Xorijiy tillarni bilish yoshlar uchun qanchalik muhim?

    Zamonaviy dunyoda O‘zbekiston yoshlari uchun chet tillarni puxta o‘rganish global muloqot va muvaffaqiyat kalitidir.

    Prezidentimiz BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida “Sayyoramizning ertangi kuni, farovonligi farzandlarimiz qanday inson bo‘lib kamolga yetishi bilan bog‘liq. Bizning asosiy vazifamiz — yoshlarning o‘z salohiyatini namoyon qilishi uchun zarur sharoitlar yaratishdan iborat”, deya ta’kidlagan edi.

    Globallashuv, madaniyat va qadriyatlar, milliy o‘zlik tushunchalari orasidagi masofalar kundan kunga qisqarib borayotgan pallada yoshlarimizning jahonga integratsiyalashishida til omili muhim va asosiy vazifani bajarmoqda. Chet tillarni bilmagan yoshlar xalqaro biznes, ilm-fan, siyosat, iqtisodiyot yoki axborot va kommunikatsiya tarmog‘ida joy yo‘q ekanini anglamoqda.

    Darhaqiqat, ota-bobolarimizning “Til bilgan — el biladi” naqliga binoan yurtimizning ertangi kuni, uning farovonligini ta’minlash uchun yoshlarning bilim va salohiyatini oshirish, keng imkoniyatlar yaratib berish oldimizda turgan asosiy masalalardan biridir.

    Imkoniyatlardan foydalanish — davr talabi

    O‘zbekistonda yoshlarning xorijiy tillarda erkin muloqot qila olishi odatiy holga aylangani, albatta, quvonarli. ­Natijalar uzluksiz ta’lim tizimining barcha bosqichlarida chet tillar yuqori saviyada o‘qitilishiga e’tibor qaratilayotgani, yoshlarga sharoit yaratilgani bilan chambarchas bog‘liq. Yoshlarning xorijiy tillarni o‘rganishiga ta’sir etuvchi omillar mavjud.

    Birinchidan, O‘zbekistonning dunyo hamjamiyati bilan teng integratsiyaga kirishishi natijasida hayotimizda bo‘y ko‘rsatayotgan yangi texnologiyalar yoshlarni o‘ziga jalb etadi. Bu texnologiyalar ingliz, xitoy va boshqa xorijiy tillar bilan bog‘liqligi sababli ularni tushunish, keng foydalanish natijasida xorijiy tilga nisbatan qiziqish ortib bormoqda.

    Ikkinchidan, yoshlar qaysi yo‘nalishni tanlamasin, oliygohga kirishda xorijiy til bo‘yicha B2 darajali til sertifikatiga ega bo‘lsa, xorijiy tildan imtihon baliga 100 foiz imtiyoz qo‘shib berilmoqda. Bu esa ularga qolgan fanlardan yaxshiroq tayyorgarlik ko‘rishga imkoniyat yaratmoqda.

    IELTS kabi xalqaro e’tirof etilgan til bilish imtihonlarida 7.0 va undan yuqori ball olgan yoshlarning imtihon puli davlat tomonidan kompensatsiya qilib berilishi yoshlarning xorijiy tillarni o‘rganishi uchun e’tibor va imkoniyatning yaqqol namunasidir. Bundan ko‘zlangan maqsad til bilish bo‘yicha bilimdon yoshlarni kashf etish va dunyo mehnat bozoriga raqobatbardosh, yuksak bilimli kadrlarni tayyorlash hisoblanadi.

    Xorijda ta’lim olish uchun yoshlarga imkoniyat yaratish, mutaxassislar tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot qilish bo‘yicha “El-yurt umidi” jamg‘armasi tashkil etilgani yana bir rag‘bat bo‘ldi. Bu jamg‘arma tanlovida ishtirok etish uchun asosiy shartlardan biri ham chet tildan bilim darajasini belgilovchi amaldagi milliy (CEFR) yoki xalqaro sertifikatga (IELTS, TOEFL, DELF) ega bo‘lish. Ushbu imkoniyatdan foydalanayotgan yuzlab yoshlar har yili xorijiy OTMlarda bakalavr yoki magistraturada o‘qib, yaxshi kasb egalari bo‘lib yurtimizga qaytmoqda. Shu kabi yoshlarning fikricha, chet tilni bilish ularning nafaqat dunyoqarashini kengaytiradi, balki dunyoga chiqishiga yo‘l ochib berayotgan kalit hamdir.

