Xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlashning oʻziga xos tizimi

    Keyingi yillarda mamlakatimizda ayol-qizlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, kasb-hunarli qilish, bandligini taʼminlash, ularning jamiyatimiz hayotidagi ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, turli sohalarda oʻz qobiliyat va imkoniyatlarini roʻyobga chiqarishi uchun shart-sharoitlar yaratish ustuvor vazifaga aylandi.

    Ayniqsa, nozik xilqat vakillarining davlat va jamiyat qurilishi hamda boshqaruvidagi ishtirokini kuchaytirish, ijtimoiy-siyosiy huquqlarini oshirishga alohida eʼtibor qaratilayotgani alohida eʼtiborga molik.

    Prezidentimizning shu yil 5-martdagi “Xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash, ularning jamiyat hayotidagi faol ishtirokini taʼminlash tizimini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaror bu boradagi ezgu saʼy-harakatlarni yana-da rivojlantirish, taʼbir joiz boʻlsa, yangi bosqichga olib chiqishda muhim qadam boʻldi.

    Mazkur huquqiy hujjatda mamlakat iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy hayotining barcha jabhasida xotin-qizlarning ishtirokini va tadbirkorlik tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash, ularning taʼlim olishi, muayyan kasbiy koʻnikmani egallashi hamda bandligini taʼminlashga har tomonlama koʻmaklashish, joylarda “Ayollar daftari”ni shakllantirish va unga kiritilgan xotin-qizlar muammolari, ehtiyoj va qiziqishlarini tizimli oʻrganish, ularga zarur yechim topish borasidagi ishlarni yana-da jadallashtirishga doir qator muhim vazifalar belgilandi.

    Jumladan, yangi qarorga binoan Respublika xotin-qizlar jamoatchilik kengashini tashkil etiladi. Shu oʻrinda koʻpchilikda ushbu jamoatchilik tuzilmasini tashkil etishga qanday ehtiyoj bor edi, degan savol tugʻilishi tabiiy.

    Davlatimiz rahbari Oliy Majlis va xalqimizga yoʻllagan bu galgi Murojaatnomasida oxirgi yillarda davlat va jamiyat boshqaruvida ayollarning oʻrni hamda mavqeini yana-da mustahkamlash mamlakatimizda olib borilayotgan izchil islohotlarning eng ustuvor yoʻnalishlaridan biriga aylanganini taʼkidlagan edi.

    Oʻtgan yili Kasaba uyushmalari federatsiyasi boshchiligida Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi hamda boshqa mutasaddi idoralar, banklar va hokimliklar tomonidan uyma-uy yurib, ayol-qizlarning muammolari oʻrganildi. Afsuski, oʻrganishlar natijasida birinchi marta joylardagi haqiqiy ahvol yuzaga chiqdi. Xususan, hududlarda ayollarni qiynayotgan, uzoq yillardan buyon oʻylantirib kelayotgan bir qator muammolar aniqlanib, hal etish choralari koʻrildi. Mazkur yoʻnalishda olib borilgan amaliy ishlar natijasida 6 million 385 mingdan ziyod xotin-qiz bilan yuzma-yuz muloqot qilinib, “Ayollar daftari”ga toʻqqizta mezon asosida 433 ming nafar xotin-qiz kiritildi. Bugungacha ulardan sakson ming nafarining muammosi ijobiy hal etildi.

    Eng asosiysi, ushbu tizim bugungi ayollarning dardu tashvishlari, ularni qiynayotgan muammolar nimalardan iborat ekanini yaqqol koʻrsatdi. Bundan keyin mamlakatimizdagi har bir xotin-qizning muammolarini hal etish boʻyicha aniq va manzilli reja ishlab chiqilib, bu yoʻnalishda bajariladigan ishlar maʼlum boʻldi.

