“Xalqaro tashkilotlarga aʼzolik: mezonlar, talablar va istiqboldagi vazifalar”

    Prezident taʼlim muassasalari agentligi tomonidan tashkil etilgan matbuot anjumani shu mavzuga bagʻishlandi.

    Unda Prezident taʼlim muassasalari agentligi Maktablar faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi boshligʻi Gavhar Ishimova, Toshkent shahridagi Prezident maktabi direktori Toʻraboy Shermatov, Cambridge Assessment International Education tashkilotining taʼlim yoʻnalishi boʻyicha bosh maslahatchisi Steve King, Cambridge Assessment International Education tashkilotining kasbiy rivojlanish dasturlari boʻlimi boshligʻi Sara Turner va Prezident taʼlim muassasalari agentligi xalqaro maslahatchisi Mishel Gaddi ishtirok etdi.

    Matbuot anjumanida PDQ (Professional Development Qualification) dasturi, Cambridge Assessment International Education tashkiloti tomonidan Prezident maktablarining akkreditatsiyadan oʻtkazilayotgani hamda Prezident maktablarining CIS (Council of International Schools) Xalqaro maktablar kengashiga aʼzo boʻlish jarayoni haqida soʻz bordi.

    PDQ (Professional Development Qualification) dasturi

    Hozirda Prezident taʼlim muassasalari agentligi huzuridagi Pedagogik mahorat va xalqaro baholash markazi Cambridge Assessment International Education tashkiloti bilan hamkorlikda oʻqituvchilarni kasbiy rivojlantirishga qaratilgan PDQ (Professional Development Qualification) dasturi ustida ish olib bormoqda.

    Mazkur dasturning boshqa malaka oshirish dasturlaridan farqi shundaki, PDQda nafaqat umumiy seminar-mashgʻulotlar, balki har bir fan yoʻnalishida ixtisoslashtirilgan maxsus darslar ham boʻladi. Bu esa oʻqituvchilarning pedagogik mahoratini oshirish bilan bir qatorda oʻz fani doirasida metodik koʻmak olishiga yordam beradi.

    PDQ dasturi pedagoglarga muntazam ravishda oʻz ustida ishlash imkoniyatini beradi, darslar gibrid shaklida tashkil etiladi. Bunda nafaqat oʻqituvchilar, balki butun maktab jamoasi bilan ishlashga, har bir taʼlim muassasasi uchun alohida strategiya ishlab chiqishga eʼtibor qaratiladi.

    Joriy yilning aprel oyidan boshlab esa Agentlik tizimidagi maktablarning bir guruh oʻqituvchilari tajriba-sinov tariqasida mazkur dastur asosida malaka oshirishlari joriy qilinishi rejalashtirilgan.

    Hozirda Cambridge Assessment International Education tashkiloti vakillari Toshkentda boʻlib turishibdi, loyiha ustida ishlar qizgʻin davom etmoqda.

    Shuningdek, ayni paytda mazkur dasturni mahalliylashtirish ustida ham ish olib borilmoqda. Yaʼni, kelajakda faqat ingliz tilini bilgan pedagoglar emas, balki barcha oʻqituvchilar PDQ asosida kasbiy mahoratlarini oshirishlari mumkin boʻladi.

    Prezident maktablari Cambridge Assessment International Education tashkiloti tomonidan akkreditatsiyadan oʻtkazilmoqda

    Xabaringiz bor, Prezident taʼlim muassasalari agentligi tizimidagi Prezident maktablari faoliyati xalqaro hamkor tashkilot – Cambridge Assessment International Education bilan hamkorlikda tashkil etiladi.

    Mazkur tashkilot oʻquv jarayonlarida hamkorlik qilish bilan bir qatorda, maktab faoliyati hamda oʻquv jarayonlarining sifatli tashkil etilgani koʻrsatkichlari asosida maktablarni xalqaro akkreditatsiyadan oʻtkazadi.

    Akkreditatsiyadan muvaffaqiyatli oʻtish maktablarning ushbu tashkilot tomonidan tan olinganini bildiradi.

    Oʻtgan davr ichida 4 ta Prezident maktabi – Nukus, Namangan, Xiva va Toshkent shaharlaridagi Prezident maktablari Cambridge Assessment International Education tashkiloti akkreditatsiyasidan oʻtdi. Hozirda esa 2021-2022-oʻquv yilida oʻz faoliyatini boshlagan 10 ta yangi Prezident maktabi akkreditatsiyadan oʻtish jarayonida.

