Xususiy bandlik agentliklari faoliyatida jiddiy oʻzgarishlar boshlandi

    Oʻzbekistonda mehnat munosabatlari takomillashmoqda. Fuqarolarimizning xorijda mehnat qilishi uchun qulay sharoitlar yaratish, ularning huquqlari, erkinligini taʼminlash borasida ham ish beruvchi mamlakatlar bilan muhim kelishuvlarga erishilgan.

    Buning zamirida chet elda ishlab kelgan fuqarolarga koʻmaklashish, hayotini yaxshilash yoʻlidagi orzu-istaklarini roʻyobga chiqarish maqsadi bor.

    2020-yil 13-avgustdagi “Xususiy bandlik agentliklari toʻgʻrisida”gi qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunining kuchga kirishi ham ana shu ezgu maqsadlarga, xususan, fuqarolarimizning ishonchli himoyasiga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

    Sir emaski, ayrim xususiy bandlik agentliklari fuqarolarni aldash yoʻli bilan daromad topishga intilishi kabi holatlar ham uchrab turardi. Oʻtgan ikki yilga yaqin vaqt mobaynida bunday agentliklari 9338 fuqarodan 79,1 milliard soʻmga yaqin pulni firibgarlik yoʻli bilan oʻzlashtirib olgani aniqlangan.

    Tashqi mehnat mehnat migratsiyasi agentligi boshqarma boshligʻi Kamola Shukurovaning aytishicha, yangi qonun bilan bu kabi jinoiy harakatlarning oldini olish tizimi takomillashadi. Qonun bilan joriy yilning 14-noyabridan xususiy bandlik agentliklari faoliyatida jiddiy oʻzgarishlar joriy etildi.

    Bugungi kunda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining xususiy bandlik agentliklari reyestridan 103 ta yuridik shaxs roʻyxatdan oʻtgan boʻlib, ulardan 75 tasiga xorijda ishlash istagidagi fuqarolarni ishga joylashtirish boʻyicha faoliyatni amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziya berilgan. Oʻtgan davr mobaynida 55 ta xususiy bandlik agentligining litsenziyasi bekor qilinib, ularning soni bugungi kunda 20 tani tashkil etmoqda.

    2019-2020-yillarda xususiy bandlik agentliklarining saʼy-harakati bilan 3270 Oʻzbekiston fuqarolari Rossiya, Turkiya, Litva, Latviya, Polsha, Bolgariya, BAA, Belarus, Yaponiya, Qozogʻiston, Ukraina va Qatar kabi davlatlarga qonuniy tarzda ishga joylashtirildi. Biroq xususiy bandlik agentliklari tomonidan litsenziya talablari va shartlarini buzish holatlari uchramoqda. Tahlillarga koʻra, bugungi kunda 11 ta XBAning 51 rahbar va masʼul xodimiga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.

    Yangi tizimga koʻra, endilikda Oʻzbekiston Respublikasidan tashqaridagi ishni qidirayotgan shaxslardan xorijda ishga joylashtirish boʻyicha xizmatlar uchun haq olish taqiqlandi. Bu xizmatlar uchun haq xorijiy ish beruvchi tomonidan toʻlab beriladi. Shuningdek, har bir xizmat koʻrsatish shartnomasini xususiy bandlik agentliklari “labormigration.uz” dasturiy majmuasida roʻyxatdan oʻtishi talab etiladi. Bundan tashqari, fuqarolarni ishga joylashtirish sohasida koʻrsatiladigan axborot va maslahat xizmatlarining qiymati bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan oshmasligi belgilab qoʻyildi.

    Bir soʻz bilan aytganda, xususiy bandlik agentliklari faoliyatiga joriy etilgan yangi tizim fuqarolarimizning chet ellarda xavfsiz mehnat qilishi, firibgarlarga aldanib qolmasligi va eng muhimi oʻz uyiga sogʻlom, moʻmay daromad bilan qaytish kafolatini taqdim etishi bilan ahamiyatlidir.