Xitoy tajribasi kambagʻallikka qarshi kurashda qoʻl keladi

    Xalqaro hamkorlik 24 Fevral 2023 1022

    Xitoylik amaliyotchi olimlar Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligida maslahatchi boʻlib faoliyat yuritadi.

    Mamlakatimizda kambagʻallikni bartaraf etish, kam taʼminlangan oilalar sonining koʻpayishiga yoʻl qoʻymaslikning samarali mexanizmlarini yaratish masalalarini hal etish ustuvor vazifa sanaladi.

    Taʼkidlash joizki, Xitoy kambagʻallik ustidan toʻliq gʻalaba qozonganligi haqida eʼlon qilgan birinchi mamlakat sanaladi.

    Bunday yuksak samara jahon hamjamiyatining eʼtiboridan chetda qolmadi va BMT hamda qator xalqaro tashkilotlar tomonidan eʼtirof etildi.

    Ikki davlat oʻrtasida jadal rivojlanayotgan strategik sheriklik Xitoyning bu boradagi ilgʻor tajribasini oʻrganish uchun keng imkoniyatlar beradi.

    Oʻzbekistonning Xitoydagi elchixonasi koʻmagida xitoylik olimlar Chjan Si va Van SyaoLinning mamlakatimizga tashrifi tashkil etildi.

    Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi rahbariyati bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvda hamkorlikdagi ishlarning ustuvor yoʻnalishlari muhokama etildi, deb xabar beradi Kambagʻallikni qisqartish va bandlik vazirligi matbuot xizmati.

    — Oʻzbekiston hukumati kambagʻallikni kamaytirishga qanchalik katta eʼtibor qaratayotganini qisqa vaqt ichida his qildik va biz belgilangan maqsadlarga erishishda yordam berishga tayyormiz, — deb taʼkidladi Pekin pedagogika universitetining Iqtisodiyot va resurslarni boshqarish instituti professori Chjan Si.

    Dastlabki bosqichda mutaxassislar hududlarga safar qilib, sohadagi ishlarning bugungi holatini oʻrganadi. Tahlil natijalariga koʻra kambagʻallikni aniqlashning moliyaviy va nomoliyaviy mezonlarini ishlab chiqish rejalashtirilgan.

    Keyinchalik, ilmiy yondashuv asosida kambagʻallikdan chiqish boʻyicha maqsadli dasturlar ishlab chiqilib, ular viloyatlar, tumanlar va mahallalar miqyosida amalga oshiriladi.

    Shuningdek, ushbu dasturlarning samaradorligini monitoring qilish mexanizmini joriy yetish nazarda tutilgan.

    Oʻquv dasturlarini qayta koʻrib chiqish orqali kasb-hunar taʼlimi tizimini oʻzgartirishga alohida eʼtibor qaratiladi. Ushbu chora kadrlar tayyorlash borasida ichki va tashqi mehnat bozorida talabga ega boʻlgan zamonaviy bilim va koʻnikmalarni shakllantirish imkonini beradi.