Mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarda belgilangan vazifalar samaradorligi iqtisodiy, ijtimoiy, siyosiy jarayonlarga zamonaviy axborot texnologiyalarini keng joriy etish orqali aholi turmush darajasini yuqori darajaga koʻtarish hisoblanmoqda. Shu bois ham, bu borada qator qonun va qonunosti hujjatlar qabul qilinib, ular asosida raqamli iqtisodiyotning mamlakat yalpi ichki mahsulotidagi ulushini koʻpaytirish, davlat xizmatlarini koʻrsatish tartibotlarini optimallashtirish va tartibga solish orqali elektron hukumat tizimini rivojlantirishga eʼtibor qaratilgan.
Bu borada Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 28-apreldagi “Raqamli iqtisodiyot va elektron hukumatni keng joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi, 2020-yil 6-oktyabrdagi “Axborot texnologiyalari sohasida taʼlim tizimini yana-da takomillashtirish, ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish va ularni IT-industriya bilan integratsiya qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorlari hamda ular asosida qabul qilingan meʼyoriy-huquqiy hujjatlar muhim ahamiyatga ega boʻlmoqda.
Ilmiy izlanishlardan kelib chiqib taʼkidlash mumkinki, bu borada dastlab kadrlar va ularning sifatiga eʼtibor qaratish zarur. Bu yoʻnalishlarda tayyorlanayotgan kadrlar sifati yaxshi taʼlim olish bilan bir qatorda maʼlum moddiy-texnik bazani ham talab qiladi.
Statistik maʼlumotlarga koʻra, dunyo boʻyicha axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish borasida Shimoliy Amerika davlatlari yetakchilik qiladi. Xususan, internet bilan uy xoʻjaliklarining 85 foizi, mobil aloqa bilan aholining 72 foizi, shaxsiy kompyuterlar bilan uy xoʻjaliklarning 93 foizi taʼminlangan.
Rossiya Federatsiyasida har 100 uy xoʻjaligidan 64 tasi shaxsiy kompyuter bilan taʼminlangan boʻlsa, mazkur koʻrsatkich mos ravishda Ukrainada 100/28, Armanistonda 100/29, Oʻzbekistonda 100/25, Ozarbayjonda 100/9, Qirgʻizistonda 100/5 nisbatda.
Statistik maʼlumotlarga koʻra, Xitoy Xalq Respublikasi raqamli iqtisodiyot boʻyicha rivojlangan AQSHdan soʻng 2-oʻrinda. Shu sababli Xitoy Xalq Respublikasining Alibaba Business School (Alibaba biznes maktabi) hamda Global eCommerce Talent (Global elektron — tijorat talantlar) dasturining standartlari oʻrganilgan.
Xitoy Xalq Respublikasi va Hindiston tajribasidan kelib chiqib taʼkidlash kerakki, raqamli iqtisodiyot davrida kadrlarning bir vaqtda iqtisod va IT fanlarini oʻzlashtirgan universal mutaxassis boʻlishida ikki jihatga eʼtibor qaratish zarur. Xususan, maktab davrida IT fanini bilish va tanlangan yoʻnalish hamda uning raqamlashtirilishiga eʼtibor qaratish lozim.
2020-yilning oktyabr oyida Jahon iqtisodiy forumining “Kasblar kelajagi” toʻgʻrisidagi hisoboti eʼlon qilindi. Hisob-kitoblarga koʻra, 2025-yilga borib, odamlar va mashinalar oʻrtasida mehnat taqsimotining oʻzgarishi tufayli 97 million yangi ish oʻrni yaratilishi bilan bir qatorda 85 millionga yaqin baʼzi kasblarning qisqarishi ham kuzatiladi. Tahlillarga koʻra, 97 million yangi ish oʻrni quyidagi kasblar hisobiga shakllantirilgan:
maʼlumotlarni tahlil qiluvchi olimlar;
sunʼiy intellekt va texnikani oʻrganish boʻyicha mutaxassislar;
katta maʼlumotlar (Big data) boʻyicha mutaxassislar;
raqamli marketing va strategiya boʻyicha mutaxassislar;
jarayonni avtomatlashtirish boʻyicha mutaxassislar;
biznesni rivojlantirish boʻyicha mutaxassislar;
raqamli transformatsiya boʻyicha mutaxassislar;
axborot xavfsizligi boʻyicha tahlilchilar;
dasturiy taʼminotchilar va dastur tuzuvchilar;
“Narsalar interneti” (Internet of Things) boʻyicha mutaxassislar va boshqalar.