    Ilgari xorijiy tillar 5-sinfdan boshlab o‘qitilgan bo‘lsa, yangi davr o‘quvchilari maktab ostonasiga qadam tashlashi bilanoq ona tili bilan bir qatorda o‘zga, xorijiy tillar bilan yuzlashmoqda. Xorijiy, asosan, ingliz tilini o‘qitish 1-sinfdan tatbiq etilgan bo‘lib, yosh avlod ta’lim muassasalarini bitirgunga qadar til bilish darajasi V2 bo‘lishi belgilangan. Xorijning yetakchi nashriyotlari va metodikalari asosida tajribadan o‘tkazilgan va natijador yangi avlod darsliklari, adabiyotlari vositasida ta’lim berilayogani, til sohiblarining dars jarayonlariga jalb qilinganini e’tirof etish lozim. Bundan tashqari, xorijiy ta’lim tashkilotlari tomonidan yangi loyiha va dasturlar asosida o‘qitish uslublariga transformatsiya qilish zamon talabiga aylanib ulgurdi. Tajribadan ko‘rish mumkinki, o‘rta maktabning 7-8-sinf o‘quvchilari ham bugungi kunda xorijiy tilni o‘rganib, til sertifikatiga ega bo‘lmoqda. Qolaversa, maktablarda birinchi chet tilga qo‘shimcha ravishda nemis, fransuz, koreys, ispan, xitoy va yapon tillarini ikkinchi xorijiy til sifatida o‘qitish boshlandi. Bu esa yoshlarga maktabni bitirishda ikkita xorijiy tilni o‘rganib chiqishi uchun keng imkoniyatdir.

    Uchinchidan, O‘zbekiston bugun barcha uchun ochiq davlat sifatida ko‘plab xorijiy investorlar, chet el korxonalari kirib kelishiga zamin yaratib, ishbilarmonlik o‘chog‘iga aylanmoqda. Xalqaro hamkorlik natijasida katta investitsiyalar jalb etilmoqda, yoshlar xorijda ta’lim olishiga keng imkoniyatlar yaratilmoqda, rivojlangan mamlakatlar ilg‘or tajribalari yurtimizga olib kirilmoqda. Bunday davrda farzandlarimizning til bilishi, xorijliklar bilan tengma-teng muloqot qila olishi, turli tillardan o‘zbek tiliga yoki o‘zbek tilidan xorijiy tillarga tarjima qilishi biz uchun o‘ta muhimdir.

    Ta’lim tashkilotlarida, o‘quv kurslarida ham chet tili deganda aksariyat holatda ingliz tili o‘qitilishi kuzatiladi. Ammo bugungi kunda 10 mingdan ortiq maktabda ingliz tili, 901 ta maktabda nemis tili, 581 ta maktabda fransuz tili va 47 ta maktabda boshqa chet tillar o‘qitilmoqda. Shuningdek, 354 ta maktabda ikkinchi chet tili — fransuz, nemis, koreys, yapon, ingliz, xitoy tillari o‘qitilishi boshlangan. Ushbu maktablarning 10-sinfida tahsil olayotgan 16 ming 166 o‘quvchiga 418 o‘qituvchi turli chet tillardan dars bermoqda.

    Shuningdek, 23 ta davlat oliy ta’lim muassasasida filologiya va tillarni o‘qitish, tarjima nazariyasi va amaliyoti bakalavriat ta’lim yo‘nalishlarida ingliz, fransuz, nemis, arab, ispan, koreys, xitoy, yapon, italyan, turk, rus, fors, sharq tillari, qiyosiy tilshunoslik, lingvistik tarjimashunoslik, sinxron tarjima bo‘yicha kadrlar tayyorlanmoqda.

    Yetuk kadrlarni salohiyatli ustozlar tarbiyalaydi

    Prezidentimizning 2021-yil 19-maydagi “O‘zbekiston Respublikasida xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan, respublika bo‘yicha ta’lim muassasalari, tarmoqlar va hududlarning ehtiyojidan kelib chiqib, kamida 10 ta chet tilni (ingliz, rus, nemis, fransuz, xitoy, koreys, yapon, turk, arab, fors) ommalashtirish vazifasi belgilangan.

