Xorazmda gemodializ markazlari ish boshladi

    Gemodializ – buyrak yetishmovchiligidan aziyat chekayotgan insonlar uchun buyrak vazifasini bajaruvchi davo muolajasi bo'lib, u bemorning uzoq umr ko'rishini ta'minlaydi.

    Urganch tumanidagi gemodializ markazi ochilish marosimida O'zbekiston Respublikasi sog'liqni saqlash vazirining birinchi o'rinbosari Amrilla Inoyatov, Xorazm viloyati hokimi o'rinbosari San'at Salaev va boshqalar so'zga chiqib, mamlakatimizda aholiga ko'rsataliyotgan tibbiy xizmatlar sifatini oshirish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar va ularning samaralari haqida to'xtaldilar.

    Ta'kidlanishicha, Jahon banki guruhi a'zosi - Xalqaro moliya korporatsiyasining moliyaviy va texnik ko'magida 1 100 (bir ming bir yuz) nafar bemor uchun Qoraqalpog'iston Respublikasi, Xorazm viloyati va Toshkent shahrida davlat-xususiy sheriklik asosida gemodializ xizmatlarini ko'rsatish loyihasi amalga oshirilmoqda.

    Loyihaga ko'ra, 2021yil 15 yanvar kuni Hindiston davlatining NEFROPLYUS horijiy kompaniyasi va Sog'liqni saqlash vazirligi o'rtasida davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida gemodializ xizmatlari ko'rsatuvchi dializ markazlarini tashkil etish bo'yicha 10 yil muddatga bitim imzolangan edi.

    Bugungi kunda xususiy sherik tomonidan 2 mln. AQSH dollari miqdorida investitsiya kiritilib, Urganch va Bog'ot tuman tibbiyot birlashmalari hududida xalqaro standartlar asosida sifatli gemodializ xizmatlarini ko'rsatish imkoniga ega bo'lgan 58 ta shifo o'rniga ega 2 ta zamonaviy Gemodializ markazlari qurib bitkazildi hamda yetakchi horijiy davlatlarda ishlab chiqarilgan tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlandi.

    Loyihadan ko'zlangan asosiy maqsad gemodializ muolajasiga muhtoj bemorlarga xalqaro standartlar asosida sifatli gemodializ xizmatlarini ko'rsatish hamda muolajalarini oluvchi bemorlarning hayot davomiyligi o'zaytirish. Shuni aytib o'tish joizki, bugungi kunda gemodializ muolajalarini oluvchi bemorlarning hayot davomiyligi butun jahon miqiyosida 10 yildan ortiq bo'lsa-da, respublikamizda ushbu ko'rsatkich 5-6 yilni tashkil qilmoqda. Vohadagi ekologik muammolar tufayli gemodializ muolajalarga ehtiyoj oshmoqda.

    Yangi markazlarning faoliyat boshlashi gemodializ xizmatiga muhtoj insonlarni ortiqcha ovora bo'lishdan, navbatda turishdan xalos qiladi. Muolajalarni o'z vaqtida olishga muvaffaq bo'lishlari natijasida hayot davomiyligini oshirishga erishiladi. Bularning barchasi mamlakatimizda inson qadri uchun amalga oshirilayotgan islohotlar samarasidir. Bu haqidida Xorazm viloyat sog'liqni saqlash boshqarmasi axborot xizmati xabar bermoqda.