Xirmon to‘lib to‘kilar don

    Ayni vaqtda yurtimizda rizq-ro‘zimiz bo‘lgan g‘alla hosilini yig‘ib-terib olish mavsumi boshlandi. Alabatta, yaxshi hosil olish uchun katta mehnat, dalada ishni oqilona tashkil etish kabi ko‘plab omillar talab etiladi. Jumladan, Navoiy viloyatining cho‘l hududlarida g‘alla yetishtirishning o‘ziga yarasha qiyinchiligi va mashaqqati bor. 

    Jumladan, Navoiy viloyatining choʻl hududlarida gʻalla yetishtirishning oʻziga yarasha qiyinchiligi va mashaqqati bor.

    Oʻz mehnatlarining samarasi oʻlaroq, Qiziltepa tumanining Oʻrtachoʻl hududida har yili gʻalla oʻrimi birinchilardan boʻlib boshlanadi. Omilkor fermerlar oʻz vaqtida zarur choralar koʻrgani, zamonaviy agrotexnologiyalardan samarali foydalangani natijasida bu yil ham hududda moʻl hosil yetishtirildi.

    Gʻallani yigʻib olish ishlari “El-yurt hurmati” ordeni sohibasi, tajribali dehqon Raʼno Valiyeva rahbarligidagi “Valiobod” fermer xoʻjaligi dalalaridan boshlandi. Aytish joiz, ushbu fermer xoʻjaligi nafaqat tuman va viloyatda, balki respublikada ham ilgʻor xoʻjaliklardan biri sanaladi. Har yili gʻalla va paxtachilikda birinchilardan boʻlib belgilangan rejani ortigʻi bilan bajaradi.

    Bu yil ham gʻalla hosildorligi yomon emas. Fermer yerga donni qadagach, umid bilan yerga, koʻkka boqadi. Har qanday sharoit boʻlmasin, qishni qish, bahorni bahor demay, ob-havo injiqliklariga qaramay tinim bilmaydi. Yelib-yuguradi, mehnat qiladi. Ertangi hosil, kutilayotgan daromad, rizq-nasiba ana shu mehnatga, yelib-yugurishga, oʻz vaqtida qilingan agrotexnik chora-tadbirlarga bogʻliq. “Qimirlagan qirdan oshar”, degan ibratli hikmat bor. Dehqon harakatda boʻlsa, roʻzgʻorida baraka, dasturxonida toʻkinchilik, yurtda esa farovonlik boʻladi.

    – Oʻn yil mexanizatorlik qilganman. Qishloq xoʻjaligi ilmini, dehqonchilik sirlarini ham oʻrgandim. Hozirda femerlar uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan. Faqat bundan unumli foydalanib, mehnat qilishimiz lozim. Fermer xoʻjaligimiz yer maydon 150 gektardan ziyodni tashkil etadi. Paxta va gʻalladan olinayotgan hosilni har yili oshirib borishga harakat qilyapmiz, – deydi tajribali fermer Raʼno Valiyeva.

    Albatta, bugungi kunda qishloq xoʻjaligida amalga oshirilgan tub islohotlar samarasida yerga ishlov berish rivojlandi, fermerlik harakatiga keng yoʻl ochildi, dehqonlarning dunyoqarashi, yerga munosabati oʻzgardi. Bugun fermerlar oʻzini yerning haqiqiy egasi, deb his qiladi. Qancha koʻp mehnat qilsa, moʻl hosil yetishtirsa, bundan avvalo oʻzi manfaat koʻrishini yaxshi biladi. Bu ularni yanada gʻayrat va masʼuliyat bilan ishlashga, hosildorlikni izchil oshirishga undamoqda.

    Bu yil Oʻrtachoʻl hududida 83 ta fermer xoʻjaligining 3 ming 534 gektar maydoniga gʻalla ekilgan. Bir vaqtlar 20–25 sentner gʻalla yuqori koʻrsatkich sanalgan boʻlsa, endi bu yerda 70–80 sentnerdan don yetishtirish odatiy holga aylandi.

    – Viloyatimizda 2023-yil hosili uchun 38 ming gektar maydonga gʻalla ekilgan boʻlib, uni yigʻib-terib olish mavsumi uchun 100 ga yaqin otryad tashkil etildi. Kombayn va boshqa texnika vositalari shay holatda. Mavsum yakunigacha 288 ming tonna gʻalla hosilini yigʻishtirib olishni rejalashtirganmiz. Shundan 95 ming tonnasi davlat ehtiyoji, 39 ming tonnasi birja savdolari, 10 ming tonnasi urugʻlik uchun ajratiladi, – deydi Navoiy viloyati qishloq xoʻjaligi boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari Sunnat Xudoynazarov.

    Har yili viloyatda mavsumda qisqa fursatlarda gʻallani nobudgarchiliksiz yigʻib olish, uni sotishda yangi tizim shaffofligi, fermer xoʻjaliklari, gʻallachilik klasterlari manfaatdorligini taʼminlash, ichki bozorda un va don mahsulotlari narxining oʻsishi va taqchilligining oldini olish kabi masalalarga alohida eʼtibor qaratiladi.

    Rizq-roʻzimiz boʻlgan bugʻdoyni isrof qilmasdan yigʻishtirib olishda dalalarda mehnat qilayotgan dehqonlar, fermerlar, kombaynchilar va bu jarayonga masʼul boshqa mutasaddilarning fidoyiligi tahsinga loyiq. Zero, ularning bugungi mashaqqatli mehnati ertangi farovon turmushimiz va dasturxonimiz toʻkinligini taʼminlaydi.

    Hosil mashaqqatli mehnatlar evaziga yetishtiriladi. Buning uchun gʻallakor bir zum boʻlsada tinim bilmaydi. Kechani kecha, kunduzni kunduz demay yerni shudgorlaydi, yerni tayyorlaydi, don unib chiqqach sugʻoradi, mineral va mahalliy oʻgʻitlar bilan oziqlantiradi, turli hasharot va kasalliklarga qarshi agrotexnik tadbirlarni amalga oshiradi. Hosilni nest-nobud qilmasdan yigʻib olish esa alohida masʼuliyat talab etadi.

    – Qiziltepa tumanidagi gʻalla maydonlariga ushbu mavsumda 30 dan ziyod kombayn biriktirildi. Ushbu texnikalar uzluksiz ishlashi uchun toʻliq texnik koʻrikdan oʻtkazilib, kamchiliklar bartaraf etildi. Mavsum boshlangandan buyon har kuni texnik nazorat ishlari ham olib borilmoqda, – deydi “Oʻzagroinspeksiya” Qiziltepa tumani boʻlimi inspektori Olimjon Ataullayev.

    Taʼkidlash joiz, bugungi kunda dehqon mehnatiga koʻrsatilayotgan ragʻbat, fermerlik harakatining har tomonlama qoʻllab-quvvatlanishi oddiy insonlarning oddiy intilishlarini yuzaga chiqarib, el farovonligida oʻz aksini topib bormoqda.

    Muhimi, bugun yer oʻzining munosib egasini topgan. Hosildorlik hisobiga manfaatdorlik ham ortdi. Mehnatlari evaziga daromadi ortayotgan mirishkorlarimiz ayni kunlarda yetishtirilgan hosilni oxirigacha nest-nobud qilmay yigʻishtirib olish bilan band.

    Gʻolib ABDUSALOMOV,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri