vaqtingizni ayamaganingiz va mazmunli suhbatingiz uchun tashakkur! Festival` a'lo darajada o'tishiga tilakdoshmiz.

    “YAngi O'zbekiston” gazetasining Namangan viloyati bo'yicha muxbiri Orifjon JO'RAEV suhbatlashdi.

    Rahmonjon MAMADALIEV olgan suratlar.