    Maʼlumki, xalqaro akkreditatsiyadan oʻtish oson jarayon hisoblanmaydi. Buning uchun taʼlim muassasasi qator talablarga javob berishi kerak. Jumladan, bunda:

    — taʼlim muassasasida Cambridge Assessment dasturlarining muvaffaqiyatli tadbiq etilgani,

    — SCIENCE va tabiiy fanlar – matematika, fizika, kimyo, biologiya fanlari uchun toʻliq laboratoriya xonalari bilan taʼminlangani,

    — Cambridge Assessment imtihonlarining shaffof va sifatli tashkil etish uchun maktabda yetarli shart-sharoitlarning (imtihon savollari saqlanadigan secure roomʻlarning mavjudligi, jarayonlar kamera kuzatuvida amalga oshirilgani) yaratilganiga alohida eʼtibor qaratiladi.

    Akkreditatsiya jarayoni ikki bosqichda tashkil etiladi. Birinchi bosqichda Cambridge Assessment International Education vakillaridan tashkil etilgan ishchi guruh tomonidan maktablar faoliyati onlayn tahlil qilinadi, kerakli maʼlumotlar tashkilotga taqdim etiladi.

    Mazkur bosqich muvaffaqiyatli oʻtgach, ishchi guruh maktabda boʻlib, taʼlim muassasasining talab etilgan mezonlarga qay darajada mos kelishini oʻrganadi.

    Hozirda yangi ochilgan 10 ta Prezident maktabida akkreditatsiyadan oʻtish jarayonlari boʻlib oʻtmoqda.

    Prezident maktablarining CIS (Council of International Schools) akkredetatsiyasidan oʻtkazilishi

    CIS (Xalqaro maktablar kengashi) bu butun dunyoga mashhur tashkilot boʻlib, mazkur kengash aʼzosi boʻlish xalqaro darajada tan olinishni anglatadi.

    Xalqaro maktablar kengashiga aʼzo boʻlish uchun, jumladan quyidagi talablar qoʻyilgan:

    Taʼlim muassasasi faoliyat yoʻnalishining sifatli tashkil etilgani,
    Maktab boshqaruvi, maʼmuriyat faoliyatining sifatli yoʻlga qoʻyilgani,
    Oʻquv dasturining muvafaqqiyatli joriy qilingani,
    Dars jarayonlarining sifatli tashkil etilgani hamda baholash tizimi,
    Oʻquvchilar uchun zaruriy sharoitlarning yaratilayotgani;
    Taʼlim muassasasining kadrlar bilan toʻliq taʼminlangani,
    Taʼlim muassasasi joylashgan binoning xavfsizlik talablariga javob berishi, texnologik va yordamchi tizimlarning mavjudligi.

    3 yil davomida Xalqaro maktablar kengashi ishchi guruhi tomonidan taʼlim muassasi mazkur mezonlarga naqadar mos kelishi oʻrganiladi. Ushbu ishchi guruh dunyoning turli burchaklaridan yigʻilgan taʼlim sohasining mutaxassislaridan tarkib topadi.

    Ayni paytda 2019-yilda faoliyatini boshlagan 4 ta – Nukus, Xiva, Namangan va Toshkent shaharlaridagi Prezident maktablari mazkur kengash aʼzoligiga oʻtish jarayonida. 2021-2022-oʻquv yilida oʻz faoliyatini boshlagan 10 ta yangi Prezident maktabini ham bosqichma-bosqich mazkur kengash aʼzoligiga oʻtkazish boʻyicha ishlar amalga oshirilmoqda.

    Hozirda CIS (Xalqaro maktablar kengashi)ga aʼzolik uchun barcha hujjatlar muvaffaqiyatli topshirilgan, hamda tashkilot tomonidan Prezident maktablari “super guruh”ga kiritilgan. Bu degani, Prezident maktablarining xalqaro maktablar kengashiga aʼzo boʻlishi 3 yilda emas, 2 yilda koʻrib chiqiladi.

    “Raqamli avlod” oʻquv-tadqiqot inklyuziv laboratoriyasi

    Prezident taʼlim muassasalari agentligi va “Digital Generation Uzbekistan” Nodavlat notijorat muassasasi tomonidan “Raqamli avlod” oʻquv-tadqiqot inklyuziv laboratoriyasi joriy etildi.

    Mazkur laboratoriya doirasida ayni paytda metodologiya dasturlari ustida ish olib borilmoqda.

    Hozirda Toshkent shahridagi 102- va 106- sonli eshitish qobiliyati zaif bolalar maktab-internati oʻquvchilari uchun robototexnika va raqamli dizayn darslari tashkil etilgan va dars mashgʻulotlari boʻlib oʻtmoqda.

    Tez kunlarda zamonaviy kasblarning boshqa turlari, jumladan media, grafik dizayn va SMM darslari ham yoʻlga qoʻyilishi rejalashtirilgan.