    Biroq bu — sohada barcha ishlar risoladagidek degani emas. Biz yoʻlning boshida turibmiz. Chunki hali ayollar muammolarini yechish uchun bajarishimiz shart va zarur boʻlgan ishlar talaygina. Shu bois Prezidentimiz Murojaatnomada xotin-qizlarning jamiyat hayotidagi oʻrni va nufuzini oshirish, ularga yangi imkoniyatlar yaratish boʻyicha navbatdagi qadam sifatida hayotni va ayollar muammolarini yaxshi biladigan, faol va tashabbuskor opa-singillarimizdan iborat Respublika Xotin-qizlar jamoatchilik kengashini tashkil etish taklifini bildirgan edi.

    Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan tashkil etilayotgan mazkur jamoatchilik tuzilmasi zimmasiga yangi qarorga binon qator muhim vazifalar yuklandi. Jumladan, ushbu kengash xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, taʼlim olishi va kasbiy koʻnikma egallashi, munosib ish topishiga har tomonlama koʻmaklashish, tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlash, ularni qoʻllab-quvvatlashga doir islohotlarning mazmun-mohiyati va ahamiyatini aholi oʻrtasida keng targʻib qilish, iqtidorli yosh ayol-qizlarni aniqlash va ularning qobiliyatini toʻgʻri yoʻnaltirish, hududlarda, ayniqsa, qishloqlarda yashayotgan nozik jins vakillarga koʻrsatiladigan tibbiy-ijtimoiy xizmatlar sifati va ular oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini qaror toptirish borasidagi ishlar samaradorligiga masʼul boʻladi.

    Shu bilan birga, kengash tomonidan turarjoyga muhtoj xotin-qizlarni uy-joy bilan taʼminlash, ularning turmush sharoitini yaxshilash, oilalarni mustahkamlash, hududiy xotin-qizlar jamoatchilik kengashlari, mahallalardagi “Ayollar maslahat kengashlari” faoliyatini muvofiqlashtirish, ularning davlat va jamoat tashkilotlari bilan samarali hamkorligini taʼminlash, “Ayollar daftari” bilan manzilli ishlash borasida jamoatchilik nazorati olib boriladi.

    Oxirgi yillarda mamlakatimizda ogʻir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ehtiyojmand, boquvchisini yoʻqotgan, kam taʼminlangan ayollarning uy olishi uchun boshlangʻich badallarni toʻlab berish tizimi yoʻlga qoʻyildi. Ushbu tizim orqali birgina oʻtgan yili Xotin-qizlarni va oilani qoʻllab-quvvatlash davlat maqsadli jamgʻarmasi hisobidan 1 ming 246 nafar ayol uy-joy sotib olishi uchun 21 milliard 746 million soʻm miqdoridagi boshlangʻich badal pullari toʻlab berildi.

    “Xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash, ularning jamiyat hayotidagi faol ishtirokini taʼminlash tizimini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaror orqali bu boradagi ishlarni jadallashtirish va yangi bosqichga olib chiqish, ehtiyojmand ayollarning ijtimoiy himoyasini kengaytirish uchun mazkur jamgʻarma Xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash davlat maqsadli jamgʻarmasi sifatida qayta tashkil etilishi belgilandi.

    Endi yangi jamgʻarma tomonidan ogʻir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan, jumladan, nogironligi boʻlgan shaxslar, nogironligi boʻlgan farzandlarni tarbiyalayotgan, kam taʼminlangan, bolalarini toʻliqsiz oilada ulgʻaytirayotgan va turarjoyga muhtoj xotin-qizlar uchun uy-joylarning boshlangʻich badalini toʻlab berish, opa-singillarimiz salomatligini mustahkamlash, ularni sportga keng jalb etish, ayollar tadbirkorligini rivojlantirish, bandligini taʼminlash bilan bogʻliq tadbirlar moliyalashtiriladi. Buning uchun esa davlat byudjetidan har yili uch yuz milliard soʻmgacha mablagʻ ajratiladi. Shu bilan birga, jamgʻarmaning boʻsh turgan mablagʻlarini tijorat banklari depozitlariga joylashtirish hisobidan olingan daromadlar, homiylik xayriyalari, xalqaro moliya institutlari va xorijiy tashkilotlarning grantlari, qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalardan ajratilgan pullar ham ushbu ezgu maqsadlarga yoʻnaltiriladi.

