Maqsad odamlarni loqaydlik, boqimandalik illatlaridan xolos qilish. Qolaversa, bozorlar va xalqimiz dasturxonidagi toʻkinlikka hissa qoʻshish ham har bir fuqaroning burchi hisoblanadi. Bundan tashqari, bugungi koronavirus pandemiyasi sharoitida “Olma pish, ogʻzimga tush” tarzida yashash ham xalqimizning feʼl-atvoriga toʻgʻri kelmaydi.
Chinoz tumanining “Sutbuloq” mahallasi Ahillik koʻchasidagi 22-uyda istiqomat qiluvchi Sobir aka Rahmonberdiyevlar xonadonida boʻldik. Darvozadan kirishimiz bilan bizga kelin salom berdi. Bundan albatta, kayfiyatimiz koʻtarildi. Bizga hamrohlik qilayotgan mahalla raisi Baxtigul opa Begaydarova bir hafta avval xonadonda karantin talablari asosida toʻy boʻlgani, Boburjon bilan Maftunaxon bir-birlariga koʻngil qoʻyib, oila qurganini soʻzlab berdi.
– Hududimizdagi fuqarolar mehnatkash, qariyb 90 foizdan ortigʻi tomorqadan katta daromad oladi. Shu bos, toʻq yashashadi. Bizda deyarli kam taʼminlangan oilalar yoʻq, – deydi faxr bilan opa.
Sobir aka turmush oʻrtogʻi bilan halol mehnati tufayli 3 oʻgʻil va bir qizni voyaga yetkazyapti. Ikki oʻgʻli, kelini Maftunaxon oliy oʻquv yurti talabalari. Hovlisining 14 sotixi tomorqa boʻlib, uning bir qismida issiqxona barpo etilgan. Oilaning barcha aʼzolari u yerda birdek mehnat qilishadi. Bulgʻor qalampiri, bodring ekilgan maydonlarda yetishtirilgan hosilni saranjomlab olishib, endi pomidor ekishyapti. Shaftoli, olma, nok rosa hosilga kirgan boʻlib, albatta, bu ham oila aʼzolarining nasibasi.
– Bilganga tomorqa koni foyda,– deydi Sobir aka. – Yerga mehr berib, ishlov berilsa, dasturxon toʻkin, roʻzgʻor obod boʻladi. Katta bir roʻzgʻorni bemalol tebratadi. Oilamizning 7 nafar aʼzosi mehnat bilan band. Shuning orqasidan toʻylar qilyapmiz, farzandlarimizni oʻqityapmiz, bir oʻgʻlimizga uy quryapmiz, bordi-keldilar, qoʻyingchi, qancha xarajat boʻlsa, hammasini qoplaydi. Yillik daromadimiz chakki emas. 35-40 mln.soʻmgacha boradi. Agar tomorqa boʻlmaganida, shuncha pulni qayerdan topardik.
Darhaqiqat, dehqonchilikning hadisini olgan Sobir akaning gapida jon bor. Bilganga tomorqa koni foyda. Zero, bahor paytida fursatni qoʻldan boy bermay, kaftdek yerni ham boʻsh qoldirmasdan, ekin ekish, nihol qadash, umuman yerdan unumli foydalanish turmush farovonligining mustahkam poydevorini yaratish demakdir.
Surayyo AHMEDOVA,
Nizom SULTONOV.