Andijon davlat tibbiyot institutida istiqbolli loyiha va tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida koʻplab xorijiy taʼlim tashkilotlari bilan hamkorlik aloqalari yoʻlga qoʻyilmoqda. Endi xorijlik yetuk mutaxassislar oʻquv jarayonlariga jalb qilinib, professor-oʻqituvchi va talabalarning akademik mobillik dasturlari doirasida xorijga malaka oshirish hamda yangi bilimlarni oʻzlashtirishga yuboryapmiz.
Hozirga qadar 60 dan ortiq xorijiy tibbiyot universitet va instituti (Italiya, AQSH, Hindiston, Portugaliya, Rossiya, Slovakiya, Ukraina, Janubiy Koreya, Xitoy, Germaniya, Belarus, Polsha, Turkiya, Malayziya, Pokiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston) bilan fan va taʼlim yoʻnalishlarida aloqalar oʻrnatildi. Bu uzviylik yildan yilga ortib bormoqda.
Joriy yilning dastlabki uch oyida xalqaro hamkorlikni kengaytirish borasida yanada muhim qadamlar tashlandi. 22-23-yanvar kunlari Oʻzbekiston Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Xitoy Taʼlim vazirligi tomonidan Pekin shahrida oʻtkazilgan oʻzbek-xitoy taʼlim forumi ikki mamlakat oliy taʼlim muassasalari bilan aloqalarni yangi bosqichga koʻtardi.
Xitoyning Uxan universiteti bilan memorandum imzolandi. Unda immunologiya va epidemiologiya sohalarida oʻzaro hamkorlik oʻrnatish koʻzda tutilgan. Forumning «Tibbiyot va farmatsevtika» qismida «Tibbiy taʼlimni rivojlantirishda xalqaro hamkorlikning roli» mavzusidagi maʼruza bilan ishtirok etdik. Shuningdek, Tianjin Xitoy xalq tabobati universiteti bilan Xitoy tajribasi asosida xalq tabobati yoʻnalishini rivojlantirish, dorivor oʻsimliklarni oʻrganish, tabobatga tatbiq etish sohalarida ish olib boriladi.
Amaliy uchrashuvlar davomida ikki davlat oliy taʼlim muassasalari oʻrtasida koʻplab qoʻshma taʼlim dasturlarini tashkil etish boʻyicha kelishuvlarga erishildi. Endilikda 300 dan ortiq talaba Xitoydagi nufuzli universitetlarda tahsil olish imkoniyatiga ega boʻldi. Shu bilan birga, oʻzbekistonlik 100 dan ortiq talaba uchun grant dasturlari tashkil etishga doir kelishuvlarga erishildi. Oʻzbekiston va Xitoy oliy taʼlim muassasalari hamkorligi toʻgʻrisida Pekin deklaratsiyasi qabul qilindi. Bu oliy taʼlim muassasalari bilan institutsional platforma yaratish, Xitoy-Markaziy Osiyo taʼlim hamkorligi modelini shakllantirish, akademik almashinuv dasturlarini yanada rivojlantirish, qoʻshma tadqiqotlar va innovatsion loyihalarni amalga oshirish imkoniyatini beradi.
Joriy yilning mart oyida Germaniyaning Rostok universiteti urologiya klinikasi direktori, professor Oliver Hakenberg institutimizda mahorat darslari, maʼruza, amaliy mashgʻulotlar oʻtdi. Germaniyalik mutaxassislar professor-oʻqituvchilarimiz bilan birgalikda murakkab jarrohlik amaliyotlarida ishtirok etdi.
Faqat bugina emas. 2023-yilning 29-30-noyabr kunlari Minsk shahrida oʻtkazilgan «Belarus -Oʻzbekiston sogʻliqni saqlash va tibbiyot taʼlimi» forumida ikki mamlakat oʻrtasida tibbiyotning qator sohalarida hamkorlikni mustahkamlash, tibbiy taʼlim va ilmiy sohalarda yangi loyihalarni yoʻlga qoʻyish masalalari muhokama qilingan edi. Belarusning Gomel davlat tibbiyot universiteti vakillari institutimizda boʻlishdi. Uchrashuvda malakali mutaxassislar tayyorlashga qaratilgan “1+1” qoʻshma taʼlim dasturi asosida klinik ordinaturaning oftalmologiya yoʻnalishini tashkil etish boʻyicha hamkorlik shartnomasi imzolandi.
Yangi oʻquv yilidan klinik ordinaturaning oftalmologiya yoʻnalishiga qabul qilinganlar oʻqishning 1-bosqichini Andijon davlat tibbiyot institutida, 2-bosqichini esa Gomel davlat tibbiyot universitetida oʻqiydi. Ikki oliy taʼlim muassasasi oʻrtasida talabalar almashinuvi va tor soha mutaxassislarining malaka oshirishini yoʻlga qoʻyish masalalari boʻyicha ham kelishuvga erishildi.
Yangilanish, yasharish fasli xalqaro hamkorlar bilan uchrashuvlarga boy boʻlyapti, desam mubolagʻa emas. Shveysariyaning «Light for sight» jamgʻarmasi asoschisi, Toshkentdagi MESCA Foundation-National Eye Institute direktori Nikki Hafezining tashrifi davomida mazkur institut hamda Andijon davlat tibbiyot instituti oʻrtasida anglashuv memorandumi imzolandi. Unda tomonlar oʻrtasida bilim va malaka almashish uchun mana shu sohada faoliyat yuritayotgan shifokor va talabalar oʻzaro tajriba almashishi, ilmiy tadqiqotlar va izlanishlarni hamkorlikda olib borishi hamda jahon miqyosida tatbiq etishi masalalari oʻrin olgan.
Rossiyaning И.И. Mechnikov nomidagi Sankt-Peterburg davlat tibbiyot akademiyasi bilan mutaxassislar va talabalar almashinuvini rivojlantirish masalalarida oʻzaro hamkorlikni yanada kengaytirish borasida tibbiy profilaktika yoʻnalishida amalga oshiriladigan ishlar belgilab olindi.
Oʻsh davlat universiteti tibbiyot fakultetining 10 nafar talabasi institutimizdagi 4 haftalik mashgʻulotlarga jalb etiladi.
Gospital pediatriya kafedrasi mudiri М.Ғаниева AQSHning Chikago shahrida joylashgan Rosalin Franklin tibbiyot va fan universitetida (Rosalin Franklin University of Medicine and Science) «Bolalardagi yuqumli kasalliklar va bolalar immunologiyasi» yoʻnalishlarida malaka oshirish dasturlarida ishtirok etib qaytdi.
Koʻlami keng loyihalar professor-oʻqituvchilar va talabalar xorijdagi nufuzli tibbiyot oliygohlarida bilim va malaka oshirishi uchun yangidan yangi imkoniyatlar yaratmoqda. Asosiy maqsad yuksak salohiyatli, bilim va tafakkurga ega mutaxassislar tayyorlash orqali aholiga sifatli tibbiy xizmat koʻrsatishni yanada rivojlantirishdir. Bu yoʻlda ishlash va izlanishlar uchun esa barcha shart-sharoitlar bor.
Madamin MADAZIMOV,
tibbiyot fanlari doktori, professor