    Chet tillarni sifatli o‘rgatish uchun xorijiy ta’lim muassasalari bilan xalqaro hamkorlikni kuchaytirish, xorijiy til sohiblarini (native speakers) o‘quv jarayoniga jalb etish, xorijda malaka oshirish va stajirovkalar ulushini oshirish kabi vazifalar qo‘yilgan. 2023/2024-o‘quv yilida umumiy o‘rta ta’lim maktablariga 500 nafar til egasi jalb etilib, til muhiti yaratilgan bo‘lsa, ushbu tajriba joriy yilda ham davom etmoqda. Oliy ta’lim muassasalarida yuqoridagi vazifalar maqsadli ko‘rsatkichlar sifatida belgilab berilgan.

    Unga ko‘ra, birgina O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida o‘quv yili davomida imzolangan memorandum va shartnomalar soni 103 tadan 157 taga oshdi. Universitetning xorijga yuborilgan professor-o‘qituvchilari soni 192 nafar, talabalar soni esa 200 nafardan oshdi. Xorijlik o‘qituvchilar 23 nafardan 55 nafarga ortgan bo‘lsa, xorijiy talabalar soni 74 nafardan 171 nafarga yetkazildi.

    Bugungi kunda Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Ispaniya, Italiya, Finlyandiya, Slovakiya, Xitoy, Janubiy Koreya, Yaponiya, Misr, Jazoir, Birlashgan Arab Amirliklari, Turkiya, Malayziya, Rossiya, Qozog‘iston kabi qator davlatlarning oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik aloqalari o‘rnatilgan. Universitet talabalari mazkur mamlakatlarning oliy ta’lim muassasalarida har yili 6 oylik va bir yillik grantlar asosida ta’lim olib kelmoqda. Mazkur davlatlar OTMlarining professor-o‘qituvchilari universitetimizda faoliyat yuritmoqda. Bu esa xorijiy tilda darslar yanada samarali tashkil etilishiga sabab bo‘lmoqda.

    Shuningdek, O‘zDJTUda ilmiy salohiyatli professor-o‘qituvchilar ulushi 171 nafardan 296 nafarga oshdi, doktoranturaga qabul 2023-yilda 44 nafardan 2024-yilda 61 nafarga ko‘paydi. S1 va S2 darajadagi xalqaro va milliy sertifikatga ega professor-o‘qituvchilar ulushi 2023-yil sentabrda 592 nafarni tashkil etgan bo‘lsa, hozirgi kunga kelib, 690 nafarga yetdi.

    Talabalar orasida hali 2-, 3-kursdayoq chet til bo‘yicha S1 darajadagi sertifikatni qo‘lga kiritayotganlar ko‘pchilikni tashkil qiladi. Ular uchun mahalliy qo‘shma ta’lim dasturlari, ya’ni til + kasb berish yoki ikkita kasb egallashiga imkoniyat yaratish ustida hamkorlik yo‘lga qo‘yilmoqda. “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi bilan hamkorlikda chet tilini biladigan yoshlarga bort kuzatuvchisi, styuardessa kasblarini o‘rgatish, “O‘zbekturizm” bilan bilan chet tilni yaxshi biladigan bitiruvchi kurs talabalarini tur-operatorlikka tayyorlashni boshlayapmiz. Globallashuv va faol xalqaro hamkorlik sharoitida noyob xorijiy tillarni biladigan malakali mutaxassislarga ehtiyoj tobora dolzarb bo‘lib bormoqda. Bu esa O‘zbekiston yoshlari uchun chet tillarni puxta bilish shaxsiy va kasbiy rivojlanish uchun yangi imkoniyatlar ochayotganini, yoshlarimizning yorqin kelajagini barqaror qura olishiga yordam berishini anglatadi.



    Ilhomjon TO‘XTASINOV,

    pedagogika fanlari doktori, professor


    Maqola "Yangi O‘zbekiston" gazetasining 205-sonida (2024-yil 10-oktabr) chop etilgan.