Talab qisqarayotgan 85 million ish oʻrni esa asosan maʼlumotlarni kiritish boʻyicha mutaxassislar, maʼmuriy-ijroiya kotiblari, buxgalteriyani yuritish va ish haqini yuritish boʻyicha mutaxassislar, buxgalterlar va auditorlar, montaj va zavod ishchilari, biznes xizmatlar va boshqaruv rahbarlari, mijozlar haqida maʼlumot va mijozlarga xizmat koʻrsatish xodimlari, bosh menejerlar, mexanika va mashina taʼmirlovchilar, materiallarni roʻyxatga olish va saqlash boʻyicha xizmatchilar kabilar hisobiga toʻgʻri kelgan.
Taʼkidlash kerakki, Yevropa Ittifoqi, AQSH, Rossiya Federatsiyasi va boshqa mamlakatlar pandemiya sharoitida 20-30 foiz mehnat resurslarini onlayn tizimga oʻtkazgani bois, Xitoy Xalq Respublikasi va Hindiston yoshlarni masofadan xorijga ishga joylash orqali qambagʻallikni keskin qisqartirishga erishdi. Masalan, 2019-2020-yilda yirik internet kompaniyalarning kapitali oʻrtacha 200 milliarddan 1 trillion dollargacha oshdi. Jumladan, Apple 2019-yilda 798 milliard, 2020-yilda 1,9 trillion dollar; Amazon 2019-yilda 781 milliard, 2020-yilda 1,5 trillion dollar; Alibaba 2019-yilda 545 milliard, 2020-yilda 729 milliard dollar foyda qildi.
Shu kabi kompaniyalar yoshlarni kelgusida talab yuqori boʻladigan mutaxassisliklar boʻyicha tayyorlashga eʼtibor qaratib, “Qanday kasbni egallash zarur?”, “Yoshlarni ish bilan bandligini taʼminlash” tamoyillari asosida faoliyatni yoʻlga qoʻyishi kerak. Bu masalada 2019-yil 29-noyabr — 5-dekabr boʻlgan kunlarda Xitoy Xalq Respublikasining Xanchjou shahrida “Alibaba Group” kompaniyasi tomonidan “Digital Transformation through Education” (Taʼlim orqali raqamli transformatsiya) mavzusida tashkil etilgan seminarda “Alibaba Group” oʻquv kengashi raisi Ming Zeng soʻzga chiqib “Bugungi kunda taʼlim muassasalari biror kasbni oʻrgatgandan koʻra, yoshlarning ish topish mahoratini oshirishi maqsadga muvofiq”, dedi.
Shu jihatdan, raqamli iqtisodiyot talablaridan kelib chiqib, oliy taʼlim muassasalarida talab yuqori boʻlgan mutaxasisliklar boʻyicha yoshlarni tayyorlash hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan hamkorlikda yuqori ish xaqi toʻlaydigan xorijiy kompaniyalar bilan shartnomalar tuzib, kadrlarning masofadan ishlashini tashkil etish kerak. Natijada taʼlim sifati rivojlangan mamlakatlar standartiga koʻtarilib, kam taʼminlangan va ishsiz aholi qatlamini masofadan xorijga ishga jalb qilish, ularning daromadini oshirish mumkin.
Ulugʻbek YAQUBOV,
Toshkent moliya instituti kafedrasi mudiri,
iqtisod fanlari nomzodi, dotsent
Zulfiya ISAXOJAYEVA,
stajyor tadqiqotchi