    Mazkur qarorga muvofiq, bu yil “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” va “Temir daftar”ga kiritilgan xotin-qizlar ipoteka kreditlarining boshlangʻich badalini toʻlab berish va ijtimoiy uy-joy sotib olish uchun mahalliy byudjetlarga noturar joylarda istiqomat qilayotgan ayollarni uy-joy bilan taʼminlashga oʻn milliard soʻmdan, otasidan ayrilgan, yolgʻiz onasi qaramogʻida boʻlgan, voyaga yetgan, uy-joyga muhtoj qizlarni uy-joy bilan taʼminlashga esa besh milliard soʻmdan mablagʻ ajratilishi ushbu yoʻnalishdagi ishlar yangi bosqichga chiqayotganining amaliy tasdigʻidir.

    Bugungi kunda aholi salomatligini mustahkamlash, xususan, ejhtiyojmand, kam taʼminlangan oilalarda yashayotgan xotin-qizlar salomatligini asrash, ularga bu borada amaliy yordam berish boʻyicha bajarilishi zarur boʻlgan qator vazifalar mavjud. Prezidentimizning mazkur qarorida bu yoʻnalishdagi juda koʻp muammolarning amaliy yechimi belgilab berilgan.

    Xususan, maxsus jarrohlik amaliyotlari oʻtkazish orqali davolanishga muhtoj hamda “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” va “Temir daftar”ga kiritilgan ehtiyojmand xotin-qizlar davolanishi uchun Xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash davlat maqsadli jamgʻarmasiga oʻttiz milliard soʻm mablagʻ yoʻnaltiriladi. Shu bilan birga, joylardagi hokimliklar joriy yilda “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi hisobidan boquvchisini yoʻqotgan, nogironligi boʻlgan va oʻzgalar parvarishiga muhtoj xotin-qizlarga bir martalik moddiy yordam koʻrsatish uchun sakson milliard soʻm, noturarjoylarda istiqomat qilayotgan xotin-qizlarga turarjoy ijarasi kompensatsiyasi uchun oʻn bir milliard soʻm mablagʻ ajratilishi belgilandi. Mustaqil mamlakatimiz tarixida hali hech qachon bunday yirik mablagʻ aynan ehtiyojmand oilalarda yashovchi ayollar va yoshlarni ijtimoiy himoya qilish, ularning salomatligini saqlash uchun ajratilmagan edi. Bu ham boʻlsa, mamlakatimizda inson va uning manfaatlari nechogʻlik muhim va qadrli ekanining amaliy tasdigʻidir.

    Bundan tashqari, 2021-yilda har bir hududda xotin-qizlar faoliyat yuritadigan hunarmandchilik turlariga ixtisoslashgan klasterlar faoliyati tajriba sifatida yoʻlga qoʻyilishi, hududlarda zoʻravonlikka uchragan xotin-qizlarga yordam koʻrsatish boʻyicha bittadan namunaviy markaz tashkil etilishi hamda ularning faoliyatini boshlash uchun oʻn milliard soʻm hamda mahalliy byudjetlar qoʻshimcha manbalaridan zarur mablagʻlar yoʻnaltiriladi. Ijtimoiy himoyaga muhtoj yolgʻiz ayollarning farzandlarini maktabgacha taʼlim tashkilotlariga imtiyozli roʻyxatga kiritish va boquvchisini yoʻqotgan ayollarga bolasini maktabgacha taʼlim tashkilotlari, shu jumladan, oilaviy bogʻchalarga berish xarajatlarini byudjetdan qoplash tizimi joriy etiladi.

    Bir soʻz bilan aytganda, Prezidentimizning mazkur qarori mamlakatimizda ayol-qizlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashda muhim huquqiy asos boʻlib xizmat qiladi.

    Rahmat MAMATOV,

    mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vaziri,

    Oliy Majlis Senati aʼzosi