“Xavfsiz, tartibli va qonuniy migratsiya toʻgʻrisidagi global shartnomani implementatsiya qilishga koʻmaklashish”

    Xalqaro hamkorlik 14 Dekabr 2023 789

    Joriy yil 14-dekabrda Toshkent shahrida xuddi shu mavzuga bagʻishlangan xalqaro davra suhbati boʻlib oʻtdi. Tadbirning asosiy tashkilotchilari Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi va Xalqaro migratsiya tashkilotining mamlakatimizdagi missiyasi hisoblanadi.

    Xalqaro davra suhbatida Oʻzbekiston, Ozarbayjon, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston va Turkmanistonning tegishli davlat muassasalari, inson huquqlari boʻyicha milliy institutlar, ilmiy va akademik doiralar, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari qatnashdi. Tadbirda, shuningdek, Xalqaro migratsiya tashkilotining Bosh qarorgohi (Jeneva, Shveysariya), Mintaqaviy ofisi (Vena, Avstriya), Migratsiya maʼlumotlarini tahlil qilish global markazi, ushbu xalqaro tashkilotning Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi vakolatxonalari xodimlari hamda ekspertlari ishtirok etdi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari, Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov va Xalqaro migratsiya tashkilotining Markaziy Osiyo boʻyicha mintaqaviy muvofiqlashtiruvchisi, mazkur xalqaro tashkilotning Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Turkmaniston va Oʻzbekistondagi missiyalari rahbari Zeynal Gadjiyev davra suhbati ishtirokchilarini qutlar ekan, bugungi kunda migratsiya va migrantlar barcha davlatlar iqtisodiyoti, erkin savdo va innovatsiya jarayonlarida sezilarli mavqega egaligiga eʼtiborni qaratdi.

    Shu sababli xalqaro hamjamiyat 2018-yilda Marokash shahrida “Xavfsiz, tartibli va qonuniy migratsiya toʻgʻrisidagi global shartnoma”ni maʼqulladi. Oʻz navbatida, Oʻzbekistonda migrantlar huquqini himoya qilish yoʻnalishida xalqaro va mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish, milliy qonunchilik va mexanizmlarni takomillashtirishga qaratilgan chora-tadbirlar izchillik bilan amalga oshirib kelinyapti.

    Mamlakatda migrantlar huquqlarini himoya qilishga oid normativ-huquqiy hujjatlar muntazam takomillashtirib kelinyapti.

    Xalqaro davra suhbatida mintaqaviy va milliy ekspertlar ushbu hujjatning mazmun-mohiyati va ahamiyatini atroflicha tahlil qildilar. Jumladan, Global shartnomaning BMT asosiy hujjatlari va Barqaror rivojlanish maqsadlari bilan uzviy bogʻliqligi alohida qayd etildi.

    Oflayn va onlayn tarzda tashkil etilgan muhokamalarda Jenevada joylashgan Xalqaro huquq instituti (Shveysariya) aʼzosi, Londondagi “King Kollej” universiteti (Buyuk Britaniya) hamda Tallin universiteti (Estoniya) faxriy professori Reyn Myullerson, Xalqaro migratsiya tashkilotining Venadagi mintaqaviy ofisi xodimi Loran Simon Van Ash, Xalqaro migratsiya tashkilotining Migratsiya toʻgʻrisidagi global shartnoma boʻyicha ekspert-maslahatchisi Elmira Xisamutdinova, BMT Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar boʻyicha qoʻmitasi raisining oʻrinbosari, Rossiya Xalqlar doʻstligi universiteti “Xalqaro huquq” kafedrasi mudiri, Moskva davlat xalqaro munosabatlar instituti professori Aslan Abashidze va boshqa ekspertlarning maʼruzalari tinglandi.

    Davra suhbati doirasida xavfsiz, tartibli va qonuniy migratsiyaning milliy tizimini rivojlantirish boʻyicha Ozarbayjonning amaliy tajribasi oʻrganildi.

    Markaziy Osiyo mamlakatlari oʻrtasida migratsiya masalalari boʻyicha muloqot va tajriba almashinuviga koʻmaklashish istiqbollari ham koʻrib chiqildi

    Ushbu mintaqaviy dasturni bajarishda Xalqaro migratsiya tashkiloti Markaziy Osiyo davlatlarining tegishli vazirlik va idoralari, inson huquqlari boʻyicha milliy institutlar, fuqarolik jamiyati bilan hamkorlik qilmoqda. Dasturning asosiy yoʻnalishi –Xavfsiz, tartibli va qonuniy migratsiya toʻgʻrisidagi global shartnomada belgilangan maqsadlariga erishish uchun mintaqa mamlakatlari salohiyatini mustahkamlashga hissa qoʻshishdan iborat.

    Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi

    Milliy markazining matbuot xizmati.